1. Ontologiya tushunchasining tahlili. Falsafa tarixida borliq muammosi.
Falsafa fanining borliq haqidagi masalalarni o‘rganuvchi qismi ontologiya deb ataladi. Ontologiya so‘zi yunoncha ontos (mavjudlik) va logos (ta’limot) so‘zlarining birikmasidan tashkil topgan bo‘lib, «mavjudlik haqidagi ta’limot», ya’ni borliq haqidagi fan ma’nosini ifodalaydi.
Bu atama fan tarixida birinchi bor 1513 yil R.Gokleniusning «Falsafa lug‘ati»da, so‘ngra, X.Volf (1679 -1754)ning falsafaga oid darsligida qo‘llanilgan.
Borliq tushunchasi atrofida faylasuflar har doim keskin munozaralar, tortishuvlar, bahslar olib borishgan va bu bahslar haligacha davom etmoqda. Xullas, «borliq» falsafadagi eng umumiy tushunchadir. Borliqqa aksil tushuncha sifatida «yo‘qlik» tushunchasini ishlatishadi. Yo‘qlik hech nimani, ya’ni nazarda tutilgan joyda hech nima mavjud emasligini anglatadi.
Borliq ilgari mavjud bo‘lgan, hozir mavjud va kelajakda mavjud bo‘ladigan ob’ektiv hamda sub’ektiv reallikni ham o‘ziga qamrab oladi. YA’ni tabiat, inson, fikrlar, g‘oyalar, jamiyat hammasi turli shakllarda mavjuddir. Ularning barchasi mavjud bo‘lganligi uchun ham yaxlit yagona borliqni tashkil etadi.
Borliq va yo‘qlik. Borliq tushunchasiga qarama-qarshi tushuncha - bu yo‘qlikdir. Agar borliq tushunchasi nimaningdir mavjudligini ifodalasa, yo‘qlik tushunchasi esa o‘sha joyda nimaningdir mavjud emasligini anglatib, «nima»ning aksi bo‘lgan «hech nima»ni aks ettiradi. Borliq, yuqorida qayd etganimizdek, absolyut mazmunga ega bo‘lib, muayyan (konkret) narsalar shaklida va nisbatan muayyan sifatiy holda mavjud bo‘lgan yaxlit ob’ektiv va sub’ektiv reallikni o‘ziga qamrab oladi.
Yo‘qlik esa nisbiy mazmundagi tushuncha bo‘lib, qaerdadir yoki nimadadir, nimaningdir ayni paytda mavjud emasligini ifodalaydi. Masalan, yo‘qlik deb o‘tmishdagi va kelajakdagi hodisalarning hozirgi zamonda (ayni shu vaqtda) yo‘qligini aytishadi. Bugungi hodisa kecha hali yo‘q edi, ammo potensial (imkoniyatdagi) borliq sifatida mavjud edi. Yo‘qlik shu ma’noda nisbiy mazmun kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |