2-mavzu: adabiy asarda mavzu, G‘oya, sujet va kompozitsiya reja
Download 89.26 Kb.
|
2-mavzu
Xarakter va tip. Badiiy asarda ozmi-ko‘pmi tafsilot bilan tasvir etilgan personaj obraz yoki xarakter deb ataladi. Xarakter (obraz) – insonning tipiklashtirilgan va individuallashtirilgan tasviri. Xarakter kishilarning ma’lum toifasiga xos xususiyatlarni ma’lum davrga, muhitga, kasbga, yoshga, jinsga mansub kishilaming sifatlarini yorqinlik bilan ifoda etadi. Xarakterda yozuvchining kishilarga va hayotga munosabati, hayotiy hodisalarga bergan estetik bahosi yaqqol ko‘rinadi. Xarakter muallif estetik idealini tashuvchidir. Xarakterlar muayyan psixologik sharoitda harakat etish natijasida namoyon bo‘ladilar va shakllanadilar. “O‘tgan kunlar” Otabek, Kumush, Yusufbek hoji, Homid, O‘zbek oyim, Mirzakarim qutidor, Hasanalilarga o‘xshash ko‘p xarakterlarning o‘quvchi ko‘z oldida nam oyon bo‘lishi va shakllanishi jarayonini hikoya qiladi; shu vosita bilan muallifning nuqtayi nazari o‘quvchiga ayon bo‘ladi. Adabiy asarda mukammal tasvir etilgan va katta umumlashma ahamiyatga ega bo‘lgan xarakterlar tip deb ataladi. (“Tip“ – yunon tilida “namuna“, “nusxa“ demakdir). Adabiy tip insonning individual tasviri bo‘lgani holda, ma’lum tarixiy davr va jamiyat kishisining eng muhim xususiyatlarini o‘zida aks ettiradi. Shu bilan birga, tipda bir davr va bir sharoit kishisiga xos sifatlargina emas, balki turli tarixiy davr va sharoitlarda namoyon bo‘ladigan umum insoniy xususiyatlar (ilg‘or fikrlilik, vijdon sofligi, firibgarlik va hokazo) mujassamlanadi. “O‘tgan kunlar”da Otabek, Yusufbek hoji, Kumush va Homidni tiplar deb hisoblash mumkin, chunki ular o‘z zamonasi kishilari uchun juda xarakterli, muhim bo‘lgan sifatlarga egadirlar, ayni choqda, barcha umuminsoniy xususiyatlarni ham mujassamlantiradilar, ya’ni ularning tasvirida badiiylikning bosh talabi bo‘lgan tipiklashtirish prinsipi a’lo darajada amalga oshirilgan. Jahon adabiyotida tiplar juda kam uchraydi, chunki ular badiiy ijodning eng oliy mahsulotidirlar. Prometey, Farhod, Majnun, Shirin, Layli, Hamlet, Yago, Lir, Onegin, Chatskiy, Xlestakov – tiplardir. Adabiy tiplarning umumlashtiruvchi kuchi shunchalik kattaki, ular keyingi zamonlarda muhim ijtimoiy va psixologik hodisalarning mujassami bo‘lib xalqlar ongiga kiradilar. Masalan, biz bugun ham birovning ishqqa cheksiz sadoqatliligi va sofligini bildirm oqchi bo‘lsak, uni “Farhod“ deb ataymiz. Firibgarlarni esa Xlestakov nomi bilan bog‘laymiz yoki biror shaxsning zo‘ravonligini aytm oqchi bo‘lsak, uning Xisrav bilan o‘xshashligini esga olamiz. Insoniyatga baxt yo‘lini ko‘rsatgan kishini biz Prometey deb ataymiz. Shunday qilib, tiplar hayotdagi ko‘pgina umrboqiy hodisalarning turdosh nomi bo‘lib qoladi. Adabiy tiplar hayotiy hodisalarning eng umumlashgan va yorqin tasviri sifatida doimo katta g‘oyaviy-estetik qimmatga egadirlar. Yozuvchi tomonidan yaratilgan tip – oliy mahorat namunasidir Tipdagi umumiylik undagi individuallikni yo‘qqa chiqarmaydi, haqiqiy badiiy asardagi har bir shaxs tip bo‘lishi bilan birga, tamomila muayyan bir shaxsdir. Qahramon. Badiiy asar mazmunida asosiy o‘rin tutuvchi personajlar (epizodik personajlardan farqli o‘laroq) qahramon deb ataladi. Otabek, Kumush, Homid, Yusufbek hoji, Hasanali, Azizbek, Usta Olim, Normuhammad va boshqalar “O‘tgan kunlar” ning qahramonlaridirlar. “Q hramon atamasi tasvir etilgan personajning albatta ijobiy sifatlarga ega ekanini ko‘rsatmaydi, balki asarda uning katta o‘rin tutishini anglatadi, xolos. “O‘tgan kunlar”dagi Homid ham, “Mehrobdan chayon“dagi Solih domla ham, “Kalvak Mahzum“dagi Kalvak ham badiiy asarning qahramonlaridirlar. Adabiyotshunoslik va adabiy tanqidda “ijobiy qahramon “salbiy qahramon atamalari keng qo‘llanadi. Ijobiy qahramon muallifning estetik idealini tashuvchidir. Keng o‘quvchilar ommasi badiiy asardagi ijobiy qahramonlarga ayricha ixlos qo‘yadilar, chunki ular hayotdagi ijobiy hodisalarning tasviridirki, o‘quvchilar ommasi bu hodisalarni alohida qadrlaydi. Ijobiy qahramon o‘quvchi uchun taqlid namunasi bo‘lib xizmat etadi. Shuning uchun ham adabiyotda ijobiy qahramonlarni yaratish juda muhim va murakkab vazifa hisoblanadi. “O‘tgan kunlar”da Otabek, Kumush, Yusufbek hoji, Usta Olim, Hasanali kabi qahramonlarning yaratilishi romanning jozibadorligini ta’min etgan omillardandir. Shu bilan birga, Homid, Musulmonqul, Azizbek kabi XIX asr hayotining chirkin tomonlarini mujassamlantiruvchi qahramonlarning tasvirlanishi ham “O‘tgan kunlar”ning badiiy ta’sir kuchini oshirgan. Hayotdagi xunuk, yoqimsiz hodisalarni namoyon qiluvchi bunday personajlar salbiy qahramonlar deb ataladi. Badiiy asarda ijobiy va salbiy qahramonlarning mavjudligi hayotning o‘zidagi yaxshilik bilan yomonlik orasidagi doimiy kurashning in’ikosidir. Ammo shuni esda tutish kerakki, adabiy asar qahramonlarini ijobiy va salbiy guruhlarga bo‘lish shartli bir hodisadir. Aslida badiiy asar qahramonlarining ta’sir kuchi ularning ijobiy yoki salbiy bo‘lishida emas, balki bu qahramonlarning hayotiyligida, ya’ni hayot haqiqatiga mosligidadir. Faqat hayotiy obrazgina o‘quvchini ishontira va hayajonga sola biladi. Agar “ijobiy qahramon deb atalmish personaj faqat yaxshi fazilatlarning yig‘indisi bo‘lib qolsa, hayotiyligini, ya’ni badiiy ta’sirchanligini yo‘qotadi. 30-40- yillarda ba’zi yozuvchi va tanqidchilar badiiy asarda “ideal qahramon yaratish shiorini o‘rtaga tashladilar, ammo bu shior san’atkorlar tajribasida o‘z tasdig‘ini topmadi, chunki ijobiy yoki salbiy qahramonni “yasab” bo‘lmaydi, yozuvchi ularni hayotning o‘zidan topishi va yorqin tasvirini berishi kerak. Hayotda kamchiliklardan xoli kishilar juda kamdan-kam uchraydi, shuning uchun ijobiy qahramonning ham tarixiy va ijtimoiy sharoit tug‘dirgan ojiz tom onlari bo‘lishi mumkin. Masalan, Otabek o‘z davrining ilg‘or fikrli kishisi, ammo u o‘z davrining farzandi sifatida xotin ustiga xotin olishni (ota-ona orzusiga bo‘ysunishni) mumkin va lozim, deb hisoblaydi. Kumush ham shu “odat“ bilan hisoblashishga majbur. Agar A. Qodiriy Otabek bilan Kumushni o‘z zamonasining hukmron “odati“ni rad etuvchilar sifatida tasvir etsa, tarixiy va psixologik haqiqatni buzgan bo‘lar edi. Adabiyotda qahramon muammosi shunchalik murakkabki, ko‘pincha u yoki bu qahramonga, masalan, Otelloga “ijobiy” yoki “salbiy“ degan tavsifni berib bo‘lmaydi. Chunki Otelloning insonlar orasidagi munosabatlarning pokligini himoya etayotganini e’tiborga olsak, u, ijobiy qahramondir. Ammo uning begunoh Dezdemonani o‘ldirishi uni salbiy qahramonga o‘xshatib qo‘yadi. Demak, hamma gap tasvir etilayotgan qahramonlarning haqqoniyligidadir. Badiiy adabiyot qahramonsiz yashay olmaydi, chunki hayotning o‘zi undagi ijobiy (ilg‘or) va salbiy (qoloq, orqaga tortuvchi) kuchlarning kurashidan iborat. Bu kurash ularning ish va o‘ylarida o‘z ifodasini topadi. Adabiy asarda tarixiy shaxslar. Prototip. Yozuvchi o‘z asariga hayotiy hodisa va kishilarni material qilib oladi. Shu jumladan, agar asar tarixiy material asosida yozilgan bo‘lsa, ma’lum tarixiy shaxslar ham badiiy asarning qahramoni etib tasvirlanishi mumkin. Masalan, “O‘tgan kunlar”da nomlari tilga olingan Xudoyorxon, Azizbek, Musulmonqul, Normuhammad qushbegi haqiqatan tarixda yashab o‘tgan shaxslardir. Bunday tarixiy shaxslar badiiy asarga qay tariqa kiritiladi? Birinchidan, yozuvchining tushunishiga muvofiq, tarixiy shaxslarning o‘z davrida tutgan ijtimoiy mavqeyi, jamiyat hayotidagi roli, tarixiy haqiqatga mos ravishda, buzmasdan saqlanadi, haqqoniy tasvir etiladi. Xudoyorxon, Musulmonqul, Azizbek, Normuhammad tasvirida A.Qodiriy zamondoshlari va tarixchilarning bu tarixiy shaxslarga bergan bahosini saqlaydi. Ikkinchidan, tarixiy shaxslar asarda to‘qima yo‘li bilan yaratilgan xarakterlar taqdiriga chambarchas bog‘langan holda tasvir etiladi. Yozuvchining fantaziyasi (xayoli) mahsuli bo‘lgan Otabek, Qutidor, Kumush, Yusufbek hoji va Hasanali Normuhammad qushbegi bilan yoki Azizbek Xudoyorxon va Musulmonqul bilan bevosita uchrashadilar. “Urush va tinchlikuda ham xuddi shunday: L.Tolstoy o‘z qahram oni (to‘qima obraz) Andrey Bolkonskiyni tarixiy shaxslar bo‘lmish Kutuzov va Napoleon bilan uchrashtiradi. Yusufbek hoji obrazi yozuvchi ijodining yana bir qirrasini ochib beradi. Yusufbek hoji obrazining yaratilishiga real tarixiy shaxsning tarjimayi holi asos bo‘lgan, ammo u o‘zining aslidan ancha uzoqlashtirilgan obrazdir. Yozuvchi tomonidan biror badiiy obrazga asos qilib olingan real shaxs prototip deb ataladi. (“Proto tip” – yunon tilida “ilk obraz“ demakdir.) XIX asrning 40- yillarida, ya’ni “O‘tgan kunlar”da tasvir etilgan davrda Toshkentda Azizbekning zulmiga qarshi xalq qo‘zg‘oloni bo‘lgan edi. Xuddi “O‘tgan kunlar”da tasvirlanganidek, bu qo‘zg‘olonning sababi Toshkent hokimi Azizbekning aholiga birdaniga bir necha xil soliq solgani edi. Xalq qo‘zg‘olonining boshida bir shoyi to‘qish korxonasining egasi Mayusuf degan kosib turgan. (Bu qo‘zg‘olon haqidagi ma’lumotlar V. Nalivkinning 1886-yilda Qozonda rus tilida bosilib chiqqan “Qo‘qon xonligi tarixi” kitobida keltiriladi.) A.Qodiriy uchun Mayusufning tarjimayi holi Yusufbek hoji obrazini yaratishga turtki bergan. Yozuvchi badiiy ijod qonunlariga binoan tarixiy shaxs va u bilan bog‘liq bo‘lgan voqealarning ko‘pgina tafsilotlarini saqlagan holda, tamoman yangi obraz yaratgan: Qodiriy tasvirida Yusufbek hoji korxona egasi emas, balki Toshkent begi saroyida amaldor (maslahatchi)dir. Yusufbek hojining bu yuqori mavqeyi yozuvchiga uni katta siyosiy voqealar guvohi va ishtirokchisi qilib tasvirlash imkonini beradi. Xuddi tarixiy shaxs Mayusufdek Yusufbek hoji ham Toshkent aholisi orasida adolat va haqiqatparvarligi bilan mashhur. Xuddi “Urush va tinchlik” epopeyasida L. Tolstoy o‘z qahramoni Andreyni knyaz Bolkonskiyga o‘g‘il qilib qo‘yganidek, A. Qodiriy ham Otabekni Yusufbek hojining o‘g‘li tarzida tasvir etadi. Shu tufayli Yusufbek hoji Qutidor va uning qizi Kumushning “tarjimayi holi“ga ham kiradi. Har qanday adabiy asarda prototip bilan obraz orasida ana shunday zaruriy “masofa” yuzaga keladi, buning natijasida obraz prototipga xos tasodifiy xususiyatlardan “tozalanadi” va katta badiiy ta’sir kuchi kasb etadi.
Download 89.26 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling