2-MA’RUZA
TEMIR YO‘L TARIXI VA BOShQARUV TIZIMI
Reja:
1. Temir yo‘l transportining paydo bo‘lishi va rivojlanish tarixi
2. Rossiyada temir yo‘l transportining rivojlanish tarixi
3. O‘rta Osiyoga temir yo‘l transportining kirib kelishi
4. O‘zbekistonda temir yo‘llarning rivojlanishi, hozirgi holati va istiqbollari
5. Temir yo‘llarning aniq va xavfsiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha meyoriy hujjatlar
6. Temir yo‘l transportini boshqarish tizimi va ishini tashkil qilish.
Tayanch so‘z va iboralar: temir yo‘l Nizomi, texnikaviy foydalanish qoidalari, temir yo‘llarda poezdlar harakati va manyovr ishlari bo‘yicha yo‘riqnoma.
1. Temir yo‘l transportining paydo bo‘lishi va rivojlanish tarixi
Ilk bor temir yo‘l sifatida metallurgiya zavodi sexlarida va konlarda ichki texnologik tashishlar uchun izli yo‘llar qo‘llangan. Yog‘och izli yo‘llar orqali arqon va suv charxpalagi yordamida ruda ortilgan aravachalar (vagonetka) harakatlangan. Keyinchalik yog‘och izlarning ustini temir lentalar bilan qoplab, harakatni yengillashtirishga erishilgan. XVIII asr oxirida birinchi cho‘yan izli yo‘llar paydo bo‘lgan va aravachalar otli ulov yordamida harakatlangan. Ammo, ular sanoatda ishlab chiqarishning mashinalashtirilishi davridagi talablarni qondira olmagan.
Rossiyalik ixtirochi P.P.Polzunov va ingliz ixtirochisi D.Uatt tomonidan bug‘ mashinasining yaratilishi mexaniq kuch bilan tortish imkonini berdi.
1803-yilda ingliz ixtirochisi R. Trevitik tomonidan birinchi transport mashinasi- parovoz yaratilib izli yo‘l bo‘ylab bug‘ mashinasi yordamida harakatlantirildi (rasm 2.1). Avvaliga harakat bug‘ mashinasidan g‘ildiraklarga tishli uzatish orqali berildi.
Rasm 2.1. Birinchi parovoz
1814-yilda angliyalik Dj. Stefenson o‘zining «Blyuxer» nomli birinchi parovozini yaratdi va 1823-yilda Darlington shahrida birinchi parovoz quruvchi zavodni ishga tushirdi.
Dj.Stefenson rahbarligida Stokton-Darlington oralig‘ida umumfoydalanish uchun mo‘ljallangan 21 km uzunlikdagi birinchi temir yo‘l qurilib, 1825-yil 27-sentabrda tantanali ravishda ishga tushirildi. Birinchi poezdni Dj. Stefensonning o‘zi boshqardi.
Angliyadan keyin temir yo‘llar boshqa davlatlarda ham qurila boshladi. 1830-yili AqShda, 1832-yili Fransiyada, 1835-yili Germaniya va Belgiyada va, nihoyat, 1837-yilda Rossiyada temir yo‘llar qurila boshlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |