Antonimlar (zid ma’noli so‘zlar). Lug‘atning yana bir boy manbayi antonimlar
bo‘lib, inson faoliyatidagi eng muhim siyosiy, axloqiy qarashlar umumlashmasini
aynan ifodalashda qulay usul sanaladi. Qarama-qarshi ma’noli so‘zlarga zid
ma’noli so‘zlar deyiladi. Zid ma’noli so‘zlar doimo ikki qarama-qarshi a’zodan
iborat bo‘ladi. Birini aytsak, ikkinchisi xayolimizga keladi. Masalan: achchiq
deyishimiz bilan shirin esimizga tushadi. Yaxshi topib so‘zlar, yomon qopib
so‘zlar. Yaxshi bilan yursang, yetarsan murodga, yomon bilan yursang, qolarsan
uyatga. Yaxshidan bog‘ qoladi, yomondan dog‘. Dono so‘ziga bino qo‘yadi, nodon
- o‘ziga. Antonimlar ko‘proq badiiy uslubda qo‘llanib, qarama-qarshi tushuncha
(tazod) uslubini yaratish uchun xizmat qiladi: Meni kim ko‘rsa, farq etmas Xazon
birla bahorimdan. Charxi kajroftorning bir shevasidan dog‘man, Ayshni nodon
surib, kulfatni dono tortadir. (Furqat). Kunduzni tun deb o‘ylab, sarhadga keldi
o‘g‘ri, Ko‘rshapalak oxiri otashga keldi to‘g‘ri, Dushmanning tepasidan yozib
po‘lat qulochin (H.O.).
Qarama-qarshi ma’noli so‘zlar juft holda kelganda, ular orasiga chiziqcha
qo‘yiladi: kecha-kunduz, katta-kichik.
Agar antonimlar orasida va bog‘lovchisi kelsa, chiziqcha ishlatilmaydi. Agar -
u, -yu yuklamalari qo‘shilsa, chiziqcha bilan yoziladi: Bunda yondosh shodlik va
qayg‘u. Yer-u osmon, kecha-yu kunduz. (E.V.)
Zid ma’noli so‘zlar birgalikda qo‘llanib, yangi ma’no ifodalashi mumkin.
Masalan: yosh-u qari – bari (hamma); achchiq-chuchuk – ovqat turi, uzoq-
yaqindan – hamma yoqdan kabi.
So‘z maqomidagi antonimlar luqaviy (leksik) antonimlar, qo‘shimcha
maqomidagi antonimlar esa affiksal antonimlar sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |