Hukmning turlari bir qancha belgilari bo‘yicha tasnif qilinadi:
1. Mazmuniga ko‘ra hukmlar ikki turga bo‘linadi: a) chin va b) yolg‘on.
Chin hukm deb buyum va hodisalarni to‘g‘ri, haqqoniy aks ettiradigan hukmlarga aytiladi. Masalan: Yer shari aholisining ko‘pchiligi Sharqda yashaydi. Doiraning to‘liq sirti 360 0 ga teng va h.k.
Yolg‘on hukm deb voqelikni buzib, noto‘g‘ri aks ettiradigan hukmlarga aytiladi. Masalan, yolg‘onchi yaxshi odamdir, degan hukm yolg‘ondir.
2. Hajmiga ko‘ra: a) sodda, b) murakkab hukmlar
Sodda (oddiy) hukm deb tarkibida bittadan sub’ekt va predikati bo‘lgan hukmlarga aytiladi.
Murakkab hukm deb tarkibida bir necha sub’ekt va predikati bo‘lgan hukmlarga aytiladi.
3. Bog‘lovchining mazmuni (safati)ga ko‘ra hukmlar tasdiq va inkor hukmlarga bo‘linadi.
Tasdiq hukm deb buyum va hodisada biror belgi mavjudligini ifodalovchi hukmga aytiladi. Masalan: Alisher Navoiy buyuk o‘zbek mutafakkiri va shoiridir. S-P dir.
Inkor hukm buyum va hodisada biror belgi mavjud emasligini ifodalaydi. Masalan: Bizning universitetimizda o‘quv maydoni yetarli emas. S-P emas.
4. Sub’ektning hajmi (miqdori)ga ko‘ra hukmlar uchga bo‘linadi: yakka, juz’iy va umumiy.
Yakka hukmda alohida, ayrim buyum va hodisaga xos belgi tasdiq yoki inkor shaklida ifodalanadi. Masalan: G‘afur G‘ulom «Ko‘kan» poemasining muallifidir. S-P dir. G‘ayrat intizomli talaba emas. S-P emas.
Juz’iy hukmda buyum va hodisalar sinfining ma’lum qismiga xos belgilar ifodalanadi. Masalan: Talabalarning ba’zilari a’lochilardir. Ba’zi S-P dir. Ba’zi hayvonlar sut emizuvchilar emas. Ba’zi S-P emas.
Umumiy hukmda bir guruh buyum va hodisalarga taalluqli bo‘lgan belgi tasdiq yoki inkor shakllarida ifodalanadi. Masalan: O‘zbekistonning barcha fuqarolari bilim olish huquqiga egadir. Barcha S-P dir. Barcha talabalar ham imtihondan yaxshi va a’lo baholar olavermaydilar. Barcha S-P emas. Hech bir ezgu niyatli kishi urushni istamaydi. Hech bir barcha S-P emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |