Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 198
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy — Tushunmay yotibman... — Albatta tushunmaysiz va tushunishni ham tilamaysiz. Ul Kumushdan munday ters gaplarni umrida birinchi martaba eshitar edi. Bir onda necha xil ehtimollarni o‘ylab chiqdi: — Zaynab sizga bir narsa dedimi? — Dedi, «Sensiz turolmayman» deb aytkan so‘zla-ringizni ham dedi. Unga nima bo‘lsa ham ikki kundash o‘rtasidan ancha gaplar o‘tkani bir daraja ma’lum bo‘lib, Zaynabning yolg‘on-yashiq gaplar bilan Kumush yuragiga o‘t yoqqanini payqadi. Ammo boyag‘i yarim jiddiy vaziyatini buzmay so‘radi. — Zaynabning so‘ziga siz ishondingiz? — Ishonmaydirg‘an gapmi? — Yaxshi, men unga shunday deb aytkan ham bo‘layin, lekin shunda ham sizning xafalanishingiz menga qiziq tuyuladir. Ayniqsa sizdan bu gap... Kumush indamadi. Otabek uning orqa sochidan tutib sekingina yerga bosdi: — Qani gapuring-chi menga, orangizdan bir gap o‘tdimi, — deb so‘radi. — Ha o‘tdi, — dedi Kumush va chetka qarab kulimsiradi. — O‘n besh kun bo‘lmasdan? — Mendan boshqa xotin bo‘lsa Zaynabingiz bilan birinchi kundanoq arazlashar edi... — Xudo xayringizni bersin... — Kesatmang. — Kesatmasam gapuring. Kumushning raqobat o‘ti bir oz o‘cha tushkan edi, uch-to‘rt kunlik mojarodan yaxshig‘ina hasrat ochildi. Otabek hasratni yarim jiddiy tinglab bordi. Zaynabning keyingi so‘zi va so‘nggi yelpitish foji’alari ham hasrat qolipig‘a birma-bir kirib chiqdi. Hasrat tugalgandan so‘ng Otabekning yuzidagi boyag‘i yarim jiddiylik ketib, uning o‘rnini o‘ychanliq oldi. Ul shu holatda anchagina so‘zsiz qoldi va oxirda o‘zini natija kutib o‘lturg‘uchi Kumushka qarab kulib qo‘ydi. — Nega kulasiz? — Chunki yig‘lamoqqa arzimaydir. Kumushning qoshlari chimirildi: — Zaynabingizning bu qilig‘iga men chidalmayman. — Chidash va chidamasni hozircha bir tarafka qo‘yib turayliq, — dedi Otabek, — ammo hammadan ilgari sizdan so‘rayman: menga ishonchingiz bormi? — Bor, ham yo‘q, — dedi Kumush va kulimsirab bir oz o‘ylanib oldi, — Zaynabning haligidek gaplari kishini shubhaga solar ekan... — Ammo sizni shubhadan chiqaraturg‘an hujjatlaringiz albatta yo‘q emas edi. Kumush uyalg‘annamo yuzini chetka burdi, Otabek tovshini sekinlatib davom etdi: — O‘tkan kun sizdan «Toshkandda qolasizmi, yo‘q-mi?» deb so‘rag‘anim ham faqat shunga o‘xshash gaplar bilan siz xafalanmang, deb aytilgan edi. Agarda siz siqilar ekansiz, hali ham Toshkandda qolmasligingiz menga ma’qul ko‘rinadir. Chunki men sizni shuning singari o‘rinsiz ozor chekishingizni xohlamayman. — Siz quvlamasangiz, men Marg‘ilong‘a bormayman. Otabek kuldi. — Agar siz shunga o‘xshash arzimagan gaplar uchun manim ustimga hujum qilabersangiz, albatta quvlayman. Kumush bir xil o‘pkalangan boqishda: — Sizga ishonsam bo‘ladimi? — deb so‘radi. — Yuragingizdan so‘rang. — Yuragim... Yuragim ishonma, deydi. |
ma'muriyatiga murojaat qiling