Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
11. KUTILMAGAN BAXT
Kumushbibidan vakolat olish ham juda qiyin bo‘ldi. Domlaning: Sizkim Kumushbibi Mirzakarim qizi, o‘zingizni toshkandlik, musulmon Otabek Yusufbek hoji o‘g‘liga bag‘ishlamoq vakolatini amakingiz Muham-madrahim Yo‘ldosh o‘g‘liga topshirdingizmi? degan so‘rog‘i olti, yetti qaytarilg‘andan keyin, shunda ham yangalar qistog‘i ostida arang uning rizolig‘i olindi. Kechki soat beshlarda qutidorning havlisi to‘rt ko‘z bilan kuyav kelishini kutadir. Kuyav uchun palovlar, quyuq-suyuq oshlar, necha turlik ne’matlar hozirlanib, bular ham kuyavning intizorida turadirlar. Nihoyat, soat besh yarimlarda kuyav keldi. Yigirma-o‘ttiz chog‘liq yosh yigitlar — Rahmatning o‘rtoqlari, ular orasida Otabek — kuyav ko‘rindi: boshida simobi shohi salla, ustidan qora movut sirilgan sovsar po‘stin, ichida o‘zi-ning Shamayda tiktirgani osmoni rang movut kamzul, movut shim: oyog‘ida qalapoy afzali, belida Kumushbibining usta qo‘li bilan tikilgan shohi qiyig‘... Yuzlar qizil, og‘iz irpaygan, ko‘zlar o‘ynab allakimni qidiradir. Oshlarini yeb bo‘lsalar ham jo‘rttaga kuyav ko‘rish uchun o‘lturg‘an mahalla kishilari bir-birlarini turtishib: «Tuzuk-tuzuk, kuyavlikka arzigundek, chakki chakkiga tushmapti, olmayu-anor» deyishdilar. Tomda kuyav kutib o‘lturg‘an xotinlar ichidan Oftob oyimning egachisi oshiqib singlisi yonig‘a tushdi-da: «Oftob, darrav isiriq hozirla, kuyavingni yomon ko‘zdan o‘zi asrasin!» dedi. Qutidor eshik ostida qo‘l qovishtirib mehmonlarni kutib oladir, yer ostidan kuyaviga ko‘z qirini tashlab, kishiga sezdirmay o‘zicha kulimsirab qo‘yadir. Mehmonxona ayvonida oq soqolliq, ko‘rkam siymo va og‘ir tabi’atlik domla bilan Ziyo shohichi, Hasanali, qiz vakili va tag‘in bir necha kishilar o‘ltu-radilar. Yigitlar kuyavni domlalar qarshisig‘a kelturib to‘xtatqandan keyin Otabek vakili bo‘lg‘an Ziyo shohichi bilan Kumush qiz vakili Muhammadrahim oralarida mahr masalasi ochiladir. Ko‘b tortishqandan so‘ng quyidag‘i mablag‘lar mahr qilib belgulanadirlar: uch yuz oltin pul, mundan keyin olib berish va’dasi bilan Marg‘ilondan o‘radek bir havli, sog‘ish uchun sigir, as-bobi ro‘zgor... Bunga Otabek ham o‘z rizolig‘ini bildiradir. Domla xutba boshlaydir. Forsiycha o‘qulg‘an hamd, salovot va boshqalardan so‘ng xutba eng nozik bir o‘ringa kelib to‘xtaydir: «Sizkim Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li Kumushbibi Mirzakarim qizini o‘zingizga shar’iy xotinliqqa qabul qilasizmi?» — fors tilida so‘ralg‘an bu savol Otabeknnig kulgusini qistatib, ko‘nglidan kechi-radir: — Qabul qilasizmi-ya? Ul birinchi so‘roqdayoq — «uchib, qo‘nib qabul qi-lamiz» deb javob bermakchi bo‘lsa ham biroq xalq-ning— «o‘lib turg‘an ekan» deb qiladigan ta’nasidan cho‘chib, javob bermaydir. Yana bir qayta yuqoridagi «siz kim falonchi...» jumlasi domla tarafidan takrorlanadir. Kuyavlarga uchunchi so‘roqda javob berish odat hukmida bo‘lsa ham, Otabek bu takallufka chidalmaydir. Go‘yo uchinchi so‘roq o‘rnig‘a «Endi olmas ekansiz Kumushbibini...» deb majlis buziladirg‘andek seziladir-da, hamma tovshini qo‘yib, barchag‘a eshitdirib «Qabul qildik!» deb yuboradir. Domla alhamdulilloh, alhamdulilloh... bilan nikoh-ni tugatib majlis tomonidan kelin bilan kuyavning haqlarig‘a duo boshlanadir, hamma duog‘a qo‘l ko‘tarib, hatto tomdag‘i tomoshachi xotinlarg‘acha «omin»ga ko‘maklashadirlar va shundan keyin nikoh majlisi yopiladir. Yigitlar kuyavni mehmonxonag‘a olib kiradirlar, ziyofat boshlanadir. Otabekda bir daqiqag‘a bo‘lsin to‘zim bo‘lmag‘an bir vaqtda bir necha soatlarga qarab cho‘zilg‘an bu tomoq majlisi bilan albatta ul yaxshi chiqisha olmaydir. Xuftanga yaqin bana’ji bir ishtiho bilan yeyilib bo‘shatilg‘an lagan, tovoqlar olinib dasturxonlar yig‘ildi. Bizningcha bir yarim soat, Otabekcha allaqancha yil hisoblangan bir fursat o‘tib, nihoyat, |
ma'muriyatiga murojaat qiling