Adilov farxod abduvaliyevich
Iqtisodiy mustaqillik imkoniyatlari
Download 384.96 Kb.
|
yangi tarix - ҚЎЛЛАНМАохиргиси (2)
Iqtisodiy mustaqillik imkoniyatlari. Iqtisodiy mustaqillik xalqimizni iqtisodiy zug‘um, mutelikdan ozod etdi, o‘z yeri, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi va boshqa ta-biiy zaxiralarga to‘la egalik qilish huquqini berdi. O‘z hududimizdagi barcha mulk, korxonalar O‘zbekiston tasarrufiga olindi, mustaqil iqtisodiy siyosat yuritish, o‘z iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini o‘zi belgilash erkinligi qo‘lga kiritildi. Iqtisodiy mustaqillik mamlakatimizga mustaqil moliya-kredit, bank siyosatini yuritish, o‘z davlat budjetini yaratish va unga to‘la egalik qilish, milliy valuta, oltin zaxirasi va valuta jamg‘armasini tashkil etish va ulardan xalqimiz farovonligi, yurtimiz obodonligi yo‘lida mustaqil foydalanish imkoniyatini yaratdi. Iqtisodiy mustaqillik tufayli ishlab chiqarish munosabatlarini ma’muriy buyruqbozlik, markaziy rejalashtiruvchi mexanizmdan erkin, bozor iqtisodiyoti sharoitlariga o‘tkazish, jahon xo‘jaligi aloqalari tizimiga kirish mumkin bo‘ldi. Davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilgach, O‘zbekiston umumbashariy, jahon sivilizatsiyasining katta yo‘liga tushib oldi. O‘zbekiston bozor munosabatlarini shakllantirish, milliy an’analarga asoslangan o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi. Chunki turli mamlakatlardagi bozor iqtisodiyoti, u xoh Amerika yoki Germaniyada bo‘lsin, xoh Yaponiya yoki Janubiy Koreyada bo‘lsin, baribir umumiy qonunlar bo‘yicha rivojlanib borgan holda har biri o‘zining o‘ziga xos xususiyatlariga ham ega bo‘lgan. Bu xususiyatlar xo‘jalikning tuzilishi va shart-sharoitlari, tabiati va iqlimi, milliy rasm-rusumlari, an’analari va milliy xarakteri orqali belgilanadi. O‘zbekistonda bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li ishlab chiqildi. Bu yo‘lning asosiy qoidalari Prezident Islom Karimovning „O‘zbekiston - bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li“ nomli asarida, Respublika parlamentida qilgan ma’ruza va nutqlarida, mamlakat parlamenti qabul qilgan qonunlarda bayon etib berilgan. Bu yo‘lga, birinchidan, xalqaro tajriba asos qilib olindi. Ikkinchidan, respublikamiz xo‘jalik imkoniyatlari, shart-sharoitlari, eski tuzumdan meros bo‘lib qolgan muammolar hisobga olindi. Davlat qurilishi dasturining va O‘zbekiston iqtisodini isloh etishning butun o‘zagini mamlakat Prezidenti I. A. Karimov tomonidan ishlab chiqilgan besh asosiy tamoyil tashkil etdi. Ular quyidagilardan iborat: Birinchidan, iqtisodiyotni mafkuradan batamom xoli qilish. Iqtisodiyot siyosatdan ustun turmog‘i lozim. Aynan iqtisodiyot, uni yanada rivojlantirish muammolari davlat siyosatining asosiy mazmuniga aylandi. Ikkinchidan, davlatning o‘zi eski tuzumdan yangi tuzumga o‘tish davrida bosh islohotchisi bo‘lishi zarur. Davlat butun xalqning manfaatlarini ko‘zlab, islohotlar jarayonining tashabbuskori bo‘lishi, iqtisodiy taraqqiyotining yetakchi yo‘nalishlarini belgilashi, iqtisodiyotda, ijtimoiy sohada va suveren davlatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida tub o‘zgarishlarni amalga oshirish siyosatini ishlab chiqishi va izchil ro‘yobga chiqarishi kerak. Uchinchidan, Qonunning ustuvorligi, yangilanish va taraqqiyot jarayoni qonunlarga asoslanmog‘i zarur. Iqtisodiy o‘zgarishlar amaliy kuchga ega bo‘lgan qonunga tayangandagina sezilarli natija berishi mumkin. To‘rtinchidan, bozor iqtisodiyotiga o‘tishda kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, davlatning aholini ijtimoiy nochor guruhlarini qo‘llab-quvvatlash borasida mas’ul bo‘lishidir. Iqtisodiy islohotlarning barcha bosqichlarida demografiya sohasidagi real ahvolni, aholini mavjud turmush darajasini hisobga olgan holda odamlarni ijtimoiy himoyalash sohasida kuchli chora-tadbirlarni oldindan amalga oshirish kerak. Ijtimoiy himoyalash mexanizmi mavjud bo‘lganidagina ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni saqlash mumkin. Beshinchidan, islohotlarni, bozor munosabatlarini shakllantirishni puxta o‘ylab, bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim. „Bu yo‘l va andaza iqtisodiyoti bozor munosabatlari asosiga qurilgan rivojlangan mamlakatlarning ko‘p asrlik tajribasiga, shuningdek, O‘zbekiston xalqining milliy-tari-xiy merosi, turmush tarzi, an’analari va ruhiyati xususiyatlariga tayanishi lozim“13.
Besh tamoyilning har biri demokratik va iqtisodiy o‘zgarishlarni muvaffaqiyatli isloh qilib borishda birday muhim ahamiyatga egadir. Shu bilan birga, bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish tamoyili alohida e’tiborga loyiq. Bu yetakchi tamoyillardan biridir. Bu iqtisodiy islohotlarning butun ichki mantiqini, rivojlanib borishi va xarakterini belgilab beradi, belgilangan maqsadlarga erishish uchun mavjud kuchlarni va imkoniyatlarni mujassam etish, eng muhim va birinchi o‘rindagi vazifalarni aniqlash va ularni islohotlar muvaffaqqiyati yo‘lida xizmat qildirishga sharoit yaratadi. Bu tamoyil bozor munosabatlarini qadam-baqadam shakllantirishni, bir bosqichini oxiriga yetkazib va tegishli asos, zamin yaratib, keyin yangi bosqichga o‘tishni taqozo etadi. O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarning uzoqni ko‘zlagan quyidagi strategik maqsadlari belgilab olindi: — milliy boyliklarning o‘sishini, kishilar turmushi va faoliyati uchun munosib sharoitni ta’minlaydigan kuchli va muntazam rivojlanib boruvchi tizim yaratish; — ko‘p ukladli iqtisodiyotni vujudga keltirish, kishining mulkdan begonalashuvini bartaraf etish, tashabbuskorlik va tadbirkorlikning har taraflama o‘sishi uchun asos bo‘ladigan xususiy mulkchilikning davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlash; — korxonalar va fuqarolarga keng iqtisodiy erkinliklar berish, ularning xo‘jalik ishlariga davlatning to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvidan voz kechish, iqtisodni boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik usullarini yo‘q qilish, iqtisodiy vositalar va rag‘batlantirishlarni keng qo‘llash; — moddiy, tabiiy va mehnat resurslaridan unumli foydalanishni, raqobatbardosh tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishni, jahon iqtisodiyot tizimiga kirib borishni ta’minlaydigan chuqur iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirish; — kishilarda yangicha iqtisodiy tafakkurni shakllantirish, ularning dunyoqarashini o‘zgartirish, har bir kishiga o‘z mehnatini qo‘llash sohalari va shakllarini o‘zi mustaqil belgilab olishi uchun imkoniyat yaratish. Strategik maqsadlar asosida iqtisodiy-islohotlarning asosiy va muhim tomonlari aniq belgilab olindi. Eng avvalo, birmuncha o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yaqin vaqtlar ichida hal etishga yordam beradigan asosiy tarmoqlarni rivojlantirishga e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirildi: — mulkiy islohotlar; — institutsional (muassasalar) va moliya-kredit islohotlari; — agrar islohotlar; — tashqi iqtisodiy faoliyat islohotlari; — ijtimoiy sohadagi islohotlar. Islohotlar jarayonini huquqiy jihatdan ta’minlash, qonuniy asoslarini yaratishga alohida e’tibor berildi. „Iqtisodiy islohotni amalga oshirishning asosiy nuqtalaridan biri bozor iqtisodiyotining huquqiy negizini yaratishdan iborat“14- ekanligi birinchi Prezidentimiz tomonidan etirof etildi. Davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilgach, O‘zbekiston bozor munosabatlarini shakllantirishni, milliy an’analarga asoslangan o‘z yo‘lini tanlab oldi. Bu yo‘lning asosiy qoidalari Prezident Islom Karimovning «O‘zbekiston bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li» nomli asarida asoslab berildi (besh tamoyil). Download 384.96 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling