Ahmad yugnakiyning


HIBAT-UL HAQOYIQ ASARI HAQIDA


Download 231.63 Kb.
bet3/6
Sana04.02.2023
Hajmi231.63 Kb.
#1164437
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
kurs ishi

2. HIBAT-UL HAQOYIQ ASARI HAQIDA
"Hibat ul-haqoyiq" - Ahmad Yugnakiy tomonidan yozilgan asar. Oʻziga xos axloq kitobi boʻlgan bu asarga Qurʼoni karim va Hadisi sharif maʼnolari singdirilgan. U islom dini axloqini tashviq qilish, komil insonni tarbiyalab yetishtirish maqsadi bilan yozilgan.
"Hibat ul-haqoyiq" yozma manbaining to'liq nusxalaridan biri Hirotda, XV asrda qadimgi uyg'ur yozuvi asosida ko'chirilgan, asarning ikkinchi to'liq nusxasi 1480-yilda Istanbulda Abdurazzoq Baxshi tomonidan arab yozuvi bilan ko'chirilgan. Dostonning arab yozuvi bilan ko'chirilgan uchinchi nusxasi XVI asr boshlariga mansub. "Hibat ul-haqoyiq"ning asosiy nusxalari Turkiya kutubxonalarida, ayrim parchalardan iborat bir nusxasi Berlinda saqlanmoqda.
Asar 256 bayt, ya'ni 512 misradan iborat. G'azal va to'rtliklar she'r shaklida yozilgan. Adib Ahmad Yugnakiy ham boshqa o'tgan buyuklar kabi Allohni madh etish bilan boshlaydi.
1972-yilda filologiya fanlari doktori, qadimshunos, turkolog olim Qozoqboy Mahmudov "Hibat ul-haqoyiq"ning akademik nashrini chop ettirdi.
Unda olim dostonning asli, nasriy bayoni, tahliliy matn, izohli lug'at hamda grammatik va fonetik tahlilni amalga oshirgan. Shu paytgacha "Hibat ul-haqoyiq" dostoni bugungi o'zbek tiliga she'riy tarjima qilinmagan edi.
Kitobxonga badiiy-estetik zavq berish badiiy adabiyotning birdan-bir vazifasi boʻla olmaydi. Asarning mazmun- mohiyati, ayniqsa, undagi tarbiyaviy axloqiy qarashlar uni badiiy asar sifatida shakllantiradi.
Qadimgi Sharq adabiyotiga, uning tarixiy taraqqiyotiga nazar solsak unda didaktik mavzu ustun ekanligini yaqqol kuzatamiz. Ulugʻ mutafakkir, qomusiy olim Abu Ali ibn Sino Sharq koʻproq nasihat bilan Gʻarb esa hayotni real koʻrsatish orqali kishini tarbiyalashga moyilligini qayd etgan.
Turkiy xalqlar adabiyotida didaktikaning ilk namunalari Mahmud Koshgʻariyning “Devoni lugʻotit turk” asarida uchrasa, oʻzbek mumtoz adabiyotidagi dastlabki yirik namuna sifatida Yusuf xos Hojibning “Qutadgʻu bilik”, Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat”, Ahmad Yugnakiyning “Hibat- ul haqoyiq” asarlarini keltirish mumkin. Yuqorida nomi keltirilgan asarlarda odob-axloq, maʼrifat, adolat haqidagi qarashlar pand-nasihatlar she'riy shaklda bayon etilgan. Ushbu asar Ahmad Yugnakiyning bizgacha yetib kelgan yagona asaridir.
Asar oʻzidan oldin yaratilgan pand-nasihat ruknidagi asarlarga hamohang tarzda yaratilib, oʻzbek mumtoz adabiyoti durdonalaridan biriga aylandi. Asarni qadimgi turkchadan Bahrom Gʻoyib tarjima qilgan. Shu sababli mutolaa davomida kitobxon notanish soʻzlarga duch kelmaydi va baytlar ma'nosi oson anglashiladi. Ahmad Yugnakiy oʻzini shoir emas, adab muallimi deb ataydi.
Asar xotimasida adibning oʻzi asarni yozishdan maqsadini quyidagicha bayon etadi: Xaloyiqqa ibrat, taʼlim berguvchi, Kitob bitdim, odobga chaqiruvchi. Tenglasa arzirli soʻzga tenglasin, Oʻz qadrini misli durday terguvchi.
Yuqoridagi misralardan ma'lum boʻladiki, adibning bu kitobni yozishdan maqsadi insonlarni odob-axloqqa chaqirish,ayniqsa, yosh avlodni tarbiyalashdan iborat. Asarni mutolaa qilar ekanmiz, adib oʻz oldiga qoʻygan maqsadiga erishganiga, ya'ni har taraflama yetuk asar yaratilganligiga amin boʻlamiz. Asar boshlanmasi anʼanaviy tarzda, ya'ni Allohga hamd, paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning madhi bilan boshlangan.
Soʻngra: Choriyorlarga ham salom yoʻllayman, Tirikman, ularning yoʻlin qoʻllayman - deya choriyorlar ya'ni xalifalarga ham madh aytiladi.
An'anaviy boshlanmadan soʻng ulugʻ amir Dod Sipohsolarbekning ta'rif-tavsifini keltiradi. Hukmdordagi behisob fazilatlarni sanar ekan, undagi sahovatpeshalik va adolatparvarlik sifatlarini ulugʻlaydi.
Asarda Dod Sipohsolarbek nafaqat odil podshoh, balki komil inson sifatida ham gavdalanadi. Ilm-ma'rifatga chorlash barcha davrlar adabiyotining eng dolzarb mavzusi boʻlgan.
Sevikli payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir muslim uchun farzdir”, deganlar. Demakki, ilm olish inson hayotidagi zaruriyatlardan biri. Ilm inson hayotini oftob misol yoritadi, koʻnglini ravshan qiladi, aqlini yanada oʻtkir qiladi.
U bizni kamolot sari yetaklaydi. Jaholat yaralagan, soʻqir koʻngil koʻzimizga malham boʻlguvchi ham ilmdir.
Ahmad Yugnakiy oʻz asarida ilm saodatga yetaklashini, baxtning kaliti ilmda ekanligini ta'kidlaydi. Barcha zamonlarda ham ilm sohiblari va ularga qarama-qarshi tarafda johillar ham boʻlishgan.Muallif bilimli va bilimsiz insonlarni taqqoslar ekan, bilimli tillo dinorga (pul) ga qiyoslansa bilimsiz, johil odam xalq orasida doim xor-u zor boʻlishi aytiladi. Suyakning koʻrki ilik boʻlganidek, insonning koʻrki uning aqli, ilmi ekanligi ta'kidlanadi. Ilmli fozillar bu dunyodan koʻz yumishsa-da ularning nomi barhayot boʻlishi, johillar tirik boʻlsa-da ularning el orasida hurmati va oʻrni boʻlmasligi tasvirlanadi.
Bir bilimli bilimsizning mingiga teng, Ming bilimsiz bilimliga boʻlolmas yeng. deya ajoyib ta'rif beradi Ahmad Yugnakiy.
Oqil va nodon insonni qiyoslar ekan, oqil inson doim oʻylab, fikrlab oʻrnida gapirishini nodon boʻlsa gapning mavridini bilmay nooʻrin soʻzlashi va natijada doim pand yeyishini aytadi. Nodonning bunday har qadamda qoqilishiga sabab uning bilimsizligidandir, deyiladi asarda. Asarning ikkinchi boʻlimida tilni tiyish va kishi axloq-odobi haqida soʻz boradi.
Adab muallimi boʻlmish Yugnakiy insonlarni rostgoʻylik, til bilan insonlar dilini jarohatlamaslikka, dilozor boʻlmaslikka chaqiradi. Shu oʻrinda xalqimizda mashhur boʻlgan “Tigʻ yarasi bitadi, til yarasi bitmaydi” maqolini keltiradi. Darhaqiqat, odobaxloqning boshi til.
Shu bilan birga adib insonlarni oz va soz soʻzlashga chaqiradi. Quyidagi bayt fikrmizning yorqin namunasi: Barchaga teng aytdik, nasihat budir, Tilini tiygan kishi, oqil ham shudir. Tilini tiyib, soʻzni oz qilgan kishi, Oʻzi ham saqlanur, avj olur ishi.
Asarda nafaqat ma'no-mohiyat kuchli, balki unda badiiy san'atlardan ham unumli foydalanilgan. Toʻgʻri soʻzni asalga, yolgʻon soʻzni sarimsoqqa oʻxshatish yordamida tashbeh san'atining goʻzal namunasi yaratilgan.
Yolgʻon soʻz kasallik, tashvish boʻlsa, toʻgʻri soʻz shifo boʻlib dardlardan forigʻ etishi bayon qilinadi. Bu xususida soʻz mulkining sultoni Mir Alisher Navoiyning ham qarashlari asar bilan hamohang.
“Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz. Koʻp bemaza soʻzlaydigan ezma – kechalari tong otguncha tinmay huradigan itga oʻxshaydi.
Tili yomon odam – xalq koʻnglini jarohatlaydi, oʻz boshiga ham ofat yetkazadi”, – deydi Navoiy oʻz asarlarida. Bundan koʻrinadiki, Ahmad Yugnakiydan boshlangan bunday falsafiy-didaktik gʻoyalar Navoiy va undan keyingi davrda yashagan ijodkorlar asarlarida yanada rivojlangan va boyib borgan. Ahmad Yugnakiyning saxovat toʻgʻrisidagi qarashlari ham nihoyatda teran. Bilimning qadriga yetadi sahiy, Bilimga bor molin sotadi sahiy. Dunyoda yaxshilik otin qoldirib, Yana ming yil umr etadi sahiy.
Haqiqatdan ham saxiy inson nafaqat tirikligida izzat-hurmatda boʻladi, balki vafotidan keyin ham doim nomi ulugʻlanadi, baxil esa oʻz fe'li, nafsi tufayli pand yeydi, qancha boylik toʻplamasin, obroʻ-e'tiborga erisha olmaydi.
Navoiyning “Lison-ut tayr” asarida ham xasislikning fojiasi koʻrsatib berilgan. Unda butun umri davomida faqat boylik toʻplagan, nafsiga qul boʻlgan bir ochkoʻz boy tasvirlanadi.
U nihoyatda katta xazina toʻplaydi va yer ostiga yashiradi. Ammo bu xazinadan na oʻzi foydalanadi, na boshqalar. Ittifoqo kunlarning birida qoʻlini yuvmoq uchun daryoga engashgan boy zarbof kiyimlariga tikilgan tillo tangalar tufayli suvga gʻarq boʻladi. Uning joniga ofat yetkazgan narsa, albatta oʻzi yigʻgan siym-u zar edi.
Shuningdek, yashirib qoʻygan xazinasi ham talon-taroj boʻladi. Hikoya nihoyasida muallif “Sen bunday jirkanch ishlardan qoʻlingni tort! Ularga zinhor mayl koʻrsatma, chunki bu fano dengizi–dunyo doimo dahshatli toʻlqin urib turadi”, – deya ogohlikka chaqiradi.
Qorning toʻq, usting but, boʻlsa yetadi, Ortiqcha tashvishing zoye ketadi. Nafsing suqligini koʻnglingdan chiqar, Nafsi oʻpqonliging bir kuni yiqar.
Bu toʻrtlik yuqoridagi hikoyaning ma'nosini yanada ochib beradi. Shu bilan birga “Hibat-ul haqoyiq”da dunyoning oʻtkinchiligi, nafsga berilmaslik, tavozelik manfaati, kibrlilik, va xarislikning zarari xususida ham purma'no, ibratli fikrlar bildirilgan.
«Hibatul haqoyiq»-«Haqiqatlar armug‘oni»ning bugungacha uchta to‘liq qo‘lyozmasi va ikkita ayrim parchalari saqlanib qolgan. Ularning eng qadimgisi 1444 yilda Samarqandda Ulug‘bеkning nufuzli bеklaridan bo‘lgan Arslonxo’ja Tarxon topshirio‘iga ko‘ra, kotib Zaynul Obiddin ibn Sultonbaxt al Jurjoniy al Husayniy tomonidan uyg‘ur yozuvida ko’chirilgan.
Kеyingi nusxa uyg‘ur va arab yozuvlarida bo‘lib, 1480 yilda Turkistonda Istambulga borib qolgan kotib Shayxzoda Abdurrazoq baxshi tomonidan ko’chirilgan. Uchinchi qo‘lyozma arab xatida bo‘lib, unga turkiya sultoni Boyazid II muhri bosilgan. Bu nusxa ham XV asr oxiri XVI asr boshlarida ko’chirilgan. Turk olimi Najib Osim 1914-1916 yillarda ikkinchi nusxani topib, nashr etgan. «Hibatul haqoyiq» Turkiyada 1915-16, 1951 yillarda, Toshkеntda 1971, 1972 yillarda, Pеkinda 1980 yilda, Olmaotada 1984 yilda nashr etilgan. Asar ba’zi manbalarda 235 bayt, 254 bayt yoki 484 misra, 512 misra dеb ko‘rsatiladi. Umuman, dostonning umumiy hajmi 500 misradan ortiq.
Dostonning ikkinchi nusxasida asar 14 bobdan iboratligi qayd etilsada, u 11 bobdan tashkil topgan. 3 bobi boshqa boblarga kirib kеtgan bo‘lishi mumkin. Dostonning birinchi bobi 1-10 baytlar xudoga, ikkinchi bobi 11-19 baytlar payg‘ambar va to‘rt xalifaga bag‘ishlangan. Uchinchi bob 20-33 baytlar Dodsipahsolorga bag‘ishlanadi. To‘rtinchi bob 34-39 baytlar kitobning yozilish sababi haqida, asosiy qism bеshinchi bobdan boshlanadi.
Bеshinchi bob 40-62 baytlar bilim maqtovi va johillikning zarariga, oltinchi bob 63-86 baytlar til odobiga, еttinchi bob 87-110 baytlar dunyoning foniyligiga, sakkizinchi bob saxiylik va baxillikka, to‘qqizinchi va o‘ninchi boblar 176-226 baytlar turli xil masalalarga bag‘ishlangan, o‘n birinchi bob 227-235 boblar kitobning xotimasidir. Navoiy Yugnakiyga yuqori baho bеradi. Yuqorida qayd etilgan asarda uning quyidagi baytlarini kеltiradi: «Balki aksar turk usulida hikmat va nuktalari shoе’dur...
Bayt:
Ulug‘lar nе bеrsa, еmasmеn dеma
Ilik sun, og‘iz ur, еmasang еma.
Bayt:
So‘ngakka iliktur, eranga bilik,
Biliksiz eran ul iliksiz so‘ngak...»
Ahmad Yugnakiy inson hayotida ilmning ahamiyati yuksakligini qayd etadi. Turli o‘xshatishlar orqali ilm va ilmli kishilarni ulug‘laydi. Bilimli kishini qimmatli dinor, bilimli xotin-er o‘rnida, ilmlining oti abadiy, u o‘lsa ham nomi o’chmaydi, bilimlining biri bilimsizning mingiga tеng, ilmsiz esa, еmishsiz mеva, bilimsiz erkak-xotin kishidir, ilmsiz iliksiz suyak, ilimsiz tirik bo‘lsa ham o‘lik o‘rnida va hokazo.
Biliklik biringa biliksiz mingin,
Tеngakli tеngadi bilikning tеngin...
So‘ngakka yiliktak eranga bilik,
Eran ko‘rki-aql, so‘ngakning yilik...
Adib ta’kidicha, bilimli kеrakli so‘zni biladi, kеraksiz so‘zni aytmaydi. Bilimsiz esa nima dеganini bilmaydi. Tili boshini еydi:
Biliklik kеraklik so‘zin so‘zlayur,
Kеraksiz so‘zini ko‘mib kizlayur.
Biliksiz na aysa ayur uqmayin,
Aning o‘z tili o‘z boshini еyur...
Shoir til xususida ibratli fikrlar aytadi. Tili bo‘sh kishi boshini еydi. O‘q yarasi bitadi. Til yarasi tuzalmaydi. Ahmoqning qoni tili tufayli to’kiladi. To‘g‘ri so‘z asal, yolg‘on so‘z sarimsoq piyoz, chin so‘z shifo, yolg‘on so‘z kasal kabi, to‘g‘ri gapirish, sir bеrmaslik muhim.
Og‘iz-til bеzagi ko‘ni so‘z turur,
Ko‘ni so‘zla so‘zni, dilingni bеza.
Ahmad Yugnakiy saxovatni ulug‘laydi, baxillikni qoralaydi:
Yimishsiz yig‘ochtak karamsiz kishi,
Yimishsiz yig‘ochni kеsib o‘rtagil.
Kamtarlik, sabr-qanoat inson bеzagi:
Ulug‘likka tеgsang, yangilma o‘zung,
Qali kiysang atlas, unutma bo‘zung.
Umuman, Yugnakiy o‘z dostonida o‘quvchiga pand-nasihat bildiradi. Asarda turli badiiy vositalar, xalq maqollari, ta’birlari uchraydi. O‘xshatish, takrir, tazod kabi san’atlardan kеng foydalanilgan.
Hibat ul-haqoyiq” asarining asl nusxasi bizgacha yetib kelmagan. Shuning uchun uni dastlab qaysi yozuvda yozilganligi ham noma`lum. XV-XVI asrlarda asar bir necha marotaba ko`chirilgan. Asarning topilishi va dastlabki nashri turk olimi Najib Osimbek nomi bilan bog`liq.
U dastlab asarning Istambulda Abdurazzoq Baxshi tomonidan ko`chirilgan nusxasidan parchalar nashr ettiradi. Ko`p o`tmay u bu nodir kitobni to`liq holda nashr ettirgan. 1925-yili yana shu olim tomonidan, 1951- va 1992-yillarda Rashid Rahmat Arat tomonidan nashr qilingan.
“Hibat ul-haqoyiq” asari yozilgan davrda forsiy va turkiy dostonlar uchun umumiy bo`lgan muayyan she`riy shakl (ya`ni, aa, bb, vv usulida qofiyalanuvchi masnaviy shakli) hali mavjud emas edi. Shu sababli asarning madhiyaviy kirish qismlari o`sha davr arab adabiyotiga xos bo`lgan qasida janridan ijodiy foydalanib yozilgan. Ammo dostonning asosiy qismi va xulosasi qadim turkiy og`zaki adabiyotida keng qo`llanilgan to`rtliklar shaklida yaratilgan. Shu sababli doston hajmini baytlar bilan o`lchash to`g`ri emas.
“Hibat ul-haqoyiq” asari aruz vaznida yaratilgan turkiydagi ikkinchi asar hisoblanadi. U aruzning mutaqorib bahrida yaratilgan: nomlanishi mutaqoribi musammani mahzuf, ya`ni faulun, faulun faul:
O`char meh/nat o`ti, / kechar nav/bati,
Qolur sabr / idisi / savobin / tutub.

Insoniyat farzandi ilm orqali o`zini jaholat, nodonlik, gumrohlik singari ofat va balolardan xalos etadi.


Ikkinchidan, u haqni botildan farqlab, dunyo va hayot sirlarini bilish imkoniyatiga erishadi.
Hech bir e`tiroz yo`qki, Adib Ahmad ilm va uning fazilatlari haqida so`zlaganda, eng avvalo, din va shariat ilmini nazarda tutgan, ammo ilmni faqat din doirasida talqin etish ham haqiqatga tug`ri kelmaydi.
Uning uchun odob, nafs tarbiyasi, komil inson martabasiga kutarilish ham ilm bilan aloqador edi. Ahmad Yugnakiyning ilm va ma`rifat tug`risidagi fikrlariga chuqurroq nazar tashlansa, bu buyuk mutafakkirning axloq va haqiqat ilmiga tayanib, fanning barcha tarmoqlarini o`rganishga da`vat qilganligi sir bo`lmay qoladi.
Shuning uchun shoir ilm tushunchasini keng miqyosda qabul qilib, ham diniy, ham dunyoviy ilmlar xususida mushohada yuritganligini hisobga olish lozim.



Download 231.63 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling