2. Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]


Yagona elektron platforma


Download 50.46 Kb.
bet3/3
Sana09.06.2023
Hajmi50.46 Kb.
#1475430
1   2   3
Yagona elektron platforma — dasturlar doirasidagi kreditlarning to‘liq raqamlashgan holda ajratilishini ta’minlaydigan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi (oilakredit.uz);
mahsulot yetkazib beruvchi — marketpleys tizimida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tib, qarz oluvchi tomonidan tanlangan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchi tadbirkorlik subyektlari;
marketpleys tizimi — Yagona elektron platformada ajratiladigan kreditlar hisobidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) bozor tamoyillari asosida erkin sotib olish yoki sotish xizmatlarini taklif qilish hamda qarz oluvchilar tomonidan mahsulot yetkazib beruvchilarni mustaqil tanlash imkoniyatini beradigan elektron savdo maydoni;
Nohalol ta’minotchilar reyestri — mazkur Nizomning 8-bobida belgilangan talablar asosida marketpleys tizimidan chetlatilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar ro‘yxati.
4. Dasturlar doirasida loyihalarni moliyalashtirish uchun kreditlar faqat Yagona elektron platforma orqali ajratiladi.
Dasturlar doirasida arizalarni Yagona elektron platforma orqali belgilangan tartibda ko‘rib chiqmasdan aholiga tovarlarni markazlashgan tartibda olib kelib, oldindan tarqatish va tavsiyanomalar berish masalasida hokim yordamchilariga tazyiq o‘tkazish man etiladi.
5. Dasturlar doirasida kreditlar:
ilgari olingan kreditlarni yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarish;
alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;
savdo-vositachilikni amalga oshirish;
umumiy ovqatlanish tashkilotlarining aylanma mablag‘larini shakllantirish;
ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mulkni (mebel, uyali telefon, maishiy texnika va boshqalar) sotib olish;
yengil avtotransport vositalari (ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda ishtirok etuvchi kichik mototransport vositalari bundan mustasno), jumladan, yo‘lovchi tashuvchi avtomobillar sotib olish;
ma’muriy xarajatlarni to‘lash, jumladan, xizmat avtomobillari ta’minoti;
bino va inshootlar sotib olish va qurish (Hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi, Fermer, dehqon ho‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi bo‘yicha dala do‘koni, urug‘lik, mineral o‘g‘it va ko‘chat do‘konlari tashkil qilish bo‘yicha ko‘zlangan maqsadlar hamda yengil konstruksiyali bino va inshootlar qurish bundan mustasno) uchun ajratilmaydi.
6. Yagona elektron platforma faoliyati davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar axborot tizimlarining markaziy ma’lumotlar bazalari va identifikatsiyalashning yagona tizimi bilan integratsiyalashuvi asosida tashkil etiladi.
7. Chorvachilikni rivojlantirish yo‘nalishida kreditlar ajratishda asosiy e’tibor sut yo‘nalishidagi qoramol hamda sovliq qo‘y va echki sotib olishga qaratiladi.
Sotiladigan chorva mollarining har biri bo‘yicha veterinariya xizmatining veterinariya pasporti bo‘lishi shart.
8. Issiqxonalarni tashkil etish yo‘nalishida kredit ajratishda ustuvorlik hududlardagi o‘zlashtirilmagan adir yerlardan foydalanilayotgan loyihalarga beriladi.
9. Ichki turizmni rivojlantirish yo‘nalishida kredit ajratishda ustuvorlik oilaviy mehmon uylar, xostellar va ekouylar majmuasini tashkil etish va ularni ta’mirlash bo‘yicha loyihalarga beriladi.
2-bob. Yagona elektron platforma orqali arizalarni ko‘rib chiqish
10. Dasturlar doirasida kredit arizalari qarz oluvchi tomonidan mustaqil ravishda yoki hokim yordamchilarining ko‘magi bilan Yagona elektron platforma orqali taqdim etiladi.
11. Kredit ajratish to‘g‘risidagi arizalar barcha bosqichlarda Yagona elektron platformada onlayn ko‘rib chiqiladi va har bir bosqichda qabul qilingan qaror to‘g‘risida platforma orqali (telegram bot, SMS-xabarnoma, elektron pochta yoki shaxsiy kabinet) ma’lumot berib boriladi.
12. Qarz oluvchi ariza bilan birgalikda kreditdan samarali foydalanish bo‘yicha o‘zining dastlabki hisob-kitoblarini elektron ko‘rinishda Yagona elektron platforma orqali taqdim etadi.
13. Jismoniy shaxslarga 33 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda kredit qaytarilishining ta’minoti sifatida hokim yordamchisining tavsiyanomasi qabul qilinadi. Bunda tijorat banklari o‘z mablag‘lari hisobidan kreditning qaytmaslik xatarini sug‘urtalaydi.
14. Kichik tadbirkorlik subyektlari hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikrofirmalar, kichik korxonalar, dehqon va fermer ho‘jaliklari, oilaviy tadbirkorlik subyektlari hamda hunarmandlar kredit olish uchun Yagona elektron platforma orqali biznes-reja va qonunchilikda belgilangan tartibda garov ta’minoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron ko‘rinishda taqdim etadi.
15. “Tomorqa xizmati” MChJlarga urug‘lik va ko‘chat, motokultivator va minitraktor, inkubator xarid qilish hamda aylanma mablag‘ uchun ajratiladigan garovsiz kreditlar 3 yilgacha muddatga parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) va bir oylik oziqa uchun yo‘naltirilishi mumkin. Bunda Fermer, dehqon ho‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari “Tomorqa xizmati” MChJlarga beriladigan kreditlar bo‘yicha garov ta’minoti sifatida qabul qilinadi.
3-bob. Skoring baholash
16. Yagona elektron platforma orqali arizalar belgilangan mezonlar asosida skoring baholash natijalariga ko‘ra bir kun muddatda avtomatlashtirilgan holda ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi.
17. Quyidagi hollarda qarz oluvchining arizasi tizim tomonidan skoring ma’lumotlari asosida avtomatik ravishda rad etiladi:
qarz oluvchining Yagona elektron platformada ko‘rib chiqish jarayonida arizasi mavjud bo‘lganda;
18 yoshga to‘lmagan fuqaro nomidan ariza berilganda;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslarga;
muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan yoxud mehnatga layoqatsiz fuqaro nomidan ariza berilganda;
qarz oluvchining dastur doirasida to‘liq qaytarilmagan krediti mavjud bo‘lganda;
qarz oluvchining bank kreditlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lganda;
avval ajratilgan kreditlardan maqsadsiz foydalanilganda;
salbiy kredit tarixiga ega bo‘lganda;
qarz oluvchining soliq organlari, majburiy ijro byurosi organlari va boshqa to‘lovlardan qarzdorligi mavjud bo‘lganda.
18. Skoring natijasiga ko‘ra qarz oluvchining ijobiy baholangan arizasi ko‘rib chiqish uchun hokim yordamchisiga kelib tushadi.
4-bob. Hokim yordamchisi tomonidan tavsiyanoma berish
19. Hokim yordamchisi qarz oluvchining arizasiga asosan joyiga chiqqan holda, uning faoliyat turi bo‘yicha shart-sharoitlari, imkoniyati hamda yetarli ko‘nikmasi mavjudligini o‘rganib, o‘rganish natijasi bo‘yicha fotohisobot va qarz oluvchining xaritadagi joylashuvini ilova qilgan holda kredit ajratish uchun tavsiyanoma yoki kredit ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosani besh ish kuni mobaynida Yagona elektron platformaga joylashtiradi.
20. Hokim yordamchisi tavsiyanoma berishdan avval amalga oshirilayotgan loyihaning o‘ziga xos xususiyatlari va mavsumiyligini inobatga olgan holda Fermer, dehqon ho‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Hunarmand” uyushmasi, Bandlikka ko‘maklashish va mahalliy hokimliklar huzuridagi jamg‘armalar, “O‘zbekchorvanasl” agentligi hamda sohaga mas’ul uyushma va tashkilotlarning xulosalarini olish va ular orqali tegishli qaror qabul qilish vakolatiga ega.
Hokim yordamchisining Yagona elektron platforma orqali yuborgan so‘roviga tegishli tashkilotlar tomonidan uch ish kuni mobaynida javob berilishi lozim.
Kredit ajratish to‘g‘risidagi ariza bo‘yicha tavsiyanoma berish uchun hokim yordamchisi tomonidan tegishli tashkilotlarning xulosasini olish zarur bo‘lganda, qaror qabul qilish tegishli muddatga uzaytiriladi.
Hokim yordamchisi qarz oluvchining loyihasini o‘rganish jarayonida loyihani amalga oshirish imkoniyatlari va mavsumiyligidan kelib chiqib, loyihaga qarz oluvchi bilan kelishgan holda qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishi mumkin.
21. Quyidagi hollarda tavsiyanomalar berilmaydi:
loyihani amalga oshirish uchun qarz oluvchida shart-sharoit mavjud bo‘lmaganda;
“yetakchi” tadbirkorlik subyektlari va “Tomorqa xizmati” MChJlar bilan kooperatsiya asosida ishlayotgan fuqarolarga;
yil mavsumiyligidan kelib chiqib, mavsumga xos bo‘lmagan holda amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatiga;
ariza beruvchi nomidan boshqa fuqaro kredit olishni maqsad qilganligi aniqlanganda;
qonunchilikka zid bo‘lgan faoliyat amalga oshirilishi aniqlanganda.
22. Hokim yordamchisi tomonidan kredit ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosada uning sabablari ko‘rsatilishi zarur.
Hokim yordamchisining ijobiy tavsiyanomasi asosida qarz oluvchining arizasi ko‘rib chiqish uchun Yagona elektron platforma orqali tijorat bankiga taqdim etiladi.
23. Tijorat bankida yetarli resurs mablag‘lari mavjud bo‘lmagan taqdirda, hokim yordamchisi tomonidan arizalar avval berilgan kreditlarning so‘ndirilishi hamda qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishi hisobidan resurs shakllantirilgunga qadar Yagona elektron platformada elektron navbat asosida yuritiladi va bu borada qarz oluvchiga tegishli ma’lumotlar berib boriladi.
5-bob. Tijorat banklari tomonidan kredit ajratish
24. Yagona elektron platformaga garov ta’minoti bilan bog‘liq ma’lumotlar qarz oluvchi tomonidan elektron shaklda taqdim etiladi.
25. Moliyalashtiriladigan loyihalarning xususiyatidan kelib chiqib, bankning ichki kredit siyosati talablarini inobatga olgan holda, qarz oluvchidan qo‘shimcha hujjatlar so‘rab olinishi mumkin.
26. Tijorat banklariga taqdim etilgan hujjatlarda nomutanosiblik, xato va kamchilik aniqlanganda hamda zarur garov ta’minotlari taqdim etilmaganda, kredit ajratilishi rad etiladi va bu to‘g‘risida hokim yordamchisi va qarz oluvchi Yagona elektron platforma orqali xabardor qilinadi.
27. Qarz oluvchi bir oy ichida hujjatlardagi nomutanosiblik, xato va kamchiliklarni bartaraf etib, ularni tijorat bankiga qaytadan taqdim etishi mumkin.
Taqdim etilgan hujjatlarning rad etilishi uchun asos bo‘lgan kamchiliklar qarz oluvchi tomonidan belgilangan muddat ichida bartaraf etilib, tijorat bankiga taqdim qilinganda, hujjatlarni ko‘rib chiqish qarz oluvchining dastlab taqdim etgan arizasi asosida davom ettiriladi.
28. Tijorat banklari tomonidan kredit ajratish to‘g‘risidagi qaror uch ish kunidan kech bo‘lmagan muddatda qabul qilinadi, hujjatlar elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va imzolanadi.
Agar, tijorat banki tomonidan kredit ajratish rad etilganda, bu haqidagi qaror Yagona elektron platformaga joylashtiriladi.
29. Tijorat banklari tomonidan kredit ajratish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda, qarz oluvchiga kredit hisobidan sotib olinadigan mahsulot va xizmatlarni elektron savdo maydonidan tanlash haqida SMS-xabarnoma yuboriladi.
30. Kredit bo‘yicha foizlar qarz oluvchi tomonidan mahsulot qabul qilinib, kredit shartnomasiga asosan haqiqatda to‘lab berilgan mablag‘ uchun hisoblanadi.
6-bob. Marketpleys tizimining ishlash tartibi
31. Marketpleys tizimi mahsulot va xizmatlarni sotish istagi bo‘lgan barcha tadbirkorlik subyektlari uchun ochiq elektron savdo maydoni hisoblanadi.
32. Barcha tadbirkorlik subyektlari o‘zlarining elektron raqamli imzolari yordamida marketpleys tizimiga kirib, o‘z tovar va xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mustaqil ravishda joylashtirishi hamda tizimning imkoniyatlaridan erkin foydalanishi mumkin.
33. Marketpleys tizimida tadbirkorlik subyektlari undan foydalanish tartibi va shartlari bilan tanishganligi hamda ushbu shartlarga rozi ekanligi to‘g‘risida elektron shakldagi ommaviy ofertani imzolash orqali ishtirok etadi.
Tadbirkorlik subyektlaridan o‘z tovar va xizmatlarini marketpleys tizimiga joylashtirganligi uchun to‘lov undirilmaydi.
34. Tijorat banki va qarz oluvchi o‘rtasida kredit shartnomasi tuzilgandan so‘ng o‘n besh ish kuni mobaynida marketpleys tizimida qarz oluvchi va mahsulot yetkazib beruvchi o‘rtasida mahsulot va xizmatlarni yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzilib, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishi lozim.
Mahsulot va xizmatlarni yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma belgilangan muddatlarda imzolanmagan taqdirda, Yagona elektron platforma orqali kredit shartnomasi va tavsiyanoma avtomatik tarzda bekor qilinadi.
35. Mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan majburiyatlarning to‘liq bajarilishini kafolatlash maqsadida shartnoma belgilangan tartibda bekor qilingunga qadar shartnoma qiymatining 3 foizi miqdoridagi zakalat summasi tizim tomonidan band qilib qo‘yiladi.
36. Mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan qarz oluvchiga marketpleys tizimida tanlagan tovar(lar) shartnoma tuzilgan kundan boshlab o‘n kundan ortiq bo‘lmagan muddatda yetkazib berilishi, xizmatlar esa yigirma kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rsatilishi lozim.
7-bob. Mahsulot yetkazib berish tartibi
37. Mahsulot yetkazib berilgan yoki xizmatlar ko‘rsatilgandan so‘ng ularni topshirish-qabul qilish maqsadida mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan tizimning o‘zida elektron hisob-faktura rasmiylashtiriladi. Qarz oluvchi mahsulot va xizmatlarni qabul qilib olib, qoniqish hosil qilganidan so‘ng elektron hisob-fakturani imzolaydi.
38. Hisob-faktura imzolanganligi to‘g‘risida hokim yordamchisiga Yagona elektron platforma orqali xabar beriladi. Hokim yordamchisi uch ish kunida joyiga chiqqan holda, tovarlar haqiqatdan yetkazib berilganligi yoki berilmaganligi (xizmatlar ko‘rsatilganligi yoki ko‘rsatilmaganligi) to‘g‘risida fotohisobot shaklida elektron dalolatnoma tuzadi. Bunda hokim yordamchisi qarz oluvchining shaxsini tasdiqlash uchun biometrik identifikatsiyalashdan foydalanadi (Touch ID va Face ID).
39. Tijorat banklariga to‘liq imzolangan elektron hisob-faktura hamda hokim yordamchisi tomonidan tasdiqlangan elektron dalolatnoma ushbu mahsulotlar (xizmatlar) uchun to‘lovni amalga oshirishga asos bo‘ladi.
40. Etkazib berilgan mahsulot va xizmatlar uchun to‘lovlar bank tomonidan bir bank ish kunida mahsulot yetkazib beruvchiga pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Shundan so‘ng mahsulot yetkazib beruvchining zakalat summasidan marketpleys tizimining xizmati uchun belgilangan to‘lov ommaviy ofertaga asosan shartnoma summasining 0,1 foizidan oshmagan, lekin BHMning 1 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda avtomatik tarzda undiriladi va zakalat summasining qoldiq qismi mahsulot yetkazib beruvchiga qaytarib beriladi.
41. Hokim yordamchisi tomonidan mahsulot yetkazib berilmaganligi yoki xizmatlar ko‘rsatilmaganligi to‘g‘risida elektron dalolatnoma rasmiylashtirilganda, qarz oluvchi va mahsulot yetkazib beruvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlari to‘liq bajarilishi yoki shartnoma bekor qilinishi lozim.
42. Mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan mavjud kamchiliklar bartaraf etilgan holda mahsulot yetkazib berilib, shartnoma shartlari to‘liq bajarilganda, hokim yordamchisi uch ish kuni mobaynida joyiga chiqqan holda takroran o‘rganish o‘tkazadi va fotohisobot shaklida qaytadan elektron dalolatnoma tuzadi.
Takroriy o‘rganishlarda mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan mahsulotlar yetkazib berilmaganligi yoki xizmatlar ko‘rsatilmaganligi aniqlangan taqdirda, qarz oluvchi marketpleys tizimidan boshqa mahsulot yetkazib beruvchini tanlab, shartnoma tuzishi mumkin.
43. Mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan yetkazib berilgan mahsulot (xizmat) sifati ta’minlanganligi va belgilangan talablarga rioya etilganligi fuqarolar tomonidan baholanadi va ushbu baholash natijalari jamoatchilik uchun e’lon qilinadi.
8-bob. Mahsulot yetkazib beruvchilarni marketpleys tizimida ishtirok etishdan chetlatish tartibi
44. Tuman (shahar) markazlari quyidagi hollarda mahsulot yetkazib beruvchini marketpleys tizimida ishtirok etishdan chetlatadi va Nohalol ta’minotchilar reyestriga kiritadi:
mahsulot yetkazib beruvchi va qarz oluvchi o‘zaro kelishgan holda kredit mablag‘ini naqdlashtirish orqali maqsadsiz ishlatilganligi aniqlanganda;
mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan 3 va undan ortiq shartnoma bo‘yicha mahsulotlar yetkazib berilmaganligi yoki xizmatlar ko‘rsatilmaganligi aniqlangan taqdirda;
unda soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud bo‘lsa;
o‘ziga nisbatan bankrotlik tartib-taomillari joriy etilgan bo‘lsa;
mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan taklif etilayotgan mahsulot va xizmatlar malaka, texnik va tijorat talablariga javob bermasa;
mahsulot yetkazib beruvchi kreditni ajratish va (yoki) mahsulotlarni tanlash (yetkazib berish) jarayonida qarz oluvchilar tomonidan biror-bir xatti-harakatning sodir etilishiga, qaror qabul qilinishiga yoki biror-bir xarid qilish tartib-taomilining qo‘llanilishiga ta’sir o‘tkazish maqsadida qarz oluvchining, tijorat banklarining yoki boshqa davlat organining istalgan hozirgi yoki sobiq mansabdor shaxsiga yoki xodimiga har qanday shakldagi haqni, ishga yollash to‘g‘risidagi taklifni yoxud istalgan boshqa qimmatbaho ashyoni yoki xizmatni bevosita yoxud bilvosita taklif qilsa, bersa yoki berishga rozilik bildirsa;
mahsulot yetkazib beruvchi raqobatga qarshi harakatlarni sodir etsa yoki qonunchilikni buzgan holda manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarsa.
45. Tuman (shahar) markazlarining mahsulot yetkazib beruvchini marketpleys tizimida ishtirok etishdan chetlatish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan so‘ng avtomatik ravishda marketpleys tizimidan chetlatiladi hamda Nohalol ta’minotchilar reyestri marketpleys tizimida jamoatchilik uchun e’lon qilinadi.
46. Nohalol ta’minotchilar reyestriga kiritilgan ta’minotchining bir yil davomida marketpleys tizimida ishtirok etishi mumkin emas, ushbu muddat tugaganidan keyin ta’minotchi Nohalol ta’minotchilar reyestridan chiqarilgan hisoblanadi.
Ta’minotchi tuman (shahar) markazlarining mahsulot yetkazib beruvchini marketpleys tizimida ishtirok etishdan chetlatish to‘g‘risidagi qarori ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
9-bob. Hududiy va tuman (shahar) markazlarining vazifalari
47. Hududiy va tuman (shahar) markazlarining vazifalari quyidagilardan iborat:
hududda faoliyat yuritayotgan mahsulot yetkazib beruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarni shakllantirish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlari talablarini to‘liq qondirish imkoniyatlarini o‘rganib borish;
zarur hollarda tuman (shahar)dagi mavjud talabdan kelib chiqib yangi mahsulot yetkazib beruvchi korxonalarni jalb qilish va mavjud korxonalar quvvatlarini oshirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish;
mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan yetkazib berilayotgan mahsulotlar hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxlarining hududdagi ichki bozorga mutanosib bo‘lishini ta’minlash hamda narxlar sun’iy oshirilishining oldini olish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatish;
yetkazib berilayotgan mahsulotlar hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati kafolatlanishini hamda o‘z vaqtida yetkazib berilishini (ko‘rsatilishini) nazorat qilish;
hokim yordamchisi bilan birgalikda dasturlar doirasida ajratilgan kreditlardan maqsadli foydalanilishini va ularning samaradorligini monitoring qilib borish hamda kreditlarning o‘z vaqtida qaytarilishi bo‘yicha sektor rahbarlari va tijorat banklari bilan birgalikda tegishli choralar ko‘rish;
dasturlar doirasida ajratilgan kreditlarning maqsadsiz ishlatilishi aniqlangan taqdirda, bu haqda hokim yordamchisi bilan birgalikda tijorat bankiga xabar berish;
chorvachilik yo‘nalishlaridagi arizalar bo‘yicha xulosalar chetdan keltirilgan yoki mahalliylashtirilgan (naslchilik ho‘jaliklarida yetishtirilgan) naslli chorva mollarini yetkazib beruvchining mavjud chorva mollari soniga mutanosib tarzda taqdim etilishini hamda chorva mollarining sog‘lomligi to‘g‘risida veterinariya pasporti bo‘lishini ta’minlash.
48. Mahsulot yetkazib beruvchining majburiyatlari o‘z vaqtida va sifatli bajarishi yuzasidan monitoring tuman (shahar) oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari tomonidan amalga oshiriladi. Monitoring natijalariga ko‘ra mahsulot yetkazib beruvchining marketpleys tizimidagi o‘z xizmatlarini taklif etish imkoniyati davriy ravishda o‘rganib chiqiladi.
49. Tuman (shahar) markazlari har oy yakuni bilan hokim yordamchisi tomonidan tavsiyanomalar Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida va ushbu Nizom talablariga muvofiq hududning ixtisoslashuvi, drayver yo‘nalishi va doimiy ish o‘rinlari yaratilishiga e’tibor qaratilgan holda berilganligini o‘rganadi.
50. Davlat soliq qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan marketpleys tizimidagi savdo maydoni orqali ma’lum bir davr mobaynida katta miqdorda tovar aylanmasini amalga oshirgan korxonalarda haqiqatda tovarlarning mavjudligi doimiy tahlil qilib boriladi.
Bunda har oyda ushbu korxonalar bo‘yicha Markaziy bank va Davlat soliq qo‘mitasi o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
51. Tijorat banklari dasturlar doirasida ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi monitoringini o‘tkazishda ulardan boshqa maqsadda foydalanilgan holatlarni aniqlagan taqdirda, belgilangan tartibda kreditlarni muddatidan oldin undirish huquqiga ega.
52. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 20-dekabrdagi PQ-55-son qaroriga asosan belgilangan dastur koordinatorlari marketpleys tizimida ishtirok etadigan mahsulot yetkazib beruvchilarga qo‘yiladigan talablarni belgilash hamda ularga o‘zgartirish kiritish vakolatiga ega hisoblanadi.
53. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.


(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/373/0612-son)

Download 50.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling