Amir temur va temuriylar davrida samarqand


Download 40.76 Kb.
bet1/2
Sana21.04.2023
Hajmi40.76 Kb.
#1372901
  1   2
Bog'liq
2-Seminar (копия)b


AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRIDA SAMARQAND

  1. Samarqand Amir Temur va temuriylar davlati poytaxti

  2. Amir Temur va temuriylar davrida Samarqandda ilm-fan va madaniyat.

  3. Mirzo Ulug`bek hukmronlihi davrida Samarqand.

Amir Temur va temuriylar davri Markaziy Osiyo madaniyati tarixida alohida o‘rin tutadi. Bu davrdagi madaniy yutuqlar umumbashariy sivilizatsiyasi darajasida bo‘lgan. Xususan, temuriylar davrida me’morchilik, ilm-fan, adabiyot, san’at, hunarmandchilik ravnaq topdi. Mamlakat, shuningdek yirik shaharlar Samarqand, Shahrisabz, Buxoro, Termiz, Toshkent va Hirotning obodonchiligi, madaniy ravnaqi yo‘lida Movarounnahr va O‘rta Sharq mamlakatlaridan, Hindistondan ko‘plab fan va san’at ahllari, hunarmandlar, me’mor va musavvirlar jalb qilingan.
Amir Temur ibn Tarag‘ay Bahodir (1336-1405) asos solgan davlat dastlab Movarounnahr va Xorazmda vujudga kelgan bo‘lib, 1380-1402 yillarda Temur tomonidan olib borilgan urushlar natijasida kengayib, Eron, Iroq, Ozarbayjon va Hindistonning shimoliy qismigacha yoyildi.
Bugungi Samarqandning dunyo me’morchiligi va ma’naviyati markazlaridan biri maqomini egallashida Sohibqiron Amir Temurning o‘rni va roli kattadir. 1370 yil hokimiyat tepasiga kelgan Amir Temur ko‘p o‘tmay Samarqandni o‘z davlatining poytaxtiga aylantirdi. Samarqand shahri Turon davlatining poytaxti sifatida XIV-XV asrlar o‘z taraqqiyotining gullagan davrini boshdan kechirdi. Bu davrda shahar qiyofasi, undagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot misli ko‘rilmagan darajada yuksaldi.
Qulay geografik mintaqada joylashgan Samarqand qit’alararo o‘tadigan Buyuk ipak yo‘lining tarixiy chorrahasi edi. Bundan tashqari, Samarqandning mo‘tadil havosi, zilol suvlari, unumdor tuprog‘i, betakror tabiati, mard va shijoatli xalqi ham Amir Temurning diqqatini o‘ziga tortgan.
Amir Temur Samarqandga kelganida, bu yerda mo‘g‘ullar istilosidan na mudofa devorlari va na biror bir hashamatli bino saklanib qolgan edi. Chingizxon boshchiligidagi bosqinchilar Samarqandning qadimgi o‘rni - Afrosiyobni shu darajada vayron qilgan ediki, u yerda hayot kechirishning imkoni yo‘q edi. Bu bosqindan omon qolgan aholi shaharning janubidagi rabotda istiqomat qilardi. Amir Temur Chingizxon buzgan Afrosiyobni qayta tiklashdan ko‘ra yangi shahar bunyod qilishni ma’qul ko‘radi. Bu shahar o‘z davrida eng shavkatli va mahobatli siyosiy markaz ko‘rinishiga ega bo‘lgan.
Ana shu maqsad yo‘lida Samarqand uning qadimiy markazi Afrosiyobdan janubroqda butunlay yangicha asosda qurildi. 1370 yilning kuzida Amir Temur Samarqandda katta qurultoy chaqiradi va unga barcha amirlar, beklar, lashkarboshilar, olimu ulamolar, shariat peshvolarini chorlaydi. Qurultoyda milliy davlatchilikni qayta tiklash va rivojlantirish bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilinadi. Qurultoyda poytaxt Samarqandda amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlarga ham alohida e’tibor beriladi. Shu bois amir Dovud devondagi mansabiga qo‘shimcha ravishda Samarqand dorug‘asi etib tayinlanadi. Amir Oqbug‘o Samarqanddagi qurilishlarga ketadigan xarajatlar bo‘yicha mutasaddi etib tayinlanadi. Amir Temur bunyod qilinadigan shahar atrofini baland va mustahkam mudofaa devori bilan o‘rash haqida farmon chiqargan. 1370 yilning o‘zidayoq shahar devori va davlat qarorgohi – Ark va qal’a qayta tiklandi, saroy va qasrlar bino qilindi.
Shaharga kirish taraflariga Ohanin, Shayxzoda, Chorsu, Korizgoh, So‘zangaron va Feruza kabi nomlar bilan ataluvchi oltita darvoza o‘rnatiladi. Amir Temur Samarqandni qayta qurishda, shahar istehkomlari, uning obodonchiligi, farovonligi va xushmanzaraligiga alohida e’tibor bergan. Davlatni boshqarish uchun devonxona – Arki a’lo zarurligini yaxshi bilgan Sohibqiron zot uni shaharning g‘arbiy tomonidagi tepalik ustida barpo qilishga kirishadi. O‘ttiz to‘rt gektar maydonni egallagan ark ikki qator mudofaa devori bilan o‘ralgan. Mudofaa devorining tashqi tomonidan chuqur va keng xandaq qazilib, u Novadon arig‘ining suvi bilan to‘ldirilgan. Arkning ichki hududi ikki qismga ajratilgan bo‘lib, uning shimoliy tomonida ma’muriy binolar hamda harbiy maqsadda foydalaniladigan inshootlar joylashtirilgan. Janubiy qismida esa zodagonlarning turar joylari qad rostlab turgan. Shuningdek, Amir Temur har safar harbiy yurishlardan qaytgandan so‘ng shaharda noibni o‘zgartirib, tartib intizomni yanada qattiq nazoratga olib, poytaxtni qayta qo‘lga kiritganday shahar boshqaruvida islohotlar o‘tkazgan.
Arkning ichida Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy nomli ikki hashamatli qasr quriladi. Ko‘ksaroy to‘rt qavatli bo‘lib, uning moviy gumbazi uzoq-uzoqlardan ko‘rinib turgan. Ko‘ksaroy haqida Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining «Boburnoma» asarida shunday yozadi: «Temurbek solg‘on oliy imoratlardin biri Ko‘ksaroydurkim, Samarqandning Arkida voqe’ bo‘lubtur. Ajab xosiyatliq imorattur. Temurbek avlodidin har kim bosh ko‘tarib taxtqa o‘ltursa ham munda o‘lturur, har kim taxt doiyasi bila bosh qo‘ysa ham munda qo‘yar, hattokim, kinoyati bo‘lub erdikim, falon podshohzodani Ko‘ksaroyg‘a chiqardilar, ya’ni, o‘lturdilar».
Ko‘ksaroyda Amir Temurning taxti, xazinasi va boy kutubxonasi joylashgan. Bu yerda Sohibqiron xorijdan kelgan elchilarni hamda saroy ayonlarini qabul qilgan. Amir Temurdan keyin ham Ko‘ksaroy temuriy hukmdorlar uchun rasmiy saroy vazifasini o‘tagan. Bulardan tashqari Arkda davlat devonxonasi, qurol-yarog‘lar ustaxonasi va aslahaxona, tangalar so‘qiladigan zarbxona, qamoqxona kabi binolar joylashgan.
Samarqand shahri bosh reja asosida qurilgani bois Bo‘stonsaroy, Ko‘ksaroy, Qutbi Chahordahum, Ruhobod va Amir Temur maqbarasi, Muhammad Sulton madrasasi va xonaqohlari bir qatorda joylashgan. Tarixiy manbalarda shaharda maydonlar, hovuzlar, favvoralar, ko‘chalar, masjid va madrasalar barpo qilingani haqida ma’lumot beriladi. Mudofaa devorlarini shimoliy qismida Shayxzoda va Temir darvoza “Ohanin” bo‘lgan. Sharqiy tomonda esa Feruza darvozasi qurilgan.
Amir Temurning bevosita rahbarligi va tashabbusi bilan Samarqandda 20 dan ziyod mahobatli me’morlik inshooti barpo qilingan. Bu inshootlarning loyihasini shaxsan Amir Temurning o‘zi ko‘rib chiqib, zarur o‘zgartirishlar kiritgani, loyihalar mukammal holatga keltirilganidan so‘ngina tasdiqlangani to‘g‘risida Sharafiddin Yazdiy va Nizomiddin Shomiy kabi tarixchilar ma’lumot beradilar.
Amir Temur tomonidan 1403 yilda bunyod etilgan Amir Temur maqbarasi (Go‘ri Amir), 1399-1404 yillarda Amir Temur buyrug‘i asosida qurilgan Bibixonim jome’ masjidi va maqabarasi, asosan 1375-1435 yillarda qayta bunyod etilgan Shohi Zinda maqbaralar majmui, temuriy Abu Said (1451-1469) va Sulton Ahmad Mirzo (1469-1494) davrida qurilgan Oqsaroy, temuriylar davriga oid Xo‘ja Abdi Berun yodgorligi, Ishratxona, Ruhobod, 1424-1428 yillarda qurilgan “Ulug‘bek rasadxonasi”, Qutbi Chahordahum kabi maqbara majmualari, saroy va Bo‘stonsaroy singari qasrlar Samarqandga salobat bag‘ishlagan.
Bibixonim masjidi jome’si sharqning eng go‘zal imoratlari bilan bahslasha olgan. Bu muhtasham binoni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Ispaniya qirolining elchisi Rui Gonsalez de Klavixo o‘z “Kundaliklari”da quyidagicha yozib qoldirgan: «Bu ulug‘ amir barpo etgan eng yirik inshoot va dunyodagi eng katta masjidlardan biri edi; uni saltanatning turli viloyatlaridan keltirilgan o‘nlab eng yaxshi me’morlar, muhandislar, naqqoshlar va g‘isht teruvchilar amirzodalar rahbarligi ostida to‘rt yil ichida qurib bitkazdilar. Binoning ichkarisiga kiriladigan monumental portalga yetti xil ma’danning qorishmasidan ishlangan, zanglamas va jarangdor, tilla suvi yuritilgan bronza darvoza o‘rnatilgan bo‘lib, uni tayyorlash sirlari asrlar davomida yo‘qolib ketgan.
Eng katta markaziy zalining poydevori qurilishida Hindistondan kelgan fillar ham ishlatilgan bo‘lib, ular besh yuz sangtarosh tog‘ yon bag‘irlaridan kesib olgan og‘ir toshlarni qurilishga yetkazib turgan. Zalning tepasiga yerdan uch yuz metrcha balandlikda ulkan moviy gumbaz – «Samarqand moviy gumbazi» tiklangan edi.
Sohibqiron Amir Temur Samarqandning bir-biridan go‘zal va betakror imoratlarini forscha, arabcha, mo‘g‘ulcha va boshqa uslublar uyg‘unligida qurib, san’atda o‘ziga xos yangicha uslub va me’morchilik asoslarining paydo bo‘lishiga zamin yaratdi. Demak, turli uslublar o‘rtasida integratsiya yuz bergan. Demak bu muhtasham va salobatli binolar orqali tom ma’noda madaniyatlararo ko‘prik qo‘yilgan. Bu binolarning ayrimlarigina bizning kulargacha yetib kelgan. Keyinchalik Amir Temur asos solgan shahar markazi Registon maydoni me’morchilik ansambllari shakllangan.
Sovet davrida qo‘yilgan katta to‘siqlarga qaramay o‘zining hayotini xavf ostiga qo‘yib Amir Temur faoliyatini xolisona yoritgan akademik olim I.Mo‘minov ham Sohibqiron Amir Temurning yaratuvchilik mahoratini yuksak baholab shunday yozgan: «Temur Samarqanddagi ahvolni butunlay o‘zgartirib yubordi. U Samarqandda Ko‘ksaroy, Bibixonim masjidi, Shohizinda mavzoleyi, Samarqand atrofida Bog‘i Chinor, Bog‘i Shamol, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Behisht, Bog‘i Nav kabi bog‘ va saroylarni qurdirdi. Yo‘llar qurib, Qo‘qon-Zarafshon daryolari orqali ko‘priklar solindi, shuningdek, keyinchalik Amudaryo va Sirdaryoga ko‘prik qurildi, Toshkent atrofiga kanallar, jumladan, Sirdaryodan Ohangaronga ham kanal o‘tkazildi. Shahar tipidagi Ohangaron qishlog‘i qurildi. Buxoro, Shaxrisabz, Farg‘ona, Turkistonda karvon saroylari va boshqa qurilishlar bilan birga irrigatsiya inshootlari qad ko‘tardi. Shahar, qishloqlar, hammomlar, madrasalar, maqbaralar qurilishi o‘sha davr uchun misli ko‘rilmagan miqyosda, masshtabda olib borildi. Qurilishga mahalliy arxitektor ustalar – sohibi hunarlardan tashqari Temur zabt etgan o‘zga mamlakatlarning ko‘plab quruvchilari, me’morlari jalb etildi». Olim I.Mo‘minov bu qurilishlar O‘rta va Yaqin Sharqda rivojlangan badiiy tafakkurni o‘zida ifodalaganligini alohida ta’kidlab o‘tgan. Demak, Amir Temur bunyodkorliklari davlatchilikdagi muhim xususiyat bo‘lib, ular va davlat qudrati bilan uyg‘unlikda bir-birini to‘ldirgan.
Temuriylar davrida qurilgan saroylar ikki xil bo‘lgan. Birinchisi- ma’muriy-siyosiy vazifani bajargan bo‘lib, qal’a yoki hisor ichiga qurilgan. Ikkinchisi - shahar tashqarisidagi qarorgohlar bo‘lib, qabul marosimi, majlislar o‘tkazilgan va hordiq chiqarilgan. Amir Temur va Mirzo Ulug‘bekning asosiy qarorgohi Samarqanddagi Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroyda bo‘lgan. Amir Temurning sharq shaharsozligiga kiritgan yana bir katta yangiligi Samarqandning ichkari va tashqarisida bir-biridan go‘zal bahavo bog‘-saroy barpo qilinganida yaqqol ko‘rinadi. Bu bog‘larning markazida hashamatli ko‘shklar ham barpo qilingani uchun ular bog‘-saroylar, deb atalgan. Bog‘-saroylarning nomlari, joylashgan o‘rni va tuzilishi haqidagi ma’lumotlar, asosan, Sharofiddin Ali Yazdiy, Nizomiddin Shomiy va ispan elchisi Klavixo asarlarida qayd etilgan.
Amir Temur Samarqandning shimolidagi Cho‘ponota maqbarasi yaqinida nabirasi (Mironshohning qizi)ga atab qurdirgan bog‘ Bog‘i Baland deb nomlanadi. Uni barpo qilishda Eron, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlar bog‘chilik san’ati ustalari hamda me’morlari qatnashgan. Bog‘ o‘rtasida Tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli qasr bo‘lib, uning atrofidagi uzumzor, anjirzor va olmazorlar boqqa go‘zal bir tarovat baxsh etib turgan.
Amir Temur Samarqandning g‘arbida suyukli xotini Tuman og‘a (Xayrunniso)ga atab qurdirgan (1378) bog‘ Bog‘i Behisht deb atalgan. Yozma manbalarda bog‘ «Bog‘i Jannat» nomi bilan ham mashhur. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, bog‘ o‘rtasidagi atrofi handak bilan muhofaza etilgan sun’iy tepalik ustida oq marmardan kurilgan hashamatli saroy bo‘lgan. Saroyga bir necha ko‘tarma ko‘priklar orqali kirilgan. Saroyning bir tarafida hayvonot bog‘chasi ham bo‘lgan.
Bog‘i Davlatobod esa Amir Temurga u Hindiston yurishidan qaytgan kuni – 1399 yil 22 aprelda hadya kilingan. Arxeologik tadqiqotlar (I.A.Suxarev, 1936 va O‘.Alimov, 1967)ga ko‘ra, u Samarqanddan 13 km janubda, Katta O‘zbekistan traktining chap tomonida joylashgan. Amir Temur bu bog‘da zafarli yurishlardan qaytgach, dam olgan, tantanali marosimlar o‘tkazgan, elchilarni qabul qilgan.
1397 yil bahorida u Samarqandning mashhur bog‘laridan biri «Bog‘i Shamol»da ajoyib bir saroy qurdirgan. “Qurilishni tezroq nihoyasiga yetkazish uchun eroniy va bog‘dodiy me’morlarga askarlar yordam berishgan. O‘zi esa ish borishini nazorat qilib turish uchun qurilish maydoniga chodir tikdirgan. Sharafuddinning rivoyatiga ko‘ra, bu saroy handaq bilan ihota qilingan sun’iy tepa ustiga Tabrizning sof oq marmaridan bino etilgan, bir necha ko‘priklar shu boqqa ulangan, bir tomonida hayvonot bog‘chasi ham bo‘lgan. Amir Temur bu saroyni o‘zining vorislaridan biri Mironshohning qiziga hadya qilgan edi.
Konigil dashtida ilgari mashhur bo‘lgan barcha bog‘lardan go‘zal bir bog‘ barpo etiladi. Uning anjirlaru boshqa turli mevali daraxtlar soya tashlab turgan uzun yo‘laklaridan o‘tib, atrofi baland oq marmar ustunlar bilan o‘ralgan bir qasrga borilgan. Amir Temur bog‘ o‘zi o‘ylaganidek chiqqanligini ko‘rgach, unga Bog‘i «Dilkusho», ya’ni «Dilga quvonch baxsh etuvchi» bog‘i deya nom beradi.
Amir Temur Kesh yo‘li ustidagi haybatli qoya ustiga ham ajoyib bir saroy qurdirdi. Devorlari marmar va oq koshin bilan qoplangan. Bu saroyni zilol buloqlardan suv ichgan yam-yashil bog‘ o‘rab turgan. Temur bu boqqa «Taxti qoracha» deb nom qo‘ydi.
Sohibqiron Amir Temur davrida hammasi bo‘lib Samarqand atrofida 12 ta go‘zal va betakror bog‘lar barpo etilgan. Bular: bog‘i Naqshi Jaxon, bog‘i Behisht, bog‘i Shamol, bog‘i Davlatobod, bog‘i Buldu, Bog‘i Maydon, bog‘i Baland, bog‘i Chinor, bog‘i Jaxon Namo, bog‘i Nau bo‘lib, ular uchun joy tanlashda joyning bahovoligiga, baland-pastligiga, suv manbaining ozko‘pligiga va tabiatning boshqa xususiyatlariga alohida e’tibor berilgan. U.Olimovning aytishicha, Sohibqiron Amir Temur davrida Samarqand bog‘lari ikki xil ko‘rinishda qurilgan. 1. Geometrik shaklda tartib berilgan chorbog‘lar. Bu ko‘rinishdagi bog‘lar to‘rtburchak shaklida qurilib maydoni 1x1 km.ni tashkil etgan. 2. Tabiat xushmanzaralari asosida tashkil topgan bog‘lar tabiiy manzaraga ba’zi bir tuzatishlar kiritgan holda barpo qilingan. Bu bog‘lar maydoni tartibli bog‘larnikiga nisbatan kengroq bo‘lgan. Zarafshon daryosi, Darg‘om, Abbos, Qoraunas kanallari va Obirahmat, Bog‘i Shamol, Bog‘i Baland ariqlari bog‘larni suv bilan ta’minlagan. Ariqlardan tashqari bog‘larning turli qismlaridan o‘rin olgan hovuzlar (25x25:32x64 m.) favvoralar (4x4:5x5 m.), shuningdek bog‘ o‘rtasida joylashgan saroylarni o‘rab turgan suv havzalari (Xandaqlar kengligi – 20-25 m.) bog‘larga fayz kiritish bilan birgalikda havosini musaffolashtirgan, mikroiqlim yaratgan. Bog‘larning turli xildagi mevali, manzarali daraxtlarsiz, ko‘katlarsiz, gullarsiz, tasavvur qilish juda qiyin. Ularning soyasida sayr qilib yurgan ohular, tovuslar va suv xavzalarida suzib yurgan o‘rdaklar, g‘ozlar, baliqlar bog‘ ko‘rkini yanada jozibalashtirgan. Bog‘larning turli qismlariga joylashtirilgan chodirlar, shiyponchalar va ularni bog‘lovchi yo‘lkalar bo‘lgan.
Samarqandda masjid, madrasa va maqbaralar bilan bir qatorda ko‘prik va hammomlar qurilgan, shahar tashqarisida esa qo‘riqxona va bog‘-rog‘lar barpo etilgan. 1403–1404 yillarda Samarqandda bo‘lgan Ispaniya elchisi Rui Gonzales de Klavixo Amir Temur farmoni bilan olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini kuzatib hayratda qolgan edi.
Bu ko‘hna dunyo tarixida qator jahongirlar hukmronlik qilib o‘tgan. Ularning aksariyati o‘zidan faqat kultepaga aylangan vayronalarnigina qoldirgan. Ulardan farqli o‘laroq, Amir Temur umr bo‘yi bunyodkorlik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Uning “Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim”, degan so‘zlari buning yorqin isbotidir.
Klavixo o‘z asarining “Samarqandning boyligi” qismida shunday yozadi: “Bu yurt don-dun, meva-cheva, parranda go‘shti, boshqa har xil go‘sht, qo‘yingki hamma narsaga boy mamlakatdir. Qo‘ylari katta, serdumba, juda yirik bo‘ladi. Dumbasi odam qo‘lida zo‘rg‘a ko‘taradigan darajada og‘ir – yarim pud, ya’ni dumbasi 8-10 kilo keladigan qo‘ylar bor. Serdumbali qo‘ylar shu qadar ko‘p va arzon ediki, podshoh lashkari Samarqandga yig‘ilib kelgan kezlarda bunday qo‘ylardan bir juftining narxi 1 dukat turardi. Boshqa mollar ham shu qadar arzon, bir yarim fanega arpaning bahosi chamasi yarim real edi. Nonni suv tekin desa bo‘ladi, guruch esa hammayoqni bosib ketgan edi. ... Samarqand va uning atrofidagi yerlar hayratomuz darajada mo‘l-ko‘l va boy edi. Mana shunday boyligi tufayli shahar Samarqand, deb ataladi. Uning haqiqiy nomi Semizkent, ya’ni boy qishloq, demakdir. Samarqand ana shu nomdan kelib chiqqan”.
Amir Temur mamlakatni boshqargan davrda Movarounnahrning dehqonchilik vohalarida, xususan, Zarafshon vodiysida qator sug‘orish tarmoqlari qazilib, sug‘orma dehqonchilik maydonlari kengaytirildi. Yangi-yangi qishloqlar barpo etildi. Sohibqiron davlat poytaxti Samarqand atrofida qad ko‘targan bir qancha qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq (Damashq), Misr (Qohira), Bag‘dod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Zero Samarqand o‘zining katta va yangi shahar ekanligi, beqiyos go‘zalligi hamda tevarak-atrofining obod etilganligi jihatidan jahondagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmog‘i lozim edi. Sohibqiron Amir Temur esa aynan Samarqand atrofiga shunday nomdagi go‘zal qishloqlarni barpo etdi va ularga nisbatan Samarqandning tutgan mavqeini ta’kidladi. Uning fikricha, Samarqand kattaligi, go‘zalligi hamda tevarak atrofining obod etilganligi jihatidan dunyodagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmog‘i lozim edi. Sohibqiron Amir Temur davrida olib borilgan bunyodkorlik ishlarining deyarli barchasida ilmiy loyiha, me’moriy-badiiy yechim, nur va soya uslublarii yuksak darajada ishlab chiqilgan va bu qurilishlar aniq rejalar asosida olib borilgan.
H. Vamberi hatto Amir Temur tarafidan qurilgan bu imoratlarning yuz yillardan keyingi xarobalari ham dunyoning eng go‘zal inshootlaridan ustunligini qayd etib, bundan keyingi yuz yilliklarda musulmon dunyosida bunyod etilgan yirik qurilishlarda Amir Temur saltanati me’morchiligi maktabidan andoza olgani, unga taqlid etilgani haqida yozib qoldirgan.
Sohibqiron Amir Temurning Konigil maydonida chodirlardan katta ko‘chma shahar qurgani uning me’morchilik san’atining muhim cho‘qqilaridan biri hisoblanadi.Bu ko‘chma shahar «Yuksak tartib-intizom va fidoyilik bilan ishlangan. Amir Temur o‘rdusi yigirma ming chodirdan iborat haqiqiy bir shahar tikladi. Bu shaharning o‘z uylari, ko‘chalari, maydonlari va bozorlari bor edi. Shaharning qoq markazidan Sohibqironning chodiri joy oldi. Ispan elchisi Klavixoni, ayniqsa, o‘rdu yordamchi qismlarining tashkil etilishi qattiq xayratga soladi. Klavixo o‘z “Kundaliklari”da bir-biridan go‘zal chodirlarni ta’riflab, ulardan birining sirti olmaxon mo‘ynasidan, ichkarisi oq mo‘yna bilan bezatilgani, yana boshqa chodirning suvsar mo‘ynasi bilan qoplangani va chodir ichkarisidagilar oynadan tashqarini ko‘ra olishlari, tashqaridagilar esa ichkaridagilarni ko‘ra olmasligi, maxsus moslama bilan qurilgan eshiklar chodir ichiga yoqimli yelvizak berib turishi, chodirlardan tashqariga chiqmay maxsus matolardan qurilgan yo‘laklardan boshqa chodirlarga o‘tishi mumkinligini alohida ta’kidlagan.
Ibn Arabshoh chodirlar va o‘rab turgan saroy (matodan ishlangan to‘siq)ni shunday ta’rifladi: «Temur amr qildi, uning surodiqalarini bu yashnagan jahon markazi qilib qo‘ydilarki, go‘yo u ushbu aylanayotgan falaklar doirasining (markaziy) nuqtasi bo‘ldi. Bu qurilgan chodirlar va o‘tovlar ustidagi atrofi o‘ralib o‘rnatilgan bir ko‘tarma edi. Unda katta darvoza bo‘lib, u orqali ichidagi mavjud joy va manzillarga keng daxliz bo‘ylab kirilardi. Darvozaning ikkita baland shohi bo‘lib, odamlar ularga boshlarini egar va (ularni) mushohida qilgan paytda kishilar esdan judo bo‘lardi. Shu ikki shoh (borligi) sababidan bu (joy) «Zulqarnayn» («ikki shohli») deb laqablanardi. Bu dargohning ichkarisiga Temur uchun bir qancha chodir, xayma va o‘tovlar tikdilar. Shular jumlasidan bir chodir bor ediki, uning yuqoriyu quyisiga oltin bilan zarhal berilib, ichiyu sirti nafis patlar bilan bezatilgan edi. Chodirlardan yana biri batamom xarirdan tikilib, turli-tuman naqshlar, xilma-xil alvonli bo‘yoqlar bilan bezalib to‘qilgan, yana boshqa biriga boshidan oxirigacha yirik marvaridlar qadalganki, ularning har bir donasining qiymatini barcha asrorlar bilimdoni (tangri)dan boshqa hech kim bilmaydi; yana biri tillo bo‘laklari ustida turli-tuman javohirlar bilan shunday bezatilganki, u odamzod ko‘zini o‘ynatib, aqlini dahshatga soladi. Ularning oralarida naqshli ravoqlar, zarhal berilgan chodirlar dahlizlari va yo‘laklari, kishini hayratga soladigan inshoatlar bor edi. Ular orasida orom olish uchun yelpig‘ichlar beradigan (kanopdan yasalgan) yelpig‘ichlar, foydali (narsalar) va zaruratlar, ochilib qulflanadigan narsalar bor edi».
Sohibqiron Amir Temur Boyazid Yeldirimni yenggach uning xazinasidan bir saroparda olib kelgan edi. Ushbu sitora xilma-xil naqshlar bilan naqshlangan bo‘lib, nabotot, imoratlar va arshlar, turli-tuman xashoratlar, qushlar, vaxshiy hayvonlar, keksa va yosh kishilar, ayollar, bolalar rasmlari, kitobot naqshlari, mamlakatlar ajoyibotlari, musiqa asboblari va hayvonlar g‘aroyibotlari suratlari alvonli bo‘yoqlar bilan bezatilgani bo‘lib, ular bekamu ko‘stlik va yetuklikda o‘ta kamolga molik edi. Ular shunday mahorat bilan ishlanganki, go‘yoki suratlari harakatga tushib, sen bilan suhbat qurayotgandek va quyi egilib turgan mevalar esa o‘zini terishga seni chorlayotgandek tuyuladi. Bu sitora dunyo ajoyibotlaridan biri bo‘lib, u haqda (boshqalardan) eshitish ko‘z bilan ko‘rgandek emasdir. Chodirlardan iborat bu shaharchaning ichki dizayni ham shohona va san’atkorona tuzilgan. Chodirdan birining ichki tuzilishi manbalarda shunday ta’riflanadi, «Balandligi odam ko‘kragi keladigan marvarid durlar bilan bezatilgan tilla sandiq. Bu sandiqda quloqli tilla piyolalar mavjud. Sandiqning bir kichik eshigi bo‘lib, ichiga quloqli oltita piyolalar qo‘yilgan. Sandiq tepasida oltita oltin ko‘za, oltita oltin piyola, sandiq yonida balandligi bir qarich keladigan oltin piyola, unga ikki qarich zumrad o‘rnatilgan. Xontaxta qarshisida eman daraxti shaklida yasalgan, odam oyog‘i yo‘g‘onligida yasalgan oltin daraxt, balandligi odam bo‘yi, mevalari sarg‘ish, qizil, zangori yoqutlar, zumradlar, feruzalar, nihoyatda san’atkorona qo‘yilgan. Daraxtda go‘yo meva yemoqchiday, yoxud uchib ketmoqchiday, meva yeyayotganday marvaridlarni tumshug‘ida ushlab turardi». U xonadagi xayratomuz xontaxtalar, ko‘rpachalar va boshqalarni ham sanab o‘tgan. Temuriylar davri san’atining yorqin timsoli bo‘lmish ushbu chodir shaharda xatto ko‘chma masjid ham o‘rnatilgan. U ikki qavat bo‘lib, gir aylanasi yog‘och yo‘laklar va ayvonlardan iborat. Masjid boshdan oyoq tilla va lojuvard rangli naqshlar bilan bezatilgan bo‘lib, uni istalgan paytda buzish va yig‘ish mumkin edi.
Ibn Arabshohning aytishicha, bu afsonaviy chodir shaharchada hunarmandlar o‘zlarining shoh asarlarini namoyish qilganlar. “Bir qamish to‘quvchi hunarmand (qamishdan) mukammal qurol-yarog‘li bir otliqni yasab chiqardi va uning suratini kamoliga yetkazib, xatto tirnoqlariyu kipriklarini ham yasadi. Unga (otliqqa) zarur bo‘lgan qurol-yarog‘lardan yoy, qilich va boshqa taalluqli narsalarning hammasini daqiq usulda kamoliga yetkazib yasadi. Ushbu anjomlarning barchasi qamishdan edi. Paxta tikuvchilar paxtadan tikligi yarashgan, baland, pishiq ishlangan, go‘zal suratli nafis va chiroyli bir mezana yasadilarki, u o‘z jismining oqligi jannat huridan ko‘ra ham yuqori va bo‘yining barkamolligi baland qasrlardan ham baland edi”.
Samarqand Amir Temurning sa’yi harakatlari tufayli mukammal ko‘rinishga ega bo‘lib, siyosiy markazlarga qo‘yiladigan barcha talablarga to‘liq javob bergan. U o‘z davrida dunyoning eng go‘zal shahri va siyosiy markazi sifatida dong taratgan.
Bu davrda poytaxt Samarqandda savdo va hunarmandchilik g‘oyatda rivojlanadi. Yangi bozorlar, savdo rastalari barpo etiladi. Shahar bilan dehqonchilik vohalari, chorvador ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholi o‘rtasida ayirboshlash, savdo aloqalari kengayadi. Mamlakatning ichki va tashqi savdosi kengayib, taraqqiy etishida Samarqand katta o‘rin tutardi. Klavixoning ta’riflashicha, Samarqand bozorida bug‘doy va guruch mo‘l va arzon bo‘lgan. Unda hunarmandchilik mahsulotlari: atlas kimxob, ip va jun to‘qima mollari, mo‘ynali va ipakli po‘stinliklar, attorlik mahsulotlari, ziravor va dorivorlar, zarhal va lojuvardlar va boshqa mollar sotilgan. Poytaxtga chet el mamlakatlaridan, xususan, Xurosondan ma’danlar, Hind va Sinddan yoqut va olmos, Xitoydan atlas, yashim (yashma) toshi, mushk va boshqa mollar, o‘zga yerlardan oltin va kumush olib kelingan. Klavixo Samarqandga Xitoy poytaxti Xonbaliq (Pekin)dan 800 tuyalik savdo karvoni kelganini o‘z kundaligida qayd etgan.
Amir Temur hukmronligi davrida Samarqand, alohida maqomiga ko‘ra, davlat ichidagi davlatga o‘xshar edi. Alohida muhtasiblar bozorlardagi tartib-qoidani, tozalikni, tarozi toshlarining to‘g‘riligini, narx-navoni nazorat qilib borgan. Yana bir guruh muhtasiblar esa shariat qonunlari bajarilishini va vaqf ishlarini kuzatib borgan. Shu bois ispan elchisi Klavixo quyidagilarni yozgan: «Samarqandda qonunga qattiq rioya kilinadi, janob (Amir Temur)ning ruxsatisiz bir kishi ikkinchi kishini xafa etishi yoki birovga nisbatan zo‘ravonlik qilishi mumkin emas». Shuningdek, davlat rahbarining ruxsatisiz bozorda narx-navoni ko‘targan savdogarlar ham jazolangan. Klavixo shunday keltiriladi: “.... Bundan tashqari, o‘zi yo‘qligida go‘shtning narxini oshirib sotgan bir qancha qassoblarni ham jazolashni buyurdi. Shuningdek, mollarga ortiqcha narx qo‘yib sotishda aylangan kafshdo‘z, etikdo‘z va boshqa bir qancha hunarmandlarning mablag‘larining bir qismini musodara qilishni buyurdi”.
Bu davrda Amir Temur va uning mahalliy noiblari Xitoy va Hindistondan O‘rta Osiyo orqali Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga tomon yo‘nalgan xalqaro karvon yo‘li – Buyuk ipak yo‘li va uning tarmoqlarini qat’iy nazorat ostiga oladi. Savdo karvonlari qatnovining xavfsizligini ta’minlash va ularga qulayliklar yaratib berish maqsadida jiddiy choratadbirlar ko‘riladi. Shaharlarda karvonsaroy, ipak yo‘li bo‘ylab rabotlar, qal’alar va ko‘priklar quriladi. Natijada Sharq bilan G‘arb mamlakatlari o‘rtasida savdo-sotiq va elchilik aloqalari kengayadi.
Amir Temur hukmronligi davrida Samarqandda kumush va bronzadan «miriy», «tanga», shuningdek, «nimtanga» va «tangacha» zarb qilingan. Amir Temur tomonidan oltin tangalar faqat Xorazmda zarb etilgan. Samarqand va boshqa zarbxonalarda «fulus» yoki «fulus tanga» deb nomlangan mis tangalar zarb qilingan. Temur davlatida mavjud 40dan ortiq zarbxonalarda zarb qilingan tangalar o‘zining turli xususiyatlari bilan farqlangan. Tangalarning yuz qismida asosan Amir Temur davridagi rasmiy xonlar Suyurg‘atmish va Mahmud Sultonlarning ismlari bitilgan. Tanganing orqa tomonidan davlat muhri tushirilgan. Ushbu tanga zarbi an’anasi Amir Temurning o‘g‘li Shohrux va Mirzo Ulug‘bek tomonidan davom ettirildi. Masalan, Mirzo Ulug‘bek tomonidan 1449 yilda Samarqandda Amir Temur tangalariga o‘xshash tangalar zarb qildirgan. Ulug‘bek tangalarida ham bobosi va otasi davri tangalaridek tamg‘a tushirilgan. Temuriylar davri tangalari o‘zining qadri va sifati bilan anchayin baland bo‘lib, bu iqtisodiyotni barqarorlashda muhim omil bo‘ldi. Shuni hisobga olgan Shayboniylar ham o‘z hukmronliklarining dastlabki davrida Shohrux tangalaridan ichki bozorda keng foydalanishgan.
Amir Temur hukmronligi davri (1370-1405) va temuriyzodalar Shohrux ibn Temur (1409-1447), Ulug‘bek ibn Shohrux (1447-1449), Abu Said ibn Sulton Muhammad (1457-1469)lar davrida iqtisodiy munosabatlarni barqarorlashtirishga, poytaxtda farovonlikni ta’minlashga kuchli e’tibor berildi.
Ulug‘bek otasi Shohruhning ko‘magi bilan avval (1413) Xorazmni, so‘ngra (1415) Farg‘ona va Qashg‘arni o‘z tasarrufiga olib, davlatining g‘arbiy va sharqiy chegaralari xavfsizligini ta’minlagan. Ulug‘bek Movarounnahrni idora etish, tashqi va ichki siyosatga aloqador har qanday masalani hal etishda otasi bilan maslahatlashib va kelishib, uning rozi-rizoligi bilan hal etardi.
Shohruh 1447 yil 12 mart kuni nevarasi Sulton Muhammad isyonini bostirish vaqtida Ray viloyatida olamdan o‘tadi. Shohrux vafotidan so‘ng Xuroson va Movarounnahrda temuriy shahzodalar o‘rtasidagi nizolar yana avj oladi. Bu kurash oqibatida zamonasining mashhur olimi va hukmdori Mirzo Ulug‘bek 1449 yil 27 oktabrda 55 yoshida Samarqand yaqinida fojiali suratda halok bo‘ladi. Ulug‘bek Movarounnahrni 40 yil (1409-49) idora etgan edi. Ulug‘bek fojiasidan so‘ng taxtga chiqqan Abdullatif o‘ldirilgach, Samarqandda Ulug‘bekning kuyovi Abdulloh Mirzo, Buxoroda esa Mironshohning nabirasi Sulton Abu Saidlar podshoh qilib ko‘tariladi. Abdulloh Mirzo mamlakat barqarorligini tiklash uchun barcha choralarni ko‘radi, ammo Temuriylar taxtida uzoq vaqt o‘tira olmaydi. Avval u amakivachchasi Abu Said bilan kurashadi. O‘zaro janglarning birida Abdulloh Mirzo halok bo‘ladi. Abu Said Abulxayron yordamida Samarqandni egallab, Movarounnahrga hokim bo‘lib qoladi.
Xullas, Amir Temur tomonidan barpo etilgan saltanat uning nevaralari Xalil Sulton (1405-1409); Ulug‘bek (1409-1449); Abdullatif (1449-1450); Abdullo Mirzo (1450-1451); Abu Said ibn Sulton Muhammad (1451-1469); Sulton Ahmad Mirzo ibn Abu Said (1494-1495); Boysung‘ur Mirzo (1495-1497); Sulton Ali Mirzo ibn Sulton Mahmud (1498-1500)lar davrida o‘z davlatlarining poytaxtini Samarqandda qoldirishgan va shaharning obodligi hamda farovonligiga e’tibor qaratishgan.
Temuriy hukmdorlar va shahzodalar adabiyot va san’atga, ilm-fanga yaqin kishilar edi. Ulardan 22 tasi shoir bo‘lib, ular o‘zlari she’r yozish bilan birga ijodkorlarga homiylik ham qilgan. Halil Sulton, Husayn Boyqaro devon ham tuzganlar.

Download 40.76 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling