Abdulla qodiriy o'tgan kunlar oʻtkan kunlar, baʼzi manbalarda Oʻtgan kunlar


Download 72.94 Kb.
bet2/9
Sana01.04.2023
Hajmi72.94 Kb.
#1318462
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
1-15 ona tili

CHO'LPON KECHA VA KUNDUZ
Har yil bir keladigan bahor sevinchi yana ko‘ngillarni qitiklay boshladi. Yana tabiatning dildiragan tanlariga iliq qon yugurdi... 
Tollarning ko‘m-ko‘k sochpopuklari qizlarning mayda o‘rilgan kokillariday selkillab tushmoqqa boshladi. Muz tagida loyqalanib oqqan suvlarning g‘amli yuzlari kuldi, o‘zlari horg‘in-horg‘in oqsalarda, bo‘shalgan qul singari erkinlik nash’asini kemira-kemira ilgari bosadilar. Simyog‘ochlarning uchlarida yakka-yakka qushlar ko‘rina boshladi. Birinchi ko‘ringan ko‘klam qushi birinchi yorilgan bodroq nash’asini beradi. Bultur ekilib, ko‘p qoshlarni qoraytirgan o‘sma ildizidan yana bosh ko‘tarib chiqdi... Muloyim qo‘llarda ivib, suvga aylangandan keyin go‘zal ko‘zlarning supasida yonboshlashni muncha yaxshi ko‘rar ekan bu ko‘kat! Erkaklarning gullik do‘ppisiga tegmay, yalang ayollar bilan, ularning sochlari, gajaklari va ro‘mol popuklari bilan hazillashib o‘ynagan salqin shabada... ko‘klam nash’asi bilan sho‘xlik qiladi.
Hayot nega bu qadar go‘zal va shirin bo‘ladi bahorda?
Zebi (Zebinisa)ning qish ichi siqilib, zanglab chiqqan, ko‘ngli bahorning iliq hovuri bilan ochila tushgan; endi, ustiga poxol to‘shalgan aravada bo‘lsa ham, allaqaylarga, dala-qirlarga chiqib yayrashni tusay boshlagan edi. Qish ichi ham keti uzilmagan sovchilar bir-ikki haftadan beri kelishdan to‘xtaganlar, endi tashqari eshikning «g‘iyt» etishi — bir-ikki ayolning astagina bosib, paranjisini sudrab kirib kelishiga dalolat qilmas, hali endigina o‘n beshga qadam qo‘ygan bu yosh qizning go‘dak ko‘nglini uncha cho‘chitmas edi.
Ko‘k terish bahonasi bilan bir-ikki marta keng hovlilarga, shahar ichida bo‘lsa hamki, dala-tuzlarga chiqib kelganidan beri ko‘ngli qirlarni, dalalarni, ishqilib olis-olis joylarni yana ko‘proq tusay boshlagan edi.
Otasi bomdoddan kirmagan, onasi sigir sog‘ish bilan ovora, o‘zi kichkina sahnni supurib turgan vaqtida tashqari eshikning besaranjom ochilishi Zebining ko‘nglini bir qur seskantirib oldi. Bir qo‘lida supurgisi, bir qo‘li tizzasida — yerga egilgan ko‘yi eshik tomonga tikilib qoldi. Otasining odatdagi tomoq qirish va yo‘talishlar bilan, katta eshikning og‘ir zanjirini sharaq-shuruq qilib tushirib, namozga chiqib ketganiga hali ko‘p o‘tmagan edi. Halol-haromni ko‘p ham farq qilmayturgan bu odamning avrodda o‘tirish odatlari, hatto hammadan keyin qolib, machit shamlarini puflab chiqish rasmlari bo‘lardi.
Aytgandek, eshikdan shoshilib kirib kelgan — yoshgina, o‘zi tengi bir qizcha bo‘ldi. Hali tuzuk-quruq odam qatoriga kirib yetmagan bu qizchani katta xotinlarning oriyat paranjisiga burkaganlar, paranjining uzun etaklari katta bir tugundek uning qo‘ltig‘ini to‘lg‘azardi...
O‘rangan qiz ichkari eshikdan hatlar-hatlamas paranjini irg‘itdi va o‘zining bolalik ruhi bilan yugurganicha borib Zebini quchoqladi. Ikkalasi quvona-quvona ko‘rishdilar. Supurgi yetgan joyidan nariga o‘tmasdan yerga yonboshladi... Ikkala yosh — yuzlari kulgan, ko‘ngillari yozilgan — qo‘ltiqlashib ayvonga bordilar va Zebining otasi turib ketgan so‘rining chekkasiga o‘tirishdilar.
Salti (Saltanat) erta saharda munaqa halloslab kelishining sababini hali aytgani yo‘q edi, ular ko‘rishgan hamon, yosh qizlarning o‘z oralarida o‘taturgan mahram gaplarini gaplashib, tikayotgan kashtalari, piltaga kirgan do‘ppilari to‘g‘risida bir-birlariga kalta-kalta ma’lumot berishgan edilar. Salti endi gap ochdi:
— Erta saharlab chopganim bekorga emas...
— Men ham sezganman... Yuragim bir qur seskanib ham oldi...
— Nimaga, o‘rtoqjon?
— O‘zingiz bilgan sovchilar balosi-da... Qish ichi keti uzilmadi.
— Menam bezganman, jonim qaqa... shuning uchun bir qishloqqa chiqib kelsammikan, deb edim...
— Nimasini aytasiz... Ariqdagi suv ham muzning tagidan chiqdi-ku.
Zebining yuzini, shu topda, butun qish ichi to‘planib qolgan horg‘inlikning asarlari egallagan edi. Uning ikkala yuzi, ayniqsa, ko‘rpaning katta-katta qavig‘iga tikilgan andishalik ko‘zlari hovur bosgan oynakning betiga o‘xshardi. Aksincha, Saltining yuzlari charaqlagan yulduzday, sernash’a, quvnoq va har qanday andishadan yiroq bo‘lib, ko‘nglining chuqur burchaklaridan chiqib kelgan sevinch to‘lqinlarini aks ettirardi. Shu uchun u Zebining so‘ng so‘zlaridagi og‘ir ma’yuslikni payqay olmadi. Uning ko‘zlari Zebida bo‘lsa ham, nazarlari boshqa yoqlarda edi.
— Enaxonni bilasiz-a? Yoyilma soydagi o‘rtog‘im bor-ku?
Zebi boshini ko‘tarib, o‘rtog‘iga qaradi, shu qarash uning nechikdir Enaxonni eslolmay turganini ko‘rsatardi. So‘ngra Salti ta’rif qildi:
— O‘tgan kuz biznikiga mehmon bo‘lib kelishdiku — kelinbibisi bilan birga? O‘shanda necha marta kishi yuborib chaqirtirdim, bormadingiz, otangiz javob ber-madi...
Zebi bosh tebratdi:
— Ha, ha... bildim, bildim. O‘zini ko‘rganim yo‘q-ku, eshitib bilaman.
— Ana o‘sha qiz o‘sha safar kelganida meni aytib ketib edi. Bahorlashib bir borib kelaman, deb yurib edim. Yaqinda yana aytib yuboribdi. Shunga teng-to‘shlarim bilan bir borib kelmoqchiman. Sizni ham olib boraman...
— Qachon?
Zebining bu kalta savolidan Salti ko‘p narsani angladi. Bu savol Zebining iloji bo‘lsa shu kun paranjisini qo‘liga olib (yopinib ham o‘tirmasdan!), shu yerdan uzoqlashmoq uchun talpinganini ko‘rsatardi. Shu uchun Salti:
— Men sizni olib ketgali keldim, aylanay! — dedi.
Va ikki yosh bola nihoyasiz quvonchlar ichida yana bir-birlariga chirmashdilar...
Odatda onaning ko‘ngli yumshoq bo‘ladi. Zebining onasi — Qurbonbibi Saltidan haligi chaqiriqni eshitgandan keyin darhol rozilik berdi:
— Mayli, o‘ynab, yozilib kelinglar. Qish ichi yuraklaring g‘ash bo‘lgandir... Yosh narsalar, — dedi. Zebi onasining beradigan javobini ilgaridan bilardi. Bu ona qizining saodatidan boshqa narsani bilmaydirgan onalardan edi. Dunyoda qanday yaxshilik va xayriyatlik bo‘lsa, hammasini shu birgina qizi uchun istar va orzu qilardi. Lekin...
Onaning rozilik so‘zlariga bu birgina «lekin» elchib kelganidan, bechora qizlar sevinish to‘lqinlarini yana bir qur ko‘tarishga fursat topolmadilar.
Hamma jim qoldi. Har kim o‘z oldida bir narsa topib shunga ko‘z tikkan va u narsada Zebi — o‘z otasini, Qurvonbibi — o‘z erini, Salti — qovog‘idan doim qor yog‘ib turgan sovuq bir so‘fini ko‘rardi.


Download 72.94 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling