Falsafa tarixida makon va vaqtga substantsional va relyatsion
yondashuvlar. Makon va vaqt mohiyati haqida odamlar o’z rivojlanishining
dastlabki bosqichlaridayoq fikr yuritganlar va o’tmishning aksariyat mutafakkirlari
ularning tabiatini aniqlashga harakat qilganlar. Bu avvalo inson amaliyoti va
bilishining rivojlanishi bilan bog’liq bo’lgan. Zero ular kengayib va takomillashib,
mazkur kategoriyalarni yanada aniqroq va teranroq tushunishni talab qilgan.
Xususan, antik davrdayoq falsafadan ko’lamli shakllar va ularni o’lchash usullari
haqidagi fan sifatida ajralib chiqqan geometriya ilk aniq fanlardan biriga aylandi.
Vaqtga astronomik kuzatishlar hamda koinotning boqiyligi va inson hayotining
tezoqarligi haqidagi mulohazalar nuqtayi nazaridan ham alohida e’tibor qaratilgan.
Keyinchalik «makon» va «vaqt» kategoriyalariga qiziqish hech qachon
susaymagan. Ular bilan bog’liq ko’p sonli masalalar yuzaga kelgan. Ularning eng
muhimlaridan biri quyidagicha yangraydi: makon va vaqt mustaqil mohiyatlarmi
yoki ular faqat nimagadir bog’liq holda keladimi? Shu munosabat bilan falsafa
tarixida shakllangan ikki muhim va bir-biridan butunlay farq qiladigan yo’nalish –
substantsional va relyatsion yo’nalishlarni farqlash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |