Adl ila olam yuzin obod qila…
O’zbekiston- bag’rikeng mamlakat
Download 132.14 Kb.
|
ma\'naviyat o\'quvi
O’zbekiston- bag’rikeng mamlakat
E’tiqodlar turlicha bo‘lgan va ko‘p millatli jamiyatda bag‘rikenglik, hamjihatlik va o‘zaro totuvlik muhitini yaratish va fuqarolar orasida mehr-oqibat tuyg‘ularini mustahkamlash ijtimoiy taraqqiyotga erishish garovidir. O‘zbekistonda qadimdan turli millat va elat hamda konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, o‘z diniy rasm-rusumlarini emin-erkin ado etib kelgan bag‘rikeng diyor sifatida qadrlanadi. Mamlakatimizning ushbu yo‘nalishda olib borayotgan izchil siyosati xalqimiz va jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda e’tirof etilmoqda. Shu mavzuda falsafa fanlari doktori, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori Ismoil Saifnazarov bilan suhbatlashdik. — Ustoz, olim sifatida ko‘p yillardan beri jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, din va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni kuzatib borasiz. Yoshlar o‘tmishda, Sovetlar hukmronligi yillarida dinga o‘tkazilgan shafqatsiz tazyiqdan u qadar ko‘p xabardor bo‘lmasalar kerak... — Shunday davrlar ham bo‘ldiki, din qatag‘onga uchradi. Ayniqsa, Sovet davrida odamlarning e’tiqodi “bo‘g‘ib qo‘yilgan”, diniy ulamolar qatag‘on qilingan edi. Qatag‘on avvalo, ziyolilar, din xizmatchilariga qarshi qaratilgan edi. 1937-yilning dekabr oyida “uchlik” qarori bilan hukm qilingan 3 ming 644 kishidan 1 ming 464 nafari imom, eshon, mulla va boshqa diniy xizmatchi bo‘lgan. Taniqli dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri, asli samarqandlik Mahmudxo‘ja Behbudiy birinchilardan bo‘lib ana shu zulmkor tuzum qurboniga aylandi. U 18 yoshidan qozixonada mirzalik qiladi, qozi, mufti darajasiga ko‘tariladi. Yana bir taniqli ulamo Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon (1860 — Toshkent —1957) — muftiy, shayx. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkilotchilaridan biri va uning birinchi raisi, muftiy. Eshon Boboxon va uning o‘g‘li Zayniddinxon diniy bilimlar berishda ayblanib 1937-yilda va 1941-yillarda ikki marotaba hibsga olingan. Ulamoga juda katta zulm qilindi. O‘g‘li Zayniddinxon Buryatiyada NKVD lagerida og‘ir sharoitlarda halok bo‘ldi. Abdurahmon Berdialiyev (1888-yili Andijan okrugi, Baliqchi tumani, Tumor qishlog‘ida tug‘ilgan, imom, hibsga olingan vaqtda kolxozchi) — bosmachilik va boshqa aksil-inqilobiy harakatlarda qatnashgan, kolxoz tuzumiga qarshi targ‘ibot olib borgan degan tuhmat bilan “uchlik” tomonidan 1938-yil 9-fevralda otuvga hukm qilingan. Haydar Hazratqulov (1868-yili hozirgi Jizzax viloyati Jizzax tumani Yetimtak qishlog‘ida tug‘ilgan, din xizmatchisi, imom) — aksilinqilobiy millatchi tashkilot a’zosi, aholi orasida kolxozga qarshi targ‘ibot olib borgan, degan uydirma bilan “uchlik” -ning 1938-yil 9-fevral qaroriga ko‘ra o‘n yil mehnat-tuzatish lageriga hukm qilingan.Najmiddin Inomov (1882-yili hozirgi Namangan viloyati Namangan tumani Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan, din xizmatchisi, imom, hibsga olingan vaqtda ishsiz) — aholi orasida aksilinqilobiy tashviqot olib borgan, kolxozchilarni sovet hokimiyatiga qarshi chiqishga targ‘ib etgan, degan bo‘htonlar bilan, “uchlik” qaroriga ko‘ra 1938-yil 9-fevralda otuvga hukm qilingan. Bu o‘rinda bor-yo‘g‘i uch-to‘rt nafar qatag‘on qurboni bo‘lgan imomlar haqida qisqa ma’lumotlarni keltirdik. Ularning barchasi keyinchalik aybi yo‘qligi uchun oqlangan. Xuodsizlikka asoslangan tuzumning tazyiqlari 1980-yillargacha davom etdi. O‘tgan asrning 80- yillarida ham diniy urf-odatlarni oshkora bajarishdan qo‘rqardik, hatto xudojo‘yman, deyishga ham botinolmasdik. Ziyolilar masjidga borgani, janoza namozlarida qatnashgani uchun kommunistik firqadan va egallab turgan lavozimidan haydalardi. Mustaqillik e’lon qilinib, mafkuraviy zanjirdan xalos bo‘lingach, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, respublikamizda ko‘plab masjidlar qurilib, diniy tashkilotlar tuzishga ruxsat berildi. Bunday jarayon taxminan yangi asrning boshlarigacha davom etdi. 1999, 2004 va 2005-yillarda yurtimizda amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari oqibatida diniy ekstremistik oqimlarga munosabat tubdan keskinlashdi. Ba’zi diniy guruhlar o‘z maqsadlaridan og‘ib, qonun doirasidan chiqa boshlagani va bilib-bilmay davlat siyosatiga aralashgani bois, davlat ehtiyot chorasi sifatida nazoratni yanada kuchaytirdi. Lekin bu kurash haddan tashqari oshirib yuborildi. Ittifoq tarqab ketgandan so‘ng islom ta’limotlarini o‘rgana va ularga amal qila boshlagan kishilar asosiy tahdid deb qabul qilindi. Mamlakat boshqaruvining so‘nggi 20 yili o‘ta dindorlikda (rasman “diniy ekstremizm”da) gumon qilingan kishilarni tutish va qamoqqa tiqish tinimsiz kampaniyaga aylanib ketgan edi. Ular terrorizmda, konstitutsiyaga zid faoliyat bilan shug‘ullanishda, islom davlati barpo etish rejasini tuzishda ayblandi. Hatto uyidan oddiy arab yozuvidagi adabiyotlar chiqqanlar va oddiy namozxonlar ham qamoqqa tiqib qo‘yilgan holatlar ham bo‘ldi. — Bugungi kunda O‘zbekistonning diniy sohadagi siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan keng olqishlandi. Sizningcha, diniy e’tiqod erkinligi bobida mamlakatimiz qanchalar ilgariladi? — Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelgach, dindorlarni ta’qib qilishni to‘xtatdi. Bundan tashqari, u dindorlarning “qora ro‘yxati”ni bekor qildi, oldin qamoqqa tashlangan ko‘plab mahbuslarni afv etdi, Qoraqalpog‘istondagi asosan dindorlarni qamashga mo‘ljallangan va sharoiti o‘ta og‘ir bo‘lgan “Jasliq” qamoqxonasini yopdi. Ayniqsa, oxirgi yillarda mamlakatimizda dinga munosabat ancha liberallashganini ta’kidlash lozim. Ekstremizmda ayblangan 18 ming nafardan ziyod hamyurtimiz “qora ro‘yxat”dan chiqarilganining o‘zi ko‘p narsadan dalolat beradi. Mamlakat bo‘ylab birinchi marta barcha bosqichlardagi Qur’on musobaqalari o‘tkazildi. Soqol va hijob borasidagi tartib yumshadi yoki alohida holatlarda fuqarolarning soqol qo‘yishi yoki hijob o‘rashlariga qarshilik ko‘rsatilmadi. Toshkentda ilk marta Qur’oni Karimning xususiy nashriyotda chop etilishiga ruxsat berildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 16 ta konfessiyaga mansub 2277 ta diniy tashkilot faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 2094 tasini islomiy diniy tashkilotlar, shu jumladan, 2067 tasini masjidlar tashkil etadi. Shuningdek, mamlakatda 66 ta xristian diniy tashkiloti, 8 ta yahudiy va 6 ta bahoiy jamoalari, bittadan krishnachilar jamiyati va buddaviylar ibodatxonasi hamda konfessiyalararo O‘zbekiston Bibliya jamiyati faoliyat yuritmoqda. Respublikamizda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, 9 ta madrasa, jumladan, 2 ta ixtisoslashtirilgan xotin-qizlar bilim yurti, Toshkent pravoslav diniy seminariyasi, Toshkent protestant seminariyasi kabi o‘quv muassasalari mavjud. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgan. Viloyatlarda kalom, hadis, fikh, aqida va tasavvuf ilmi maktablari ochilgan. Shuningdek, O‘zbekiston to‘liq Injil xristianlari markazi, O‘zbekiston Injil xristian-baptistlar cherkovlari ittifoqi faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Dinshunoslik”, “Fikh”, “Qur’on”, “Hadis” kabi yangi diniy mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv rejasi joriy etildi. Akademiyada diniy ta’lim sohasida malakali kadrlar tayyorlash maqsadida “Qur’onshunoslik va hadisshunoslik”, “Islom tarixi va manbashunoslik”, “Aqida” kabi kafedralar ochildi. — Yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha diniy konfessiyalar vakillariga birdek imkoniyat berdi, deb ayta olasizmi? Qonun nimasi bilan ahamiyatli? — To‘g‘ri savolni o‘rtaga tashladingiz. Dinning yuksak madaniyat va ma’naviyat vositasi ekanligi, beqiyos axloqiy-tarbiyaviy qudrati, shuningdek, insonlarni kamtarinlik, kamsuqumlik, halollik va poklikka undovchi qadriyatlari milliy qadriyatlar qatorida qonunan tan olindi. Din har qanday millatlararo mojarolar, qonli to‘qnashuvlarni qattiq qoralaydi, turli din va millatdagi odamlarni o‘zaro birodar, ahil bo‘lib, tinch-totuv hayot kechirishga da’vat etadi. Misol tariqasida aytib o‘tadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda dinga e’tiqod qiluvchilar barcha diniy bayramlarni erkin nishonlamoqdalar. Yildan yilga musulmonlarning Ramazon va Qurbon hayitlari, xristianlarning Pasxa va Rojdestvo, yahudiylarning Pasxa, Purim va Xanuka bayramlari keng ko‘lamda nishonlanmoqda. Bundan tashqari har yili O‘zbekiston Respublikasi hukumatining har tomonlama ko‘magi orqali musulmonlar Xaj va Umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga, xristianlarni Rossiya, Gretsiyaga, yahudiylar esa Isroilga ziyoratga yuborilmoqda. Avvallari fuqarolarimiz Umra safariga borish uchun yillab navbat kutishar, turli xil boshqa yo‘llar bilan borish imkoniyatlarini qidirishar edi. Endi yurtimiz fuqarolarining muqaddas ziyoratga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish maqsadida jamoatchilik kengashi qarori asosida Umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash bo‘yicha (kvota) cheklovlar olib tashlandi. Ilgarigi tartibga ko‘ra, “Umra” safariga borishi mumkin bo‘lgan ziyoratchilar kvotasi har yili o‘n ming kishi etib belgilangan edi. Shuningdek, davlat tomonidan har bir konfessiya bilan o‘zaro munosabatlari quyidagi tamoyillariga asoslanadi: diniy tuyg‘ularni hurmat qilish; diniy e’tiqodni fuqarolarning shaxsiy ehtiyoji sifatida e’tirof etish; dindan g‘ayriqonuniy maqsadlarni amalga oshirish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik; fuqarolarning har qanday dinga e’tiqod qilishi yoki hech bir dinga e’tiqod qilmasligidan qat’i nazar teng huquqliligini ta’minlash va ularni ta’qib qilishga yo‘l qo‘ymaslik. Mazkur tamoyillar asosida esa davlat turli dinlarga e’tiqod qiluvchi va ularga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, har xil e’tiqodlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashadi, shuningdek diniy konfessiyalar o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Shaxsan men uchun O‘zbekiston hukumatining hozirgi kunda halok bo‘lgan yoki Suriyada qochqinlar lagerlarida bo‘lgan o‘zbek “jihodchilari”ning ayollari va farzandlarini vatanga qaytarish borasidagi ishlari ommaviy qatag‘onlar qaytmasligining isboti hisoblanadi. Bu insonparvarlik va ramziy belgi bo‘lib, murosa davri kelganini hamda avvalgi zo‘ravonliklarning tugaganini anglatadi. Diniy erkinliklar berilganini xalqaro hamjamiyat ham tan oldi. O‘zbekiston diniy erkinlik bo‘yicha maxsus kuzatuvdagi davlatlar safidan chiqarildi. Chunki o‘tgan bir necha yil mobaynida mamlakatda fuqarolarning e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha aniq va amaliy choralar ko‘rildi. — O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq vijdon erkinligi kafolatlangan. Bunday sharoitda bag‘rikenglik, totuvlik, erkinlik haqida gapirmaslikning iloji ham yo‘q. Zotan, yuksak ma’naviyat sari intilayotgan dunyoviy davlatda diniy qadriyatlar oxirgi masala emas. Ularni hurmat qilish, to‘g‘ri talqin etish, e’tiborsiz qoldirmaslik, lekin bir vaqtning o‘zida dinga yondashuv huquqiy me’yorlarini buzmaslik lozim. Bunday yondashuv ham mamlakat ichida, ham mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga yordam beradi. Shunday emasmi? — Davlatimiz dinni hamisha ijtimoiy madaniyatning ajralmas va muhim bo‘lagi sifatida qabul qilgan. Din xalq ma’naviyatini oziqlantiruvchi chashmadir. Lekin u siyosiylashmasligi va siyosatga aralashmasligi kerak. O‘zbekiston qonunchiligida din davlatdan ajratilgani belgilab qo‘yilgan. Yurtimizda diniy yoki etnik mohiyatdagi siyosiy partiya hamda jamoat harakatlarini tuzishga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Mazkur norma O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida ham aks etgan. Umuman olganda, diniy e’tiqod erkinligi gumanistik madaniyatning eng buyuk yutug‘i hisoblanadi. Bu tushuncha inson dindan mutlaqo yuz o‘girishi mumkinligini anglatmaydi. Hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini biz “vijdon erkinligi” tushunchasi bilan ifodalaymiz. Hozir u barcha dunyoviy davlatlar, jumladan, O‘zbekistonda ham amalda. Biroq vijdon erkinligi niqobi ostida terroristik yoki ekstremistik qarashlarni targ‘ib qilish hamisha qattiq qoralangan. Darvoqe, 2018-yilda yurtimizda “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganini eslatmoqchiman. Hujjatda “ekstremizm”, “terrorizm”, “radikalizm” tushunchalariga ta’rif berilgan. Bu juda muhim. Sababi ularni farqlamaslik yoki turlicha talqin qilish global illatlarga qarshi kurashishni qiyinlashtiradi. Biz azaldan bag‘rikeng xalqmiz. Tarixga nazar tashlang. Qadimda Xitoy, Hindiston, Yevropa, Erondan keluvchi savdo karvonlari Buyuk ipak yo‘li orqali yurtimiz hududini kechib o‘tgan. O‘sha vaqtda karvonsaroylarimiz haqiqiy bag‘rikenglik o‘choqlariga aylangandi. Hozir ham O‘zbekistonda o‘nlab millat va elat vakillari bahamjihat yashamoqda. Boshqa mamlakatlardagi o‘zbek diasporalari bilan aloqalar mustahkamlanyapti. Xorijdagi vatandoshlarimiz ishtirokida turli xalqaro anjuman va simpoziumlar tashkil qilinmoqda. Oxirgi yillarda islom mamlakatlari bilan hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining ma’rifiy islomni tiklash va targ‘ib etish, bu bo‘yicha bebaho ilmiy asarlar yaratgan buyuk mutafakkir bobolarimiz merosini o‘rganish hamda ommalashtirishga doir tashabbuslari xalqaro jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olingani behad quvonarli hol. Ma’rifiy islom bo‘yicha O‘zbekiston dunyoga ibrat bo‘lishiga ishonaman. So‘nggi vaqtlarda diniy huquqlar kengayishi haqida ko‘p gapirilmoqda. Ha, bu borada ba’zi ishlar qilindi va qilinmoqda. Islomiy-ma’rifiy markazlar, yangi-yangi masjidlar ochilishi shular jumlasidan. Ammo, hal etilishi muhim bo‘lgan yana bir qator muammolar turibdi. Ayniqsa, qonun ustuvorligi masalasida. Ijtimoiy tarmoqlarda diniylik va dunyoviylik haqidagi bahslar odatiy tus olgan. Ularda ko‘pincha har ikki tomon bir-birini toqatsizlikda ayblayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Hozircha bu muammolar nisbatan “beziyon” masalalar - Navro‘z yoki Yangi yil bayramini nishonlash, ayollar kiyimi (hijobi yoki mini yubkasi), erkaklar soqoli ustida boryapti. Ammo shu “beziyon” tortishuvlar erta bir kun jangovar qiyofa kasb etmasligiga kim kafolat bera oladi? Tomonlar bir-birini ayblashga o‘tsa, muammo yanada chuqurlashmaydimi? Demak, vaziyat taranglashishining oldini olish uchun o‘zaro tushunishga asoslangan muloqot va murosa lozim. Din har bir kishining shaxsiy ishi bo‘lmog‘i shart, dinga majburlash yo‘qligi prinsipiga har bir kishi qat’iy rioya etmog‘i zarur. Diniy bag‘rikenglik madaniyati oila, maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi va nihoyat oliy ta’limda shakllantiriladi, ta’lim tizimi qanchalik dunyoviy bilimlarni chuqur o‘rgatib borar ekan, yoshlarimiz dunyoqarashi ham keng, ko‘p hayotiy masalalarda o‘zining mustaqil pozitsiyasini aniq ifoda eta oladigan bo‘ladi. So‘zim oxirida fan va ta’lim sohasida 50 yillik tajribaga ega inson sifatida aytmoqchimanki, bugungi yoshlarimiz radikal yoshlar emas. Dinni va dunyoviy hayotni birdek olib borayotgan avlod. Oliy ta’lim dargohlarida berilayotgan ta’lim beiz ketmayapti. O‘tgan qisqa davr ichida jamiyatimizning bosh mezoni ma’naviyat hamda muqaddas dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyili asosida beqiyos o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu ijobiy o‘zgarish barcha jabhalarda, jumladan, dinimiz sohasida ham imkoniyatlarning tojiga aylandi. Xalqimizning boy diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, yoshlarimizning yot oqimlar ta’siriga tushishining oldini olish, ularni ilm-fanga rag‘batlantirish, yuksak axloqiy qadriyatlar asosida tarbiyalash bundan keyin ham izchillik bilan olib borilishi bizni taraqqiyotga eltadi. Download 132.14 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling