*Xorazmiy «Al-jabr val-muqobala» kitobi bilan matematika tarixida birinchi bo'lib algebra faniga asos soldi.
Hatto «algebra» atamasi ushbu kitobning «al-jabr» deb yuritilgan qisqacha nomining aynan ifodasidir. Xorazmiy nomi esa matematika fanida «algoritm» atamasi shaklida o'z ifodasini topdi. Uning «Al-jabr» asari asrlar davomida avlodlar qo'lida yer o'lchash, ariq chiqarish, bino qurish, merosni taqsimlash va boshqa turli hisob va o'lchov ishlarida dasturilamal bo'lib xizmat qildi. Xorazmiyning bu risolasi XII asrdayoq Ispaniyada lotin tiliga tarjima qilinadi va qayta ishlanadi. Xorazmiyning arifmetik risolasi hind raqamlariga asoslangan o'nlik hisoblash tizimining Yevropada, qolaversa. butun dunyoda tarqalishida buyuk ahamiyat kasb etdi. Shunday qilib, vatandoshimiz Xorazmiy al-jabrni mustaqil fan darajasiga ko'tarib, algebra faniga asos soldi va tarixda o'zidan o'chmas iz qoldirdi.
Ahmad al-Farg'oniy
«Bayt ul-hikma» da faoliyat ko'rsatgan olimlardan yana biri buyuk astronom, matematik va geograf Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg'oniy (797-865-yillarda yashab ijod qilgan). U Farg'ona vodiysidagi Quva shahrida tavallud topgani uchun Sharqda Al-Farg'oniy, Yevropada esa Alfraganus taxallusi bilan shuhrat topgan. U astronomiya, matematika va geografiya fan-lari bilan shug'ullandi. Qator ilmiy va amaliy asarlar yozib qoldirdi. Damashqdagi rasadxonada osmon jismlari harakati va o'rnini aniqlash, yangicha zij (astronomik jadval) yaratish ishlariga rahbarlik qildi. 832-833-yillarda Suriyaning shimolida Sinjor dashtida va ar-Raqqa oralig'ida yer meridiani bir darajasining uzunligini o'lchashda qatnashdi.
861-yilda al-Farg'oniy rahbarligida Nil daryosi sohilida qurilgan qadimgi gidrometr - daryo oqimi sathini belgilaydigan «Miqyos an-Nil» inshooti va uning darajoti qayta tiklandi.
*Al-Farg'oniyning «Astronomiya asoslari» nomli kitobi bir necha asrlar davomida Yevropa universitetlarida astronomiya fani bo'yicha asosiy darslik sifatida foydalanildi.
Bizning davrimizgacha Ahmad Farg'oniyning sakkiz asari saqlangan bo'lib, ular orasida «Samoviy harakatlar va umumiy ikni nujum» kitobi ham bordir. Bu kitob XII asrdayoq lotin va ibroniy tillariga tarjima qilinib, nafaqat musulmon Sharqidagi, balki Yevropa mamlakatlaridagi astronomiya ilmining rivojini boshlab berdi.
Mustaqillik yillarida Ahmad al-Farg'oniyning noyob ilmiy merosi xalqimizga qaytarildi. 1998-yil oktabrda alloma Ahmad al-Farg'oniy tavalludining 1200 yilligi nishonlandi. Farg'ona shahrida al-Farg'oniy nomi bilan bog' yaratildi va buyuk allomaga haykal o'rnatildi.
Imom al-Buxoriy
Dunyoviy fan olimlari bilan bir qatorda bu davrda islom ta'limotinmg takomili yo'lida movarounnahrlik muhaddis ulamolarning ham xizmati kattabo'ldi. Bu borada ayniqsa, Imom al-Buxoriy (Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy 810-870-yillarda yashab ijod qilgan) va uning zamondoshi hamda shogirdi Termiziy (Abu Iso Muhammad at-Termiziy - 824-894-yillarning) hissasi nihoyatda buyukdir.
Imom al-Buxoriy islom ta'limotiga oid yigirmadan ortiq asar yozdi. Uning birgina «Al-jome' as-sahih» asariga 7275 hadis kiritilgan.
1998-yil oktabrda buyuk mutafakkir Imom al-Buxoriy tavalludining 1225-yilligi nishonlandi. Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog'ida «Imom al-Buxoriy yodgorlik majmui» barpo etildi. 4 jildlik «Al-jome' as-sahih» kitobi ilk bor o'zbek tilida nashr etilib, kitobxonlarga taqdim etildi.
* Hadis (arabcha: rivoyat, naql) - Islom dinida Qur'ondan keyingi muqaddas manba, Muhammad payg'barning (s.v.a.) faoliyati va ko'rsatmalari haqida rivoyatlar majmui.
Do'stlaringiz bilan baham: |