54-modda. Meros mol-mulkni ro‘yxatga olish va uni saqlash uchun topshirish
Meros mol-mulkning qo‘riqlanishi uchun notariuslar bu mol-mulkni ro‘yxatga oladi va mol-mulkni saqlash uchun merosxo‘rlarga yoki boshqa shaxslarga topshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Meros tarkibida boshqarishni talab etadigan mol-mulk bo‘lsa, shuningdek meros qoldiruvchining kreditorlari merosxo‘rlar merosni qabul qilib olgunga qadar da’vo qo‘zg‘atgan hollarda notarius meros boshqaruvchisini tayinlaydi.
(54-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-255-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 37-son, 313-modda)
Meros boshqaruvchilari va meros mol-mulk saqlash uchun topshirilgan boshqa shaxslar meros mol-mulkni talon-toroj qilganlik, boshqa shaxsga berganlik yoki yashirganlik uchun va merosxo‘rlarga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantiriladi.
55-modda. Meros mol-mulkni saqlaganlik uchun taqdirlash
Meros boshqaruvchilari va meros mol-mulk saqlash uchun topshirilgan boshqa shaxslar, agar merosxo‘r bo‘lmasalar, meros mol-mulkni saqlaganlik uchun merosxo‘rlardan haq olishga haqlidir. Ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarning meros mol-mulkni saqlash va boshqarish uchun qilgan zarur xarajatlari ham qoplanadi, bunda mol-mulkdan foydalanish hisobiga amalda olingan foyda chegirib tashlanadi.
56-modda. Meros mol-mulkning qo‘riqlanishiga doir chora-tadbirlarni to‘xtatish
Meros mol-mulkni qo‘riqlash merosxo‘rlar tomonidan meros qabul qilib olingunga qadar, agar meros ular tomonidan qabul qilib olinmagan bo‘lsa, qonunda belgilab qo‘yilgan merosni qabul qilib olish muddati o‘tgunga qadar davom etadi.
Meros ochilgan joydagi notarius meros mol-mulkning qo‘riqlanishiga doir chora-tadbirlar to‘xtatilishi haqida merosxo‘rlarni, agar mol-mulk vorislik huquqi bo‘yicha davlatga o‘tsa, tegishli davlat organini oldindan xabardor qilishi shart.
57-modda. Meros mol-mulk hisobidan xarajatlarni to‘lash
Notarius merosxo‘rlar tomonidan meros qabul qilib olinguniga qadar, agar meros qabul qilib olinmagan bo‘lsa, davlatga merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berilguniga qadar meros mol-mulk hisobidan:
meros qoldiruvchi kasal bo‘lgan vaqt mobaynida unga qarab turish, shuningdek vafot etgan taqdirda uni dafn etish va qabrini obod qilish;
meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lgan fuqarolarni ta’minlash;
ish haqi bo‘yicha da’volarni va ularga tenglashtirilgan da’volarni qanoatlantirish;
meros mol-mulkni qo‘riqlash va uni boshqarish, shuningdek merosxo‘rlarni chaqirish haqidagi xabarni e’lon qilish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash to‘g‘risida farmoyish beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonun hujjatlarida meros mol-mulk hisobidan xarajatlarni qoplashning boshqa hollari ham belgilanishi mumkin.
(57-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1155-moddasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |