Mazmuniga binoan tushunchalar quyidagi turlarga bo‘linadi: konkret va abstrakt, nisbatdosh va nisbatsiz, ijobiy va salbiy tushunchalar, kategoriyalar.
Konkret tushunchalar buyum va hodisalardagi asl, tub belgilarni yaxlit holda aks ettiradi. Masalan: to‘lqin, adabiyotshunos, ob-havo, O‘zbekiston.
Abstrakt (mavhum) tushunchalar buyum va hodisalardagi ayrim belgilarni aks ettiradi. Masalan: qizillik, shirinlik, a’lochi, go‘zal.
Nisbatdosh tushunchalar juft tushunchalar o‘rtasidagi muayyan aloqadorlikni ifodalaydi. Masalan: o‘qituvchi va o‘quvchi, oshpaz va xo‘randa, sotuvchi va xaridor. Ular bir-birisiz mavjud bo‘la olmaydi.
Nisbatsiz tushunchalar o‘zaro aloqadorlik, o‘xshashlik va umumiy belgilarga ega bo‘lmagan tushunchalarni ifodalaydi. Masalan: sevgi, mashina, o‘g‘it, haqiqat, tuproq. Ular bir-birisiz ham mavjud bo‘ladi.
Ijobiy (musbat) tushunchalar buyum va hodisada ma’lum bir belgi mavjudligini aks ettiradi. Masalan: mazmunli, serhosil, shoxdor, gapdon, chaqqon, go‘zal, tez harakat.
Salbiy (manfiy) tushunchalar buyum va hodisada biror belgi mavjud emasligini ifodalaydi. Masalan: beg‘am, noaniq, ta’msiz.
Kategoriya deb ilmiy mazmunga, qimmatga ega bo‘lgan fan tushunchalariga aytiladi. Har bir fanning o‘z kategoriyalari mavjuddir.
2. Hajmiga ko‘ra tushunchalar jins va tur tushunchalarga bo‘linadi.
Hajm jihatidan keng bo‘lgan tushunchalar jins tushunchalar deyiladi.
Hajm jihatidan tor bo‘lgan tushunchalar tur tushunchalar deyiladi. Masalan: «shahar» tushunchasi «Termiz» tushunchasidan keng bo‘lganligi uchun jins tushunchadir, «Termiz» esa tur tushunchadir.
3. Hajm tafovutiga ko‘ra tushunchalar yakka, umumiy va to‘planma tushunchalarga bo‘linadi.
Yakka tushunchalar bir buyum yoki hodisaga xos belgilarni ifodalaydi. Masalan: Toshkent, Gulnora, birinchi kosmonavt Yu. Gagarin.
Umumiy tushunchalar bir jinsdan bo‘lgan ko‘p buyum va hodisalarni ifodalaydi. Masalan: yulduz, kitob, maktab, hosil.
Do'stlaringiz bilan baham: |