9-mavzu. Mirtemir va zulfiya hayoti va ijodiy merosi


Download 140 Kb.
bet3/7
Sana25.02.2023
Hajmi140 Kb.
#1228609
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
9-MA\'RUZA

Tun singari asta bosib keladi,
Suv singari asta jilib keladi.
Tog‘ yeliday shoshqin esib keladi,
Ko‘l mavji singari tinib keladi.
Naqadar mung yotar bu pardalarda,
O‘tgan umrning ohi zorimi?
Qushlar chirqillamas tol panalarda
Usta barmoqlarning ko‘ring korini…

Shoirning ijodiy kamoloti uning “O‘ylar”, “Qizg‘aldoq”, “Qoya”, “Mening bolaligim”, “Bog‘imning chechaklari”, “Lolazordan o‘tkanda”, “Quyoshning zabti” kabi lirik she’rlarida aniq ko‘rinadi. Bu she’rlar shiraga to‘lgan, chuqur umumlashmalarga boy bo‘lib, 30-yillarning ikkinchi yarmidagi o‘zbek lirikasiga qo‘shilgan katta hissa hisoblanadi.


Mirtemir hayotiy hayajoniga, tuyg‘u va fikrlarini to‘la-to‘kis to‘kishga mos, ajoyib ifoda usullari topa oladigan san’atkor shoir edi. Uning bu xususiyatini “Dorilfunun xiyobonida” she’rida yaqqol ko‘rish mumkin. She’rda realistik tasvir bilan romantik ifoda chatishib ketgan. Shoir unda yoshligiga, “Otashin o‘smirlik” yillariga guvoh, sirdosh, mangulik ramzi chinor bilan pichirlashadi, “bog‘bon, donishmand Samarqand bobo” bilan suhbatlashadi. Shoirning she’rda bunday yo‘l tutishi tasodifiy emas. Mirtemirning aytishicha, studentlar davrasidan chiqib, xiyobonga sayr etishadi. Bir chinor unga qarab shivirlagandek tuyuladi. Bu uning uchrashuvda qo‘zg‘algan hayajoniga hayajon qo‘shadi.


Senda kezarkanman tushadi yodga
O‘smirlik yillarim va dorilfunun –
Tob berolmay yorug‘ bir girdibodga,
Chekinardi u vaqt jaholat, junun…

Mirtemirning urush yillarida yaratilgan “Vabo”, “O‘ch”, “Bu mening vatanim”, “Ona shahar”, “Dengiz bo‘yida”, “Mard yigit, yoring bo‘lay”, “Tillo”, “Ko‘zlarim yo‘lingda” kabi she’rlarida dushmanga nafrat, vatanga sadoqat hislari jangovar ruhda ifodalangan.


Mirtemir she’riyati allaqachon xalq qalbiga ko‘chib, uning yangroq qo‘shig‘iga aylanib ketgan:


Kuylar navqiron naslim
Salqin soy qirg‘og‘ida.
Sayr etar mening asrim,
Maydonida, bog‘ida.


Suhbatim soz, xushvaqtman,
Har go‘shada yor vasli.
Olisdan solaman razm,
Kulsam, ayni ishk fasli.
Kuylar navqiron asrim.

Yosh avlod qalbida tug‘yon urgan tuyg‘ularni namoyon etuvchi bu jo‘shqin misralar “Kuylar yigirma yoshim” qo‘shig‘idan olingan. Unda yoshlikning shodliklari-yu quvonchlari, ezgu orzular umidi bilan yo‘g‘rilgan orziqishlari-yu entikishlari, muhabbatga intiq qalb nidolari baralla jaranglaydi. Shu bilan birga qo‘shiqda bu sadolar go‘yo XX asrning suronli inqilobiy voqealari hamda ulkan tarixiy hodisalari ruhi bilan yo‘g‘rilib, yangroq tantanavorlik kasb etadi. Bunday purma’nolik va ohangdorlikning sabablaridan biri shundaki, qo‘shiqni xassos shoir Mirtemir yigirma yoshida emas, balki ancha keyin, ya’ni yetuklik chog‘ida ayni mahoratining yuksaklikka ko‘tarilgan pallasida yaratgan.


Mirtemirning teran mazmunga va katta ta’sirchanlik qudratiga ega bo‘lgan bunday qo‘shiqlari talaygina bo‘lib, ular tinimsiz izlanishning, badiiylik cho‘qqilari sari intilishning samarasi hisoblanadi.
Mirtemir qo‘shiqchilik sohasida o‘z yo‘lini qidirar ekan, eng buyuk san’atkorlarning go‘zal an’nalari izidan bordi. U, ayniqsa, she’riyat va qo‘shiq mulkining sultoni Alisher Navoiy an’analarini o‘zi uchun muqaddas deb bildi. Navoiydan, Saryomiydan Mirtemir qofiya, radif oldi va ularni yangi mazmun, yangi ruh bilan boyitdi. Natijada “Yali-yali” deb atalgan sho‘x va nafis qo‘shiq maydonga keldi. Bu qo‘shiq Mirtemir ona yurt tabiatining sodiq shaydosi, dono bilimdoni va mohir kuychisi ekanligini ko‘rsatdi. Nozik qalamda chizilgan tabiat manzarasi qo‘shiqda qirq besh kun ichida deyarli butun Farg‘ona vodiysini kesib o‘tuvchi kanal qazigan xalqning qahramonligini madh etuvchi vositaga aylanadi:


Dasht yuziga yurdi elim qahramon,
Qudrati zo‘r-topmagusi tog‘ omon:

Download 140 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling