Ammiakli-nitratli o‘g‘itlar
Ammiakli-nitratli o‘g‘itlarning asosiy vakili ammiakli selitra (NH4NO3) dir. Olinishi. Ammiakli selitra o‘z tarkibida o‘rtacha 34,6 % nitrat va ammiak shakldagi azot tutadi. Uni 56-60 % li nitrat kislotani gazsimon ammiak yordamida neytrallab olish mumkin:
HNO3 NH3 (gaz) NH4NO3
Aralashma bug‘latilib, tarkibida 95-98 % NH4NO3, bo‘lgan modda olinadi. Uni qayta kristallash va quritish asosida olinadigan oq tusli, zarrabin mahsulot 98-99 % NH4NO3 tutadi (qolgan 1-2 % ni o‘g‘itning fizikaviy xususiyatlarini yaxshilash uchun qo‘shiladigan qo‘shimchalar tashkil qiladi). Ammiakli selitra gigroskopik bo‘lgani bois tezda nam tortib, mushtlashib qoladi. Bu xususiyatni yo‘qotish uchun unga fosforit yoki suyak talqoni, gips, kaolinit kabi moddalar qo‘shiladi. Bu qo‘shilmalar unga sarg‘ish tus beradi. Ammiakli selitraning asosiy qismi granulalangan (donadorlangan) holatda ishlab chiqarilmoqda. Donador ammiakli selitra yaxshi fizikaviy xossalarga ega bo‘lib, sochiluvchanligini uzoq muddat saqlab turadi. Ammiakli selitra tarkibidagi sof azotning miqdori 34,6 % dan kam bo‘lmasligi, namligi 0,4 % dan, qo‘shilmalar miqdori 0,1 % dan oshib ketmasligi, muhiti mo‘‘tadil yoki kuchsiz nordon bo‘lishi lozim. Tayyor o‘g‘it nam tortmaydigan besh qavatli qog‘oz yoki sellofan qoplarda saqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |