Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 73
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy Tag‘in O‘zbek oyimning rangi o‘chkan, qoni qochqan: tovoqni kosaga, cho‘michni piyolaga urib dodi faryod: «Siz otamisiz, nimasiz axir, o‘g‘lingizni tiyib olish sira esingizga keladimi? O‘g‘lingizning bu ishi bechiz emas: marg‘ilonliq sihr qildimi, jodu qildimi, haytovur siz shu yo‘sunda yuruy bersangiz, erta-indin o‘g‘uldan ajralasiz. Bu kalvak o‘g‘lingiz marg‘ilonliqning eshigida qul bo‘lib yotib oladir...» Ammo Yusufbek hoji xotinning so‘zini bu gal ham elamaydir, faqat: «Qo‘yaber, xotin, o‘zi sog‘ bo‘lsa, bir kun esini topar», deb qo‘yadir. Bir yarim oylar vaqtni Marg‘ilonda o‘tkazib, tag‘in Otabek Toshkandga keladir. Tag‘in ona-bola oralarida kina-kudurat... Tag‘in araz... O‘n besh kun o‘tmasdan yana Andijon safari, yana O‘zbek oyimning fig‘oni falakka... Marg‘ilonliqning sihrchi-joduchisiga o‘lim tilash; meni o‘g‘limdan ajratsa o‘zi ham suyganidan ajrasin, qarg‘ish... Nihoyat oradan bir yil chamasi vaqt o‘tib Marg‘i-long‘a qatnash yetti-sakkizga yetkach, O‘zbek oyimning g‘idi-g‘idisi bilan bo‘lsa kerak Yusufbek hojida ham bir o‘zgarish ko‘rila boshlaydir. Xotinining: «O‘g‘ul o‘sdirishni, o‘g‘ul tiyishni bilmaysiz» deb shiltalashiga: «Nima qil, deysan endi?» deb so‘raydir. — Biz Otabekni Toshkanddan uylandirib boshini bog‘lamasaq, kun sayin uning Marg‘ilon yugirishidan qutila olmasmiz. Toshkanddan uylansa suv quyg‘andek tinar-qolar; Marg‘ilon balosini esidan ham chiqarar... — deydir O‘zbek oyim. Ya’ni hamisha yuragini shopirtirib, miyasini mashg‘ul qilg‘an muddaoni aytib solish fursatini qochirmaydir. — O‘g‘ling qaytsin-chi, bo‘lmasa... Erining bu so‘ziga O‘zbek oyim ortiqcha qizishadir, labi-labiga tegmay bobillab beradir: — Siz shu kungacha barcha ixtiyorni o‘g‘lingizga topshirib, bolani bola qilmadingiz, bir xudbin qildingiz... O‘g‘ul o‘sdirish bu turda bo‘lmas; ul tilasin-tilamasin shartta-shartta tilaganingizcha qilingizda, qarab turaberingiz. Siz o‘zingizning shu «o‘g‘ling bilar» degan gapingiz bilan qancha yaxshi joylardan qolib, nihoyat marg‘ilonliq balosig‘a yo‘liqdingiz... Endiki ixtiyor manda: ul kelguncha bir yaxshi joyga unashayin-da, kelgandan so‘ng to‘yni ham jo‘natib yuborayliq! — Turatur-chi... Hojining bunchalik bo‘sh kelishi O‘zbek oyimg‘a qanot-quyruq bergandek bo‘ldi va mundan so‘ng tinib-tinchib turolmadi. Shu gapning ikkinchi kuni Hasanalini qo‘yarda-qo‘ymay arava qo‘shdirib shaharning to‘rt tomonig‘a qiz ko‘rish uchun yurib ketdi. Marg‘ilonliq kelinning ta’rifini Hasanalidan ko‘b eshitkan edi. Otabekning ko‘nglini o‘sha go‘zal marg‘ilonliqdan sovitish yo‘lida undan ham ko‘hlik, undan ham suluk qiz topish ko‘yiga tushdi. Shunga ko‘ra unga uncha-muncha qiz yoqmay, shahardagi ko‘b eshiklarni sanashg‘a to‘g‘ri keldi. Yettinchi martaba ko‘chaga chiqishda Olim ponsad deganning qizi yoqa tushib hojiga arz qilindi. Hoji boshda xotinining bu gapiga kuldi, undan keyin «turatur, o‘g‘ling kelsin», dedi. O‘zbek oyimning bobillashi kuchayabergach: «Nima qilsang o‘zing bil, basharti o‘g‘ling ko‘nmasa men zo‘rlamayman!» dedi. O‘zbek oyim eriga yalinib boshladi: — Bir so‘zlig‘ingizni qo‘ying, er; o‘zi aslzoda, loaqal bir og‘iz o‘g‘lingizga aytib o‘tishka va’da bering-chi,— dedi. — Yaxshi. Va’da ham berayin, ammo san unashmay tur. — Unashmayman, lekin o‘g‘lingizga unashdiq, deb eshitdirarmiz... Tuzikmi? — Ma’qul. Shu o‘lturishdan so‘ng O‘zbek oyim juda ham jonlanib ketdi va ertasiga Olim ponsadnikiga qarab yana arava qo‘shdirdi. Bu ikkinchi sovchiliqda go‘yo qudachalardek qarshi olindi. Olim ponsadboshilar: Yusufbek hojig‘a quda bo‘lar ekanmiz, deb juda ham |
ma'muriyatiga murojaat qiling