Ammiakli selitraning samaradorligini oshirish yo‘llari va qo‘llash usullari. Ammiakli selitra keng qo‘llaniladigan azotli o‘g‘itlardan biri hisoblanadi. U ayniqsa, mo‘‘tadil muhitli serkarbonat tuproqlarda qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. D.N.Pryanishnikov o‘g‘itlar samaradorligini oshirish uchun birinchidan, kiritiladigan o‘g‘it tarkibidagi oziq elementlaridan foydalanish koeffitsienti yuqori bo‘lishiga erishish, ikkinchidan, o‘g‘itlarning o‘simlik uchun eng zarur davrlarda qo‘llanilishi lozimligini ta’kidlagan edi.
Odatda mineral o‘g‘itlarni tuproqqa kiritishning asosiy (shudgor ostiga) o‘g‘itlash, ekish oldidan va qo‘shimcha oziqlantirish usullari farqlanadi. Ammiakli selitra tarkibidagi azotning bir qismi serharakat (NO3) va bir qismi kam harakat (NH4) shaklda bo‘lgani bois uni keng miqyosda, tabaqalashtirilgan holda, o‘g‘itlashning barcha muddatlarida qo‘llash mumkin. Nam iqlimli sharoitlarda, ayniqsa engil mexanikaviy tarkibli tuproqlarda uni kuzda, asosiy o‘g‘itlashda qo‘llash yaxshi natija bermaydi, chunki bunda nitrat shakldagi azot yuvilib ketadi. Ammiakli selitrani kam dozalarda( 10-15 kg/ga) qandlavlagi va g‘alla ekinlari qator oralariga, kartoshka va sabzavot ekinlarining uyalariga qo‘shimcha oziqlantirish sifatida qo‘llash yaxshi samara beradi. Paxtachilikda hozirgi kunda ham ammiakli selitraning oldiga tushadigan azotli o‘g‘it yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |