8-mavzu: Madaniyat, sivilizatsiya va qadriyatlar falsafasi. (2 soat). Ma’ruza rejasi
Madaniyat ko‘pxilligi va madaniyatlararo dialog (muloqot)
Download 82.66 Kb.
|
8 мавзу Маданият, цивилизация ва қадриятлар фалсафаси
Madaniyat ko‘pxilligi va madaniyatlararo dialog (muloqot). Falsafiy nuqtai nazardan qaraganda insoniyat tarixi bir butundir. Shu bilan birga, tarixning turli bosqich va davrlarida har xil mamlakat va xalqlar madaniyatining farq qilishini inkor qilib bo‘lmaydi. Madaniyatning ko‘p xilligi ijtimoiy-tarixiy omil bo‘lib, yagona tarix va dunyo sivilizatsiyasi to‘g‘risida gap ketganda uni e’tiborga olish kerak bo‘ladi.
XX asr oxirlarida ijtimoiy mojarolarda siyosiy farqlar emas, madaniy farqlar birinchi o‘ringa chiqdi. Ular yuzaki joylashgan bo‘lib, muammolarni tinchlik yoki zo‘ravonlik yo‘li bilan yechishga hamma vaqt ta’sir qildilar. Ulardan asosiysi – industrial rivojlangan va qoloq mamlakatlar, xalqlar va mamlakatlar diniy madaniyati o‘rtasidagi farqdir. Har xil madaniyatlarning tinch – totuv yashashi mumkinmi? Bu savolga hozircha yagona javob yo‘q. Biroq, ma’lumki, hozirgi dunyoda biron bir milliy madaniyatning ustunlik qilishi maqsadga muvofiq emas. O‘zaro bilish, tushunish, hurmat rivojlanishi, qadriyatlar va yutuqlarning o‘zaro almashinish imkoniyatlarining ochilishi uchun madaniyatlarning keng muloqoti zarur. Yuqori rivojlangan va iqtisodiy qoloq mamlakatlar o‘rtasida ijtimoiy hamkorlik zarur. Chuqurlashib borayotgan siyosiy va iqtisodiy globallashuv sharoitida, unda o‘zining munosib joyini egallaydigan milliy-tarixiy madaniyatlar progressiv yutuqlarining yagona dunyo intermadaniy makonni shakllantirishi juda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Yuksak madaniyat va «ommaviy madaniyat». XX asrda “ommaviy madaniyat” deb atalgan yangi ijtimoiy hodisa paydo bo‘ldi. U boshqa – an’anaviy, haqiqiy yoki ba’zi nazariyachilar aytganidek, “yuksak ma’naviyat”ga qarama–qarshi qo‘yiladi. Yuksak ma’naviyat ommaviy emasmi, degan savol paydo bo‘ladi. Ob’ektiv aytganda – yo‘q. Insoniyat tarixida odatda faqat savodli va boy odamlar, diniy elitalar, harbiylar, siyosiy elita vakillari yuksak madaniyat mevalaridan foydalanganlar. Masalan, Rossiya yoki Amerikada aholining asosiy ommasi Nyuton mexanikasi, Shekspir sonetlari, Uyg‘onish davrining rassomlari, arab astronomiyasi, hind faylasuflarining traktatlari, antik demokratiya to‘g‘risida ozmi-kam bilarmidi? XX asrda bu vaziyat keskin o‘zgara boshladi. Milliy ozodlik harakati, sotsializmning qaror topishi va g‘arb demokratiyasining rivojlanishi, keng industriyalashtirish va urbanizatsiya, savodi yetishmaganligi tufayli “yuksak ma’naviyatni” qabul qilishga qodir va tayyor bo‘lmagan millionlab odamlarni tarix sahnasiga chiqarib yubordilar. Ularga boshqa tushunarliroq, yetarliroq va g‘oyaviy yaqin madaniyat, aniqrog‘i – qandaydir almashtiruvchisi talab qilindi. U o‘zini uzoq kuttirmadi. Adabiyot, kinoindustriya, badiiy sa’nat, estrada, OAV lari o‘rta, ko‘p millionli omma vakillarining dunyoqarashi va estetik ehtiyojlariga mo‘ljallangan asarlarni jadal yaratib, eshittira boshladi. Shunday qilib, yuksak madaniyatning soddalashtirilgan, hajviy o‘rnini bosadigan – ommaviy madaniyat paydo bo‘ldi. Uchinchi ming yillik davlatlararo, shaxslararo munosabatlarning murakkablashuvi, bir tomondan, jamiyat ma’naviy madaniyatining yuksalishi va ikkinchi tomondan uning tanazzulga yuz tutishi bilan boshlandi. Dunyo olimlari va davlat rahbarlari inson kamoloti omillari haqida fikr yuritar ekan, albatta ommaviy madaniyatning salbiy ta’sirini eslashi odatga aylandi. Masalan, XX asr oxirida YuNESKO komissiyasining majlisida “Ommaviy madaniyat va ommaviy kommunikatsiya ikki asr oralig‘idagi hodisa. Iqtisodiy nuqtai nazardan olamning shakllanishi yirik sanoat rivojlanishi oqibatida madaniyat sohasidagi o‘zgarishlarda namoyon bo‘ldi. Natijada yirik sanoat ishlab chiqarishi paydo bo‘ldi va axborot hamda madaniyat almushinuvi sur’atlari kuchaydi” deb alohida ta’kidlangan. AQShning sobiq davlat kotibi Z.Bzejinskiyning ”Agar Rim dunyoga huquqni, Angliya parlament faoliyatini, Fransiya madaniyat va respublikacha millatchilikni bergan bo‘lsa, Amerika ilmiy texnikaviy taraqqiyotni va ommaviy madaniyatni berdi” degan fikrida ommaviy madaniyatning o‘chog‘i Amerika ekanligiga ishorani ko‘rish mumkin. Aslida ham vaziyat shundaymi? Biz keyingi yillarda qayta va qayta qoralayotgan “Ommaviy madaniyat“ning o‘zi nima? Ommaviy madaniyat o‘zining soddaligi va murakkabligi bilan ahamiyatlidir. Hozirgi ekran madaniyati, kompyuter texnologiyalari rivojlangan davrda ommaviy madaniyatning asl mohiyatini ijtimoiy tahlil qilish, bilish va tegishli xulosa chiqarish maqsadga muvofiq. Ommaviy madaniyat tushunchasi XX asming 30-yillarida paydo bo‘lgan va 1944-yilda D. Makdonaldning “Ommaviy madaniyat nazariyasi” nomli asarida birinchi marta ilmiy izohlangan. Yuz yil davomida ommaviy madaniyat hodisasiga ijtimoiy-siyosiy, psixologik, estetik, nazariy va mafkuraviy nuqtai nazardan baho berishga harakat qilingan. Ba’zilar omma foydalanishni mo‘ljallagan badiiy madaniyatni ommaviy san’at, tijorat madaniyati, ong industriyasi, bozor madaniyati bilan bog‘lagan. Ommaviy madaniyat bu nafaqat film va musiqa, adabiyot va tasviriy san’at va ommaviy axborot, balki turmush tarzidir. Ayniqsa, XX asrda u keng rivoj topdi. Undan voz kechish yoki qochib qutulish mumkin emas. Kompyuter asrida ommaviy madaniyat o‘z rivojlanishining yangi bosqichiga ko‘tarildi. Turmush tarzi sifatidagi ommaviy madaniyat ijtimoiy makonni to‘liq qamrab oladi: bu bizning suhbatlashish madaniyatimiz, shaxslararo munosabatlar tipi, eshitayotgan qo‘shiqlarimiz mazmuni, dam olish madaniyatimiz va boshqa barcha hayotimiz bilan bog‘liq jarayon. Ommaviy madaniyat an’anaviy turmush tarzini to‘liq o‘zgartiradi. Ommaviy madaniyat ta’sirida an'analar va ularga munosabat o‘zgaradi. An’ana buzilishi mumkin bo‘lmagan qonun yoki hayot me’yorlari bo‘lib, u ob’ektlar orasida muayyan masofani shakllantirgan. Masalan, insoniyatning tabiatga, yerga, oilaga munosabatlari o‘zgarib borgan. An’analarning buzilishi, munosabatlar me’yorining buzilishiga tabiiylikning kamayishi va sun’iylikning ortishiga olib keladi. Masalan, ilgari qo‘shnilarning munosabatlarida tabiiylik ustuvor bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda u soxta mulozamat bilan almashmoqda. Ommaviy madaniyat va omma uchun madaniyat tushunchalaridagi farqlarni tushunish muhim ahamiyatga ega. Bu tushunchalardagi umumiylik tushunarlilik bilan izohlanadi. Omma uchun madaniyat sovet davridagi xalq uchun san’at g‘oyasi bilan hamohang. Ommaviy madaniyat esa tovar-pul munosabatlarining tarkibiy qismidir. U imidjni shakllantiradi. Omma uchun madaniyat ijtimoiy psixologik targ‘ibotning tarkibiy qismi. U ommaviy ijtimoiy muhit talablariga javob sifatida amal qiladi. (masalan, sovet davridagi fabrikalardagi ayollarning uniformasi). Har ikki holatda ham umumiy jamoa e’tiborini jalb qilish maqsadi yotadi. Mutaxassislar ommaviy madaniyat rivojlanishining ijobiy va salbiy tomonlarini qayd qildilar. Ijobiy tomoni shundaki, birinchi marta insoniyat yutuqlari har kimga tushunarli bo‘ldi. Gazetalar, jurnallar, kitoblar, muzeylar, teatrlar, radio va televidenie, XX asr oxirida internet madaniyat dunyosiga kirish uchun eng keng imkoniyatlar ochildi. Biroq, ommaviy madaniyat ko‘pincha o‘zining ko‘rinishlarida odamni ruhlantirish va takomillashtirishga kam yordam beradi U boshqa qadriyatlar va ideallarni – kuchlining huquqi, pul hokimiyati, pastkash instinktlar erkinligi, texnitsizmni o‘stiradi. U zerikarli hayoti bilan kaltabinlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, oddiy syujetlar, obrazlar va g‘oyalardan foydalanadi. U odamlarga tayyor, andozali qarorlar tavsiya qiladi, lekin tushunishga, o‘ylashga, baholashga, axloqiy tanlashga o‘rgatmaydi. Faylasuflar, ruhshunoslar, sotsiologlar va pedagoglar shunga yakdilki, madaniyatning bunday o‘rnini bosadigani bolalar, o‘smirlar, hatto kattalarning ongiga buzg‘unchi ta’sir qiladi. Ommaviy madaniyatning ommaviy ta’siri bilan odam axloqiy buzila boshlaydi. U muammoni hal qilishning zo‘rlik yo‘lidan boshqasini ko‘ra olmaydi. U pul bilan hokimiyatni do‘stlik, sharaf, ijod, muhabbat va burchdan yuqori baholaydi. U hayotning asl ma’nosini unutib, uni sezgi lazzati bilan almashtirishga urinadi. Aksilmadaniyat XX asrning ikkinchi yarmida shakllandi. Aksilmadaniyat tushunchasi XX asrning 60-yillarida amerikalik sotsiolog T. Rozzaku tomonidan ilmiy muomalaga kiritilgan. Aksilmadaniyat ommaviy jarayon bo‘lsa-da, u tom ma’noda ommaviy madaniyat bo‘la olmaydi. Aksilmadaniyat xippi va panklar faoliyati bilan bog‘liq rok musiqada o‘z ifodasini topadi. Aksilmadaniyat asosini mavjud an’anaviy voqelikka qarshilik tashkil etadi. Aksilmadaniyatning vatani Kaliforniyadir. Aksilmadaniyat “Men boshqalarga, ularga qarshi” asosiy g‘oyasini va axloqiy pozitsiyani himoya qiladi. Aksilmadaniyat shok holatini ustuvor biladi, u qancha ko‘p mavjud axloq normalari chegarasini buzsa, shuncha huzurlanadi. XX asrning 70-yillarida rok-estradada o‘z ifodasini topgan aksilmadaniyat bilan panklar va metalistlar harakati boshlandi. Bu harakat vakillarining qarshiligi musiqada emas, balki xulq-atvorda namoyon bo‘lgan. Turli ranglarga buyalgan sochlari, har xil taqinchoqlar bilan aksilmadaniyat vakillari odamlarga hujum qilishi, ularni qo‘rqitishi va bu bilan o‘zini qanoatlantirishi mumkin bo‘lgan. XX asrning oxirida yoshlarning rok madaniyatida namoyon bo‘lgan aksil madaniyati o‘z kuchini yo‘qotdi. Populyar (mashhur) madaniyat - omma tomonidan qabul qilinishi muayyan davrda keng tarqalishi mumkin bo‘lgan madaniyat. Bu madaniyat ommaviy madaniyatning tarkibiy qismi sifatida amal qiladi. Biroq geografik belgilariga ko‘ra ommaviy madaniyat populyar madaniyatga nisbatan keng tushuncha. San’at nuqtai nazaridan ommaviy madaniyat tijorat maqsadlarini ko‘zda tutadi. XX asrning 70-yillarida “Mahallada duv duv gap”, “Yor-Yor”, “Uchrashuv” kabi filmlar ommaviy auditoriya uchun ommaviy kino hisoblangan. Biroq u ommaviy madaniyat bo‘la olmaydi. XX asming 90-yillarida S.Spilbergning “Yura davri parki” filmi haqiqiy ommaviy madaniyatning namunasidir. Chunki filmning sur’atga olinish jarayonining reklamasi, film qahramonlari sur’atlari tushirilgan maykalar, kepkalar, krujkalar znachoklarning sotilishi tom ma’noda tijorat maqsadlariga yo‘nalgan Ommaviy madaniyat faol, u chegara bilmaydi, populyar madaniyat esa chegaralangan. Masalan, XX asming 80-yillarida Yulduz Usmonovaning estradasi populyar madaniyat hisoblansa, 90- yillarda sof ommaviy madaniyat sifatida namoyon bo‘ladi. Bu Yulduz Usmonovaning ilgarigidan yaxshi qo‘shiq aytganini ifodalamaydi. Uning ijodi ommaviy axborot vositalarida doimiy yoritila boshladi, turmushga chiqqani, ajralgani va yana turmushga chiqishi, qizining turmushga chiqishi va ajralishi ommalashib ketdi va bunda axborot kommukatsiya vositalaridan unumli foydalanildi. Populyar madaniyat siyosiylashmaydi. Juda ma’lumki, agar jamiyat ommaviy madaniyat sohasini boshqa olijanob qadriyatlar va ideallar bilan to‘ldirmasa, jinoyatchilik va narkomaniyadan tortib, to o‘zini o‘zi o‘ldirish va ruhiy kasalliklargacha bo‘lgan salbiy ijtimoiy hodisalarning o‘sishini prognoz qilish mumkin. Asl madaniyatni himoya qilishga, ommaviy ongga uning ta’sirini oshirishga o‘ta zarurlik his etildi. Ko‘p mutafakkirlar axloqiy inqiroz va ijtimoiy nuqsonlardan qutulish vositalarini shunda ko‘rdilar. Download 82.66 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling