9-mavzu. Mirtemir va zulfiya hayoti va ijodiy merosi
Download 140 Kb.
|
9-MA\'RUZA
Qulog‘imda yangrar doim bir nido,
Xo‘rsinaman, ko‘z yoshimni silaman. Shu nidoga ne sababdan jon fido – Bitta o‘zim bilaman. Yuragimda yonar bir o‘t betutun. Go‘yo der: qovuraman, tilaman. Dosh beraman nechun hanuz men beun – Bitta o‘zim bilaman. Bu misralarda lirik qahramon o‘z sirlarini oshkor ayon qilmasa-da, nozik kechinmalari oqimidan tinglovchi ular hayotdagi illatlarning, tubanliklarning, razilliklarning oqibati ekanligini anglaydi. Shu tariqa Mirtemir o‘z qo‘shiqlari orqali bizni turmushning murakkab tomonlari to‘g‘risida o‘ylashga majbur etadi va hayot haqida bo‘yalmagan, yaltiratilmagan, mukammal tasavvur tug‘dirishga intiladi. Hayot haqiqatini teran, ta’sirchan va nafis obrazlarda ifodalashi tufayli Mirtemirning “Kuylar yigirma yoshim”, “Yali-yali”, “Bir go‘zal”, “Men seni”, “O‘ynasin”, “Bitta o‘zim bilaman”, “Meni yod et”, “Jonon o‘ynasin”, “Barno qo‘shig‘i”, “Ona orzusi”, “Yel qo‘shig‘i”, “Qarqaralik”, “Bog‘ ko‘cha” singari qo‘shiqlari shoirning o‘nlab she’riy kitoblari, dostonlari va dramalari kabi madaniy turmushimizda sezilarli voqea bo‘lib qoldi. Ular san’atimiz xazinasidan o‘rin olishining yana bir sababi shundaki, bu qo‘shiqlarga Gʻanijon Toshmatov, Faxriddin Sodiqov, Muhammadjon Mirzayev, Imomjon Ikromov, Mutal Burxonov singari yetuk san’atkorlar kuy bastaladilar va Faxriddin Umarov, Mahbuba Hasanova, Kommuna Ismoilova, Hadya Yusupova kabi xushovoz xonandalar ijro etdilar. Demak, zargarona so‘z san’ati, ulkan bastakorlik iste’dodi va yuksak xonandalik mahorati o‘zaro birlashib, Mirtemir qo‘shiqlariga umrboqiylik baxsh etdi. Bu qo‘shiqlar umrboqiyligini ta’minlagan muhim omillardan yana biri ularning deyarli barchasida go‘zallikning tasdiqlanishi hisoblanadi. Hayot illatlaridan, murakkabliklaridan ko‘z yummagan bo‘lsa-da, shoir Mirtemir qo‘shiqlarining aksariyatida turmushning nurli tomonlarini ulug‘ladi, inson muhabbatini tengsiz go‘zal tuyg‘u sifatida madh etdi va ularni ardoqlashga, yod etishga chaqirdi. Bu qo‘shiqlarning yosh avlod ruhida nafosat tuyg‘usini tarbiyalashdek muqaddas ishga xizmat qilishi shubhasizdir, chunki ulug‘ rus yozuvchisi F.M.Dostoyevskiy aytganidek, go‘zallik olamni qutqaradigan, insoniyatni yuksakliklarga ko‘taradigan omil hisoblanadi. Go‘zallik va hissiyotning teranligi, ayniqsa Mirtemirning urushdan keyingi she’rlarida yanada yorqin hamda ezgu ma’nolarning ta’sirchan ifodalanishiga yo‘l ochadi. Buning yorqin misoli sifatida shoirning avval “Gʻashlik” deb atalgan, keyinchalik Zulfiya tomonidan “Onaginam” sarlavhasi ostida nashr etilgan she’rini eslash kifoya. “Onaginam” she’ri avtobiografik xarakterda bo‘lib, unda shoir birinchi shaxs tilidan so‘zlaydi. Shoir o‘z kechinmalari, tarjimai holining iztirobli nuqtalari vositasida zamondoshlarining mungli holatlarini yuksak mahorat bilan ochib bera olgan: Tovonimga chaqir tikanakdek botguvchi – g‘ashlik, Bedavo sizloviqday sizlatguvchi – g‘ashlik. Jigarimni qiymalab ahyon-ahyon, Chuchvaraga chekkuvchi – g‘ashlik. Mirtemir dostonchilikda ham samarali ijod qilgan. Chunonchi, “Bong”, “Barot”, “Agronom”, “Jang”, “Xidir”, “Nomus”, “Ajdar”, “Ochlar o‘lkasida”, “Suv qizi”, “Dilkusho”, “Oysanamning to‘yida”, “Farg‘ona” singari katta-kichik dostonlar Mirtemir qalamiga mansubdir. Afsuski, hukmron mafkuraning kuchli tazyiqi ostida yaratilganligi va badiiy jihatdan nomukammalligi sababli bu dostonlarning aksariyati adabiyotda hodisa darajasiga ko‘tarilmadi. Urushdan keyingi yillar Mirtemir uchun yanada samaraliroq ijod davri bo‘ldi. Xuddi shu yillarda uning tarjimonlik san’ati butun borlig‘i bilan o‘zligini namoyon qildi. O‘zbek kitobxoni shoirning katta mehnati tufayli A.S.Pushkin ertaklari, M.Yu.Lermontov she’rlari, N.A.Nekrasovning “Rusiyada kim yaxshi yashaydi?”, M.Gorkiyning “Bo‘ron qushi haqida qo‘shiq” kabi o‘lmas asarlarini o‘z ona tilida o‘qishga muyassar bo‘ldi. Bulardan tashqari Mirtemir qirg‘iz eposi “Manas”ni , Uyg‘un bilan hamkorlikda qoraqalpoq eposi “Qirq qiz”ni, Maqsud Shayxzoda bilan hamkorlikda gruzin shoiri Shota Rustavelining “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostonini o‘zbek tiliga o‘girdi. U Genrix Geyne, Ejen Pote, Abay, Berdaq, Nozim Hikmat, A.Tvardovskiy, Pablo Neruda kabi shoirlarning asarlarini ham o‘zbek tiliga tarjima qildi. Bu tarjimalarda asl nusxaning asosiy xususiyatlari, milliy ruh saqlanib qolgan. Bunga Mirtemir asliyatdagi har bir so‘z ustida zargarona mehnat qilish, ularning har qaysisi ma’nosini imkon boricha to‘liq ifodalashga mos keladigan o‘zbekcha vositalar topish orqali erishdi. Bunga iqror bo‘lmoq uchun Mirtemirning ulug‘ rus shoiri N.A.Nekrasov qalamiga mansub “Rusiyada kim yaxshi yashaydi?” dostoni tarjimasi ustida qanday ter to‘kkanligi haqidagi so‘zlarini eslash kifoya: “Uning asarlaridagi joy nomlarining har biri o‘zicha ma’lum funksiyalar tashiydi. Shuning uchun ularni o‘zimizda bor – xuddi shu ma’nosi ifodalaydigan nomlar bilan berdim. Bu o‘quvchilarga ma’qul bo‘lganligi xatlardan va taqrizlardan ma’lum, lekin hamma nomlarni tarjima qilib ulgurolmadim. Tarjima bitgach, redaktorlar bilan uzoq ishlashga to‘g‘ri keldi. Masalan, “zamindor” degan so‘zni tushuntirish va o‘tkazish uchun qanday qiynalganim, bo‘g‘ilib ketganimni eslayman”. Mirtemirning she’riyat va tarjimonlik sohasidagi tinimsiz mehnatlari natijasida “Qoraqalpoq daftari” (1956–57) turkumi yuzaga keldi. Turkumda ko‘zga tashlanib turadigan asosiy xususiyat – bu shoirning mohir haykaltaroshday bir ikki xarakterli chizgi, o‘ta o‘rinli topilgan poyetik detallar bilan salmoqli va yorqin obrazlar yaratish qobiliyatidir. Mazkur to‘plamga “Surat” nomli kichik lirik qissa ham kiritilgan bo‘lib, u Mirtemirning inson ruhini butun murakkabligi bilan tasvirlay bilishi, “qalb dialektikasi”ga chuqur kira olishidan dalolat beradi. “Surat” lirik qissasi badiiy niyat sifatida 30-yillar oxirida shoir ko‘nglida tug‘ilgan bo‘lsa-da, 50-yillarda qog‘ozga tushdi. Shoirni larzaga solgan voqea qalbida shunchalar teran o‘tirib qolgan ediki, surat timsoli uning aksar muhabbat lirikasidan qizil ip bo‘lib o‘tadi. Muallif hamon o‘sha surat siyratini tugal tasvirlay olmaganidan xijolat chekadi. Asarda ilk uchrashuv, qalblarni zabt etgan birinchi muhabbat, ezgu orzular, vafo va sadoqat haqidagi ahdu paymonlar og‘ushida o‘tgan shirin damlar, tasodifiy ayriliq, uning dardiga dosh berolmagan bevafo ma’shuqaning sarguzashtlari, sevishganlarning tasodifiy uchrashuvlari, yorning tengsiz husnu jamoli, nozu karashmalari, g‘amgin ko‘zlaridagi xijolat-pushaymonni, yulduzli tunlarda bedor o‘tkazilgan shirin damlarni eslab, qalbi junbushga kelgan lirik qahramonning armonli kechinmalari hissiyotga to‘liq lavhalar fonida tasvirlangan voqealar o‘zaro mazmunan bog‘langan holda, tadrijiy rivojlanib boradi. Mirtemir poyemada o‘ttizinchi yillarda sodir bo‘lgan hayotiy voqeaning aynan o‘zini tasvirga tortmaydi, ya’ni u qamalganda birinchi xotini boshqa erga tegib ketganligidek mash’um hodisani o‘z-o‘zicha jonlantirmaydi, balki zamonini ham, makonini ham o‘zgartiradi. Voqealarni shoir o‘ttizinchi yillardan urush davriga, Toshkentdan Nukusga ko‘chiradi, uzoq hayotiy kuzatishlari, tajribasi bilan to‘ldiradi. Asar yaxlit syujet asosiga qurilmagan. U qahramonning kechinmalarini ifodalovchi alohida-alohida kichik lavhalardan tashkil topgan. Ammo bu lavhalardagi his-tuyg‘u shu qadar tiniq, tabiiy ifodalanganki, ular orqali oshiqning hayot yo‘li ham, boshiga tushgan og‘ir sinovlar ham, ma’naviy go‘zalligi ham to‘liq yoritib berilgan: Download 140 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling