Adilov farxod abduvaliyevich
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi
Download 384.96 Kb.
|
yangi tarix - ҚЎЛЛАНМАохиргиси (2)
- Bu sahifa navigatsiya:
- „Milliy tiklanish“
- „Fidokorlar“
- O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 1991 yil 1 noyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan ta’sis qurultoyida tashkil topgan. Ushbu qurultoyda uning Dasturi va Nizomi qabul qilindi. O‘zbekiston XDP 1991 yil 15 noyabrda Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olindi. Partiyaning 218 viloyat, shahar va tuman kengashlari, 13665 boshlang‘ich tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. 400 mingdan ko‘proq a’zolari bor. Xalq demokratik partiyasi o‘z Dasturida milliy mustaqillikni mustahkamlash, demokratik davlat, insonparvar, adolatli jamiyat qurish, O‘zbekiston xalqlari o‘rtasida tinchlik, osoyishtalik, fuqarolar totuvligini ta’minlash, har bir kishining munosib hayot kechirishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, fuqarolarning konstitutsiyaviy haq-huquqlarini kafolatlash maqsadini ilgari surdi. O‘zbekiston XDP parlament partiyasidir. Partiya Oliy Majlis va mahalliy hokimiyat organlariga saylovlar vaqtida o‘z nomzodlarini ko‘rsatadi, saylovchilarning ko‘proq ovozini olish uchun kurashadi, davlat hokimiyati organlarining barcha bo‘g‘inlarida ishtirok etadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2010 yildagi qarori bilan XDPning 32 kishidan iborat deputatlari fraksiyasi ro‘yxatga olingan. O‘zbekiston XDPning „O‘zbekiston ovozi“, „GolosUzbekistana“ gazetalari va „Muloqot“ jurnali nashr etilmoqda.
1995 yil 18 fevralda O‘zbekiston „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi (SDP) tuzildi. Partiyaning Toshkentda I ta’sis qurultoyida uning Dasturi va Nizomi qabul qilindi. Adliya vazirligi 1995 yil 18 fevralda „Adolat“ SDPni ro‘yxatga olgan. Partiyaning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida huquqiy-demokratik davlat qurish, Vatanga sodiq xizmat qilish, adolatli fuqaroviy jamiyat qurish, demokratiya talablarining hamda mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning orzu-umidlariga monand shart-sharoit yuzaga keltirishga hissa qo‘shishdan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2010 yildagi qarori bilan „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasining 19 kishidan iborat deputatlari fraksiyasi ro‘yxatga olingan. Partiya fraksiyasi „Adolat“ SDP majlislari, kengashlari va qurultoylari qarorlariga amal qilib, ular oldida o‘z ishlari yuzasidan belgilangan tartibda hisobot beradi. O‘zbekiston „Adolat“ SDP safida 30 mingdan ortiq a’zo bor. Qoraqalpog‘iston Respublikasida, barcha viloyatlarda, shuningdek, 175 shahar va tumanlarda partiya Kengashlari tuzilgan. Joylarda 1000 dan ortiq boshlang‘ich partiya tashkilotlari ish olib bormoqda. O‘zbekiston „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasining „Adolat“ nomli ijtimoiy-siyosiy haftalik gazetasi nashr etilmoqda. O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan partiyalardan yana biri - O‘zbekiston „Milliy tiklanish“ demokratik partiyasidir (O‘zMTDP). U 1995 yil 3 iyunda Toshkentda bo‘lib o‘tgan ta’sis qurultoyida tuzildi va partiyaning Dasturi va Nizomi qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 1995 yil 9 iyunda O‘zMTDP ni ro‘yxatga olgan. Partiya oliy maqsadi milliy tiklanish g‘oyasini amalga oshirish yo‘lida o‘z harakatining asosiy yo‘nalishlarini quyidagicha belgilaydi: millatning ma’naviy birligi; Vatan - yagona oila; kuchli demokratik davlat; milliy qadriyatlar; ilmiy-texnikaviy taraqqiyot va umumjahon integratsiya; zamon kishisi; milliy istiqlol. O‘zbekiston MTDPning oliy organi 5 yilda chaqiriladigan qurultoy bo‘lib, unda rahbar organlar saylanadi. 1999 yil 28 dekabrda O‘zbekiston „Fidokorlar“ milliy demokratik partiyasi tashkil topdi. Parti-yaning 1998 yil 28 dekabrdagi ta’sis konferensiyasida uning Dasturi va Nizomi tasdiqlangan. „Fidokorlar“ partiyasining maqsadi kindik qoni to‘kilgan tuproq, ajdodlar merosi va qadriyatlari bilan faxrlanadigan, xalq g‘amini o‘z g‘ami deb bilib, har qanday tahdid, xavf-xavotir, qiyinchi-liklar oldida bosh egmaydigan, tiz cho‘kmaydigan, Vatan, taraqqiyot, ijtimoiy adolat yo‘lida jonini ham fido qilishga tayyor, elim deb, yurtim deb yonib yashaydigan fidokor shaxslarni birlash-tirishdir. Partiya mulkdorlar daxlsiz-ligini ta’minlashga intiladi, fikrlar, g‘oyalar, qarashlar xilma-xilligiga asoslanadi. Toshkentda 20 iyun (2008 y.) kuni O‘zbekiston „Fidokorlar“ milliy demokratik partiyasi va O‘zbekiston „Milliy tiklanish“ partiyasining birlashuv qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda O‘zbekiston „Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi va „Fidokorlar“ milliy demokratik partiyasini birlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Birlashgan partiyalarga „Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi nomi berildi. Markaziy kengash, Markaziy nazorat-taftish komissiyasi a’zolari saylandi, birlashgan partiyaning bosma organi tasdiqlandi. Partiya markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi etib Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi Axtam Tursunov saylandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2010 yil qarori bilan Milliy tiklanish demokratik partiyasining 31 nafardan iborat deputatlar fraksiyasi ro‘yxatga olingan. 2003- yil oxirlarida O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi tashkil topdi. Uning maqsadi tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatini himoya qilish, jamiyat hayotini yanada erkinlashtirishdan iborat. O‘zLiDePning „XXI asr“ haftalik gazetasi nashr etilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi-ning 2010 yil qarori bilan O‘zbekiston liberal demokratik partiyasining 53 kishidan iborat deputatlar fraksiyasi ro‘yxatga olingan. 1995 yil may oyida jamoatchilikning tashabbusi bilan O‘zbekiston „Xalq birligi“ harakati tashkil etildi va faoliyat ko‘rsatmoqda. Adliya vazirligi mazkur harakatni 1995 yil 9 iyunda ro‘yxatga oldi. Harakatning asosiy maqsadi O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millatlar va elatlarni jipslashtirish, ularning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan huquq va erkinliklarini kafolatlash, mamlakatda millatlararo totuvlik, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni mustahkamlashdan iborat. O‘zbekiston „Xalq birligi“ harakatining oliy organi qurultoy bo‘lib, u 4 yilda bir marta chaqiriladi. Unda rahbar organlar saylanadi. O‘zbekiston „Xalq birligi“ harakati tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, shahar va tuman kengashlari hamda boshlang‘ich tashkilotlari ish olib bormoqda. „Xalq birligi“ harakati Respublika Baynalmilal madaniy markazi hamda 100 dan ortiq milliy-madaniy markazlar bilan bahamjihat faoliyat yuritmoqdaki, bu turli millat va elat vakillari birligini mustahkamlashda ijobiy rol o‘ynamoqda. O‘zbekiston „Xalq birligi“ harakatining „Birlik“ va „Edinstvo“ haftalik gazetalari nashr etilmoqda. O‘zbekiston Prezidentining 1996 yil 17 apreldagi farmoniga muvofiq respublika yoshlarining „Kamolot“ jamg‘armasi nodavlat xayriya jamoat birlashmasi sifatida tashkil topgan edi. „Kamolot“ jamg‘armasining vazifasi yoshlarning manfaat va ehtiyojlarini o‘rganish, ularni qondirish yuzasidan dasturlar tuzish va davlat ko‘magida hayotga tatbiq etishdan iborat edi. Ammo „Kamolot“ yoshlar jamg‘armasi bunday vazifalarni bajara olmadi, yoshlarning haqiqiy ma’nodagi yetakchisiga aylana olmadi. Prezident Islom Karimov 2001 yil 24 yanvarda Toshkentda bo‘lib o‘tgan yoshlar masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda yoshlarning chinakam suyanchi bo‘la oladigan yangi tashkilot tuzish g‘oyasini ilgari surdi. 2001 yil 25 aprel kuni Toshkentda bo‘lgan yoshlar qurultoyida o‘zini o‘zi boshqaradigan nodavlat, notijorat tashkiloti - O‘zbekiston Respublikasi „Kamolot“ yoshlar ijtimoiy harakati tuzildi va uning Dasturi, Nizomi tasdiqlandi. „Kamolot“ yoshlar ijtimoiy harakatining asosiy maqsadi yoshlarni birlashtirish (14 yoshdan 28 yoshgacha), sog‘lom turmush talablari asosida tarbiyalash, jamiyatda munosib o‘rnini egallashga ko‘maklashish, ularning manfaatlarini himoya qilish, yosh yigit-qizlarning o‘z aql-zakovati, kuch-g‘ayratini to‘la namoyon etishi uchun zarur shart-sharoit yaratib berish, yosh avlodning tayanchi va suyanchisi bo‘lishdan iboratdir. O‘zbekistonda turli jamoat tashkilotlari ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari turli kasb egalari bo‘lgan xodimlarning jinsi, diniy e’tiqodlari, irqiy va milliy munosa-batlaridan qat’i nazar ixtiyoriy birlashtiruvchi mustaqil ommaviy jamoat tashkiloti sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Kasaba uyushmalarining tashkiliy tuzilishi jahon kasaba uyushmalari amaliyoti andozalariga mos keladigan federalizm, demokratiya, mustaqillik va ixtiyoriylik tamoyillari asosida isloh etildi. Kasaba uyushmalarining quyidan yuqorigacha barcha organlari uyushma a’zolari tomonidan saylangan vakillarning yig‘ilishlari, konferensiyalari va qurultoylarida saylanadi va ular oldida hisob beradi. O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 1996 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, 53 mingga yaqin boshlang‘ich tashkilotlariga ixtiyoriy ravishda birlashgan 7,5 milliondan ziyod a’zosi bor. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarkibida 21 tarmoq kasaba uyushmalari, hududiy jihatdan esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 viloyat hamda Toshkent shahar kasaba uyushmalari Kengashlari mavjud. Ular xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida faoliyat ko‘rsatmoqdalar. Mustaqillik sharoitida ayollarni, ko‘p bolali onalarni har tomonlama muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, mehnatkash va ijodkor ayollarni bozor iqtisodiyoti bilan bog‘liq bo‘lgan muam-molarni hal etishga keng safarbar etish, ilm-fan sohasidagi ayollarning imkoniyatlarini yanada kengaytirish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 1 martdagi O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi to‘g‘risidagi farmoyishi bilan Xotin-qizlar qo‘mitasi tuzildi. O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasining asosiy maqsadi jamiyatda xotin-qizlarning rolini oshirish, ularning ma’naviy va madaniy talablarini qondirish, ayollarga ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va psixologik yordam berish, oilani, onalik va bolalikni himoya qilish, tinchlik va ijtimoiy taraqqiyot uchun ayollarning ishtirok etishlarini ta’minlashdan iboratdir. O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlar qo‘mitasi tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat xotin-qizlar qo‘mitalari, Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi, 38 shahar, 170 tuman, 14 mingdan ortiq mehnat jamoalari va turar joylarda tashkil etilgan xotin-qizlar qo‘mitalari faoliyat yuritmoqdalar. Qo‘mita qoshida xotin-qizlar toifalariga qarab tuzilgan turli-tuman professional, ijodiy va boshqa uyushmalar ishlamoqda. 1996-yil dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan Faxriylar kengashi „Nuroniy“ jamg‘armasiga aylantirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 16 martdagi „1941-1945 yillardagi urushda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 50 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni nishonlash to‘g‘risida“gi Farmonida o‘zbekistonliklarning urush yillaridagi jasoratini hamda qurbon bo‘lganlar xotirasini abadiylashtirishga bag‘ishlangan ko‘p jildli „Xotira“ kitobini nashr etish vazifasi qo‘yildi, yetarli miqdorda mablag‘ ajratildi va barcha shart-sharoit yaratib berildi. Juda katta mehnat va mashaqqatli izlanishlar natijasida urushda halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan 450 mingga yaqin o‘zbekistonlik jangchilarning aziz nomlari zikr etilgan 34 jildlik „Xotira“ kitobi 1995 yilda, g‘alabaning 50 yilligi arafasida xalqimizga, sobiq jangchilarning xonadonlariga bepul yetkazib berildi. Shuningdek, u barcha muzeylarga, Toshkent shahri va viloyatlardagi faxriylar tashkilotlariga, kutubxonalarga, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tekshirish institutlariga, vazirlik va idoralarga, Davlat organlari, hokimliklar va jamoat tashkilotlariga hamda Moskva, Sankt-Peterburg, Kiyev, Minsk, Volgograd shaharlari muzeylariga yuborildi. „Xotira“ kitobida katta tarix, achchiq hayot haqiqati tiklangan. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda aholining keng qatlamlarini birlashtiruvchi 5 mingdan ortiq jamoat birlashmalari, nodavlat va notijorat tashkilotlari shakllandi va faoliyat ko‘rsatmoqda. Shular jumlasiga „Ma’naviyat va ma’rifat“ jamoatchilik markazi, „Sog‘lom avlod uchun“ va „Ekosan“ xalqaro jamg‘armalari, „Mahalla“ va „Navro‘z“ xayriya jamg‘armalari, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash „Ulug‘bek“ va „Iste’dod“ jamg‘armalari, „Mehr-shafqat va salomatlik“, „Bolalar“, „Amir Temur“, „Alisher Navoiy“, „Abdulla Qodiriy“ jamg‘armalari va boshqalar kiradi. Jamoat birlashmalariningturlari va maqsadlarini 16- chizmadan aniqroq bilib olishingiz mumkin. Ommaviy axborot vositalari xalqqa ilmiy, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy bilimlar, ma’lumotlar tarqatuvchi manbadir. Ular tarkibiga gazeta va jurnallar, radio va televideniye hamda boshqa axborot tarqatuvchi vositalar kiradi. Sobiq Ittifoq davrida ommaviy axborot vositalari to‘la davlat monopoliyasiga olingan bo‘lib, kommunistik mafkura quroliga aylantirilgan, milliy zamindan uzilgan edi. Mustaqillik yillarida ommaviy axborot vositalariga munosabat o‘zgardi. Avvalo ularning huquqiy asoslarini yaratish tadbirlari ko‘rildi. O‘zbekiston Konstitutsiyasining 67-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari erkin va qonunga muvofiq ishlaydi. 29-moddasida esa har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasno, deb belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisida 1997 yil 24 aprelda „Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida“ va „Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida“, 1997 yil 26 dekabrda „Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida“ Qonunlar qabul qilindi. Davlat organlari, muassasalar, tashkilotlarning mansabdor shaxslari senzurani amalga oshirganlik, jurnalistga tazyiq o‘tkazganlik, uning professional faoliyatiga aralashganlik uchun javobgar bo‘lishlari qonunan mustahkamlab qo‘yildi. Ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishni ta’minlashga qaratilgan 10 ga yaqin qonun hujjatlari qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida tuzilgan Axborot markazi, Milliy matbuot klubi ommaviy axborot vositalariga moddiy jihatdan ko‘maklashmoqda. Respublika Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, 1996 yil avgust oyida ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi ijtimoiy-siyosiy jamg‘arma tashkil etildi. Respublika Prezidentining 1997 yil 7 maydagi „O‘zbekiston ijtimoiy taraqqiyotida televideniye va radioning rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“ gi Farmoniga ko‘ra O‘zbekiston Davlat televideniye va radioeshittirish qo‘mitasi O‘zbekiston teleradiokompaniyasiga aylantirildi va uning joylarda hududiy bo‘linmalari tuzildi. Bu tadbir o‘zteleradiokompaniyaning aholi va jamiyatning xolisona, haqqoniy axborotlarga ehtiyojini o‘rganish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va o‘zgarishlar to‘g‘risida aholini, chet el jamoatchiligini keng xabardor qilish sohasidagi faoliyatini demokratlashtirish va rivojlantirishga salmoqli turtki berdi. Mustaqillik yillarida respublika ommaviy axborot vositalarining soni ko‘paydi, sifati yaxshilandi. 1990 yilda 376 nomda gazeta va jurnallar chop etilgan bo‘lsa, 2010 yilda ommaviy axborot vositalari va elektron ommaviy axborot vositalari soni 1200 taga yetdi. 4 ta axborot agentligi, 55 ta nashriyot, 100 ga yaqin davlat va nodavlat teleradiostudiyalari va uning hududiy bo‘linmalari faoliyat ko‘rsatdi. Ko‘pmillatli O‘zbekiston Respublikasida gazetalar, jurnallar, telera-diostudiyasi 12 tilda - o‘zbek, rus, qoraqalpoq, tojik, qozoq va boshqa tillarda chop etiladi, eshittiriladi. 6 ta gazeta va 8 ta jurnalda o‘zbek tili bilan birga ingliz, arab, turk, urdu, forsiy, hind tillaridan foydalaniladi. Ommaviy axborot vositalari, ularning muassislari, mazmuni va yo‘nalishiga qarab bir necha guruhlarga bo‘linadi. Bular davlat tomonidan nashr etiladigan; siyosiy partiya va jamoat tashkilotlari, tijorat va xususiy gazeta va jurnallardir. Shuningdek, diniy tashkilotlarning gazeta va jurnallari, adabiy-badiiy, ixtisoslikka yo‘naltirilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-madaniy nashrlar mavjud. 1996 yilda respublikamiz AQSHda joylashgan „Internet“ global tarmog‘i bilan bog‘landi va jahon yangiliklarini qabul qilib olish va axborotlar uzatish yo‘lga qo‘yildi. Internet tizimidan foydalanuvchilar safi kengayib bormoqda. 2003- yilda mamlakatimizning yarim milliondan ortiq aholisi axborot xizmatining muhim turi hisoblanayotgan Internetdan foydalangan bo‘lsa, 2010- yilda ularning soni 6 milliondan oshdi. Shahar va tuman markazlarida Internet klublar, Internet kafelar soni, milliy axborot segmenti yildan yilga ko‘payib bormoqda. 2004 yil aprel oyida „uz“ hududida ro‘yxatga olingan WEB saytlar soni 2600 taga yetdi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining WEB sayti (WWW. press-servise. uz) Internet tarmog‘ida mashhur bo‘lib ketdi. Undan mamlakatimiz aholisi, shuningdek, jahondagi 80 dan ortiq mamlakat fuqarolari foydalanmoqdalar. Download 384.96 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling