Š undoshi o‘rxun hamda uyg‘ur yozuvlarida maxsus harflar, arab xatidagi manbalarda shin ش harfi bilan yozilgan, jarangsiz, sirg‘aluvchi tovush barcha unli va undoshlar bilan yondosh keladi: šad “shad, unvon nomi” (KT), ašsïz “yeguliksiz” (KT), yaš “yosh” (E), örtänmiš “o‘rtangan” (Irq).
K undoshi o‘rxun hamda uyg‘ur yozuvlarida maxsus harflar, arab xatidagi manbalarda kof ک harfi bilan ifodalangan. Bu jarangsiz, portlovchi tovush jarangli va jarangsiz tovushlar hamda sonorlar bilan yondosh keladi: küč “kuch, quvvat” (KT), ičkü “ichimlik” (Oltun yorug‘), kölkä “kolga” (Irq).
Q tovushi o‘rxun hamda uyg‘ur yozuvlarida maxsus harflar, arab xatidagi manbalarda qof ق harfi bilan ifodalangan, jarangsiz, portlovchi, chuqur til orqa tovush turkiy so‘zlarning barcha holatida qo‘llanadi: qağan “xoqon” (KT), yablaq “juda” (Oltun yorug‘), Qaraqum “joy nomi” (To‘n).
Č undoshi o‘rxun hamda uyg‘ur yozuvlarida maxsus harflar, arab yozuvidagi manbalarda сhim چ harfi bilan yozilgan, afrikat, jarangsiz, qorishiq tovush barcha unli va undoshlar bilan yondosh keladi: čïğan “kambag‘al” (KT), yärči “yo‘l ko‘rsatuvchi” (Ton), Tabğač “Xitoy” (To‘n).
SONORLAR
L undoshi o‘rxun-yenisey yodgorliklarida yumshoq va qattiq talaffuzli so‘zlarda alohida-alohida harflar, uyg‘ur yozuvida maxsus harf, arab yozuvidagi manbalarda lom ل harfi orqali ifodalangan. Sonor turkiy tillarning xususiyatidan kelib chiqib, so‘z boshida uchramaydi, so‘z o‘rtasi va oxirida mavjud: altï otuz “yigirma olti” (BX), Eltärish qağan “Eltarish xoqon” (To‘n), yïğïlmïš “yig‘ilgan”(Oltun yorug‘).
M undoshi o‘rxun-yenisey hamda uyg‘ur yozuvlarida maxsus harflar, arab yozuvidagi manbalarda mim م harfi orqali ifodalangan. Sonor b dan talaffuzida burun bo‘shlig‘ining ishtiroki borligi va shovqinsizligi bilan farqlanadi. Demak, m lab-lab, sirg‘aluvchi burun tovushi: män “men” (KT), kümüš “kumush” (To‘n), qaŋum “otam” (Irq).
Do'stlaringiz bilan baham: |