Alisher navoiy nomidagi toshkent davlat o’zbek tili va


Download 41.2 Kb.
bet6/7
Sana18.06.2023
Hajmi41.2 Kb.
#1560146
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Bozorov Farrux kurs ishi

IV.Xulosa
Muhammad Forobiy badiiy asarda qahramonlarning xarakterlari qanday ochilishi haqida ham fikr yuritib, bunday deydi: “Badiiy asarda tasvirlangan insonning fe’l-atvori ko‘proq o‘zining xayollariga (ya’ni, hayot haqidagi tasavvurlariga) bog‘liq bo‘ladi. Bular ko‘pincha (adib, shoirning) bilimi yo andishasiga bog‘lanadi”. Bu fikrni turlicha tushunish mumkin. Bizningcha, Forobiy bu yerda shuni aytmoqchiki, adib, shoir, rassom (taqlidchi, tasvirlovchi)ning xayollari (hayot, odamlar haqida tasavvurlari), bilimi, fikr-o‘ylari badiiy asar qahramonining fe’l-atvoriga, xarakteriga ta’sir ko‘rsatadi. Ma’naviy barkamol, yetuk-daho ijodkorlarning asarlarida qahramonlar ham (agar u ideal yoki ijobiy qahramon bo‘lsa) jasur, adolat va haqiqat, ozodlik uchun kurashuvchi bo‘ladi. Mabodo mana shu yetuk adiblar, shoirlar, rassomlarning qahramonlari adolatsiz, tuban fe’l-atvorli bo‘lsa ham — hayotiy chiqadi. Forobiyning quyidagi fikri shu haqida deb o‘ylaymiz:“Ammo shunisi ham borki, ko‘pincha uning (ijodkorning bilimi va andishasi xayolidagi narsalariga (ya’ni, tasvirlanayotgan narsalarga, ehtimol, tuban fe’l-atvorli qahramonlarning qilmishlariga) teskari kelib ham qoladi. Bunday paytlarda u (ijodkor) o‘z fe’l-atvori, o‘z bilimi va andishasiga ko‘ra emas, balki (o‘sha tasvirlanayotgan odamlar, qahramonlarning) xayoliga ko‘ra ish tutadi”. Bizningcha, bu yerda hozirgi adabiyotshunoslik taraqqiyoti davridan ming yil avval Forobiy badiiy asarda xarakterlarning o‘z fe’l-atvori, tasavvurlariga, hayotiy qarashlariga ko‘ra, mustaqil harakat qilishini tushunib yetgan. Forobiy “She’r san’ati” asarida yana poetik g‘oya, ijodkor maqsadi va badiiy adabiyotning hayotga ko‘rsatadigan ta’siri haqida, N.G.Chernishevskiy ta’biricha, san’atning voqelikka estetik munosabatlari haqida fikr yuritadi: “Bas, shunday ekan, xayolga kelgan so‘zlardan foydalanib yozilgan asardan kuzatilgan maqsad ham eshituvchini (bu yerda baxshi, rapsoddan doston eshituvchini nazarda tutadi, biz kitob o‘quvchi desak ham bo‘ladi) asardagi xayoliy narsa (obraz, xarakter) ta’sirida uning xayoliga kelgan narsani (qahramonlik ishlarini, doston bo‘lsa) qilishga undashdan iborat bo‘ladi. (Tinglovchi, o‘quvchida) uning qahramon xayoliga kelgan narsaga (masalan, chin muhabbatga yo istagan narsalardan biriga (masalan, doston qahramoni kamon o‘qini uzoqdagi nishonga — uzuk ko‘ziga bexato urishiga) intilish, yo bo‘lmasa (agar yomon, tuban qilmishlar tasvirlangan bo‘lsa) undan qochishdan, (agar yaxshi, ezgu ishlar tasvirlangan bo‘lsa) unga berilish, va yo bo‘lmasa uni (tuban, salbiy qahramonni) yomon ko‘rish, yo (xarakteri noma’lum, sirli qahramon bo‘lsa) undan yomonlik yo yaxshilik kutish kabi ishlardan iborat hislar paydo bo‘ladi”. Forobiyning mana bu fikrlari dramatik aktyorning hayotdagi yaxshi yoki yomon odamlarni taqlid qilib ko‘rsatishi tomoshabinlarda qanday taassurot qoldirishi haqida: “Agar kishi biror narsaga nazar solsa (sahnada zolim, yovuz odamni ko‘rsa), u narsa uning xush ko‘rmaydigan narsasiga o‘xshagan bo‘lsa, u holda uning (tomoshabin) tasavvurida o‘sha zahotiyoq bu narsaga nisbatan xush ko‘rmaslik hissi paydo bo‘ladi. Shu bilan haligi kishi u narsadan (zolim va yovuz odamlardan) o‘zini avaylab, asrab, chetlashib yurishga urinadi”10. Bu bilan Forobiy san’at asarida tasvirlangan obrazlar salbiy yoki ijobiyligidan qat’i nazar, xalq uchun ibratli, tarbiyalovchi xususiyatga ega bo‘lishini bildiradi. Muhammad Forobiy o‘zining “Shoirlar san’ati qonunlari haqida” risolasi Arastu “Poetika”siga sharh ekanligini aytadi. Forobiyning ilk mulohazalaridan ko‘rinadiki, u Arastu “Poetika”sining faqat bir qismini, boshqa o‘rinlarda esa uning “Sofistlarga raddiya va “Sinoat al-mug‘olatayn” (“Sofistlarning sirlari”) asarlaridagi she’riyatga doir ayrim o‘rinlarni sharhlaydi. Bizningcha, Forobiyning qo‘lida Arastu “Poetika”sining chalaroq nusxasi bo‘lgan. Buning uchun Forobiy risolaning boshlanishida o‘quvchisidan uzr so‘raganday: “Hakim Arastu o‘zining shunday fazilati va dahosi bilan tugatib qo‘yishga jazm qilmagan bir ishni biz nihoyasiga yetkazishga intilishimizdan ko‘ra, bu san’atda foyda beradigan va hozirgi zamonda (Forobiy davridagi she’riyatga doir asarlarda) uchraydigan qonun-qoidalar, misol va mulohazalar bilan cheklansak yaxshiroq bo‘lur edi”, deydi.
Arastuchi va mantiqchi olim sifatida Forobiy she’r san’atini ham mantiq ilmi nuqtai nazaridan tadqiq etadi. U barcha fikr-mulohazalarni turlarga ajratib, tasniflar ekan, tasniflarning ham turli xillarini keltiradi. “Biz deymizki, lafz – so‘zlar yo biror ma’noni bildiradi yo bildirmasligi ham mumkin”. Forobiy ma’no bildirmaydigan yoki ma’nosiz so‘zlar qaysi so‘zlar ekanligini aytmaydi. Ehtimol, ma’no bildirmaydigan so‘zlar deb, narsalarning faqat ismlarini, morfologik (so‘z turkumlari) bo‘limiga doir bulut, suv, non, bug‘doy so‘zlarini yoki “bilan”, “va”, “lekin”, “biroq” kabi bog‘lovchi yoki yordamchi so‘zlarni aytmoqchimi? Lekin, Forobiyni ham, bizni ham ma’no bildiruvchi so‘zlar qiziqtiradi. Forobiy yozadi: “Ma’noni bildiruvchi so‘zlar sodda va murakkab bo‘ladi”. Bu tushunarli. Murakkab so‘zlar biror mulohazani anglatadi yo anglatmaydi. Yana savol tug‘iladi: Mulohazani – fikr-ni anglatmaydigan murakkab so‘zlar qaysi so‘zlar ekan? Ehtimol, bu so‘zlar fikrni emas, narsaning bor-yo‘qligini yoki qandaydir sifatini yoki nimaligini anglatar? Forobiy fikrini davom ettiradi: “Mulohaza (fikr) anglatadigan so‘zlarning qat’iy – jazmliligi (arabcha-jozim) va jazmsizi bo‘ladi. Masalan: Ertaga qor yog‘adi (Jazmli – qat’iy fikr). Ertaga qor yog‘ishi mumkin (Jazmsiz, ehtimolli fikr). Qat’iylari yo to‘g‘ri, yo yolg‘on bo‘ladi”. (Bu yerda Forobiy yolg‘on fikr deb, obrazli, tashbehli, munosabatli fikrni aytmoqchi). “Yolg‘onlaridan ba’zilari, – deydi Forobiy, – eshituvchilar zehniga (doston eshituvchilar yoki teatr tomoshabinlari, Sharqda ham qadimgi zamonlarda dorbozlar o‘yini bilan birga xalq teatrlari bo‘lgan) uni anglatadigan ma’no bilan birga o‘rnashib qoladi. Boshqalari esa (ya’ni, yolg‘on bo‘lmagan badiiy tasvirlar) ularning ongida narsalarning o‘xshashi – aksi (tasviri) bilan o‘rnashib qoladi. Mana shu narsalar taqlidlar – she’riy mulohazalar sanaladi”.
Bu jumlada muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “narsalarning o‘xshash-aksi” so‘zlariga atoqli forobiyshunos olim Abdusodiq Irisov bunday izoh beradi: (Arabcha) matnda o‘xshatish, aks etish muhokiya so‘zi bilan ifodalangan. Bu istilohiy ma’noda (ya’ni atama sifatida) taqlid qilishga (mimesisga – M.M.) to‘g‘ri keladi. Qadimgi har bir badiiy asar, she’r (syujetli) yo hikoya, yo dramatik asar odatda to‘qima bo‘lmagan, hammasi hayot voqealari asosida bitilgan. Shuning uchun hayotda odamlarga o‘rnak bo‘ladigan har bir voqea – hodisaga namuna sifatida qaralib, buni adabiyotda aks etgani, ya’ni she’r yo hikoya taqlidiy adabiyot deyilgan. Lekin taqlid adabiyotda voqelikni chinakam aks ettirish orqali haqiqat yuzaga chiqarilgan. Bizda janr sifatida qaraladigan “hikoya” so‘zi arabchada aks, taqlid, o‘xshatma degan ma’noga borib taqaladi. Tarjimon Abdusodiq Irisov sharhi Arastu va Forobiy aytgan taqlid – mimesis, avval aytganimizday, hayotni aks ettirish, tasvirlash ma’nosini bildiradi. Qadimda harakatga taqlid san’at hisoblangan. “Poetika”sida aytilgan, poeziya san’atining asosiy tamoyili – hayotga o‘xshatish ma’nosidagi taqlid-mimesis hodisasini Forobiy shunday tushuntiradi. U, poeziya san’atini hayotni aks ettirish deb biladiki, bu hozirgi poetika nazariyasiga hamohangdir. Lekin, she’riyat – poeziyada hayotni aks ettirishning turlicha darajalari borligini Forobiy bunday tushuntiradi: “Mana shu aks-o‘xshashliklarning ba’zilari eng mukammal bo‘ladi, boshqalari nuqsonli bo‘ladi”. She’riyatda, umuman san’atda hayotni aks ettirishdagi mukammal va nuqsonli darajalarni kim aniqlaydi, degan savol tug‘iladi. Forobiy shunday yozadi: “Ularning mukammalligi yo nuqsonli ekanini aniqlash shoirlar va turli-tuman, til va lug‘atlardagi (fikrlarni va) she’riyatni o‘rganayotgan ma’rifat ahlining fikr doirasiga kiradi”. Forobiy davrida hali maxsus adabiyotshunos olimlar ajralib chiqmagan, u vaqtlarda adab olimlari o‘n ikki sohani yaxshi bilishlari kerak edi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, poeziyani ko’proq xos odamlargina to’la tushuna olgan va unda ijod qilolgan. Oddiy xalq esa uni tashqi drammatik, ya’ni xarakatiy tomonini idrok etib, undan xulosa chiqargan. Chunki o‘sha davrda ko’proq poetik usuldagi asarlar sahnaga qo’yilgan. U esa o‘z navbatida she’riyatning xalq bilan hamohang yashaganligini dalilidir.


Download 41.2 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling