Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
10. TO‘Y, QIZLAR MAJLISI
Qutidorning tashqarisig‘a er mehmonlar, ichkarisiga xotin mehmonlar to‘lg‘anlar, ular quyuq, suyuq oshlar, holva, nisholdalar bilan izzatlanadirlar. Tashqarida bir qo‘sha sozandalar dutor, tanbur, g‘ijjak, rubob, nay va amsoli sozlar bilan dunyoga jon suvi sepib shaharning mashhur hofizlari ashula aytadirlar. To‘y juda ham ruhlik... Ichkarida xotinlar majlisi: onalarcha aytkanda, ular qum-tuproqdek ko‘b, biroq majlisning borishida tartib yo‘q, havli yuzi va uylar xotinlar bilan to‘lg‘an, qaysi havli yuzida bir tovoq oshni yeb o‘lturadir, kim yig‘lag‘an bolasini ovitish bilan ovora, birav yor-yor o‘qub, tag‘in bittasining quvonchi ichiga sig‘may xaxolab dunyoni buzadi, xullas bag‘-bug‘ yetti qat ko‘kdan oshadir... Oftob oyim qayg‘uliroq, tusi bir oz siniqqansumon... Mehmon kutib charchag‘anidanmi, nimadan bo‘lsa ham juda kalavlagan, ba’zan qiladirg‘an ishidan ham yanglishib ketkani, masalan, uyga kirmakchi bo‘lib tavanxo-naga kirib qolg‘ani ko‘riladir. To‘yga kelgan xotinlarning «To‘ylar muborak, kuyav o‘g‘ul muborak!» deb so‘rashlarig‘a ham ishonchsiz bir ohangda «Qutlug‘ bo‘lsin», deydir. Oftob oyim donxonaning eshigidan turib xotinlar orasidan kimnidir o‘z yonig‘a chaqirdi. Yoshi ellidan oshqan, kulgusi ichiga to‘lib toshqan bir xotinni duvurdanchiqib, o‘ziga qarab yurganini ko‘rgandan keyin donxonag‘a kirdi. Xotin ham ichkariga kirgach, Oftob oyim eshikni qiya bekladi-da, qayg‘uliq bir boqish bilan xoting‘a qaradi. — Nega qayg‘uliq ko‘rinasan, Oftob? Oftob oyim uzoq tin olib eshikka qaradi va yarim tovush bilan: — Shu choqda ichimga charog‘ yoqsalar ham yorimaydirda, egachi, — dedi va ko‘ziga jiq yosh oldi. — Nega?
— Qizingga nima bo‘ldi? — Unashilg‘anig‘a bu kun yettinchi kun, — dedi Oftob oyim, — shundan beri Kumushingiz tun ham yig‘laydi, kun ham, sababini so‘rasam sira javob bermaydir-da, do‘lonadek ko‘z yoshisini oqiza beradir. Bu kun tag‘in yig‘isi oshib tushdi. Haytovur yalinib, yalpog‘lanib arang hammomga yubordiq. Xotin Oftob oyimning bu gapidan hayron bo‘ldi va o‘ylab so‘radi: — Nimabalo, kuyaving ko‘rksizmi? — O‘zim ko‘rmadim, — dedi Oftob oyim, — ammo ko‘rguchilarning so‘zlariga qarag‘anda o‘xshashsiz ko‘rkam, tengsiz aqlli bir yigit emish... Otasining o‘zi yigitni yaxshi ko‘rib kuyav qilg‘an edi. — Kumushning o‘zi yigit to‘g‘risidan hech narsa bilmaydirmi? — Biladir, — dedi oyim, uning oldida biz jo‘rttaga kuyavni maxtashamiz, lekin bu maxtovlarni eshitgusi kelmay, qaytag‘a yig‘isinig‘ina ortdiradir. Xotinning ham bu gapdan hayrati ortdi va bundan qanday sir borlig‘iga aqli yetmadi. Oftob oyimni yupatish uchun o‘tkan-ketkandan va boshda yig‘lab erga tekkan qizlarning chimildiqda yigit bilan apoq-chapoq bo‘li-shib ketkanlaridan hikoya qildi: — Qayg‘irma, Oftob, — dedi, — kuyaving bunchalik suluv bo‘lsa, gap-so‘zda tenggi bo‘lmasa, hali chimildiqda qizingning pechak guldek bo‘lib eriga chirmashqanini ko‘rarmiz. — Oh, opajon, — dedi umidsizcha oyim, — manim bunga ko‘nglim chopmaydir. — Chopsin, Oftob. Men bunday yig‘loq qizlarning ko‘pini ko‘rdim, shunday qizlarning uyalmay-suyalmay chimildiqda hatto yigitdan ham ortdirib harakat qilganlarini ham ko‘rdim, sening qizing ham shularning bittasi, qayg‘irma Oftob. |
ma'muriyatiga murojaat qiling