Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy. Buxoro Tarixi Muharrirdan


III. Buxoroga Podshoh Bulgan Xotin Va Undan Keyin Podshoh Bo’lgan Uning Farzandlari Haqida


Download 426.38 Kb.
bet4/33
Sana17.06.2023
Hajmi426.38 Kb.
#1545496
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   33
Bog'liq
Buxoro tarixi

III. Buxoroga Podshoh Bulgan Xotin Va Undan Keyin Podshoh Bo’lgan Uning Farzandlari Haqida
Muhammad ibn Ja’far (an-Narshaxiy) aytadi: Bidun Buxorxudot[39] o’lgan vaqtda undan bir emadigan o’g’il bola qoldi; uiing nomi Tag’shoda edi. Bolaning onasi bo’lgan xotin taxtga o’tirdi va o’n besh yil hukmronlik qildi[40], Uning davrida arablar Buxoroga kela boshladilar; har gal kelganlarida xotin ular bilan sulh tuzar va mol[41] berar edi. Aytishlaricha, uning davrida undan ko’ra donoroq bironta ham kishi bo’lmagan; u donolik bilan hukmronlik qilar va xalq unga itoatda edi. Uning odati shunday ediki, u har kuni otga minib Buxoro hisori darvozasidan tashqari chiqar va «Alaffurushlar darvozasi» deb atalgan Registon darvozasiga kelib taxtga o’tirar, uning oldida esa g’ulomlar, xoja sarolar, ya’ni bichilgan qullar[42] va ulug’ kishilar turar edilar. U qishloq aholisi uchun shunday qoida o’rnatgan ediki, har kuni dehqonlar va malikzodalardan ikki yuz nafar yigit zarrin kamar bog’lab, qilichlarini osib xizmatga hozir bo’lib, uzoqroqda turishar, xotin tashqariga chiqqach, hammalari uni olqishlashar va ikki safga tizilishar edi; xotin esa podshohlik ishlari bilan mashg’ul bo’lar, yaxshilikka da’vat qilib yomonlikdan qaytarar, istagan kishisiga sarpo kiygizib, istagan kishisiga jazo berar edi. Shu tarzda ertalabdan to tushgacha o’tirib, so’ng hisorga qaytib kirar, dasturxonlar chiqarib hamma xizmatkorlariga taom berar edi. Kechga yaqin ham xotin shu yo’sunda tashqari chiqib taxtga o’tirar, (haligi) dehqonlar va malikzodalar ikki saf bo’lib uning xizmatida turishar edi; quyosh botgach, xotin taxtdan turib otga minar va qasrga qarab, yo’l olar, yigitlar esa o’z vatanlariga — qishloqqa qaytar edilar. Ertasi kuni boshqa jamoa kelib shu sifatda xizmatda bo’lar va nihoyat, navbat yana o’sha (avvalgi) jamoaga kelib yetar edi. Shu tarzda har bir jamoa bir yilda to’rt marotaba (xizmatga) kelishi lozim edi.

Bu xotin o’lganida uning o’g’li Tag’shoda podshohlikka munosib keladigan darajada katta bo’lib qolgan hamda har knm bu mamlakatni egallashni tama qilayotgan edi. Bir vazir Turkistondan kelgan edi: nomi Vardonxudot: Vardona yerlari unga tegishli edi. Qutaybaga u bilan ko’p urush qilishga to’g’ri kelgan edi. Shu Vardonxudot o’ldi va Qutayba Buxoroni oldi. Qutayba Vardonxudotni bir necha marta bu viloyatdan quvib tashqari chiqardi va u qochib Turkistonga ketdi. Qutayba Buxoroni yana Tag’shodaga topshirdi va uni podshohlikka o’tkazdi; mamlakatni (tamagarlardan) tozalab Tag’shodaga topshirdi va uning barcha dushmanlarining qo’lini qisqartirdi. Tag’shoda Qutaybaning qo’lida imon keltirib musulmon bo’lgan edi. U Qutayba tirikligida va undan keyin Nasr (ibn) Sayyor davrida Buxoro mulkini so’rab turdi; jami o’ttiz ikki yil davomida Buxoro uning qo’lida bo’ldi. Tag’shoda islom diniga kirgandan keyin undan bir o’g’il dunyoga keldi. Tag’shoda Qutayba bilan bo’lgan do’stligi hurmatiga o’g’lini Qutayba deb atadi.

Tag’shoda o’lgandan keyin uning o’g’li Qutayba taxtga o’tirdi, bir oz vaqt musulmonlikda turdida, so’ngra marhum Abu Muslim davrida dindan qaytdi. Abu Muslim bundan xabardor bo’lib uni o’ldirdi, uning birodarini ham (tarafdor) odamlari bilan qo’shib halok etdi.

Undan keyin Bunyot ibn Tag’shoda Buxoroga podshoh bo’ldi. U otasi islom dinida ekanligida tug’ilgan edi. Bir qancha vaqt musulmon bo’lib turdi. Muqanna paydo bo’lib «Oqkiyimliklar» qo’zg’oloni Buxoro qishloqlariga tarqalgach, Bunyot ularga moyil bo’lib yordam berdi va natijada «Oq kiyimliklar»ning qo’llari uzayib, ular g’alaba qozondilar. Aloqa (xat-xabar) ishlari boshlig’i[43] bu haqda xalifaga xabar yubordi, xalifa Mahdiy edi[44]. Mahdiy Muqanna va «Oq kiyimliklar» ishlaridan xotirjam bo’lganidan keyin (Buxoroga) otliq askarlar yubordi. Bunyot Faraxshiy qasrida majlis (tuzib) sharob ichar va darchadan qarab o’tirar edi. U uzoqdan shoshilinch bilan kelayotgan otliqlarni ko’rdi va ular xalifa tomonidan ekanliklarini farosat bilan anglab, qarshi chora ko’rishga kirishar-kirishmas otliqlar yetib keldilar va hech bir so’z aytmasdan qilichlarini qindan sug’urib uning boshini kesdilar. Bu voqea bir yuz oltmish oltinchi yilda (15 avgust 782—4 avgust 783) bo’lgan edi. Uning barcha odamlari qochib ketdi, (xalifa yuborgan) otliqlar ham qaytdi.

Shunday qilib, Qutayba ibn Tag’shoda dindan qaytganligi sababli Abu Muslim uni, birodarini va xonadon ahlini o’ldirdi hamda Qutaybaning daromadli va g’allakorlik yerlarini uning birodari Bunyot ibn Tag’shodaga berdi; amir Ismoil Somoniy davrigacha (bu yerlar) Bunyotning qo’lida bo’ldi. Bunyot (ham) dindan qaytib o’ldirilganidan keynn esa bu mol-mulk Buxorxudot farzandlarining qo’lida turdi. Bu mamlakat qo’ladan ketgan oxirgi kishi Abu Ishoq Ibrohim ibn Xolid ibn Bunyot bo’ldi.

Ibrohim[45] Buxoroda turar va mamlakat uning qo’lida edi. U har yili o’zining birodari Nasrga[46] Amir ul-mo’’minin Muqtadirga[47] yetkazsin uchun Movarounnahrdan olinadigan hosil vl g’allalardan yuborib turar edi. Amir Ismoil Somoniy bu daromadli va g’allakorlik yerlarni uning qo’lidan chiqarli. Bunichg sababi, o’sha vaqtda soqchilar boshlig’i bo’lib turgan Ahmad ibn Muhammad Lays bir kuni amir (Ismoil Somoniy)dan: «Ey amir! Shu qadar ko’p g’alla bitadigan serhosil yaxshi yerlar Abu Ishoqqa kimdan qolgan?»—deb so’radi. Amir Ismoil Somoniy unga javoban: «Bu daromadli yerlar ular (Buxorxudotlar)ning mulki emas, sultonlik mulkidir»,— deli. Ahmad ibn Muhammad Lays yana: «Ularning mulkiyu, ammo ularning otasi dindan qaytgani sababli xalifa ularning qo’llaridan chiqarib bayt ul-mol mulkiga[48] aylantirgan va yana xizmat haqi (sifatida) va ta’minot o’tkaznshlari uchun ularga berib qo’ygan edi. Abu Ishoq esa xizmatni keragicha ado etmaydi va u yerlarni o’z mulki deb biladi,— dedi. Ular shunday so’zlashib turganlarida, Abu Ishoq Ibrohim kirib keldi. Amir Ismoil Somoniy undan: «Ey Abu Ishoq! Bu daromadli yerlardan sen har yili qancha g’alla hosili olasan?»— deb so’radi. Abu Ishoq: «Ko’p mashaqqat va urinishlardan keyin bir yilda yigirma ming dirham hosil bo’ladi,— deb javob berdi. Amir Ismoil Ahmad ibn Muhammad Laysga: «Bu mavzeni sen olgin. Abu-l-Hasan orizga[49] ayt, u har yili Abu Ishoqqa yigirma ming dirham berib tursin,— deb buyruq berdi. Ana shu sababdan u daromadli yerlar Abu Ishoqning qo’lidan ketdi va qaytib (hech) uning qo’liga kirmadi. Abu Ishoq uch yuz birinchi yili (7 avgust 913-26 iyul' 914) dunyodan o’tdi, uning avlodlari Safna va Sevanj qishlog’ida qoldilar.



Download 426.38 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   33




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling