- 9-sinf Adabiyot fani darsligi asosida 9-mavzu
- ZOKIRJON XOLMUHAMMAD O‘G‘LI FURQAT
- (1859—1909)
- Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat o‘zining lirik she’riyati bilan adabiyotimiz xazinasini boyitgan, ma’rifatchilik adabiyotining darg‘alaridan biri bo‘lgan hamda o‘zbek publitsistikasiga tamal toshlarini qo‘ygan zabardast ijodkordir. Shoir 1859- yilda Qo‘qonda sav dogar oilasida tug‘ilgan. Otasi Mulla Xolmuhammad she’riyatga oshno, badiiy ijodga moyil kishi edi. Bo‘lajak shoir dastlabki ta’limni mahallasidagi maktabda oladi. Bir yilga yetmay “Haftiyak” va “Chor kitob”ni o‘qib tugatadi. Sakkiz yoshida Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostonini yod oladi, sal o‘tib, Navoiy mutolaasiga tutinadi.
- Kichik yoshidan qalam tutib, she’r mashq qila boshlaydi. Keyinchalik o‘zining eslashicha, husnixat ta’limini bolaligidanoq puxta egallagan Zokirjon quyidagi baytni to‘qqiz yoshida yozgan ekan: “Mening maktab aro buldur murodim, Xatimdek chiqsa imlo-yu savodim”.
- Favqulodda iste’dod egasi, tabiatan tirishqoq va izlanuvchan Zokirjon o‘n to‘rt yoshida madrasa talabasi bo‘ladi. Ruslar istilosi tufayli Qo‘qon xonligi tugatilib, madrasalar yopiladi. O‘qishi nihoyasiga yetmay qolgan bo‘lajak shoir 1879- yilda Yangi Marg‘ilon (hozirgi Farg‘ona)ga do‘kondor tog‘asi huzuriga boradi. Uning qo‘lida bir muddat ishlab, so‘ng o‘zining mustaqil do‘konini ochadi. Shu bilan birga muallimdan dars olib, bilimini takomilga yetkazadi va tez orada o‘zi ham boshqalarga dars bera boshlaydi. Husnixat sohibi bo‘lganligi uchun mirzalik, xattotlik ham qiladi. Lekin eng sevimli mashg‘uloti badi y ijod edi. Mutaxassislar fikricha, Yangi Marg‘ilonda ekanligidayoq yozgan she’rlarida u “Furqat” taxallusini qo‘llagan.
- 1880- yilda otasining qistovi bilan Qo‘qonga qaytadi va butun iste’dodi, bor kuchini ijodga yo‘naltiradi. She’rlari adabiyot ixlosmandlari orasida shuhrat qozonadi. Muqimiydek zabardast shoir u ning g‘azallariga muxammas bog‘lagani Furqatning ijod ahli orasida ham e’tibor topganligidan darak beradi. Furqat shu davrda “Hammomi xa yol” nomli risola yozadi. Sharqda mashhur bo‘lib kelgan “Chor darvesh” asarini fors tilidan o‘zbek tiliga o‘giradi. Shuningdek, “Nuh manzar” nomli she’riy kitob yaratadi. Biroq bu uch asar bizgacha yetib kelmagan.
- Yigitlik shijoatini ijodga yo‘naltirgan shoir she’rlarini to‘plab devon tuzadi. Furqat kabi ijodining dastlabki davrida, ya’ni 21—22 yoshida devon tartib bergan shoirni o‘zbek kitobxoni ko‘rgan emas edi.
- Furqat 1890—1891- yillarda Toshkentda yashaydi. Bu yerda u Toshkent erlar gimnaziyasi direktori, “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri Nikolay Ostroumov bilan tanishadi. Bu tanishuvdan so‘ng Furqat shu gazetaga tarjimon bo‘lib ishga kiradi va shundan uning jurnalistlik, publitsistlik faoliyati ham boshlanadi, deyish mumkin.
- 1891- yilning sentabrida Furqat Samarqandga yo‘l oladi. Xat orqali tanishgan do‘sti savdogar va etnograf olim Mirzo Buxoriy huzurida bo‘ladi. Iyul oyida Buxoroga borib, Kogondan poyezdga o‘tirib, Marv, Ashxabod, Boku, Botumi orqali Istanbulga keladi. Bu yerda bir muddat yashagan shoir butun vujudi bilan ijodga berilgandi.
- 1892- yilda Iskandariya, Misr, Shom, Makka va Madina bo‘ylab sayohatda bo‘lgan Furqat sentabr oyida Hindistonning Bombay shahrida edi. 1893- yilning bahorida Kashmir, Tibet va Xo‘tan orqali Yorkentga keladi va umrining oxirigacha shu yerda yashab qoladi.
- Furqat Qashqardagi Rusiya musulmon idorasida kotib bo‘lib ishlaydi. Ilmi nujum, tabobat bilan shug‘ullanadi. Ra’no ismli ayolga uylanib, farzandlar ko‘radi. U to 1906- yilgacha Turkiston bilan, “Turkiston viloyatining gazeti” bilan aloqani uzmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |