MEN SENI KUYLAMOQ ISTAYMAN
Oq she’r
Men seni kuylamoq istayman,
Sening yuzlaringni kuylamoq istayman,
Sening ko‘zlaringni kuylamoq istayman.
Yuzlarkim, malagi afsonada yo‘q,
Ko‘zlarkim, jannati rizvonada yo‘q.
Men seni kuylamoq istayman,
Ammo shunday kuylasamki,
Yirtilib ketsa ovoz pardalarim…
Men sendan bo‘salar olmoq istayman:
Ammo shunday bo‘salarkim —
ERKIN VOHIDOV SHERLAR
O‘tgan asrning 70-80-yillari o‘zbek adabiyotida yuzaga kelgan qaynoq muhit beqiyos bo‘lganini hech kim rad etolmaydi. Bu haligacha ta’siri davom etayotgan muhit o‘zidan-o‘zi osmondan tushmagan edi. Bu muhit juda uzoq davom etgan soqovlikdan so‘ng, Asqad Muxtor, Erkin Vohidov, Husniddin Sharipov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Cho‘lpon Ergash, Omon Matjon, Halima Xudoyberdieva kabi shoirlar, ularga ergashib kirib kelgan yosh avlod ijodi bois adabiyotning karaxt vujudi nafas ola boshlaganidan tug‘ilgan edi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Xususan, adabiyotda 30-yillar qatag‘onidan keyin paydo bo‘lgan jarlikni to‘ldirganlardan, Abdurauf Fitratu Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lponu Usmon Nosirdek tengsiz shoirlar qalam surgan XX asrdagi o‘zbek she’riyatining oltin davriga ko‘prik ulagan shoirlarning biri Erkin Vohidovdir (Xurshid Davron maqolasidan).
KAMTARLIK HAQIDA
Garchi shuncha mag‘rur tursa ham,
Piyolaga egilar choynak.
Shunday ekan, manmanlik nechun,
Kibru havo nimaga kerak?
Kamtarin bo‘l, hatto bir qadam
O‘tma g‘urur ostonasidan.
Piyolani inson shuning-chun
O‘par doim peshonasidan.
1956
PO‘LAT
U dastavval oybolta bo‘ldi,
So‘ng zambarak bo‘lib quyildi.
Qilich ham u,
miltiq
va nagan,
U bomba ham bo‘lib portlagan.
Lekin olgan jahonni faqat
Pero bo‘lib quyilgach po‘lat.
1959
YoShLIK
Yoshlik! Seni kuylamagan kim,
Ertaklaring so‘ylamagan kim,
Qariganda o‘ylamagan kim,
O‘ylab yana kuylamagan kim?
Bitmoq bo‘ldim men ham senga bayt,
Yosh yurakning haqqi bormi, ayt?
Yoshlik, asli mening o‘zimsan,
Keng olamga boqqan ko‘zimsan.
Yozgan she’rim, aytgan so‘zimsan,
Kecham, ertam, ushbu ro‘zimsan.
Bitmoq bo‘ldim sen uchun ash’or,
Ammo o‘zni kuylamoq dushvor.
Yoshlik— gulu gulg‘uncha ekan,
Bu gul olam turguncha ekan,
Yoshlik — behad tushuncha ekan,
Poyoni yo‘q garduncha ekan.
Bitmoq bo‘ldim men unga doston,
Uylarimga topmadim poyon.
Yoshlik, dildan shavq ketgani yo‘q,
Yurak seni tark etgani yo‘q,
Yurak seni tark etgani yo‘q,
Demak, qadringga yetgani yo‘q.
Yoshlik, seni kuylab bilurman,
Ammo bugun yoshlik qilurman.
Yoshlik — ishqu oshiqlik mayli,
O‘zi Majnun, ham o‘zi Layli,
Subhi olam uning tufayli.
Mayli, unga bitmasam mayli,
Na bir g‘azal, na bir musaddas,
Uning o‘zi she’rdan muqaddas.
1961
AZGANUSh
Arman qiziga
Ko‘rdimu lol bo‘ldi aqlim, o‘ngmidi bu yoki tush,
Bo‘lsa ham o‘ng, yo seni ko‘rgach, boshimdan uchdi hush.
Sen baland tog‘ uzra erding misli ohu yoki qush,
Yolvorib men pastda derdim: bir nafas yonimga tush.
Azganush, hoy, Azganushim, Azganushjon, Azganush.
Sen xayolning bir damilik jilvasimu chinmiding,
Yo g‘azallarda bitilgan «ul parivash» senmiding.
Orazi gul, sochi sunbul, bir tani siyminmiding,
Balki Shirin Shirin ermas, sen o‘zing Shirinmiding?
Azganushim, Azganushjon, Azganush, hoy, Azganush.
O‘sma qo‘ydingmu qoshingga, bunchalar tim qoradir,
Bilmadim, bu qoshlaringdan qancha dillar poradir,
Rahm qilg‘il, bitta o‘zbek shunchalar yolvoradir,
Tush o‘zing, yo ayt, yoningga qaysi yo‘ldan boradir?
Azganushjon, Azganush, hoy, Azganushim, Azganush.
Boq, bu tog‘lar ortida bir o‘lka bordir ko‘p yiroq.
Men qanotli yo‘lchiga bu bir nafaslik yo‘l biroq,
Yur, parivash, men bilan yur, bormi senda ishtiyoq?
Gul tutarman senga so‘lmas ul chamandan bir quchoq.
Azganushim, Azganushjon, Azganush, hoy, Azganush.
1963
«YoShLIK DEVONI»DAN
TUN BILAN YIG‘LABDI BULBUL…
Tun bilan yig‘labdi bulbul
G‘uncha hajri dog‘ida.
Ko‘z yoshi shabnam bo‘lib
Qolmish uning yaprog‘ida.
Qatra-qatra dur xiroj.
Ko‘zlarim aylar hamisha
Arzi muhtojlik senga,
Ayt-chi, jonim, bormi senda
Ko‘z yoshimga ehtiyoj?
|