Амалий машулот б´йича дарс ´тиш


Download 7.13 Mb.
bet10/20
Sana10.10.2023
Hajmi7.13 Mb.
#1697149
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   20
Bog'liq
Ўткир аппендицит

Differensial diagnostika. O‘tkir appenditsit kasalligining differensial diagnostikasida barcha kasalliklarni 5 guruhga bo‘linadi:

  1. Qorin bo‘shlig‘i a'zolarining o‘tkir kasalliklari bilan: me'da va 12 barmoqli ichak yarasi kasalligi xuruji yoki asoratlari; o‘tkir xoletsistitning ba'zi turlari, o‘tkir pankreatit, o‘tkir enterit, terminal ileit (Kron kasalligi), kolit, gastrit, o‘tkir ichak tutilishi, o‘tkir toksikoinfeksiyalar, tifoparatifoz infeksiya, Mekkel divertikulining yallig‘lanishi, gemorragik kapillyarotoksikoz (Shenleyn-Genox kasalligi) va boshqalar.

  2. Kichik chanoq bo‘shlig‘i a'zolari kasalliklari bilan: ayollar jinsiy a'zolarining o‘tkir, xuruj qilgan surunkali yallig‘lanishlari va asorat-lari, bachadondan tashqari homiladorlik, ayollar jinsiy a'zolarining xavfsiz va xavfli o‘smalari va boshqalar.

  3. Qorin orti qismida joylashgan a'zolar kasalliklari bilan – buyrak sanchig‘i, o‘tkir va surunkali pielonefrit, siydik-tosh kasalligi, sistit, o‘tkir, surunkali glomerulonefrit va boshqalar.

  4. Plevra bo‘shlig‘i a'zolari kasalliklari bilan – o‘ng tomonlama eksudativ plevrit va pnevmoniyaning ba'zi turlari, o‘pka tuberkulezi va boshqalar.

  5. Yurak va qon tomir kasalliklari bilan – yurak miokardi infarkti-ning abdominal turi va boshqalar.



O‘tkir appenditsitning atipik kechishi
O‘tkir appenditsitning atipik kechishi 20—30% bemorlarda uchraydi. Klinik kechishining noodatiy bo‘lishi chuvalchangsimon o‘simtaning qorin bo‘shlig‘ida turlicha joylashuvi bilan, shuningdek organizmning yoshga doir va fiziologik o‘ziga xosligi hamda organizmning yallig‘lanish jarayoniga tizimli reaksiyasi belgilarining bor yoki yo‘qligi bilan ifodalanadi.
Appenditsitning eng ko‘p atipik shakllaridan biri bu uning retrotsekal joylashuvidir (50—60%). Bunda o‘simta o‘ng buyrak, siydik nayi hamda bel mushaklariga tegib turishi mumkin. Yallig‘lanishga uchragan chuvalchangsimon o‘simta retrotsekal joylashganda o‘tkir appenditsit, aksariyat hollarda atipik klinik manzaraga ega bo‘ladi. Og‘riqlar odatda, epigastral sohada paydo bo‘lib, keyinchalik o‘ng yonbosh yoki bel sohasiga ko‘chib o‘tadi va o‘ng son sohasiga uzatiladi (irradiatsiya). O‘simtaning ko‘richak orqasida joylashganligi hisobiga bemorlarda mushak tarangligi belgisi dastlabki vaqtda kuzatilmaydi, ammo vaqt o‘tib (gangrenoz o‘zgargan o‘simtada) u sekin asta namoyon bo‘ladi. Obrazsov belgisi musbat bo‘ladi. Pti uchburchagi palpatsiyasida og‘riq qayd qilinadi (Gabay simptomi). Pasternatskiy simptomi musbat bo‘lishi mumkin. Yallig‘lanish jarayoniga qorin orti soha kletchatkasi, ayniqsa, siydik nayiining qo‘shilishi oqibatida siydikda ko‘pincha eritrotsitlar topiladi va dizurik belgilar namoyon bo‘ladi. O‘ng oyoqning chanoq-son va tizza bo‘g‘imlarida bukilgan xolati kuzatilinib, oyoq yozilganda Pti uchburchagi sohasida og‘riq qayd qilinadi (Koup simptomi).
Chuvalchangsimon o‘simta 15-20 xolatlarda chanoq bo‘shlig‘ida joylashib, aksariyat ayollarda uchraydi. Odatda, og‘riq qorinning barcha sohalaridan boshlanib, asosan qov ustida bo‘ladi, unchalik ifodalanmagan bo‘ladi, dizurik belgilar kuzatilinishi mumkin. Aksariyat hollarda esa, ich ketishi, ayniqsa tenezmlar kuzatiladi. Mushaklar taranglashuvi belgisi kam ifodalangan bo‘ladi. Shetkin-Blyumberg belgisi manfiy bo‘ladi. Chuvalchangsimon o‘simta kichik chanoqda joylashganda rektal va vaginal tekshiruv Duglas bo‘shlig‘ida og‘riq va infiltratni aniqlashga yordam berib, o‘tkir appenditsit diagnostikasida katta ahamiyatga ega.
Chuvalchangsimon o‘simtaning medial joylashuvi 8 - 10% appenditsitning atipik kechuvi bilan bemorlarda kuzatiladi. Bunda o‘simta o‘rta chiziq tomon yaqin joylashgan hamda ingichka ichak tutqichi asosi oldidan o‘rin oladi. Shu tufayli o‘rtaga chiziqqa yaqin joylashgan o‘simta tufayli appenditsit klinik belgilari keskin kechadi.
Og‘riq, dastlab tarqoq xususiyatga ega bo‘lib, keyinchalik kindik oldi yoki qorinning o‘ng pastki kvadrantida muqim joylashadi hamda ko‘p marotaba qayt qilish va yuqori harorat namyon bo‘ladi. Lokal og‘riq, mushaklar tarangligi va Shetkin-Blyumberg belgisi kindik oldi va uning o‘ng tarafida yaqqol yuzaga chiqadi. Ingichka ichak tutqichi ildizining reflektor ta'sirlanishi oqibatida ichaklar parezi tufayli qorin dam bo‘lishi erta aniqlanib shiddat bilan kuchayib boradi. Kuchayib boruvchi suvsizlanish fonida isitma paydo bo‘ladi.
Atipik kechuvli appenditsitning yana bir turi bu chuvalchangsimon o‘simta jigar osti joylashuvi hisoblanadi (2-5 %). Dastlab og‘riq epigastral sohada boshlanib, keyinchalik o‘ng qovurg‘a osti sohasiga ko‘chib o‘tadi. Odatda og‘riq sohasi o‘t qopi proeksiyasidan biroz lateral joylashadi (o‘ng oldingi qo‘ltiq osti chiziq bo‘ylab). Ushbu soha palpatsiyasida qorinning serbar mushagi tarangligi hamda qorin parda ta'sirlanish belgisi musbatligi aniqlanadi va epigastral sohaga uzatiladi. Sitkovskiy, Razdolskiy, Rovzing simptomlari musbat bo‘ladi. Ko‘richak gumbazi yuqori joylashuvini aniqlashda qorin bo‘shlig‘i ultratovush tekshiruvi hamda obzor rentgenoskopiyasi yordam beradi. MSKT tekshiruvi baxsli xolatlarda yakuniy aniq tasdiqni ta'minlaydi.
Chaqaloqlar hayotining birinchi yillarida o‘tkir appenditsit kasalligi kamdan kam hollarda uchraydi.
Biroq, o‘tkir appenditsit barcha yoshidagi bolalarda kuzatilishi mumkin. Bolalik yoshida o‘tkir appenditsit kasalligining kechishi, ular chuvalchangsimon o‘simtasida destruktiv jarayonlarning tez va shiddat bilan rivojlanishi oqibatida, ko‘pincha peritonit asorati yuzaga keladi. Klinik manzarasida esa, asosan quyidagi simptomlar: qorinda o‘qtin-o‘qtin og‘riq bo‘lishi, bir necha marta qayt qilish, ich ketishi ustunlik qiladi. Tana harorati ko‘pincha yuqori (39-40°S) darajalarga ko‘tariladi va og‘ir intoksikatsiya belgilari bilan ifodalanadi. Kasallik ko‘pincha shiddat bilan kechadi, ba'zan esa o‘tkir zaharlanish yoki o‘tkir gastroenterit klinik manzarasiga o‘xshab ketadi.
Keksalarda chuvalchangsimon o‘simta, odatda atrofiyaga yoki sklerotik o‘zgarishlarga uchraydi, uning hajmi kichrayadi, limfoid apparatining xususiyatlari yo‘qoladi. Bunga keksa bemorlarda bo‘ladigan areaktiv holat ham inobatga olinsa, ularda o‘tkir appenditsit klinik kechuvining birmuncha sust o‘tishi tushunarli bo‘ladi. Keksa bemorlarni qorindagi og‘riq kamroq bezovta qiladi, mushaklarning himoya taranglashuvi belgisi deyarli bo‘lmaydi, qorin pardasining ta'sirlanishi sust yuzaga chiqqadi yoki umuman bo‘lmaydi, ba'zan gangrenoz appenditsitda ham aniqlanmaydi. Tana harorati normal yoki subfebril. Leykotsitlar miqdori oz darajada oshgan yoki meyoriy ko‘rsatkichlarda bo‘lib, leykotsitar formulaning chapga siljishi ham kam sezilarli darajada qayd etiladi.
Demak, yoshi katta va keksa bemorlarda o‘tkir appenditsitning kechishi yosh bolalar va o‘rta yoshdagi bemorlardagiga nisbatan farq qiladi va chuvalchangsimon o‘simta tomirlarining sklerozi natijasida, uning destruksiyasi birmuncha tezroq rivojlanadi. Bu yoshdagi bemorlar ko‘pincha kasalxonaga asoratlar rivojlanganidan so‘nggina kech murojaat qiladilar.
Homilador ayollarda o‘tkir appenditsit kasalligining klinik kechuvi homiladorlikning birinchi yarmi mobaynida odatdagi (tipik) kechuvdan deyarli farq qilmaydi. Homiladorlikning ikkinchi yarmida esa, xomilador bachadonning kattalashgani sari, yuqori va yon tarafga kengayganligi hisobiga, qorin bo‘shlig‘i a'zolarining, jumladan ko‘richak va chuvalchangsimon o‘simtaning yuqoriga surilishi kuzatiladi va shu sababli og‘riqning joylashuvi keskin o‘zgaradi. Og‘riqlar o‘ng yonbosh sohasidan yuqoriroqda joylashgan bo‘ladi. Bachadon kattalashganligi sababli Sitkovskiy, Bartome-Mixelson, Rovzing simptomlari yaxshi aniqlanmasligi yoki manfiy bo‘­lishi mumkin. Diagnozni aniqlashga Brendo va Mixelson simptomlarining musbat bo‘lishi turtki bo‘ladi.
Aksariyat homilador ayollarda o‘tkir appenditsit kasalligi tez va shiddat bilan rivojlanib, odatdagidan ilgariroq asoratlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli, homilador ayollarda o‘tkir appenditsit belgilari qayd etilganda, barvaqt jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarur bo‘ladi. Albatta, bu bemorlar amaliyot jarayonida hamda undan keyingi davrda akusher-ginekolog nazoratida bo‘lib, xomilani saqlab qolish (xavf soluvchi bola tashlash) uchun barcha chora-tadbirlar qo‘llanilishi lozim bo‘ladi.



Download 7.13 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   20




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling