7–mavzu: Leksik uslubiyat. So‘zlarning matn tarkibidagi denotativ va konnotativ ma'nolari reja
Download 23.3 Kb.
|
7–mavzu Leksik uslubiyat. So‘zlarning matn tarkibidagi denotati-fayllar.org
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch so‘z va iboralar
7–mavzu: Leksik uslubiyat. So‘zlarning matn tarkibidagi denotativ va konnotativ ma'nolari reja 7–mavzu: Leksik uslubiyat. So‘zlarning matn tarkibidagi denotativ va konnotativ ma'nolari REJA: 1. Leksik uslubiyat haqida ma'lumot. 2. So‘zlarning denotativ va konnotativ ma'nolari. 3. Ko‘chma ma'noli so‘zlarning uslubiy vazifalari. 4. Fikrning ekspressiv, emotsional va obrazli ifodalanishi. Tayanch so‘z va iboralar: leksik uslubiyat, denotatsiya, konnotatsiya, ko‘chma ma'noli so‘zlar. Darsning maqsadi. Talabalarga leksik uslubiyat haqida ma'lumot berish, so‘zning o‘z va ko‘chma ma'nolarini tushuntirish. Leksik uslubiyat – bu so‘z qo‘llashning aniqligi, so‘zdagi denotativ (o‘z) va konnotativ (ko‘chma) ma'nolar, uning funksional uslubga munosabati, og‘zaki va yozma nutqda so‘zdan oqilona foydalanish omillari va shu ma'lumotlarga tayangan holda so‘z ishlatish va so‘z tanlashdagi xatolarga yo‘l qo‘ymaslik demakdir. Leksik uslubiyatda leksik birliklarning uslubiy xususiyatlari o‘rganiladi. Leksik birliklarga so‘zning o‘z va ko‘chma ma'nolari, omonim, sinonim, antonim, paronim, eskirgan va yangi so‘zlar, sheva, kasb-hunarga oid so‘zlar, atamalar, iboralar, evfemizm va shu kabilar kiradi. So‘zning borliqdagi narsa-predmet, belgi, miqdor, harakat-holat haqida ma'lumot beruvchi komponenti denotativ ma'no bo‘lib, u so‘z semantikasidagi birlamchi va asosiy komponentdir. Konnotativ ma'no esa denotativ ma'noning nutqiy imkoniyatlarini, nutq subyektining baho munosabatini yuzaga chiqaruvchi ma'no sifatida ahamiyatlidir. So‘zning semantik strukturasida bo‘lishi qat'iy talab qilinmaydigan yana bir belgi - stilistik belgidir. Bu belgi so‘zning funksional uslublaridan biriga xosligini ko‘rsatadi. Masalan: kulmoq so‘zida biror uslubga xoslik belgisi yo‘q. Uning sinonimlari hisoblangan hiringlamoq, ishshaymoq, irjaymoq, tirjaymoq so‘zlari esa so‘zlashuv uslubiga xoslangan. Stilistik belgi so‘zning funksional uslubga ishora qiluvchi belgisidir. So‘z semantik strukturasida qo‘shimcha ottenka hisoblanuvchi ekspressiv bo‘yoq va stilistik belgilar ifodalagan ma'no tilshunoslikda konnotativ ma'no termini bilan yuritiladi. O‘zbek tilida shunday so‘zlar ham mavjudki, ularda leksik hamda konnotativ ma'noni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Masalan, turq so‘zi ham denotativ, ham konnotativ ma'noni (nutq subyektining salbiy baho munosabatini) aks ettiradi. So‘zning konnotativ ma'nosi leksik ma'nosi asosida anglashiladi. Konnotatsiya tilning baholovchi - emotsional aspektiga doir lisoniy kategoriya bo‘lib, gapiruvchi shaxsning (muallifning) predmetga, narsa va hodisalarga, suhbatdosh shaxsiga, suhbat jarayonidagi vaziyatga nisbatan subyektiv munosabatini ifodalab keluvchi leksik birliklarda o‘z aksini topadi. Leksik birlik semantikasidagi bunday konnotatsiya unga qo‘shimcha emotsional, baholovchi ma'nolarni berib, so‘zning, birlikning jumla va kontekstning emotsional ta'sir kuchini oshirishga xizmat qiladi. E.Qilichev, B.Qilichevlarning qayd etishlaricha, so‘zning konnotativ ma'nosi nafaqat kontekstda, balki muayyan sinonimik qatorda ham yuzaga chiqishi mumkin. Bunda konnotativ ma'no so‘zlarning paradigmatik munosabati asosida belgilanadi. Shu nuqtayi nazardan, olimlar konnotatsiyaning ingerent va adgerent turlarini farqlaydilar. Ularning fikricha, ingerent konnotatsiya bu − so‘zning kontekstdan tashqari olingan holatda anglanadigan, adgerent konnotatsiya − so‘zning ma'lum kontekst asosida anglashiluvchi konnotativ ma'nosidir. Konnotativ ma'no hosil qilishda muhim o‘rin tutuvchi hodisalardan biri ko‘chimlardir. Ko‘chim badiiy matnning obrazliligini, ta'sirchanligini ta'minlovchi vosita sanaladi. Ko‘chimlarning eng keng qo‘llanuvchi turi − metafora nutqda ma'lum stilistik maqsad uchun xizmat qiladi. Metaforik qo‘llashda biror predmet shaklining, belgisining, harakati yoki holatining o‘xshash tomoni boshqa bir predmetga ko‘chiriladi. Manbalarda metaforaning ikki turi farqlanadi: lingvistik va xususiy – muallif metaforalari. Lingvistik metaforalar obrazlilik, tasviriylikdan xoli bo‘lsa, xususiy – muallif metaforalari ayni shu xususiyatlar asosiga quriladi. Shoirlar metaforani hosil qilishda ot, sifat, fe'l turkumidagi so‘zlardan keng foydalanadilar. Masalan: Muhabbat otashini Hech qachon do‘zaxga teng qilmam, Nechunkim, menga nurli - Tal'ating jannat bilan tengdur (E.Vohidov) Bu misrada otash so‘zi metaforik ma'noda qo‘llangan bo‘lib, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da uning o‘z ma'nosi “o‘t, olov”, ko‘chma ma'nosi esa “dilni yondiradigan, o‘rtantiradigan haroratli his-tuyg‘u” tarzida izohlangan. Shoir muhabbat otashi birikmasini ko‘chma ma'noda qo‘llab, ijobiy munosabatni bildirgan. Uning do‘zax so‘zi bilan zidlantirilishi she'rning ta'sirchanligini yanada oshirgan. Nasrda yozuvchi Cho‘lponning tildan foydalanish mahoratini belgilashda metaforalardan qay darajada foydalanganligiga e'tibor qarataylik. Masalan: yuk so‘zi o‘zbek tilida ko‘p ma'noli so‘z hisoblanadi. O‘zbek tilining izohli lug‘atida mazkur so‘zning quyidagi ma'nolari qayd qilingan: 1) «Bir yerdan ikkinchi yerga ko‘tarib, tashib borilishi lozim bo‘lgan og‘irlik»; 2) «Kishini urintirib qo‘yadigan, tashvishga soladigan ortiqcha narsa, tashvish, dahmaza»; 3) «Qorindagi bola, homila»; 4) «Diniy e'tiqodga ko‘ra aziz-avliyolarni ranjitish tufayli yuz beradigan kasallik». Yozuvchi Cho‘lpon o‘zining «Kecha va kunduz» deb nomlangan romanida qahramonlar nutqida ana shu so‘zning 2- va 4- ma'nolarini qorishtirish asosida ham qahramonlar ichki dunyosini yorqinroq ochishga, ham chiroyli kulgi chiqarishga muvaffaq bo‘lgan: - Yelkamda o‘n putdan o‘ttiz put yukim bor... - dedi mingboshi. Bu ham baqirishga yaqin bir ovoz bilan aytilgan edi. Uchala xotin ham bu yukning nimaligini anglab yetolmadilar. Xadichaxonning fikricha, mingboshiga «irim» qilgan edilar. Endi uni «qaytartirmoq»dan o‘zga iloj yo‘q edi. Bu fikr boshqa kundoshlarning miyalaridan ham o‘tmadi emas... Faqat Xadichaxonning bu fikri qat'iy bo‘lsa kerakkim, yashirishga lozim ko‘rmadi: - G‘animlar qasd qilganga o‘xshaydi. Qaytarma qildirib bersammi? - dedi. - Ayollarning bilgani irim, bilgani qaytarma, bilgani azayimxon...- dedi mingboshi... Shu ochilishdan dadillanib bo‘lsa kerak Xadichaxon yana e'tiroz qildi: - O‘zingiz o‘z og‘zingiz bilan «yuk bosdi» demadingizmi? Mingboshi kulib yubordi: «Yuk bosdi» degan bo‘lsam «qanday yuk?» deb so‘ragin-da, bachchag‘ar! -dedi u. Bu vaqtda uydagilar ham asta-sekin tashqariga chiqib yaqin o‘rtaga kelgan edilar. Mingboshi davom qildi: -Uchalang yukmisan menga? -Nima og‘irimiz tushdi sizga? -dedi Xadichaxon. (Cho‘lpon) Ko‘p ma'noli yuk so‘zi mingboshi nutqida «ortiqcha tashvish» ma'nosida, ya'ni «uchta xotini o‘n puddan o‘ttiz pud» dahmaza ma'nosida qo‘llangan, xotinlar esa bu so‘zning qayd etilgan 4-ma'nosida tushunganlar, shu tarzda kulgili holat yuzaga kelgan. Ko‘p ma'nolilik asosan so‘zlarga xos xususiyat bo‘lib bir so‘zning birdan ortiq ma'noga ega bo‘lishi tushuniladi. O‘zbek tilida konnotativ ma'noni yuzaga chiqaruvchi ko‘chimlardan yana biri metonimiyadir. Tilshunoslikda mazmunan aloqador bo‘lgan voqea-hodisa, predmet va ularning muayyan belgisi o‘rtasida ma'no ko‘chishi metonimiya hodisasi sifatida qaraladi. 1. Predmetning hajmini ifodalovchi so‘z shu predmet ma'nosini anglatadi: Boshlig‘ing ko‘nglini bil sen, Ketma pinjidan nari, Paytini topsang mabodo, Birga yuzta-yuzta qil. (E.Vohidov) Ma'lumki, so‘zlashuv nutqida spirtli ichimlik yuz gramm nomi bilan ko‘chma ma'noda ishlatiladi. Bu o‘rinda hajmni ifodalovchi yuzta-yuzta so‘zining qo‘llanishi (gramm so‘zi ellipsisga uchragan) ichimlikni oz-ozdan ichish kerakligiga ishorani anglatadi. Bunday so‘zni qo‘llovchi kishilarning, odatda, oz-ozdan, ya'ni yuzta-yuzta qilib ichishi uchrashuvning tugab qolmasligini istashlari, shuningdek, dildan suhbatlashishlarida qo‘l keladi. Shoir so‘zlashuv jarayonidagi mazkur metonimik ifodani ayni shu maqsadda, ya'ni dildan dardlashib olishga undash ma'nosida qo‘llaydi. She'riyatga xalq tilining bunday sodda shaklini kiritish misralar xalqchilligini, uning dilga yaqinligini ta'minlaydi. 2. Predmet ichidagi predmet ma'nosini anglatadi: Sig‘inaylik o‘sha tanho, Tahqirlangan qabrga. (E.Vohidov) Ushbu misrada sig‘inish harakati qabrga nisbatan bo‘lmay, shu qabrda yotgan insonga qaratilgan. Shoir bu o‘rinda odamlara xos bir salbiy odatga ishora qiladi. Ya'ni, ayrim kishilar bir-birining qadriga tirikligida emas, bu dunyodan o‘tib ketgandan so‘nggina yetadilar. Metonimik ifoda orqali anglashiluvchi ana shu yashirin mazmun nutq sub'yektining voqyelikdan noroziligi, afsuslanishi kabi munosabatlarini namoyon etadi, nutqning konnotativligini kuchaytiradi. 3. Shaxs tomonidan yaratilgan narsa-predmet orqali shaxsni anglatish: Bukun mehmon bo‘lib cho‘ng san'at keldi, Tom-tom kitob keldi, she'riyat keldi. (E.Vohidov) Ma'lumki, insonning kim ekanligi uning qilgan ishlarida aks etadi. Ushbu misrada san'at ahli, yozuvchi va shoirlar to‘g‘risidagi mavjud qarashlar cho‘ng san'at, tom-tom kitob, she'riyat kabi birliklarga ko‘chirilib, ularning ma'nosi bo‘rttirilgan. Bu o‘rinda mazkur ko‘chirish usuli orqali nutq subyektining ulug‘lash, faxrlanish kabi baho munosabati ham yuzaga chiqqan. 4. Ma'lum mamlakatda, davlatda yoki ma'lum o‘rinda yashab turgan kishilar ma'nosi shu yerga, davlat yoki mamlakatga ko‘chiriladi: Majlisga butun qishloq keldi. (A.Qahhor) O‘zbek tilida konnotativ ma'noni yuzaga chiqaruvchi ko‘chimlardan yana biri sinekdoxadir. Sinekdoxada narsalarning son yoki butun va qismlari orasidagi munosabat nazarda tutiladi. Sinekdoxaning quyidagi ko‘rinishlari mavjud. 1. Butun o‘rnida qism: Og‘zaki nutqda ba'zan kishilarni chaqirayotganda ularning ism yoki familiyalarini aytmasdan, biror ajralib turgan belgisiga qarab - qorni katta bo‘lsa, “ey, qorin”, kallasi juda katta bo‘lsa, “ey kalla” tarzida murojaat qilishlariga duch kelamiz. Bunda ana shu aytilgan qism orqali kishi yoki uning ismi tushuniladi. -N-nima?-dedi mo‘ylov tutoqib. -Nima deyaptilar akasi o‘rgilsin. (O.Yoqubov) 2. Qism o‘rnida butun: Kuylamagan og‘iz yo‘q. (E.Vohidov) Bunda og‘iz so‘zi orqali insonlar nazarda tutilgan. 3. Ko‘plik o‘rnida birlikni ishlatish: Sotuvchi xaridor bilan xushmuomala bo‘l. (og‘zaki nutqdan) Lug‘aviy va she'riy sinekdoxa farqlanishi kerak. Lug‘aviy sinekdoxa hissiyot uyg‘otish xususiyatini yo‘qotgan. She'riy sinekdoxa sayqallanmaganligi, his-tuyg‘u uyg‘otishi bilan farqlanadi. Sen qaydan bilasan? Balki bu ko‘zlar Unsiz bir qo‘shiqni Kuylayotgandir. (A.Oripov) Badiiy nutqda matnning ta'sirchanligini oshiruvchi vositalardan yana biri giperbola, ya'ni mubolag‘adir. Giperbolada muayyan belgi-xususiyat ba'zan ob'yektiv voqyelik me'yordan ortiq darajada tavsiflanadi va shu orqali nutqqa badiiy ruh beriladi. Masalan: Polvon edi Matmusa To‘rt fil kuchi jam edi. (E.Vohidov) Ushbu she'riy parchaning ikkinchi misrasida keltirilgan mubolag‘a birinchi misradagi fikrni dalillash maqsadida kiritilgan bo‘lib, shoir she'r qahramoni Matmusaning polvonligini to‘rt fil kuchiga ega ekanligi bilan tavsiflaydi. Ko‘rinadiki, bu o‘rinda muayyan belgi-xususiyatning me'yordan ortiqligi o‘xshatish asosida mubolag‘a bilan ko‘rsatilgan va konnotatsiya hosil qilingan. Ma'lumki, ironiya ekspressivlik ifodalashning o‘ziga xos usullaridan biri sanaladi. Ironiyada nutq sub'yektining kesatig‘i, masxaraomuz kulgisi muayyan niqob ostiga olinadi. Ironiya ko‘p hollarda nutq sub'yektining predmet yoki hodisaga salbiy munosabatini ifoda etish uchun qo‘llaniladi. Ironiyada ko‘chma ma'noda qo‘llangan so‘z va iboralar semantik ziddiga ishora qilib turadi. Masalan, Erim choyxonadan “shiringina” bo‘lib keldi. (So‘zlashuvdan) Download 23.3 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling