Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari reja: Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari: adabiyot tarixi, adabiy tanqid, adabiyot nazariyasi


Adabiyotshunoslikning yordamchi sohalari


Download 37.1 Kb.
bet3/7
Sana25.02.2023
Hajmi37.1 Kb.
#1231556
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
1-mavzu. Adabiyotshunoslikka kirish

Adabiyotshunoslikning yordamchi sohalari.
Yuqorida sanalgan asosiy sohalar bilan bir qatorda, adabiyotshunoslik faoliyati uchun zarur boʻlgan muayyan amaliy vazifalarni bajarish bilan shugʻullanuvchi matnshunoslik, manbashunoslik, kitobiyot (bibliografiya) kabi yordamchi sohalar ham mavjud. Mazkur uchta soha koʻpchilik tomonidan adabiyotshunoslikning yordamchi sohalari sifatida eʼtirof etiladi. Ilmiy manbalarda yordamchi sohalar sirasida bulardan boshqa yana adabiyotshunoslik istoriografiyasi, muzeyshunoslik, arxivshunoslik, paleografiya, avtorlik atributsiyasi, arxeografiya, uslubshunoslik kabilar ham koʻrsatiladi. Darhaqiqat, sanalganlarning har biri oʻzining konkret vazifasiga ega, ularning bajarilishi adabiyotshunoslikka oid tadqiqotlarda yordam beradi. Shu bilan birga, ularning umumeʼtirof etilmasligiga ham muayyan asoslar mavjudki, bu haqda oʻrni bilan toʻxtalamiz.
Matnshunoslik.
Matnshunoslik bobidagi ilmiy izlanishlarning pirovard natijasi adabiyot tarixi va nazariyasi uchun manbaviy asos – matnni tayyorlash boʻlgani bois unga adabiyotshunoslikning yordamchi sohalaridan biri sifatida qaraladi. Holbuki, matnshunoslikka filologik fanlarning alohida tarmogʻi, mustaqil bir sohasi sifatida qarash uchun ham yetarli asos bor. Chunki, birinchidan, matnshunoslik faoliyati adabiyotshunoslik, tilshunoslik va tarix fanlari kesishgan nuqtada kechadi; ikkinchidan, matnshunoslik ilmiy izlanishlarida qator yordamchi sohalarni oʻziga xizmat qildiradi. Adabiy matnlarni oʻrganish va nashrga tayyorlash matnshunoslikning vazifasidir. Matnshunoslikning vazifasini juda qisqa qilib ifodalagan boʻlsak-da, uning amalga oshirilishi gʻoyat katta mehnatni, chuqur bilim va tajribani talab qiladi. Maʼlumki, xalqimiz boshidan necha-necha istiloyu qatagʻonlar kechganiga qaramay, ajdodlarimizdan bizga boy adabiy meros qolgan: minglab jildlardan iborat qoʻlyozmalar hazinasiga egamiz. Biroq bu qoʻlyozmalarning aksariyati hali maxsus oʻrganilgan emas, roʻyxatga olib qoʻyilgani boʻyi oʻz tadqiqotchilarini kutadi. Shuning oʻzi ham matnshunoslikning ogʻir, ilmning “qora mehnati” ekanini, uni rivojlantirish ham ilmiy, ham maʼnaviy-maʼrifiy jihatlardan zarurligini koʻrsatadi. Adabiy matnni oʻrganayotgan matnshunos oldida turlituman ilmiy muammolar koʻndalang boʻladi. Deylik, matnshunos muallifi nomaʼlum asar(matn)ga duch keldi. Bu holda uning qarshisida matn muallifini, yoshini (yozilgan yoki koʻchirilgan vaqti) aniqlash zarurati koʻndalang boʻladi. Buning uchun esa u, tabiiyki, nafaqat milliy tarix yoki milliy adabiyot tarixi, balki til tarixi, yozuv tarixi, uslubshunoslik kabi sohalardan yaxshi xabardor boʻlishi va ularga tayangan holda matnni tadqiq etishi lozim. Yaʼni ayrim manbalarda adabiyotshunoslikning yordamchi sohasi sifatida koʻrsatiluvchi paleografiya, arxeografiya, uslubshunoslik kabilar haqiqatda matnshunoslikning yordamchi sohasi, matnshunos uchun tadqiqot asbobi boʻlib xizmat qiladi. Shu jihatdan qaralsa, ularni adabiyotshunoslikning yordamchi sohalari sirasida alohida sanashga zarurat yoʻq. Ulardan yana biri – avtorlik atributsiyasi, yaʼni qoʻlyozma muallifini aniqlash ham yordamchi soha emas, balki matnshunoslik muammosi, uning oldiga qoʻyiladigan ilmiy vazifalardan biridir. Endi matnshunoslikning boshqa bir vazifasi – asarning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlashni olaylik. Masalan, Alisher Navoiy asarlarining turli davrlarda, turli kotiblar tomonidan koʻchirilgan qoʻlyozmalari mavjud. Matnshunos qarshisida ularni qiyosiy oʻrganish, birining kamchiliklarini boshqalari bilan toʻldirish va shu asosda eng mukammal – ilmiy-tanqidiy matnni tayyorlash vazifasi turadi. Tayyor boʻlgan ilmiy-tanqidiy matnni nashr ettirish uchun matnshunos uni izohlar, sharhlar, lugʻatlar bilan taʼminlashi kerak. Unutmangki, biz foydalanadigan "Mukammal asarlar" ortidagi har bir izoh, har bir sharh yoki lugʻat birligi juda katta mehnat orqasida dunyoga keladi. Zero, matnda uchragan soʻz maʼnosini topish, undagi biror shaxs, joy nomi va sh.k.larga izoh berish uchun matnshunos juda koʻp izlanishi, koʻplab manbalarni koʻrib, oʻrganib chiqishi zarur boʻladi. Yuqoridagilardan matnshunoslikning obyekti qadimgi qoʻlyozmalargina ekan, degan yanglish fikr kelib chiqmasligi kerak. Zero, agar shunday desak, matnshunoslik obyektini toraytirgan boʻlamiz. Holbuki, matbaachilikning rivojlanishi uni gʻoyat kengaytirgan. Ilgari turli qoʻlyozmalar qiyosiy oʻrganish obyekti boʻlgan esa, endilikda asarning asl matni (muallif qoʻlyozmasi) bilan uning turli yillardagi nashrlari turli maqsadlarni koʻzlagan holda qiyosiy oʻrganilishi mumkin. Masalan, Fitrat, A.Qodiriy, Choʻlpon kabi ijodkorlar yaratgan asrlarning asl matni (yaʼni muallif qoʻlyozmasi) maʼlum sabablarga koʻra saqlangan emas. Tabiiyki, bunday vaziyatda ular yaratgan asarlarning asl matni muammosi oʻrtaga chiqadi. Faqat bir marta chop etilgan asar boʻlsa-ku, xoʻp, oʻsha nashr asos matn sifatida qabul qilinishi mumkindir. Koʻp marta bosilgan boʻlsa-chi? Masalan, “Oʻtgan kunlar” romani yozuvchi hayotlik vaqtida uch marta: avval “Inqilob” jurnalida, soʻng 1925-1926-yillarda uchta kitobcha shaklida arab imlosida, nihoyat, 1933-yilda lotin yozuvida chop etilgan. Odatda, yozuvchi hayotlik chogʻi amalga oshirilgan oxirgi nashr eʼtiborli sanaladi. Lekin bu ham qatʼiy qoida boʻlolmaydi. Sababi, oxirgi nashrga muayyan vaziyat taqozosi bilan muallif (yoki oʻzgalar) tomonidan oʻzgartirish kiritilishi ham mumkin. Shu xil andishalar sabab “Oʻtgan kunlar”ning asl matni masalasi bahsli boʻlib turibdi. Masalani hal qilish uchun roman nashrlarini qiyoslash, matnlardagi tafovutlar va ularning yuzaga kelish sabablari (sayqallash uchun muallif kiritgan tahrir, texnik xato orqasida yuz bergan tafovut, oʻzgalar kiritgan oʻzgartirishlar, senzura qisqartirishi va hokazo)ni aniqlash, natijalarni atroflicha tahlil qilish orqali eng ishonchli nashr – asos matn (yaʼni ilmiytanqidiy matn uchun asos boʻladigan, ehtimolda muallif originaliga eng yaqin matn)ni belgilash mumkin. Bunga oʻxshash muammolar XX asr oʻzbek adabiyotida juda koʻpki, bu matnshunoslik obyekti kengaygani haqidagi fikrimiz dalilidir. Bu kabi mustaqil tadqiqotlardan tashqari, matnshunoslik adabiyotshunoslikning ayrim muammolarini hal qilishida muhim yordamchi soha, tadqiqot usuli boʻlib ham xizmat qiladi. Masalan, uning tadqiq usullaridan, tajribalaridan yozuvchi ijodiy laboratoriyasi, muayyan asarning ijodiy tarixini oʻrganishga qaratilgan izlanishlarda keng foydalaniladi.

Download 37.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling