70-yillar adabiyotining xususiyatlari
Ne’mat Aminov – hajviyot ustasi
Download 30.77 Kb.
|
47-50-savollar. HAJ111
Ne’mat Aminov – hajviyot ustasi. Neʼmat Aminov 1937 yil 17 iyulda Buxoro viloyatining Romitan tumanida temirchi oilasida tugʻildi. Fayzulla Xoʻjayev nomidagi Buxoro pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetida tahsil oldi (1954–1959). Mehnat faoliyatini Buxoro viloyat radioeshittirish qoʻmitasida boshlagan Neʼmat Aminov 1973 yil Toshkentga – “Mushtum” jurnaliga ishga taklif etildi va 1985 yilgacha masʼul kotib boʻlib ishladi. Shundan soʻng “Sharq yulduzi” jurnalida bosh muharrir oʻrinbosari, “Mushtum” jurnalida bosh muharrir, respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi rahbari lavozimlari – da xizmat qildi. Uning dastlabki hajviyasi 1965 yilda “Ustoz aʼlam” nomi bilan “Mushtum” jurnalida bosildi. Birinchi hikoyalar toʻplami “Ikki pullik obroʻ” 1970 yilda nashr etildi. Shundan keyin adibning “Qirq uchinchi pochcha” (1970), “Labihovuz xandalari” (1977), “Chinorlar qoʻshigʻi” (1984), “Yelkasiz polvon” (1986), “Oʻgʻri mushukcha” (1987), “Qahqaha” (1987), “Yallama yorim” (1988), “Cholbolaning ertaklari” (1990) kabi kitoblari bosilib chiqdi. Neʼmat Aminov haqida gapirganda, eng avvalo uning “Yolgʻonchi farishtalar” (1976–1984) deb nomlangan yirik satirik romani tilga olinadi. Asar “Yelvizak” va “Suvarak” qissalaridan iborat. Neʼmat Aminov “Yolgʻonchi farishtalar” kitobi uchun 1987 yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek nomidagi yillik mukofotiga sazovor boʻldi. Uning soʻnggi “Bir asr hikoyati” asari oʻzining ibratomuzligi bilan zamondoshlar dunyoqarashini shakllantirishda, maʼnaviyatini koʻtarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Neʼmat Aminovning hikoyalari polyak, bolgar, rumin, chex, rus, ukrain, belorus, tojik, turkman, ozarbayjon, gruzin, qalmiq, moʻgʻil, afgʻon, uygʻur, urdu tillarida ham bosilgan. Neʼmat Aminov oʻzbek adabiyotini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun 1992 yilda “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” unvoniga sazovor boʻlgan edi. Mashhur hajvchi Ne’mat Aminov dastlabki hajviy hikoyalari va ilk kitobi “Ikki pullik obro‘” bilan allaqachon kitobxonlar tiliga tushgan bo‘lsa-da, yozuvchining “Yelvizak” hajviy qissasi e’lon qilinishi bilan kutilmagan adabiy mo‘’jiza ro‘y berdi. Ushbu hajviy qissaning qadami qutlug‘ kelib, adabiy jamoatchilik va kitobxonlarning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Adabiyotimiz ustoz Ozod Sharafiddinov yozganidek, Bashirjon Zaynishev degan adabiy tip bilan boyidi. “Yelvizak” chop etilgan o‘sha quvonchli kunlarni yozuvchi o‘z kundaliklarida mamnuniyat bilan shunday qayd etgan edi: “Ishxonaga 14 ta “Yelvizak”dan olib keldim. Hamma so‘raydi. Odamlarda qiziqish katta. Xudoyimga ming qatla shukur!” “Ibrohim G‘afurov: “Yelvizak”ning taqdiri ham xuddi o‘zingizdek baxtli bo‘lsin”, dedi”. “Tushga yaqin Ashurali keldi. “Yelvizak”ni sinchiklab o‘qibdi. Qattiq ta’sirlanibdi va xat ko‘rinishida 8 betli taqriz yozibdi. Yaxshi tushunibdi…” “Kassa oldida Mamatqul Hazratqulovni ko‘rdim. “Yelvizak”ni bir o‘tirishda o‘qib chiqdim, deya o‘n minutcha maqtab gapirdi. Ko‘nglim ancha ko‘tarildi”. “Keyin Murod Xidirni uchratdim. “Yelvizak”ni o‘qibdi. O‘zida yo‘q shod. Albatta, yozaman, deydi”. Ozod Sharafiddinov shunday deb yozadi: “Bashirjon Zaynishev qissada mayda o‘g‘ri, tamagir, muttaham bir shaxs sifatida tasvirlangan… Savol tug‘iladi: qanday qilib Bashirjonday chalamulla, e’tiqodsiz, nokas, qo‘li egri, buzuqlik ko‘chasiga kirib-chiqaveradigan, farosatsiz va kaltafahm odam ko‘p yillar mobaynida mas’ul lavozimlarda ishlab keldi. Axir uning bilimsizligi, farosatsizligi bir zumda odamlar o‘rtasida latifaga aylanib ketadi-ku! Birga ishlaydigan hamkasblari bir zumda uning puch ekanini bilib qolishadi-ku! Shunga qaramay, Bashirjon po‘kakdek suv betida qalqib yuraveradi. Qissada bu savollarga atroflicha badiiy javob berilgan…” Yozuvchi “Yelvizak”ning dovrug‘idan esankirab qolmadi. Asarni qizg‘in va dadil davom ettirdi. Bashirjon Zaynishevning serqirra va sarguzashtlarga boy faoliyati muallifga aslo tinchlik bermadi. Yozuvchining kulgi to‘kilib turgan qalami Bashirjon izidan qahqaha otib boraveradi. Har bir satri ichakuzdi voqealar va hangomalarga to‘la navbatdagi asar 1982 yilda “Suvarak” nomi bilan dunyoga keldi. Ikki asar birlashtirilib, “Yolg‘onchi farishtalar” yoxud yelvizak fe’lu suvarakmijoz Bashirjon Zaynishev hayotidan qo‘sh qissa” nomi bilan 1983 yilda o‘.o‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida ko‘p ming nusxada chop etildi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad ushbu kitobga yozgan so‘nggi so‘zida shunday deydi: “Yolg‘onchi farishtalar”da Bashirjondan boshqa juda chiroyli, juda aniq chizilgan obrazlar ko‘p. Har biri o‘ziga xos xususiyatga ega, tili ham, qiyofasi ham, xatti-harakatlari ham bir-birini takrorlamaydi; Shamsi To‘raevich, Qirmizxon, Qiyomxon, Vafo attor… Bular – yozuvchi nihoyatda o‘tkir ko‘z bilan tanlagan, yorqin bo‘yoqlar bilan mohirona chizib bergan badiiy topilmalardir… Adabiyotimiz yana bir umrboqiy asar bilan boyiganidan benihoya xursandman”. Download 30.77 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling