6 Mavzu: Falsafaning qonun va kategoriyalari. Reja
Download 44.15 Kb.
|
4 Мавзу Фалсафа қонунлари-2
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch tushunchalari
- 1–savol bayoni
6 - Mavzu: Falsafaning qonun va kategoriyalari . Reja: Falsafa tarixida rivojlanish haqida qarashlar evolyutsiyasi. Qonunlarning turlari. Falsafa qonunlari Fan va falsafa kategoriyalari Tayanch tushunchalari: Qonun, qonuniyat, miqdor, sifat, meher, sakrash, qarama-qarshilik, ayniyat, ziddiyat, inkor, inkorni inkor, vorislik.Tushuncha, kategoriya, kategoriyalar tasnifi, kategoriyalarning xususiyatlari, fan kategoriyalari, xususiy ilmiy kategoriyalar, falsafiy kategoriyalar, dialektika kategoriyalari, substansion kategoriyalar, ontologik kategoriyalar, gnoseologik kategoriyalar, umumiy universal aloqadorlik, strukturaviy aloqadorlik, deterministik aloqadorlik, yakkalik, xususiylik, umumiylik, mohiyat, hodisa, mazmun, shakl, butun, qism, sistema, struktura, element, sabab, oqibat, zaruriyat, tasodif, imkoniyat, voqelik.Rivojlanayotgan dunyoning yaxlit nazariy obrazi, dialektika, falsafiy bilish uslubi, rivojlanish falsafasi, stixiyali dialektika, idealistik dialektika, materialistik dialektika, klassik dialektika, noklassik dialektika, ob’ektiv va sub’ektiv dialektika, metafizika, dogmatizm, relyativizm, sofistika, eklektika, sinergetika, tartibsizlikdan tartiblanish g‘oyasi, sinergetika, o‘z-o‘zidan tashkillashuv, tartiblilik, qonun, qonuniyat, qonun turlari, falsafa qonunlari, ayniyat, tafovut, qarama-qarshilik, ziddiyat, dialektik ziddiyatlilik, rivojlanish manbai, miqdor, sifat, me’yor, uzluksizlik, sakrash, inkor, nigilistik inkor, dialektik inkor, vorisiylik, davomlilik, qaytarilmaslik. 1–savol bayoni: Borliqni falsafiy tushunish olamni tashkil etgan narsa va hodisalarning, uning turli soha va tomonlarining o‘zaro aloqadorligi, o‘zgarish va rivojlanish jarayonlarini bilishni ham taqozo etadi. Har qanday fan singari, falsafa fanining ham kuch-qudrati manbai, uning amaliyotdagi o‘rni va istiqboli – uning nazariy boyligidadir. Voqelikning yalpi umumiy aloqadorligi va rivojlanish qonunlarini, ularning inson ongida aks etish yo‘llarini o‘rganishga qaratilgan falsafa fani – yaxlit ilmiy bilimlar tizimini tashkil etib, muayyan fundamental qoidalarning (tamoyillarning) yig‘indisiga asoslanadi. Bu qoidalar falsafa fanining nazariy asosini tashkil etuvchi dialektika nazariyasi va dialektik tafakkur metodida o‘z ifodasini topadi. Harakat, rivojlanish, umumiy aloqadorlik to‘g‘risidagi falsafiy qarashlar ham falsafa fani bilan birga paydo bo‘lgan. Bu muammolar tahlili falsafada “dialektika” tushunchasi orqali ifodalanadi va bu tushuncha falsafa tarixida turli mazmunda qo‘llanilib kelingan. Dialektika so‘zi yunon tilida «suhbatlashuv san’ati», «bahslashuv san’ati» degan ma’noni bildiradi. Turli nuqtai-nazarlarni izohlash, o‘z fikri to‘g‘riligini isbotlash mahorati Suqrot va Aflotunda yaqqol namoyon bo‘lgan. Ularning ta’kidlashicha, haqiqatning qandaydir yangi narsa, ya’ni bahsning boshlanishida bo‘lmagan, lekin muhokama jarayonida paydo bo‘lgan narsa sifatida tug‘ilishiga muloqot yordam beradi. Abu Nasr Forobiyning yozishicha, dialektika, ya’ni “al-jadal” atamasi qadimgi yunon faylasuflari Suqrot va Aflotun tomonidan qo‘llanilgan bo‘lib, ma’nosi bahs, suhbat, munozara san’ati, munozara yuritish orqali bahslashuvchining fikridagi ziddiyatlarni fosh etib haqiqatga erishish demakdir. “Inson,- deb yozadi Forobiy,- haqiqatga yoki falsafaga faqat dialektik bahs orqali erishishi mumkin” (Al-Farabi. Istoriko-filosofskie traktatы.- Alma-Ata: «Nauka», 1985, 405 s.). Lekin, nima uchun insonning ijodiy tafakkuri dialektikdir? Borliqning ziddiyatliligi borliq haqidagi fikrlarning ziddiyatliligida o‘z aksini topadi. Borliqning o‘zi doimo o‘zgarish va rivojlanishda bo‘lganligi uchun odamlar ko‘pincha shu haqda bahslashadilar. Uzoq vaqtgacha, dunyo o‘zgarmasdir, deb kelingan edi. Keyinchalik uning o‘zgaruvchanligi haqidagi g‘oya paydo bo‘ldi. Geraklitning bir daryoga ikki marta tushib bo‘lmaydi, degan so‘zlarini eslaylik. Xo‘sh, faylasuflardan qaysi birlari haq? Dunyo o‘zgarmasdir, deganlarimi yoki, u o‘zgaruvchandir, deganlarimi? Sog‘lom fikr dunyoda o‘zgaruvchanlik ham, barqarorlik ham mavjudligidan dalolat beradi. Lekin ularning ziddiyatli birligini tushunchalar tilida aks ettirish oson emas ekan. Harakatning mohiyatini tushunishga uringan qadimgi yunon faylasufi Zenon (490-430 er. avv.) ana shunday muammoga duch kelgan. O‘z mantiqiy muhokamalarining yakunida u to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshi xulosaga – harakat mumkin emas, degan xulosaga keladi. Bu mantiqiy paradokslar aporiyalar deb atala boshladi. Dialektika elementlari Qadimgi Hindiston va Xitoy falsafasida ham mavjud bo‘lgan. Masalan, daosizm falsafasiga ko‘ra, dunyoda hech narsa doimiy emas: bir xil narsalar ketadi, boshqalari keladi, birlari ravnaq topadi, boshqalari zavol topadi. Hodisalar muayyan etuklik darajasiga etkach, o‘z ziddiga aylanadi: noto‘la to‘laga, egri to‘g‘riga, bo‘sh narsa to‘la narsaga aylanadi, eski yangi bilan almashadi. Falsafa tarixida Qadimgi yunon dialektikasini alohida aytib o‘tmoq joiz. Geraklitning fikricha, hamma narsa mavjud va ayni vaqtda mavjud emas: hamma narsa o‘tkinchi, doimo paydo bo‘lish va yo‘q bo‘lish jarayonida bo‘ladi. Masalan, uning fragmentlaridan birida bunday deyiladi: «Bizdagi ayni bir narsa – jonli va jonsiz, uyg‘oq va uxloq, yosh va qari. Axir, bu o‘zgargan o‘shadir va aksincha, o‘sha o‘zgargan budir»1. Dialektik qarashlar Arastuda uning modda bilan shakl o‘rtasidagi nisbatni ularning bir-biriga o‘tish imkoniyati va sharoiti sifatida qilgan tahlilida mavjuddir. Har bir narsa boshqa narsaga: marmar haykalga, daraxt stolga aylanishi mumkin va hakozo. Dialektik g‘oyalar o‘rta asrlar falsafasi doirasida ham rivojlanib bordi, ayniqsa, falsafa teologiya xizmatkoriga aylantirilgan G‘arbiy Evropaga qaraganda YAqin va O‘rta SHarqda ko‘proq rivojlandi. YAngi zamonda umuman XVII-XVIII asrlar falsafasida tafakkur usulini metafizik usul deb tavsiflash mumkin bo‘lsada, Dekart, Spinoza, Leybnits va boshqalarda dialektik g‘oyalarni uchratish mumkin. Dialektika nemis klassik falsafasi doirasida va eng avvalo Gegel falsafasida kuchli rivojlandi. Agar antik dialektika aqliy farazlarga (masalan, dunyoning o‘zgaruvchanligi, ziddiyatliligi to‘g‘risidagi g‘oyalarga) asoslangan bo‘lsa, Gegel dialektikasi asosan o‘z zamonasining ilmiy yutuqlariga tayandi va nazariy g‘oyalarning mukammal tizimi sifatida gavdalandi. Gegel eng avval dialektikaning asosiy tushunchalarini – uning kategorial apparatini ta’riflab berdi, bu apparat bugungi kunda ham muvaffaqiyatli amal qilib turibdi. Gegel dialektikasining asosiy tushunchalari va qonunlari tizimi aloqalar, o‘tishlar, o‘zgarishlarning turli-tumanligini va umuman rivojlanishni jarayon sifatida aks ettira olar edi. Gegel birinchi bo‘lib taraqqiyotning asosiy qonunlarini: sifat va miqdor o‘zgarishlarining bir-biriga o‘tishi qonunini, qarama-qarshiliklarning birligi va kurashi qonunini, inkorni-inkor qonunini ta’riflab berdi. Gegel dialektikaning asosiy prinsiplarini: hodisalarning universal aloqasi prinsipini, qarama-qarshiliklar birligi prinsipini, dialektik inkor orqali rivojlanish prinsipini dialektik tafakkur normasi sifatida ta’riflab berdi. K.Marks va F.Engels dialektika bilan materializmni birga qo‘shib, dialektik materializm nazariyasini yaratdilar va uni bilish jarayonlariga, tabiat va ijtimoiy hayot hodisalariga tatbiq etdilar. Hozirgi zamon falsafasida dialektika falsafiy bilimning muhim elementi sifatida mavjuddir. Falsafada dialektika g‘oyalarini ishlab chiqishda ekzistensional dialektika va messianlik dialektikasi kabi bir qator yo‘nalishlarni ko‘rsatish mumkin. Ekzistensial dialektika inson «Men»ining rivojlanish qonuniyatini tushunishga urinadi. Messianlik dialektikasi o‘z ta’limotiga praktika tushunchasini asos qilib oladi va butun dunyoga sotsiologiya kategoriyalari nuqtai nazaridan qaraydi. XX asr dialektik falsafasining ma’lum yo‘nalishlaridan biri mashhur Frankfurt maktabining namoyondalaridan biri T.Adornoning negativ dialektikasidir. Bu maktabning asosiy g‘oyasiga ko‘ra, rivojlanish buzishdir, hammani va hamma narsani inkor etishdir. T.Adornoning «negativ dialektikasi»ga ko‘ra, qarama-qarshiliklar kurashi, miqdorning sifatga o‘tishi, turli tizimlarning o‘sishi va murakkablashuviga emas, balki aksincha, uning parchalanishiga, o‘lishiga yo‘nalgan. Umuman olganda, falsafa tarixida dialektikaning turli xil tarixiy shakllarini ko‘rsatish mumkin. Bularga: a) Stixiyali dialektika. Bu antik davr falsafasiga xosdir. b) Idealistik dialektika. Masalan, Gegel dialektikasi. v) Materialistik dialektika. Bu marksizm dialektikasi. g) Klassik va noklassik dialektika. d) Ob’ektiv va sub’ektiv dialektika va boshqalar kiradi. Dialektika atamasi o‘tmishda asosan uch ma’noda ishlatilib kelingan: birinchidan, bahs, suhbat, munozara san’ati orqali haqiqatga erishish yo‘li sifatida; ikkinchidan, falsafiy fikrlash qonun-qoidalarini o‘zida mujassamlashtirgan tafakkur shakli sifatida; uchinchidan, falsafa va boshqa fanlardagi ilmiy bilish jarayonida qo‘llaniladigan ilmiy-tadqiqot usuli sifatida. Dialektika – bu dunyoni shunday tushunishki, va uni ongli ravishda o‘rganishning shunday usuliki, bunda turli hodisalar, ularning turli-tuman aloqalari, qarama-qarshi kuchlarning o‘zaro ta’siri, o‘zgarish va rivojlanish jarayoni bilan birlikda qarab chiqiladi. Download 44.15 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling