Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari reja: Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari: adabiyot tarixi, adabiy tanqid, adabiyot nazariyasi


Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari


Download 37.1 Kb.
bet2/7
Sana25.02.2023
Hajmi37.1 Kb.
#1231556
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
1-mavzu. Adabiyotshunoslikka kirish

Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari.
Koʻpchilik eʼtirof etgan va koʻproq ommalashgan qarashga koʻra, zamonaviy adabiyotshunoslik fani uchta asosiy sohadan tarkib topadi: adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi va adabiy tanqid. Ayrim mutaxassislar mazkur asosiy sohalar qatoriga adabiyotshunoslik metodologiyasini ham qoʻshadilar, ayrimlari esa adabiy tanqid ilm emas, adabiy ijodning bir turi deb hisoblaydilar. Albatta, har ikki qarashda ham maʼlum darajada asos bor, lekin bu asoslar anʼanaviy tarzda uchta asosiy sohani koʻrsatishni inkor qilish uchun yetarli emas. Zero, birinchidan, adabiy hodisalarni oʻrganishning metodologik asoslari va metodlarini ishlab chiquvchi adabiyotshunoslik metodologiyasini alohida soha deb emas, adabiyot nazariyasining bir qismi sifatida tushunish toʻgʻriroq boʻladi; ikkinchidan, adabiy tanqid adabiy va publitsistik ijodga nechogʻli yaqin boʻlmasin, u tahlil, talqin va baholashda ilmiy-nazariy asosga tayanadi, faqat ifoda nuqtayi nazaridangina ommaviylik xususiyatiga egadir. Nihoyat, eng muhimi, anʼanaviy tarzda farqlanuvchi uchta sohaning har biri badiiy adabiyot bilan bogʻliq muayyan masalalar majmuini oʻz oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda oʻrganadi; ayni chogʻda, bu sohalar oʻzaro mustahkam aloqada boʻlib, bir-birini toʻldiradi, bir-biriga manba yaratadi, asos boʻlib xizmat qiladi va shu tarzda yagona bir tizim – adabiyotshunoslik ilmini tashkil qiladi. Adabiyot tarixining predmeti oʻtmish adabiyoti boʻlib, uning asosida tarixiylik prinsipi yotadi. Mazkur prinsipning mazmun-mohiyati shuki, u adabiy jarayonni, adabiy hodisalarni konkret ijtimoiy-tarixiy sharoit bilan bogʻliq oʻrganishni koʻzda tutadi. Yaʼni adabiyot tarixi oʻtmishdagi adabiy hodisalarni keltirib chiqargan, yaratilgan asarlarning gʻoyaviymazmuniy xususiyatlarini belgilagan, badiiy tafakkur rivoji, poetik usul va vositalarning oʻzgarishi va sh.k.larga asos boʻlgan ijtimoiy-tarixiy, siyosiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy omillarni aniqlab, adabiyot (jahon adabiyoti yoki biror milliy adabiyot)ning taraqqiyot yoʻlini uzluksiz jarayon (tabiiyki, shu jarayonning alohida bosqichlarini oʻrganish orqali) sifatida ilmiy yoritib beradi. Koʻrib turganimizdek, garchi adabiyot tarixining predmetini qisqa qilib oʻtmish adabiyoti desak-da, uning qamrovi benihoya keng – butunicha qamrab olish imkondan tashqarida. Shunday ekan, butun haqida tasavvur hosil qilishning yagona yoʻli – qismlarni chuqur va atroflicha oʻrganishdir. Shuning uchun ham, odatda, adabiyot tarixini ilmiy oʻrganish asosan uchta aspektda amalga oshiriladi: 1) muayyan bir davr adabiy jarayonini tadqiq etish; 2) alohida olingan ijodkor hayoti va adabiy merosini oʻrganish; 3) alohida asarlar tadqiqi. Birinchi yoʻnalishdagi tadqiqotlarning ayrimlari fundamental xarakterda boʻlib, ularda milliy adabiyot tarixidagi davriy jihatdan chegaralab olingan muayyan bir bosqich atroflicha oʻrganiladi. Tabiiyki, bunda davr adabiyoti umumiy tarzda yoritilib, asosiy eʼtibor unga xos umumiy xususiyatlar va ularni belgilagan omillarga qaratiladi. Boshqacha aytsak, bunday ishlar koʻproq adabiy tarixiy obzor shaklida boʻladi. Aksincha, boshqa bir nav tadqiqotlarda davr adabiyotiga xos konkret xususiyat, muayyan muammoni oʻrganish maqsad qilinadi. Masalan, professor B.Qosimovning “Milliy uygʻonish” nomli tadqiqoti1 fundamental xarakterda boʻlib, unda XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi adabiy jarayon umumiy planda yoritilgan, davr adabiyoti qiyofasini belgilagan ijtimoiy-tarixiy, madaniymaʼrifiy omillar ochib berilgan. Asarni oʻqib, davr adabiy hodisalari haqida yaxlit va umumiy tasavvur hosil qilinadi. Sh.Rizayevning “Oʻzbek jadid dramaturgiyasining shakllanish manbalari” (1995), R.Tojiboyevning “XX asr boshlari oʻzbek adabiy tanqidi tarixidan” (1998) nomli va yana boshqa bir qator tadiqiqotlarda esa, aksincha, ayni davr adabiy jarayoniga oid alohida masalalar chuqur va keng yoritilgan. Mazkur ikki nav tadqiqotlar orasida “umumiylik – xususiylik” dialektikasi asosidagi aloqa mavjud va xuddi shu hol oʻrganilayotgan davr adabiyoti manzarasining mudom toʻlishib borishini taʼminlaydi. Yaʼni avvaliga fundamental ishlar ikkinchi turdagi tadqiqotlar uchun oʻziga xos “start maydonchasi” boʻlib xizmat qiladi, oʻz navbatida, keyingilari davr adabiyoti manzarasidagi ayrim chizgilarni boʻrttiradi, punktirlarni toʻldiradi, yangi chizgilarni tortadi va shu tarz kelajakda yaratilajak fundamental tadqiqotlarga zamin hozirlaydi. Alohida ijodkor hayoti va ijodini oʻrganishga bagʻishlangan ishlar adabiyot tarixi boʻyicha tadqiqotlarning salmoqli qismini tashkil qiladi. Bu yoʻnalishdagi tadqiqotlar asosida ham tarixiylik prinsipi yotadi. Negaki, ijodkor hayoti va faoliyati konkert ijtimoiy-tarixiy sharoitda kechadi, demak, uning hayoti oʻz davriga nisbatan qism boʻlib, qism butun tarkibidagina toʻliq va toʻgʻri anglashiladi. Shunga koʻra, adabiyot tarixi ijodkor hayoti va faoliyatini u yashagan davr kontekstida yoritib berishni maqsad qiladi. Ijodkorning adabiyot tarixida tutgan oʻrni, qoldirgan merosining salmogʻi bilan bogʻliq holda bu yoʻnalishdagi tadqiqotlar ikki koʻrinishda amalga oshiriladi. Birinchi tipdagi ishlarda ijodkor hayoti va faoliyatini toʻla qamrab olgan holda monografik planda yoritish maqsad qilinadiki, adabiyotshunosligimizda bunday tadqiqotlar koʻplab amalga oshirilgan. Jumladan, mustaqillik yillarida M.Tojiboyevaning “Yusuf Saryomiy hayoti va ijodi” (1999), O.Usmonovning “Gʻulom Zafariyning ijodiy yoʻli” (1999), O.Joʻraboyevning “Haziniy Hoʻqandiy hayoti va ijodiy merosi” (2003), D.Abdullayevaning “Usmonxoʻja Zoriy hayoti va ijodi” (2003), O.Toʻlaboyevning “Karimbek Kamiyning hayot va ijod yoʻli” (2010) kabi qator tadqiqotlar yaratilib, adabiyotimiz tarixidagi kemtiklar toʻldirildi. Albatta, davr adabiyotining toʻlaqonli manzarasini yaratishda bunday ishlar gʻoyat muhim. Shunga qaramay, ikkinchi tipdagi ishlar – milliy adabiyotimiz taraqqiyotida salmoqli oʻrin tutgan ijodkorlar hayoti va faoliyatini oʻrganishga qaratilgan tadqiqotlar hamisha adabiyot tarixining diqqat markazida. Bu bejiz emas, albatta. Zero, milliy adabiyot taraqqiyotining u yoki bu bosqichiga xos xususiyatlar uning yorqin namoyandalari ijodida oʻzining mujassam ifodasini topadi. Yaʼni bu oʻrinda xususiydan umumiyga yurish – alohida ijodkor hayoti va faoliyatini chuqur oʻrganish orqali davr adabiyoti haqida asosli ilmiy xulosalar chiqarish imkoni keng. Yana bir tomoni, bunday ijodkorlar hayoti va faoliyatini birgina tadqiqot doirasida toʻla qamrab boʻlmaydi, aksincha, birgina bosqichi yoki qirrasining oʻzi bitta tadqiqotga bemalol material bera oladi. Deylik, jadid adabiyotiga xos xususiyatlar A.Qodiriy, Fitrat, Choʻlponlarning ijodida toʻla mujassam. Demak, ularning ijodiga xos biror xususiyat yoki faoliyatining bir qirrasini atroflicha oʻrganish davr adabiyotini chuqur ilmiy bilishga yoʻl ochadi. Masalan, Fitrat dramalarining tadqiqi 20-yillar oʻzbek dramaturgiyasining oʻziga xos gʻoyaviy va badiiy jihatlarini yoritishga ham imkon beradi, A.Qodiriyning ilk ijodini tadqiq etish orqali esa zamonaviy oʻzbek nasrining shakllanish yoʻllari va omillarini tasavvur qilish mumkin boʻladi. XX asr boshlari oʻzbek adabiyotini oʻrganish masalasi gʻoyat dolzarb boʻlgan mustaqillik yillarida mazkur ijodkorlarning hayoti va adabiy foliyati koʻplab tadqiqotlarning obyektiga aylangani shu bilan izohlanadi. Bunday tadqiqotlarga misol tariqasida Z.Eshonovaning “Choʻlpon sheʼriyatining gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari” (1991), D.Quronovning “Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanida xarakterlar psixologizmi” (1992), T.Rahimovning “Choʻlponning tarjimonlik mahorati” (1994), U.Sultonning “Choʻlponning adabiy-estetik qarashlari” (1995), N.Yoʻldoshevning “Choʻlpon sheʼriyatida peyzaj” (1995), S.Yoʻldoshbekovaning “Choʻlponning publitsistik va muharrirlik faoliyati” (2002) kabilarni keltirish mumkin. Adabiyot tarixchisi sifatida konkret badiiy asar tahlil qilinganida ham oʻsha asar yaratilgan davr sharoiti, davr adabiy jarayoni xususiyatlarini koʻzda tutish shart qilinadi. Zero, har qanday asar, eng avvalo, oʻzi yaratilgan davrning ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlariga javob sifatida dunyoga keladi. Demak, uning mazmun-mohiyatida, poetik tizimida bu hol aks etadi. Shunga koʻra, masalan, “Qutadgʻu bilig”da davlat tuzilishi, uni oqilona boshqarish masalalari markaziy oʻrin tutgani, har bir ijtimoiy toifaning vazifalari nimalardan iboratligini tushuntirishga ayricha ahamiyat berilganining sababi asar yaratilgan davr tarixiy sharoitidan kelib chiqibgina anglanishi mumkin. Yoki hazrat Navoiy “Farhod va Shirin” syujetiga ayrim (Farhodning taxtni egallashga rozi boʻlmasligi, Xisrav – Sheruya syujet motivi va b.) holatlarni nega kiritganini, bular orqali aytmoqchi boʻlganlarini tushunmoq uchun Husayn Boyqaro hukmronligi davridagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni, yuz bergan tarixiy hodisalarni yaxshi bilmoq kerak. Ayni chogʻda, asarda davr kayfiyati bevosita emas, balki ijodkor shaxsiyati orqali aks etadi. Shu bois ham asarni tushunish uchun u yaratilgan davrni bilishning oʻzi kam, oʻsha davrda yashagan va davrini koʻnglida yashatgan muallif hayoti, shaxsiyatini ham bilish zarur boʻladi. Masalan, A.Qahhorning “Dahshat” hikoyasini olaylik. Unda oʻtmish hayoti qalamga olingan. Lekin tarixiybiografik kontekstda olib qaralsa, uning oʻtmishdangina bahs etmayotgani, 1960-yilda yozilgan bu hikoya oʻzida ayni davrda muallif ruhiyati, hayotiy pozitsiyasida yuz bergan keskin burilishni aks ettirganiga amin boʻlish mumkin2 . Koʻrib oʻtganimizdek, oʻtmish adabiyoti turli aspektlardan va keng koʻlamda tadqiq etiladi. Toʻgʻrisi, ayrim ishlarni, masalan, davr adabiyoti haqidagi obzorda toʻrt satr ajratish kifoya qiladigan oʻrtamiyona ijodkorni “qulogʻidan tortib” adabiyot tarixiga olib kirish payida boʻlingan yo ilmiy oʻrganish zarurati haminqadar adabiy hodisaning ahamiyatini boʻrttirish bilangina tadqiqot “kepatasi”ga kiritilgan ishlarni koʻrganda, oʻtmish adabiyotini bu qadar keng tadqiq etish kerakligiga shubha tugʻilishi mumkin. Yaxshi hamki, bunday hollar istisno, xolos, haqiqiy ilm nimani, qanday va nima uchun oʻrganishni xoʻb biladi. Jumladan, adabiyot tarixi oʻtmish adabiyotini tadqiq etish bilan, birinchidan, uning tajribalarini bugungi adabiyot xizmatiga safarbar etadi, ikkinchidan, keng koʻlamli nazariy xulosalar chiqarish uchun zarur material hozirlaydi. Demak, adabiyot tarixi erishgan natijalar badiiy tafakkur taraqqiyotida ham, adabiy-nazariy tafakkur rivojida ham katta ahamiyat kasb etadi. Oʻzbek adabiyotshunosligida adabiyot tarixi sohasining ilk kurtaklari sifatida tazkiralarni koʻrsatish urf boʻlgan. Yaxshi bilasiz, tazkiralarda, odatda, ijodkor haqida muxtasar maʼlumot (tavalludi, nasabi, yashash va xizmat joyi, yaratgan asarlari kabi) zikr qilinadi-da, bitta-ikkita bayti misol qilinadi. Yaʼni tazkiranavis ilmiy oʻrganishni maqsad qilmaydi, u janr nomiga mos holda “zikr qilish” bilan cheklanadi. Shuningdek, qator tarixiy (mas., Zayniddin Vosifiyning “Badoeʼ-ul vaqoye” asari) va memuar (mas., “Boburnoma”) asarlarda ayrim adabiy faktlar, muayyan ijodkor hayoti va faoliyatiga oid maʼlumotlar ham qayd etilgan. Yana ayrim ijodkorlarning hayoti, ijodiy faoliyati yoritilgan holotlar (mas., Alisher Navoiyning “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” asarlari) mavjud. Shunga qaramay, bularning hammasiga adabiyot tarixi uchun manba, material deb qaralgani toʻgʻriroq. Negaki, mumtoz adabiyotshunoslikda milliy adabiyotni tarixiy aspektda koʻlamli oʻrganish yoʻlga qoʻyilmagan, yaʼni adabiyot tarixi sohasi hali shakllanmagan edi. Oʻzbek adabiyotshunosligida adabiyot tarixining mustaqil tarmoq sifatida shakllana boshlashi XX asrning birinchi choragiga toʻgʻri keladi. Sohaning shakllanishi va rivojlanishida A.Fitrat, A.Saʼdiy, O.Sharafuddinov, V.Zohidov, V.Abdullayev, H.Sulaymonov, Gʻ.Karimov, N.Mallayev, A.Qayumov, A.Xayitmetov, A.Abdugʻafurov singari olimlarning ulkan xizmatlarini alohida taʼkidlash lozim. Ularning tadqiqotlarida adabiyotimiz tarixining turli bosqichlari keng yoritildi, koʻplab yirik ijodkorlarning hayoti va faoliyati monografik planda oʻrganildi. Ushbu yoʻnalishdagi izlanishlar natijasi oʻlaroq 1977 – 1980-yillarda milliy adabiyotimizning tarixiy yoʻlini umumiy tarzda yorituvchi “Oʻzbek adabiyoti tarixi” nomli 5 jildli fundamental tadqiqot yaratildi. Toʻgʻri, unda davr bilan bogʻliq holda adabiyot tarixining yoritilishi va materiallar talqinida mafkura taʼsiri, bahoda biryoqlamalik borligi shubhasiz. Shunga qaramay, asarning ahamiyatiga koʻz yumish ham ilmiy jihatdan toʻgʻri boʻlmaydi. Zero, jami kamchiliklari bilan ham u adabiyotimizning qariyb ming yillik tarixini bir butun holda yoritadi, demak, kamchiliklarini bartaraf etishu kamlarini toʻlatish orqali uni mukammallashtirish imkonlarini yaqqol namoyon etib turadi. Oʻzbek adabiyoti tarixini oʻrganish borasidagi izlanishlar hozirda ham davom ettirilayotir. Mustaqillik oʻtmish adabiy merosiga munosabatni oʻzgartirishni, qator adabiy hodisalar, faktlar, ijodkor shaxslar taqdiri va faoliyatini yangicha ilmiy talqin qilish zaruratini kun tartibiga qoʻydi. Bu yoʻnalishda bir qator tadqiqotlar amalga oshirildi ham. Biroq taʼkidlash kerakki, bu boradagi vazifalarning katta qismi yangicha sharoitda yetishgan adabiyotshunoslar zimmasiga tushadi. Demak, bugunda saboq olayotgan talabalarni ham milliy adabiyotimiz tarixini ilmiy xolis oʻrganish, yangi “Oʻzbek adabiyoti tarixi”ni yaratishdek ulkan va mashaqqatli, sharafli bir vazifa kutadi.
Adabiy tanqid hozirgi adabiy jarayon muammolarini oʻrganish, yangi paydo boʻlgan asarlarni (shuningdek, oʻtmishda yaratilgan asarlarni ham) bugungi kun nuqtayi nazaridan gʻoyaviy-badiiy tahlil qilish va baholashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi. Adabiy tanqid adabiyotshunoslikning operativ sohasi sifatida joriy adabiy jarayonga bevosita aralashadi va, aytish mumkinki, uning havosini belgilaydi. Albatta, bugungi adabiy tanqidning joriy adabiy jarayondagi maqomiyu egallagan mavqeiga qaralsa, bu gap mubolagʻali koʻrinishi mumkin. Aslida esa adabiy tanqid oʻzining kundalik yumushini bajarsa, yaʼni adabiy jarayondagi ijobiy yo salbiy holatlaru rivojlanish tamoyillari, gʻoyaviy-badiiy izlanishlarning bosh yoʻnalishlarini aniqlab, ularni adabiyotning foydasi, ertangi istiqboli nuqtayi nazaridan baholasa, kifoya – adabiy jarayon havosini belgilagan boʻladi. Muhimi, adabiy tanqid ayni shu vazifalarni bajarish uchun zarur va uni adabiyotshunoslikning boshqa sohalaridan farqlovchi bir qator jihatlarga ega. Avvalo, yuqorida ham aytdik, adabiy tanqidni adabiyotshunoslikning tarkibiy qismi sifatida tushunish umumeʼtirofga molik qarash emas. Ayrim mutaxassislar adabiy tanqid adabiyotshunoslik ilmining tarkibiy qismi emas, balki adabiy yoki publitsistik ijodning bir turi deb hisoblaydilar. Umuman olganda, bunday qarash uchun asos yetarli. Zero, birinchidan, adabiytanqidiy asar faqat ilmiy doiralarga emas, balki keng auditoriyaga moʻljallab yoziladi; ikkinchidan, munaqqid adabiy asar bahona kunning dolzarb ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy masalalaridan ham bahs yuritadi, ularga munosabat bildiradi; nihoyat, uchinchidan, shu ikkisi bilan bogʻliq holda adabiy-tanqidiy asar ilmiy-ommabop tilda soʻzlaydi. Demak, publitsistikani faoliyat turi sifatida belgilovchi xususiyatlar adabiy tanqidda ham xuddi shunday maqomga ega, bu esa ularning mohiyatan birbiriga gʻoyat yaqinligini koʻrsatadi. Boz ustiga, adabiy tanqidni adabiy ijod turi sanashlarida ham jon bor, axir: adabiy tanqidiy asardan aksar badiiy asar boʻyi keladi. Zero, badiiy asarni muhokama etarkan, munaqqid birgina tushunchalar orqali emas, oʻrni bilan obrazlar vositasida ham fikrlaydi. Bir jihati ruh mahsuli boʻlgan badiiy asarni idrok etishda qalb ishtiroki shubhasiz, shunday ekan, mantiq kuchi yetmagan oʻrinlarda intuitiv bilish yordamga keladi, hissiy mushohada kuchayadi. Ifodada emotsionallikning kuchliligi, talqin va bahoda subyektiv nuqtayi nazarning ustuvorligi ham adabiy tanqidiy asarni ilmdan yiroqlashtirayotgandek. Shularga qaramay, adabiy tanqid – eng avval ilm hodisasi, bunday deyishimizga ikkita mustahkam asos bor: birinchidan, adabiy tanqid muayyan obyektni bilishga qaratilgan faoliyat; ikkinchidan, hukm-xulosalarini qay yoʻsin ifodalashidan qatʼi nazar, obyektni adabiyotshunoslik ilmi mavqeida turib oʻrganadi, yaʼni badiiy asarni tahlil qilayotgan munaqqid fikrlari adabiyot nazariyasiga, adabiyotshunoslik ilmining yutuqlariga asoslanadi. Yuqoridagilarni xulosalab aytish mumkinki, adabiy tanqid adabiyotshunoslik ilmi, badiiy adabiyot va publitsistikaga xos jihatlarni oʻzida uygʻun mujassam etadi. Shu jihatdan uning adabiyotshunoslik, badiiy adabiyot va publitsistika oraligʻidagi hodisa ekanini eʼtirof etgan holda, baribir, taraqqiyotining hozirgi bosqichida unda adabiyotshunoslik ilmiga mansublik xususiyatlari ustuvorligini taʼkidlash oʻrinlidir.*
Manbalarda oʻzbek adabiy tanqidchiligining ilk kurtaklari ham tazkiralarga borib taqalishi qayd etiladi. Darhaqiqat, tazkiranavislar ayrim ijodkorlarni zikr etish asnosi baʼzan ularning asarlari haqida qisqagina tanqidiy mulohazalarini ham bildirib oʻtganlar. Biroq haqiqatda adabiy-tanqidiy tafakkur tazkiralardan ancha ilgari, hech bir mubolagʻasiz aytish mumkinki, badiiy tafakkur bilan egiz tugʻilgan. Negaki, bir tomondan, badiiy ijod mahsullari hamisha kishilarda jonli qiziqish uygʻotgan, fikr-mulohazalar tugʻdirgan, muayyan munosabatni shakllantirgan – ularni ifodalash ehtiyoji bor; ikkinchi yoqdan, qalam ahli hamisha goʻzal suhbatlarga intilib, yozganlari haqida oʻzgalar fikrini eshitish ehtiyojini tuyub yashaydi. Mutaxassislar oʻtmish adabiy jarayonining yashash shakli sanaluvchi mushoiralar, nafis majlislarda “ogʻzaki tanqid” mavjud boʻlganini taʼkidlaydilarki, bu eng avval mazkur ehtiyojlarni qondirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar natijasidir. Turli manbalarda shunday majlislar davomida u yoki bu asar haqida fikr almashilgani, bayt yo gʻazalga yuksak baho berilgani yoki kamchiliklari koʻrsatib berilgani haqida qaydlar yozib qoldirilgan. Fikrimizni quvvatlaydigan yana bir dalil shuki, folklorshunoslarning kuzatishicha, xalq baxshi (oqin)lari ijrosidagi turli janrga mansub asarlarda adabiy tanqidiy mulohazalar bildirilgan oʻrinlar ham talaygina. Bularning bari adabiy tanqidning ildizlari gʻoyat qadim zamonlardan suv ichishini koʻrsatadi. Hozirgi tushunchadagi – faoliyat turi va adabiyotshunoslikning tarkibiy qismi boʻlmish yangi tipdagi oʻzbek adabiy tanqidchiligining shakllanishi * Umuman olganda, adabiy tanqiddagi publitsistikaga xos xususiyatlar matbuotning rivojlanishi bilan bogʻliq holda kuchaygan, uning adabiy ijodga yaqinlashuvi esa Gʻarb ilmida oʻtgan asrning 20-yillaridan boshlab kuzatilgan akademizmdan qochish va “esseizm”ning ommalashuvi bilan bogʻliqdir. XIX asr oxiri – XX asr boshlariga toʻgʻri keladi. Taʼkidlash kerakki, yangi tipdagi adabiy tanqidchilikning shakllanishi milliy matbuotning shakllanishi bilan bogʻliq holda amalga oshdi. Shu oʻrinda bir aniqlik kiritish zarurati bor. Garchi ilk adabiy tanqidiy materiallar XIX asrning 80-yillaridan “Turkiston viloyati gazeti”da chop etila boshlagan esa-da, haqiqatda oʻzbek adabiy tanqidchiligi 1907-yildan keyin – jadid matbuoti bilan birga rostmana oyoqqa turdi deyish toʻgʻriroq boʻladi. Zero, adabiyotni targʻib etish, yaratilayotgan asarlar mohiyatini ommaga anglatish adabiyotga millatni uygʻotish vositasi deb qaragan jadid maʼrifatchilari olib borayotgan maqsadli faoliyatning muhim yoʻnalishlaridan biri edi. Jadidchilikning koʻzga koʻringan namoyandalari M.Behbudiy, A.Fitrat, S.Vasliy, X.Muin hamda ijodiy faoliyati jadidchilik taʼsirida boshlangan V.Mahmud, Choʻlpon singari ijodkorlarning davr matbuotida adabiy tanqidiy materiallari bilan faol qatnashib turgani ham shu bilan izohlanadi. Oʻzbek adabiy tanqidchiligi gʻoyat murakkab va ziddiyatli rivojlanish yoʻlini bosib oʻtdi. Shoʻro zamonida oʻzining asosiy vazifasi bir yon qolib, gʻoyaviy kurashlar maydoniga tortildi – partiyaning qoʻlidagi qurol boʻldi; hukmron mafkuraning talab-ehtiyojlariga moslangan “vulgar sotsiologizm”, “partiyaviylik”, “sinfiylik”, “konfliktsizlik nazariyasi” singari gʻayriilmiy, gʻayriadabiy dogmalardan jiddiy talafot koʻrdi. Afsus bilan taʼkidlash kerakki, O.Hoshim, S.Husayn, M.Solihov kabi adabiyotshunoslar, H.Olimjon, Uygʻun, K.Yashin singari ijodkorlarning qator adabiy-tanqidiy asarlari badiiy tafakkur rivojidan koʻra koʻproq chinakam soʻz sanʼatining zarariyu mustabid tuzumning hokim mafkurasi foydasiga xizmat qildi. Ularda adabiy hodisalar badiiyat talablari nuqtayi nazaridan emas, birinchi navbatda va asosan mafkura dogmalaridan kelib chiqib baholandiki, natijada ularning aksariyat koʻpchiligi bugungi kunda batamom eskirdi. Mazkur yoʻqotishlarga qaramasdan, oʻzbek adabiy-tanqidchiligi millat badiiy didini tarbiyalash orqali adabiyotimiz rivojiga sezilarli hissa qoʻshganligini ham tan olish zarur. Xususan, keskin gʻoyaviy kurashlar tafti sezilarli pasaygan 60-yillardan boshlab adabiy tanqid oʻzining asosiy vazifalari – yaratilayotgan asarlarning mazmun-mohiyatiyu badiiy jozibasini ochib berish, ulardagi yutuk va kamchiliklarni xolis koʻrsatib, ijtimoiy-estetik qimmatini baholash orqali ijodkorlar bilan oʻquvchi omma orasiga koʻprik solish kabilarni amalga oshirishga kirishdi. Oʻzbek tanqidchiligining shu davrda maydonga kirgan M.Qoʻshjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatov, S.Mirvaliyev, N.Xudoyberganov, I.Gʻafurov, A.Rasulov kabi qator namoyandalarining chiqishlarida, garchi ular ham mafkura tazyiqidan hali toʻla forigʻ boʻlmasa-da, adabiyotimizning dolzarb muammolari koʻtarildi, koʻplab asarlarning badiiy jozibasi ochib berildi va imkon qadar xolis baholandi. Muhim jihati, adabiy-tanqidiy materiallarni oʻquvchilar doirasi kengaydi, talab ortganidan respublikaning markaziy va mahalliy nashrlari ayni xarakterdagi materiallarni muntazam chop etishni yoʻlga qoʻydi. Oʻtgan asrning soʻnggi oʻn yilligi – mustaqillikning ilk yillarida, bir tomondan, oʻtish davri murakkabliklari, ikkinchi tomondan, ilmiy-nazariy va badiiy-estetik asoslarni qayta koʻrib chiqish jarayoni bilan bogʻliq holda oʻzbek tanqidchiligida ham biroz oqsash kuzatildi. Tanqidchilik qarshisida mafkuraviy qoliplardan toʻla forigʻ boʻlish, badiiy asarga yondashuv, uni tahlil qilish va baholash prinsiplarini tubdan yangilash vazifalari koʻndalang boʻlgan edi. Mustaqillik epkinidan “ikkinchi nafas”i ochilgan O.Sharafiddinov, U.Normatov, N.Karimov, I.Gʻafurov, A.Rasulov kabi katta avlod munaqqidlari hamda ularning yoniga kirgan keyingi boʻgʻinlarning Q.Yoʻldoshev, S.Meli, A.Otaboyev, Sh.Rizayev, R.Qoʻchqor, A.Ulugʻov, I.Yoqubov, R.Rahmat, U.Hamdam singari oʻnlab vakillari saʼy-harakatlari bilan bu vazifa uddalandi. Hozirda mazkur yangilanishning ilk samaralari nish berdiki, bu oʻzbek adabiy tanqidchiligining istiqboldagi baravj rivojidan xayrli nishonadir.
Adabiyot nazariyasi badiiy adabiyotning mohiyati, rivojlanish omillari va qonuniyatlari, jamiyat hayotidagi oʻrni va vazifalari, badiiy asar tabiati hamda uning tuzilishi, badiiy til xususiyatlari, adabiy turlar va janrlar kabi masalalarni umumiy tarzda oʻrganadi va shu asosda umumiy qonuniyatlarni ochib beradi. Shuningdek, adabiyot nazariyasi badiiy obraz va obrazlilik, badiiy obraz va reallik munosabatlari, dunyoqarash va badiiy ijod, badiiy ijod jarayoni xususiyatlari, badiiy asarni qabul qilish jarayoni xususiyatlari kabi qator umumestetik masalalarni ham soʻz sanʼatiga tatbiqan oʻrganadi. Adabiyot nazariyasi badiiy asarlarni tahlil qilish tamoyillari, baholash mezonlari, tahlil metodlarini ishlab chiqadi, adabiyotshunoslik uchun zarur adabiy-nazariy tushunchalar tizimini yaratadi. Koʻrib turganimizdek, adabiyot nazariyasi adabiyotshunoslik ilmining yadrosini tashkil qiladi. Agar adabiyot nazariyasi adabiyot tarixi va adabiy tanqid yutuqlarini umumlashtirsa, bu ikkisi oʻz faoliyatida adabiyot nazariyasi ochgan qonuniyatlar, u ishlab chiqqan ilmiy tushunchalar tizimiga tayanadi. Shu tariqa adabiyotshunoslikning har uchala asosiy sohalari birbiri bilan bogʻlanadi, yaxlit bir tizim – adabiyotshunoslik ilmini tashkil qiladi. Mumtoz Sharq adabiyotshunosligi anʼanalariga muvofiq tarzda oʻzbek mumtoz adabiyotshunosligida ilmi aruz (Navoiy, Bobur), ilmi qofiya va ilmi badiʼ (Xudoydod Taroziy) doirasidagi nazariy masalalar ancha keng oʻrganilgan. Biroq mazkur masalalar adabiyot nazariyasining birgina qismi – poetika doirasi bilangina cheklanadi. Toʻgʻri, Sharqda “muallimi soniy” deya ulugʻlanuvchi Forobiy oʻz davrida yunon faylasufi Arastu taʼsirida va bevosita uning asarlarini sharhlash asnosi badiiy adabiyot spetsifikasi (mohiyati), adabiy tur va janrlar, syujet, kompozitsiya kabi nazariy masalalarga ham eʼtibor qaratgan. Forobiydan keyin ushbu masalalar mumtoz adabiyotshunosligimiz eʼtiboridan butkul chetda qoldi. Sababi, asosiy diqqat-eʼtibor tatbiqiy masalalarga, yaʼni badiiy ijodda yoki idrok jarayonida amaliy yordam beradigan masalalarni yoritishga qaratildi. Xususan, mumtoz adabiyotimizda sheʼriyatning yetakchiligi bois sheʼrshunoslik sohasiga taalluqli: vazn, qofiya, sheʼriy sanʼatlar, sheʼriy shakllar kabi masalalar keng yoritilib, yoʻriqnoma xarakteridagi koʻplab risolalar yaratildi. Boshqacha aytganda, mumtoz adabiyotshunosligimizda adabiyot nazariyasi tugal bir tizim holiga kelmadi, aksincha, ushbu fan tizimining bitta uzvi (podsistemasi) doirasida cheklanib, tatbiqiy xarakterdagi hodisa sifatida qoldi. Oʻzbek adabiyotshunosligida adabiyot nazariyasining alohida tarmoq sifatida shakllanishi XX asrning dastlabki choragiga toʻgʻri keladi. Zero, xuddi shu davrda – zimmasiga tamom yangicha vazifalar yuklanayotgan adabiyotdan shunga mos oʻzgarish talab etilyotgan bir sharoitda – adabiyotning oʻz-oʻzini anglash ehtiyojidan tugʻilgan “Adabiyot nima? Uning vazifalari nimalardan iborat? U qanday boʻlishi kerak?” singari savollarning qalqib chiqishi adabiyot nazariyasi masalalarini tizimli oʻrganish ehtiyoji yetilganidan dalolat edi. Taqriban oʻn yillar ichida vaqtli nashrlarda eʼlon qilingan Choʻlponning “Adabiyot nadur?”, Fitratning “Sheʼr va shoirlik”, “Sanʼatning manshai”, A.Avloniyning “Sanoyi nafisa”, A.Saʼdiyning “Goʻzal sanʼat dunyosida” kabi bir qator maqolalar ayni shu ehtiyojni qondirish yoʻlidagi urinishlar natijasidir. A.Saʼdiyning “Amaliy ham nazariy adabiyot darslari” (1924) hamda Fitratning “Adabiyot qoidalari” (1925) kitoblarida yangi adabiyotning nazariy asoslari muxtasar boʻlsa-da ancha toʻliq bayon qilindi. Toʻgʻri, bular hali adabiyot nazariyasiga bagʻishlangan tadqiqot emas, ikkalasi ham oʻquv qoʻllanma sifatida rejalashtirilgan moʻjazgina kitobchalar. Biroq bu ularning ahamiyatini aslo kamaytirmaydi. Zero, ularning ahamiyati eng avval yangilanayotgan adabiy-nazariy tafakkurni tizimli tarzda ilk bor yaxlit taqdim etgani bilan belgilanadi. Shunga oʻxshash, 1939-yilda ilk bor chop etilib, to yangi asr boshlariga qadar ham yana bir necha bora toʻldirilib qayta nashr etilgan I.Sultonning “Adabiyot nazariyasi” darsligi ushbu fanni oʻqitishda, shuningdek, nazariy yoʻnalishdagi tadqiqotlarni amalga oshirishda katta ahamiyat kasb etdi. Adabiyotshunosligimizning keyingi taraqqiyoti davomida I.Sulton, M.Qoʻshjonov, N.Shukurov, B.Sarimsoqov, B.Nazarov, T.Boboyev kabi qator olimlarning tadqiqotlari adabiy-nazariy tafakkur rivojiga sezilarli hissa boʻlib qoʻshildi. 1978-1979-yillarda chop etilgan ikki jildlik “Adabiyot nazariyasi”, 1991-1992-yillarda chop etilgan uch jildlik “Adabiy turlar va janrlar” nomli fundamental tadqiqotlarda bu borada amalga oshirilgan ishlar umumlashtirib jamlangan. Albatta, ushbu tadqiqotlarda ham davr hukmron mafkurasi bilan bogʻliq ayrim talqinlarning eskirganini taʼkidlash lozim. Ayni chogʻda, ularni koʻr-koʻrona inkor qilmasdan, aksincha, tanqidiy yondashgan holda foydalanish keyingi tadqiqotlar uchun gʻoyat muhimdir. Zero, ularda yoʻl qoʻyilgan xatolarni bartaraf etish va takrorlamaslik, mavjud yutuqlarni rivojlantirish ilmiy izlanishlarimizning samarali boʻlishi garovidir. Mustaqillik yillarida ham oʻzbek adabiyotining nazariy muammolari keng va atroflicha tadqiq etilmoqdaki, bu jarayondagi eng muhim nuqtalarni qayd etib oʻtish zarur. Birinchisi, shoʻro davrida mafkura tazyiqi bilan adabiy nazariy tafakkur oʻzagini tashkil qilgan “sinfiylik”, “partiyaviylik”, “sotsialistik realizm” kabi dogmalardan forigʻ boʻlib, adabiyotni avvalo sanʼat hodisasi oʻlaroq anglash, uning ijtimoiy hayotdagi oʻrni va rolini ham shundan kelib chiqib tushunish tamoyili qaror topdi. Ikkinchisi, adabiy nazariy tafakkurning milliy asosga qaytishga intilayotgani, buning uchun ulugʻ mutafakkirlarimiz, adib va shoirlarimizning adabiy-estetik qarashlari atroflicha oʻrganilayotgani samarali natija bermoqda. Nihoyat, uchinchisi, adabiyotimizning nazariy muammolarini hal qilishga jahon adabiy-nazariy tafakkurining eng soʻnggi yutuqlari tatbiq etilmoqda. Mazkur tamoyillar adabiy nazariy tadqiqotlar samaradorligini oshirib, ularning yaqin kelajakda yirik fundamental asarga doʻnishiga umid tugʻdiradi.

Download 37.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling