Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari reja: Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari: adabiyot tarixi, adabiy tanqid, adabiyot nazariyasi
Adabiyotshunoslikning boshqa fanlar bilan aloqasi
Download 37.1 Kb.
|
1-mavzu. Adabiyotshunoslikka kirish
Adabiyotshunoslikning boshqa fanlar bilan aloqasi.
Bugungi kun kishisining tafakkur darajasi, insoniyat tomonidan toʻplangan bilimlar koʻlami benihoya kengaygan. Qadimda esa fanlar oʻzaro ajralmagan, xususan, adabiyotshunoslik ham falsafa ichidagi bir hodisa edi. Kishilik jamiyati taraqqiyoti, inson tafakkurining rivoji davomida turli fanlar qatori adabiyotshunoslik ham alohida mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi. Biroq bu ajralishni tamomila mahdudlashish deb tushunmaslik lozim. Chunki adabiyotshunoslik, fanning barcha mustaqil tarmoqlari singari, boshqa fanlar bilan uzviy aloqada yashaydi, rivojlanadi. Bu xil aloqa davomida adabiyotshunoslik boshqa fanlardan nimalarnidir oladi, ularga nimalarnidir beradi. Adabiyotshunoslikning boshqa fanlar bilan aloqasi haqidagi gapni, tabiiyki, uning tilshunoslik bilan aloqasidan boshlash toʻgʻri boʻladi. Badiiy adabiyotning materiali soʻz, adabiy asar soʻzlardan tarkib topuvchi matndir. Badiiy matn esa, ravshanki, til qonuniyatlari asosida tarkib topadi. Til qonuniyatlarini bilish matnning qurilishi, tagmaʼnolari, ishlatilgan stilistik figuralarning estetik qimmati haqida fikr yuritishda juda muhim. Odatda, badiiy matn tilini oʻrganishga qaratilgan ishlarni adabiyotshunoslik bilan tilshunoslik chegarasidagi ishlar deb qaraladi. Biroq bunda chegarani aniq olish kerak. Asosiy farq shundaki, adabiyotshunoslik til unsurlaridan tarkiblangan matnning badiiyat hodisasiga aylanishini oʻrgansa, tilshunoslik unda til qonuniyatlarining namoyon boʻlishini tadqiq etadi. Zero, tilshunos uchun badiiy matn – til hodisasi va shundan kelib chiqib til hodisalarini oʻrganish vositasi boʻlsa, adabiyotshunos uchun u – badiiyat hodisasi, til vositasida yaratilgan va moddiylashgan (kodlashtirilgan) badiiy voqelikdir. Yaʼni tilshunos uchun tilni oʻrganish – maqsad, adabiyotshunos uchun esa – vosita, badiiy voqelikka teranroq kirib borish vositasidir. Tilshunoslik bilan adabiyotshunoslik aloqalari yana bir jihatdan muhim. Tilshunoslik kishilar orasidagi muloqot vositasi boʻlgan tilni, adabiyotshunoslik esa ijodkor va oʻquvchi orasidagi badiiy muloqot vositasi boʻlgan badiiy asarni oʻrganadi. Muloqot qonuniyatlari umumiy boʻlgani bois ularning orasida tipologik oʻxshashliklar mavjud, bu esa adabiyotshunoslikning qator muammolarini til qonuniyatlari bilan qiyosan oʻrganish va oʻrgatish imkoniyatlarini ochadi. Adabiy asarning moddiy asosi matn ekan adabiyotshunos oʻz faoliyatida nutq shakli, sheʼr sintaksisi, ritm, intonatsiya, uslub, trop, uslubiy figuralar kabi qator tushunchalarga duch keladiki, bularning tilshunoslikdagi talqinini bilgan adabiyotshunos izlanishlari, albatta, samaraliroq boʻladi. Tilshunoslik bilan aloqaning tigʻizligini shundan ham koʻrsa boʻladiki, yangi zamon adabiyotshunosligidagi “psixologik maktab”, “struktural adabiyotshunoslik” singari yoʻnalishlar, “semiotik tahlil”, “generativ poetika” kabi tushunchalar bevosita tilshunoslik yutuqlari asosida yuzaga kelgandir. Adabiyotni jamiyatning badiiy tarixi deb atashlari bejiz emas. Zero, agar har qanday asar oʻz davrini muayyan darajada aks ettirar ekan, milliy adabiyot xazinasidagi asarlarda oʻsha millatning tarixiy yoʻli, taqdiri aks etadi. Bu esa adabiyotshunoslikning tarix fani bilan uzviy aloqada boʻlishini zaruratga, tabiiy va qonuniy holga aylantiradi. Muayyan bir davr adabiyotini yoki oʻtmishda yaratilgan asarni tadqiq etayotgan adabiyotshunos oʻsha davr ijtimoiy-tarixiy hodisalarini oʻrganmogʻi shart, aks holda u oʻrganilayotgan davr adabiyotida kuzatilgan hodisalar mohiyatini ham, tahlil qilinayotgan asarning mazmun nozikliklarini ham toʻla anglay olmaydi. Adabiyot xalqning badiiy tarixigina emas, milliy tafakkur tarixi hamdir. Soʻz sanʼatining eng qadim namunalaridan boshlab ajdodlarning olam va odam haqidagi anglamlari, fikr-qarashlari – oʻziga xos falsafasi aks etib keladiki, bu adabiyotshunoslikning falsafa fani bilan mustahkam aloqada boʻlishini taqozo etadi. Boz ustiga, isteʼdodli sanʼatkorlarning hammasi ham oʻziga yarasha faylasuf, zero, yaratgan asarlarida badiiy konsepsiyalarini – olamu odam haqidagi qarashlari tizimi, boshqacha aytsak, badiiy falsafalarini ifodalaganlar. Tabiiyki, ularning dunyoqarashlari muayyan falsafiy taʼlimotlar taʼsirida shakllangan. Shunday ekan, ular yaratgan asarlar mazmun-mohiyatini anglash uchun adabiyotshunos oʻsha falsafa asoslarini bilmogʻi kerak boʻladi. Aytaylik, islom falsafasi asoslarini, tasavvuf falsafasini bilmasdan turib mumtoz adabiyot tarixini oʻrganish, undagi koʻplab asarlarni talqin qilish maholdir. Yoki, masalan, XX asr yevropa adabiyoti namunalarini oʻrganganda freydizm, ekzistensializm kabi taʼlimotlardan xabardor boʻlish talab qilinadi. Umuman, bu masala haqidagi gapni muxtasar qilib, adabiyotshunoslik ijtimoiy-gumanitar fanlarning hammasi bilan u yoki bu darajada aloqador desak, hech mubolagʻa boʻlmaydi. Muhimi, bu aloqadorlik zarurat maqomida. Aytaylik, soʻz sanʼati sifatida adabiyot sanʼatning umumiy qonuniyatlari asosida, boshqa sanʼat turlari bilan aloqada yashaydi va rivojlanadiki, bu adabiyotshunosning estetika fanidan xabardor boʻlishini taqozo qiladi. Yoki asarda tasvirlangan inson ruhiyatini anglash, badiiy ijod psixologiyasi, badiiy asarni qabul qilish jarayonining ruhiy mexanizmlarini yaxshi tasavvur qilishda unga psixologiya fani yutuqlari asqotadi. Xuddi shu kabi fikrlarni etnografiya, sotsiologiya, madaniyatshunoslik, siyosatshunoslik kabi ijtimoiy-gumanitar fan sohalari bilan adabiyotshunoslikning aloqasi misolida ham aytish mumkin. Bu esa adabiyotshunoslikning fanlar tizimida yashashi va boshqa fanlar bilan uzviy aloqada rivojlanishining yaqqol dalilidir. Shunday ekan, haqiqiy adabiyotshunos boʻlib yetishish va kasbiy salohiyatni saqlab turish uchun kishidan atroflicha keng bilim egasi boʻlish talab etiladi. Download 37.1 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling