6. Temir yo‘l transportini boshqarish tizimi va ishini tashkil qilish.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so‘ng, mamlakat hukumati tomonidan temir yo‘l transportining rivojlanishiga katta ahamiyat berilaboshlandi. 1994-yil 7-noyabrda Respublika hududlarida joylashgan O‘rta Osiyo temir yo‘llari bazasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat aksionerlik temir yo‘l kompaniyasi (DATK) tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATK boshqaruv tashkilotini takomillashtirish haqidagi» qaroriga binoan 2001-yil 1-yanvaridan Kompaniyada yangi tuzilma bo‘yicha boshqaruv tashkiloti faoliyat yurita boshladi.
Hozirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATK boshqaruvining tashkiliy tuzilishi Kompaniya kengashi – Boshqarmalari – Kompaniyaning markaziy apparatidan iborat bo‘lib, Kompaniya boshqaruvida «Yo‘l xo‘jaligi va tashish jarayoniga xizmat ko‘rsatish”, “Yuklarni tashishni tashkil qiluvchi va ekspeditsion korxonalar”, “Ta’mirlovchi – foydalanuvchi korxonalar”, “Ta’mirlash-qurilish va ishlab chiqarish infrastrukturasi” va “Sotsial infrastruktura” boshqarmalari mavjud bo‘lib, ularning har biri o‘z yo‘nalishi bo‘yicha xo‘jaliklar faoliyatini boshqaradi (3.7-rasm).
O‘zbekistondagi barcha temir yo‘l tarmoqlari 6 mintaqaviy temir yo‘l uzellariga (MTU) birlashgan bo‘lib, ular Toshkent, Ko‘qon, Buxoro, Qo‘ng‘irot, Qarshi va Termez MTUlaridan iborat.
Kompaniya boshqaruvi temir yo‘l tarmoq faoliyatini takomillashtirish va uni rivojlantirish yo‘lida katta ishlar olib boradi. Boshqarma tomonidan temir yo‘l tarmoqlarining asosiy vazifasi etib quyidagilar belgilangan:
– yagona temir yo‘l transporti tarmog‘ini yaratish;
– temir yo‘llarning asosiy uchastkalarini elektrlashtirishni davom ettirish;
– temir yo‘l transporti infrastrukturasini rivojlantirish, shu jumladan temir yo‘llarni modernizatsiya qilish, hamda optik-tolali telekommunikatsiya tizimiga o‘tish;
– harakatlanuvchi tarkiblarni ta’mirlash bazasini yaratish;
– jahon bozoriga chiqish va Respublika eksport salohiyatini oshirishni ta’minlaydigan muqobil transport yo‘laklarini izlash;
– respublika hududi bo‘ylab tashish uchun qo‘shimcha tranzit yuklarni jalb qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |