Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari reja: Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari: adabiyot tarixi, adabiy tanqid, adabiyot nazariyasi


Download 37.1 Kb.
bet4/7
Sana25.02.2023
Hajmi37.1 Kb.
#1231556
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
1-mavzu. Adabiyotshunoslikka kirish

Manbashunoslik.
Adabiyotshunoslikning yordamchi sohalaridan biri sifatida manbashunoslik adabiyotga bevosita yoki bavosita aloqador boʻlgan manbalarni izlab topish, tasniflash, roʻyxatga olish kabi amaliy vazifalarni bajarish, shuningdek, shunday manbalarni qidirish va oʻrganish yoʻllarini ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Qayd etish kerakki, bu oʻrinda “manba” soʻzi keng maʼnoda boʻlib, adabiyotshunoslikka oid tadqiqotlarda qoʻl kelishi mumkin boʻlgan barcha manbalar (asar qoʻlyozmalari, ijodkorlarning xatlari, kundalik daftarlari, adabiy jarayonga yoki muayyan ijodkor hayoti va ijodiga taalluqli hujjatlar va boshqalar)ni anglatadi. Adabiyot tarixi, ijodkor hayoti va faoliyatiga oid manbalar turi, hajmi xilma-xil, lekin qimmat jihatidan hech birini kamsitib boʻlmaydi. Baʼzan eʼtiborga arzimaydigandek koʻrinuvchi narsa ham muhim ilmiy ahamiyat kasb etishi mumkin. Masalan, “Sadoi Fargʻona” gazetasining 1914-yil 16-aprelida chiqqan 4-sonining bir burchida gugurt quti hajmicha eʼlon berilgan boʻlib, unda gazetaning Andijondagi “obuna va eʼlon qabul qiladigan vakili Sulaymonqul Yunus oʻgʻli” ekani qayd etilgan. Bitta son oʻtkazib, gazetaning 6-sonida shu eʼlon vakillar qatorida “Abdulhamid Sulaymonqul oʻgʻli Yunusov” qoʻshilgan holda qaytarilgan. Shu ikkita eʼlon Choʻlpon “milliy yozuvchi boʻlish uchun otasidan qochib Toshkentga borgani” toʻgʻrisidagi gaplar toʻgʻri emasligi, bu fakt shoʻro davrida biografiyani “oʻnglash” zarurati bilan muomalaga kirib qolganini koʻrsatadi. Koʻrib turganimizdek, kichkinagina gazeta eʼloni yozuvchi shakllangan muhit haqidagi tasavvurimizni toʻgʻrilashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Keyingi yillarda oʻzbek adabiyotshunoslarining manbashunoslik sohasidagi izlanishlari, ayniqsa, XX asr boshlari adabiyotini oʻrganish bilan bogʻliq holda faollashdi. Qatagʻon qilingan adib va shoirlarning ijodiy merosini tiklash, ularning hayoti va faoliyatiga doir hujjatlarni izlab topish borasida N.Karimov, B.Qosimov, H.Boltaboyev, B.Doʻstqorayev, R.Tojiboyev, B.Karimov, M.Qarshiboyev kabi olimlarning izlanishlari samarali boʻlib, ular asr boshidagi adabiy jarayon, unda faol ishtirok etgan ijodkorlar haqidagi tasavvurlarimizni boyitishga, davr adabiyotining xolis ilmiy tarixini yaratishga xizmat qildi. Maʼlumki, konkret ijodkor merosini toʻlaqonli tushunish va xolis baholash uchun uning hayot yoʻli haqida toʻliq tasavvurga ega boʻlish muhim ahamiyat kasb etadi. Yaʼni, adabiyotshunoslikdagi tadqiqot metodlaridan biri – biografik metodning toʻla samara bilan ishlashi uchun konkret ijodkor hayoti va faoliyati haqidagi hujjatlarga ega boʻlish lozim. Afsuski, koʻplab ijodkorlarimiz haqida maʼlumot beruvchi hujjatlar hali toʻla yigʻilgan emas. Bu borada faqat Hamza arxivi yuzasidan qilingan ishlar (bunda professor L.Qayumov xizmatlarini alohida taʼkidlash lozim) bilangina maqtanish mumkin. Shuningdek, Oybek, A.Qahhor singari ulkan adiblar uy-muzeylarida faoliyat koʻrsatayotgan ilmiy xodimlarning saʼy-harakati bilan ular haqidagi hujjatlar yigʻilgan, tartiblangan. Bu manbalar mazkur adiblarning ijodiy merosini oʻrganish, qayta baholashda beqiyos ahamiyatga ega boʻladi. Shu oʻrinda ayrim manbalarda alohida yordamchi soha sifatida tasniflangan muzeyshunoslik va arxivshunoslik haqiqatda manbashunoslikning koʻrinishlari ekanini taʼkidlash joiz. Zero, ijodkorlarning uy-muzeylaridagi faoliyatning asosiy yoʻnalishi ham manbalarni izlab topish, tasniflash, roʻyxatga olish – manbashunoslik faoliyatining oʻzginasidir. Shunga oʻxshash, u yoki bu ijodkor, ijodiy uyushma, adabiy nashr va sh.k.lar arxivini tartibga solayotgan odam ham manbashunos sifatida faoliyat yuritayotgan boʻladi. Demak, bu ikki sohani alohida ajratishga ham hech bir zarurat yoʻq ekan.
Bibliografiya (Kitobiyot) adabiyotshunoslikning ilmiy-amaliy sohasi sanalib, ilmiy tadqiqot ishlari olib borish uchun zarur maʼlumotlar – adabiyotshunoslikka oid kitoblar, maqolalar, ilmiy tadqiqotlar roʻyxatlarini tuzish, muayyan tematik yoʻnalishdagi yoki xronologik asosdagi bibliografik koʻrsatkichlar tayyorlash bilan shugʻullanadi. Yordamchi soha sifatida adabiyotshunoslik bibliografiyasi tadqiqotlarning samarali boʻlishiga koʻmaklashish maqsadini koʻzlaydi. Darhaqiqat, bunday koʻrsatkichlar biron-bir mavzu boʻyicha izlanayotgan tadqiqotchining vaqtini tejaydi, ilmiy faoliyati samarasini oshiradi, shu bilan birga, mavzu boʻyicha amalga oshirilgan ishlar bilan tez va toʻliq tanishish imkonini beradi, demak, ilmiy xulosalarning obyektiv va ahamiyatli boʻlishiga ham zamin hozirlaydi. Oʻzbek adabiyotshunosligida bibliografiya yoʻnalishida ham bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Fanlar Akademiyasi Bosh kutubxonasi xodimlari tayyorlangan “Adabiy hayot” bibliografik koʻrsatkichi; Fitrat, A.Qodiriy, Choʻlpon, Gʻ.Gʻulom, A.Qahhor kabi ijodkorlar, M.Qoʻshjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatov, N.Karimov, A.Rasulov kabi olimlar faoliyatini yorituvchi bibliografik koʻrsatkichlarni misol sifatida keltirish mumkin. Hozirda yubiley tadbirlari munosabati bilan bibliografik koʻrsatkichlar ham tartib berish urfga kirib qoldiki, bu sohaning istiqbolidan xayrli foldir. Endigi vazifa – bibliografik koʻrsatkichlarning sifati, foydalanish uchun qulayligi va samaradorligini oshirishdan iboratdir. Tabiiyki, ularning sifati eng avval ilmiy aniqligi – bibliografik tavsifning batafsil va benuqsonligi bilan belgilanadi. Foydalanishda qulaylik va samaradorlikni oshirish esa ularning qisqa va sigʻimli annotatsiyalar bilan taʼminlanishiga bogʻliqdir. Nihoyat, ayrim manbalarda yordamchi sohalar sirasida sanaluvchi adabiyotshunoslik istoriografiyasi haqida. Har bir fanning oʻz istoriografiyaci – uning tarixini yorituvchi sohasi mavjudki, adabiyotshunoslik ham bundan mustasno emas. Mazkur soha adabiyotshunoslik ilmi (yoki uning bir sohasi)ning tarixiy rivojlanish yoʻlini yoritadi. Shuningdek, muayyan ilmiy muammoning oʻrganilish tarixini yoritish ham shu soha vazifasiga kiradi. Har ikki vazifaning bajarilishi ham keyingi tadqiqotlarning amalga oshirilishiga yordam berishi, izlanishlarning samarali boʻlishga zamin hozirlashi shubhasiz. Negaki, ixtiyorida shunday material boʻlgan tadqiqotchi muammoning hali yetarli oʻrganilmagan tomonlarini yaqqol koʻra olish, demak, tadqiqot mavzusi, maqsadi, obyekti va predmetini toʻgʻri belgilash imkoniga ega boʻladi. Oʻzbek adabiyotshunosligida bu yoʻnalishda ham bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, bu boradagi fundamental tadqiqotlar sifatida akademik B.Valixoʻjayevning “Oʻzbek adabiyotshunosligi tarixi”, akademik B.Nazarov boshchiligidagi olimlar guruhi tomonidan yaratilgan “Oʻzbek adabiy tanqidi tarixi” kabi asarlar koʻrsatilishi mumkin. Shuningdek, taniqli adabiyotshunoslarning ilmiy faoliyatini yoritishga bagʻishlangan obzor xaraketridagi maqola va risolalarni, jumladan, “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnali yubiley munosabati bilan muntazam chop etib boruvchi maqolalarni ham adabiyotshunoslik istoriografiyasi yoʻnalishidagi ishlar sirasiga kiritish mumkin. Ikkinchi tipdagi, yaʼni muayyan muammoning oʻrganilish tarixini yoritishga bagʻishlangan yirik hajmli asarlar adabiyotshunosligimizda hozircha yaratilmagan, biroq bu yoʻnalishdagi ilmiy maqolalar siyrak boʻlsa-da uchrab turadi. Bundan tashqari, fundamental tadqiqotlar, dissertatsiya ishlarining kirish qismida muammoning oʻrganilish tarixi qisqacha yoritiladiki, bular yaqin kelajakda yaratilajak ushbu yoʻnalishdagi fundamental tadqiqotlardan darak berayotgandek. Xullas, istoriografiya adabiyotshunosligimiz tarkibida yangi shakllangan va jadal rivojlanish yoʻliga kirgan soha deb hisoblashga asosimiz bor.

Download 37.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling