Amir temur va temuriylar davrida samarqand
Amir Temur va temuriylar davrida Samarqandda ilm-fan va madaniyat
Download 40.76 Kb.
|
1 2
Bog'liq2-Seminar (копия)b
Amir Temur va temuriylar davrida Samarqandda ilm-fan va madaniyat
Temuriylar davrida ularning davlati hududi shimolda Ili daryosi va Xorazm (Orol) dengizidan janubda Fors qo‘ltig‘iga qadar, sharqda Xitoy va Hindistondan g‘arbda Trabzun (Qora dengiz)ga qadar ulkan maydonni qamragan. Davlat tuzilishi, qonun va qoidalari jihatidan ular musulmon Sharqida o‘rta asrlarda hukm surgan davlatlardan katta farq qilmasa-da, ammo uning boshqaruv tizimi Turon, Turkiston, Movarounnahr davlatchiligining asriy an’analari, saltanatga kirgan mamlakatlar bilan madaniy aloqalar asosida yangi tartib va qoidalar bilan takomillashtirilgan. Ibn Arabshoh, Nizomiddin Shomiy, Sharafiddin Ali Yazdiy va boshqa olimlar qayd etishicha, Misr, Shom, Ro‘m, Ozarboyjon, Eron, Xorazm, Hindiston va ko‘plab boshqa yurtlardan minglab hunarmandlar ko‘chirib keltirilgan va hammasi ish bilan ta’minlangan. “Shoh, - deb yozadi Klavixo, turli tomondan Samarqandga keltirilgan har xil toifadagi erkak va ayollarning hammasi, aytishlaricha, bir yuz ellik mingdan oshiq bo‘lgan. Bular orasida turk, arab va boshqa elatlar, arman xristianlari, yunon katoliklari, nasroniylar, yakobitlar va yuzi bilan o‘tga topinuvchi o‘ziga xos mashabga ega bo‘lgan kishilar ham bor edi. Olib kelingan xaloyiq hayratlanarli darajada ko‘p ediki, shaharga, ko‘cha va maydonlarga, qishloqlarga, hatto shahar tashqarisidagi daraxtlar ostiga, g‘orlarga ham odam sig‘may ketgan edi. Amir Temur ularni bir – biridan ajratmasdan, qavmi va oilasi bilan birga jamoa-jamoa joylashtirgan, zarur shart-sharoit yaratib bergan, chunki yangi joyda o‘z hunarlarini yo‘lga qo‘yishlari, mahorat va bilimlarini namoyon qilishlari uchun ular yotsiramasligi, mahkam o‘rnashib olishlari kerak edi. Samarqand atrofida Damashq, Misr, Bag‘dod, Sultoniya, SHeroz nomli qishloqlarning paydo bo‘lishini shu bilan izohlash mumkin. XIV asr oxirlaridayoq qurilishda birga ishlagan mahalliy va ko‘chib keltirilgan me’morlar, ustalar o‘rtasida o‘zaro ta’sir va o‘ziga xos ijodiy amaliy birdamlik yuzaga kelgan. Musiqa, raqs, tomosha san’atlarida bunday birdamlik va uyg‘unlik birmuncha kechroq paydo bo‘lgan. XV asr boshlaridayoq umumiy badiiy maktablar shakllangan. Natijada me’morchilik, naqqoshlik, o‘ymakorlik, musavvirlik, musiqa, raqs, tomosha san’atlarida ham keskin yuksalishlar yuz berdi. Buni aksariyat olimlar «Uyg‘onish davri», «Temuriylar renessansi» deb ataydilar. Amir Temur yuksak madaniyat va ma’naviyat homiysi bo‘lgani uchun bepoyon davlati hududlaridan olimlar, shoirlar, musavvirlar, musiqachilar, me’morlar, iqtidorli usta, hunarmandlarni Samarqandga chorlaydi. Ularga g‘amxo‘rlik qiladi. Amir Temurning o‘zi, xotinlari, o‘g‘il va nabiralari Samarqandda muhtasham madrasalar, honaqohlar, bog‘lar bunyod qiladi. Ana shunday qulay sharoit tufayli Samarqand XIV-XV asrlarda Sharqning ulkan ilm-madaniyat markaziga aylanadi. Temuriylar davlatining qudrati ayniqsa me’morchilikda namoyon bo‘ldi. Bu davrda Movarounnahr shaharlari qurilishida mudofaa devorlari, shoh ko‘chalarni tartibga solish, me’moriy majmualarni qurish avj olgan. Ilk o‘rta asrlardagi shaharning asosiy qismi bo‘lgan «shahriston»dan birmuncha farq qiluvchi «hisor» qurilishini Samarqand va Shahrisabzda kuzatish mumkin. Saltanat poytaxti Samarqandni bezatishga Amir Temur alohida e’tibor berdi. Uning farmoni bilan hisor, qal’a, ulug‘vor inshootlar va tillakor saroylar bunyod etilgan. Amur Temur davrida Samarqand Afrosiyobdan janubda, mo‘g‘ullar davridagi ichki va tashqi shahar o‘rnida qurila boshladi hamda bu maydon qal’a devori va xandaq bilan o‘ralib (1371 y), hisor deb ataldi. Hisor 500 gektar bo‘lib, devor bilan o‘ralgan. Shahar mahallalardan iborat bo‘lib, bir qanchasi guzarlarga birlashgan. Shaharda me’moriy majmualar shakllanishi Temuriylar davrining eng katta yutug‘i bo‘ldi. Me’morchilik taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Temuriylar davrigacha va undan keyin ham Movarounnahr hamda Xuroson me’morchiligida bezak va naqsh bu qadar yuksalmagan edi. Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek davri me’morchiligida bezakda ko‘p ranglilik va naqshlar xilma-xilligi kuzatiladi. Epigrafik bitiklarni hattotlik san’atini mukammal egallagan ustalar binoning maxsus joylariga olti xil yozuvda yozganlar. Koshin qoplamalarda tasviriy mavzular kam uchraydi. Bu davrdagi bino ichining bezagi ham xilma-xil bo‘lgan. Devor va shift, hatto gumbaz ham naqsh bilan ziynatlangan. Amir Temur davrida qurilgan binolarda ko‘k va zarhal ranglar ustun bo‘lib, dabdabali naqshlar ishlangan. Mirzo Ulug‘bek davrida, Xitoy chinnisiga o‘xshash oq zamindagi ko‘k naqshlar ko‘p uchraydi. Bu davrda masjid, maqbaralar ko‘plab qurildi. Amir Temur Hindiston yurishidan so‘ng (1399 y.), Samarqandda jome’ masjidini qurdirdi. Uning ro‘parasida Bibixonim madrasasi va maqbara bunyod ettiradi. Amir Temur davrida Saroymulkxonim (Bibixonim) madrasasi va Amir Temur majmuasidagi madrasa qurilgan. XV asrda madrasa me’morchiligi o‘zining uzil-kesil shakllangan qiyofasiga ega bo‘ldi. Madrasa qurilishi yagona tizim bo‘yicha rejalashtirilsa ham, asosiy shakllari, ularning o‘zaro nisbatlari va bezaklariga ko‘ra har biri o‘z qiyofasiga ega edi. Temuriylarning ikki san’at durdonasi - Samarqanddagi Ulug‘bek va Hirotdagi Gavharshodbegim madrasalari yagona tizim rejasi bo‘yicha qurilganiga qaramay, bir-biridan farq qiladi. Temuriylar davrida yaratilgan maqbara, din arbobi va ruhoniylar qabrini o‘z ichiga oluvchi panjara-xazira, avliyolar qadamjolari, dahmalar alohida guruhni tashkil qiladi. Samarqandda Amir Temur davrida shayx Burxoniddin Sog‘arjiy xilxonasi - Ruhobod maqbarasi va temuriylar xilxonasi - Amir Temur maqbarasi, shuningdek, Shohizinda majmuasida peshtoqli maqbaralari guruhi quriladi. Mirzo Ulug‘bek davrida ijodiy izlanishlar samarasi dahmalarning me’moriy ko‘rinishiga ham ta’sir o‘tkazadi. Shohizinda majmuasida sakkiz qirrali maqbara va hozirgacha Qozizoda Rumiy maqbarasi deb kelinayotgan («Sultonning onasi» uchun qurilgan, kimligi noma’lum) maqbara quriladi. Qurilish miqyosi va bezaklar bo‘yicha Samarqanddagi obidalar boshqa shaharlardan ustunlik qiladi. Obodonchilik, sug‘orma dehqonchilikning rivojlanishi iqtisodiy hayotda muhim soha - hunarmandchilik, savdo va tovar-pul munosabatlarining taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek davrida tog‘-kon ishlari yo‘lga qo‘yilib, turli ma’danlar qazib olinishi tufayli hunarmandchilik yuksak darajada rivojlandi. Hunarmandchilikka katta e’tibor tufayli shaharlarda maxsus gilamdo‘zlar, sandiqchilar, shishasozlar, egarchilar, zargarlar mahallalari ko‘paydi, yangi bozor rastalari, tim va toqlar qurildi. To‘qimachilik, kulolchilik, chilangarlik, temirchilik va binokorlik, me’morchilik sohalari asosiy o‘rin tutdi. Samarqandda yangi hunarmandchilik mahallalari vujudga kelib, madaniyat markazlariga aylandi. Ip, jun, kanop tolasidan gazmollar to‘qilgan. Ipakdan shoyi gazlamalar - atlas, kimxob, banoras, duxoba, horo, debo kabi gazmollar to‘qilgan bo‘lib, ular mahalliy va xorijiy savdogarlar tomonidan harid qilinar edi. Amir Temur va temuriylar hukmronligi davrida Movarounnahr va Xurosonda ta’limga e’tibor, ilm-fanga homiylik davlat siyosatiga aylandi. Barcha shaharlarda oliy ta’lim dargohlari madrasalar barpo etilib, o‘z davrining yetuk olimu ulamolari tolibi ilmlarga dars berishga jalb etildi. Temuriylar davri renessansi rivoji bevosita Amir Temur asos solgan ulkan saltanatda adolatli boshqaruv tizimi barpo etilganligi katta o‘rin tutgan. Qudratli saltanat va ma’rifatli jamiyat barpo etishda qadim turkiy davlatchilik an’analari va islomiy shariatga tayanib ish tutgan Amir Temur. har qanday taraqqiyotning asosi sifatli ta’lim tizimi ekanligini chuqur anglagan edi. Sohibqironning saltanat ma’murlari oldiga «Katta kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar»; «Mudarrislar va shayxlarga kundalik maoshlarini belgilasinlar»; «Sayidlar, ulamo, mashoyix, fuzalo, ulug‘larni aziz tutsinlar», degan vazifani qo‘yganligi «Temur tuzuklari»da ham aks etgan. Sohibqironning bu topshirig‘i tabiiyki butun saltanat doirasida ijro etilgan. Amir Temur buyrug‘i bilan madrasalarda diniy ilmlar (tafsir, hadisshunoslik, fiqh va boshqalar) bilan bir qatorda dunyoviy ilmlar (handasa, aljabr\algebra, riyozat\matematika, mantiq, astronomiya\ilmi nujum, adabiyot, tarix, xattotlik va boshqalar) o‘qitilishi keng yo‘lga qo‘yildi. Shaharlardagi har bir madrasaga vaqf yer mulklar ajratilib, ulardan keladigan daromadlar madrasalar mudarrislari va xizmatchilari maoshi, kutubxona ta’minoti, ta’mirlash va boshqa ishlar uchun yetarli bo‘lgan. Amir Temurning buyrug‘i bilan Samarqandda o‘z davrida yagona bo‘lgan kutubxona barpo etilgan bo‘lib, Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida (1409-1449) bu kutubxona fondi yanada boyitilgan va mamlakatning haqiqiy ilm ma’rifat markaziga aylangan edi. Amir Temur va temuriylarning turli tadbirlari olimu fuzalolar, din peshvolari davrasida o‘tgan. Masalan, shaxsan Amir Temur oldida katta obro‘ga ega mantiq, kalom, hadis ilmining donishmandi Mas’ud ibn Umar Taftazoniy (1322-1390) Sohibqiron safarlarida doimo hamrohlik qilgan. Amir Temur davrida Samarqandda Abdujabbor Xorazmiy, Shamsiddin Munshiy, Nu’moniddin Xorazmiy, Xo‘ja Afzal, Alouddin Koshiy, Jalol Hiriy, Xo‘ja Muhammad Zohid kabi mashhur olimlar yashab ijod qilgan. Bu davrda Samarqand Abdumalik Samarqandiy, Ismat Buxoriy, Bisotiy, Lutfullo Nishopuriy singari shoirlari bilan she’riyat olamida dong taratgan. Agarda Amir Temur davrigacha Samarqandda fors tilli nazm rivojlangan bo‘lsa, Sohibqiron va uning vorislari davriga kelib turkiy tildagi she’riyat ham yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan. Chunonchi, To‘g‘li Xo‘ja, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Sayfi Saroyi, Haydar Xorazmiy, kabi shoirlar turkiy she’riyatni rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar. Shuningdek, temuriylar davrida Samarqanddagi ilmu fan rivojiga o‘zbek adabiyoti va she’riyati asoschisi Alisher Navoiy (1466-1468 yillarda Samarqandda yashagan), Qozizoda Rumiyning shogirdi Abdurahmon Jomiy, tilshunos olim “Risola fi-l-istiora” asaraning muallifi Abulqosim ibn Abu Bakr Laysiy Samarqandiy (XV asr), temuriylar davrida (1490-yillar) Samarqandda yashagan, “Shayboniynoma” asarining muallifi Muhammad Solih (1455-1535)lar ham munosib hissa qo‘shishgan. Ayniqsa, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning bu borada benazir o‘rni bor. Abdurahmon Jomiy ko‘p marta Samarqand bo‘lgan. Ulug‘bek madrasasida tahsil ko‘rgan, Xoja Ahror Vali kabi ulug‘lar bilan hamsuhbat bo‘lgan. Uning Samarqanddagi hayoti haqida «Mirzo Hamdam» dostoni yaratilgan. 1465-1469 yillar orasida Samarqandda bo‘lgan Alisher Navoiy mashhur faqih Fazlulloh Abu Laysiy madrasasida o‘qigan, uni o‘ziga ustoz deb bilgan. Alisher Navoiy Samarqandda Ahmad Hojibek Vafoiy, Mirzobek Samarkandiy, A’loi Shoshiy, Yusuf Andijoniy, Riyoziy Samarqandiylar bilan ijodiy aloqada bo‘lib asarlar yaratgan. Temuriylar davrida miniatyura san’ati ham tez rivojlandi. Bu san’at turi qo‘lyozmalarni badiiy bezash ishlari bilan uyg‘un holda kamol topib borgan. Samarqand milliy miniatyura san’ati rivojida musavvir Abdulhayning xizmatlari katta bo‘lgan. Abdulhay 1396 yildan boshlab Samarqandda yashagan va ko‘plab shogirdlar tayyorlagan. Uning shogirdlaridan Pir Ahmad Bog‘ishamoliyning nomi bizga yaxshi ma’lum. U Amir Temur barpo ettirgan Bog‘ishamol bog‘idagi ko‘shkni bezashda ishtirok etgan va bog‘ning nomini o‘ziga taxallus qilib olgan. Amir Temur davrida yaratilgan noyob miniatyuralar bugun Istanbul, Parij, London, Vashington, Sankt-Peterburg kabi shaharlarning muzey hamda kutubxonalarida saqlanmoqda. Amir Temur va temuriylar davrida turli diniy va dunyoviy ilmlar bilan birgalikda xattotlik san’ati ham o‘z taraqqiyotining yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Bu davrda Muhammad ibn Husayn Miraqiy Samarqandiy (1404 yilda vafot etgan) “Ixtiyoroti badiiy” asarini shayboniy Abdulatifga bag‘ishlab ko‘chirgan, Azizulloh Samarqandiy (XV asr) Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” kitobini jadvallari bilan birga nash xatida ko‘chirgan. Amir Temur va temuriylar davrida Samarqand kulolchiligida badiiy sopolchilik alohida ajralib turgan. Rang-barang bezaklar, buyoqlar bilan bezatilgan idish-tovoqlar kundalik ro‘zg‘or idishlaridan ko‘ra ko‘proq san’at namunalariga yaqin turgan. Metallga badiiy ishlov berish san’ati Amir Temur davlatida, ayniqsa, poytaxt Samarqandda juda rivojlangani tarixiy manbalarda va keyingi davrlarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlarda qayd qilingan. Mohir ustalar oltin, kumush, mis va bronzadan har xil idish-tovoqlar, shamdonlar, qurol-yarog‘lar yasagan. Qimmatbaxo metallardan ishlangan idish-tovoqlar, qadah, ko‘za va oftobalar Amir Temur uyushtirgan sayil, bazm, to‘ylarda hamda elchilarni qabul qilish marosimlarida ishlatilgan. O‘sha davrda yasalgan qandillar juda hashamatli, qimmatbaho bo‘lganini tarixchi Ibn Arabshoh yozib qoldirgan. Registon maydonida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar payti topilgan 60 dan ziyod metall buyum XIV-XV asrlardagi Samarqand chilangarlik maktabi yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilganini yaqqol isbotlaydi. Bu yerda topilgan bronza va misdan yasalgan ko‘zalar, oftobalar, laganlar, kosalar, shamdonlar, eshik dastalarning sirtiga nozik kumush iplardan ajoyib naqshlar solganki, ular jilosi bilan kishini hayratga soladi. Amir Temur davrida Samarqandda zargarlik, shishasozlik, sangtaroshlik, temirchilik ham yaxshi rivoj topgan. Ularning ayrim namunalari dunyoning turli muzeylarida saqlanmoqda. Samarqand qurolsozlik markaziga aylanib, shaharda maxsus sovutsozlar mahallasi vujudga kelgan. Shaharlarda mis va jezdan buyumlar va tanga pul zarb qilingan. Amir Temur farmoni bilan usta Izziddin bin Tojiddin Isfahoniy Ahmad Yassaviy maqbarasi uchun yasagan shamdon, Abdulaziz bin Sharofuddin Tabriziy quygan ulkan jez qozon hozirgacha saqlanib qolgan. Misgar va chilangarlar metallni toblash, quyish, sirtiga naqsh solish, oltin va kumush suvi yuritish kabi murakkab ishlarni bajarganlar. Samarqanddagi Bibixonim masjidi eshiklari yetti xil metall qotishma (haftjo‘sh)dan tayyorlangan. Zargarlar oltin, kumush va jez qotishmalaridan nafis zeb-ziynat buyumlari yasaganlar. Oltin va kumush gardishli, qimmatbaho toshlar qadalgan idishlar sirtiga naqsh va yozuvlar ishlangan. Samarqandda shishasozlik rivojlanib turli idish va buyumlar yasalgan. Qurilishda rangli oynalardan foydalanilgan. Yog‘och o‘ymakorligida naqshinkor eshiklar, panjaralar, ustunlar, darvozalar qurilgan va turli buyum, jihozlar yasalgan. Samarqand qog‘ozi hatto chet o‘lkalarda ham mashhur bo‘lgan. Samarqandda yog‘och o‘ymakorligi ham taraqqiy qilgan. Yong‘oq va tut kabi pishiq yog‘ochlardan yasalgan eshiklarning sirtiga geometrik va o‘simliksimon naqsh solingan. Husnixat bilan ishlangan yozuvlardan esa qo‘shimcha bezak sifatida foydalanilgan. Samarqanddagi Shohi Zinda va Amir Temur maqbaralariga o‘rnatilgan yog‘och eshiklar yuksak darajadagi san’at asarlari sifatida qadrlanadi. Ularning ayrim namunalari bugungi kunda Angliyada, Nyu-Yorkdagi metropoliten, Ermitaj muzeylarida saqlanadi. Temuriylar davrida tasviriy san’at turli yo‘nalishlar bo‘yicha yuksaldi. Samarqanddagi temuriylarning saroy, qarorgohlarida qabul marosimi, jang voqealari, ov manzaralari, xalq bayramlari tasviri tushirilgan devoriy suratlar bo‘lgan. Ularda Amir Temur, o‘g‘illari, nabiralari, ayollari va kanizaklari tasviri aks ettirilgan. Ulug‘bek rasadxonasi devorida ham devoriy suratlar mavzu jihatdan rang-barang bo‘lib, uslubiy jihatdan miniatyura janriga yaqin bo‘lgan. Abdurahmon as-Sufiyning falakiyotga oid asariga ishlangan bir suratda Andromeda yulduzlar turkumi chochlik ayol qiyofasida tasvirlanadi. Rasadxonada esa, to‘qqiz falak ko‘rinishi, yetti gardish, yetti yoritqich yulduz daraja, vaqt bo‘limlari, Yer yuzining yetti iqlimi tasvirlangan. Amir Temur davrida qurilgan Shirinbeka og‘a, Bibixonim, Tuman oqa inshoatlarida naqqoshlik va hattotlik bilan birga, tasviriy lavhalar ham mavjuddir. Shirinbeka og‘a maqbarasida rangli tasvir ko‘p bo‘lsa, qolgan ikki bino devorlarida oq va moviy rangdagi islimiy naqshlar tasvirlanadi. Noyob qo‘lyozma asarlar ko‘chiriladigan maxsus ustaxona kitobatchilikning ravnaqiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Amir Temur davrida Samarqandda miniatyura maktabi shakllandi. Tarixiy shaxslarning qiyofalari ham miniatyuralarda aks etgan. Amir Temur hayotlik vaqtida qiyofasi aks etgan miniatyuralar hali topilmagan. Samarqand miniatyura maktabi XIV-XV asrning birinchi yarmida shakllangan bo‘lib, turli turkumda yaratilgan bu miniatyuralarda Sharqiy Turkiston san’atiga xos bo‘lgan turkona timsollarda xitoy rassomchiligi ta’siri sezilib turadi. Samarqanddagi saroy musavvirlari Xoja Abdulhay Naqqosh va uning shogirdlari Shayx Mahmud Taliliy, Pir Ahmad Bog‘i Shamoliy, Muhammad bin Mahmudshoh al - Hayyom, Darvesh Mansurlar ishlagan rasmlarda nozik, ranglar ustalik bilan qo‘llangan. Ushbu miniatyuralar temuriylar davriga xos ov-shikor mavzuida yaratilgan. Samarqand maktabi miniatyurachilari vakillari kompozitsiya yaratish va manzara tasvirida mahoratliroq bo‘lishgan. Samarqand maktabiga xos bo‘lgan 18 ta miniatyura Nizomiyning «Xamsa» asariga va 49 ta miniatyura «Shohnoma» asariga ishlangan bo‘lib, ular hozir Turkiyaning To‘pqopu saroy kutubxonasida saqlanadi. Abdurahmon as-Sufiyning «Siljimas yulduzlar ro‘yxati» asariga ishlangan miniatyuralarda xaritalar qizil va qora doiralar bilan, katta va kichik yulduzlarning o‘rinlari ko‘rsatilgan bo‘lib, rang bermay, qora siyohda grafik tarzda chizilgan. Yulduz turkumi oddiy xalq vakili qiyofasida tasvir etiladi. Sharq miniatyurachiligida oddiy xalq hayoti mavzui aynan temuriylar davrida paydo bo‘lgan. Masalan, «Samarqand masjidini qurish», «Iskandar devorini bunyod etish», «Ko‘chmanchilar turmushi», «Jamshidning oddiy xalqqa hunar o‘rgatishi” mavzuidagi miniatyuralar bunga misoldir. Samarqandning markaziy qismi bo‘ylab o‘tgan keng ko‘chaning ikki tomoniga savdo do‘konlari (rastasi) joylashtirilgan. Samarqand savdo maydonlarining kengligi va ixtisoslashtirilgan bozorlarga egaligi bilan ajralib turgan. Bozor savdo markazi bo‘lishi bilan birga hunarmandchilik ishlab chiqarishi joyi ham bo‘lgan. Shuningdek, bozorlarda qo‘lyozma kitoblar, yozuv qog‘ozi sotilgan, ariza yoki maktub yozuvchi mirzalar ham o‘tirgan. Savdo rastasi unda sotiluvchi tovar nomi bilan atalgan. Bozorlarda adabiyot, she’riyat, ilm-fan haqida suhbatlar tashkil etilgan, farmonlar e’lon qilingan va aybdorlar jazolangan. Turli tomoshalar shu joyda ko‘rsatilgan, masjid, madrasa, hammom bozorga yaqin joyga qurilgan. Sohibqiron Amir Temurdan so‘ng bobosining bunyodkorlik, homiylik ishlarini davom ettirib, Samarqandning, umuman, temuriylar davlatining shon-shuhratini yuksak cho‘qqilarga ko‘targan Mirzo Ulug‘bekdir. Sohibqironning nabirasi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek (1394-1449) jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan siymolardan biridir. Uning hukmronligi davrida Samarqandda madrasa quriladi. Ularda diniy ilmlar qatori dunyoviy fanlardan ham saboq berilgan. Boshqa mashhur olimlar qatori uning o‘zi ham haftada bir marotaba bu madrasalarda yoshlarga dars bergan. Samarqanddagi Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohizinda va Registon majmualari qurilishi poyoniga yetkazildi. Boshqa shaharlarda ham karvonsaroylar, tim, chorsu, hammom va boshqa inshootlar barpo etildi. Ulug‘bek ko‘p qirrali iste’dod sohibi edi. U ayniqsa adabiyot, tarix, matematika, astronomiya sohalariga qiziqqan. Uning eng buyuk ishlaridan biri - Samarqand shahrida Akademiya tashkil etganidir. Bu ilmiy maktabda 200dan ortiq olim Ulug‘bek rahbarligida fanning turli sohalari bo‘yicha izlanishlar olib borgan. Qozizoda Rumiy (Salohiddin Muso ibn Muhammad), G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi (Mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Samarqandiy), Nizomiddin Abdul Ali ibn Muhammad ibn Husayn Birjandiy, Mavlono Xavofiy kabi olimlarning aniq fanlar sohasidagi tadqiqotlari va ilmiy xulosalari salmoqli bo‘lgan. Ular Xorazm Ma’mun akademiyasi an’analarini muvaffaqiyatli davom ettirganlar. Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek madrasasiga Movarounnahr hukmdori Ulug‘bek Muhammad Tarag‘ay tomonidan 1420 yilda asos solinganligi ma’lum. Mirzo Ulug‘bek madrasasi Movarounnahr va Xurosondagi eng yirik madarasalardan biri bo‘lib, u ikki qavatli, 48 hujradan iborat edi. Har bir hujra 2-4 talaba uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular uch qismdan: yotoqxona, darsxona, oziq-ovqat mahsulotlari xonasidan iborat bo‘lgan. Madrasada yuzdan oshiq talabaga o‘z zamonasining ulug‘ olimlari: Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, Shamsiddin Muhammad Xavofiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Alovuddin Ali Qushchi kabi yetuk allomalar aniq fanlar (ilmi aqliya)dan dars berishgan va madrasa qoshidagi rasadxonada ham ilmiy tadqiqot ishlari olib borishgan. Mirzo Ulug‘bek madrasasi bilan rasadxona faoliyati o‘rtasida uzviy aloqalar yo‘lga qo‘yilgan edi. Madrasada mantiq, fiqh, adabiyoshunoslik, tilshunoslik, tafsir, hadis ilmlaridan o‘z davrining yirik olimlari Fazlulloh Abulaysiy, Abulqosim Samarqandiy, Abdurahmon Jomiylar dars berishgan. Madrasada murakkab o‘quv jarayoni yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aniq fanlarni o‘qitishga kuchli e’tibor berilgan. Ayniqsa, Mahmud Zamahshariyning “Al Kashshof” asarini o‘zlashtirishga bir necha yil vaqt sarflangani ta’lim muassasida arab tili grammatikasini o‘qitishga kuchli e’tibor berilganligidan darak beradi. Mirzo Ulug‘bek madrasasining ilk davrida dunyoviy fanlarni o‘qitishga keng e’tibor berilib, madrasa ta’limini o‘tab, maxsus imtihonlar topshirilgach, bitiruvchiga guvohnoma (diplom) – sanad berilgan. Ulug‘bek yaratgan ilmiy maktabda 200 dan ortiq olimlar faoliyat olib borgan. 1417-1420 yillarda qurib bitkazilgan Ulug‘bek madrasasining birinchi mudarrisi Mavlono Xavofiy bo‘lgan. Keyin bu madrasaga uzoq vaqt mobaynida mashhur alloma Qozizoda Rumiy mudarrislik qilgan. Tarixiy manbalarda Qozizoda Rumiyning ma’ruzasini eshitish uchun Abdurahmon Jomiy Hirotdan Samarqandga maxsus kelgani aytilgan. Mirzo Ulug‘bek maktabi ta’sirida Sharq mamlakatlari, xususan, Hindistonda rasadxonalar bino qilinib, astronomik kuzatishlar natijasida ilmiy asarlar yaratildi. XVII va XVIII asrlarda yaratilgan Shahobuddinning “Ziji Shohijahoniy” va Savoy Joy-Singhning “Ziji Muhammad shohiy” asarlari o‘z tuzulishi (konstruksiyasi), oldiga qo‘ygan maqsadi va masalalarni hal qilishi nuqtai-nazaridan Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” asari ta’sirida yozilgan. Bundan tashqari, Ulug‘bekning samoviy jismlar vaziyatini yuqori aniqlik bilan o‘lchash maqsadida qurdirgan astronomik asbob ham ayni shu ilmiy maktabning mahsuli bo‘lib, uning qoldiqlari V.L.Vyatkin tomonidan 1908 yilda ko‘hna Afrosiyob yaqinida topilgan. Mirzo Ulug‘bek madrasasi qoshidagi ilmiy tadqiqot markazi – “Astronomiya maktabi”da yaratilgan o‘quv qo‘llanmalardan XX asr boshlarida ham foydalanilgan. Masalan, Mirzo Ulug‘bek madrasasi talabalari XX asr boshlarida ham astronomiyani Mirzo Ulug‘bek tomonidan 1437 yilda tuzilgan yulduzlar jadvaliga asosan o‘rganishgan. Mirzo Ulug‘bek islom dini va ilm-fan taraqqiyot yo‘lida ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan. Uning shaxsiy tashabbusi bilan hozirgi Registon maydonida hashamatli madrasa, Muqatta masjidi va xonaqoh barpo qilingan, shu hudud atrofida karvonsaroy va hammom qurilgan. Bundan tashqari, Ulug‘bek Sohibqiron bobosiga taqlid qilib, Cho‘ponopa tepaligini g‘arbiy etagida Bog‘imaydon va Chinnixona nomli ikkita bog‘-saroy bunyod qildirgan. 1420 yilda Obi Rahmat arig‘ining yoqasida rasadxona qurilishi boshlanadi. Silindr shaklli, uch qavatli bu inshoot 9 yil mobaynida qurilgan. Rasadxona diametri 48 metr bo‘lgan. Qurilish tugashi bilanoq binoda ilmiy ishlar boshlanadi. Bu yerda Mirzo Ulug‘bek boshchiligida Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy kabi mashhur olimlar kechayu kunduz yulduzlar ilmi bilan shug‘ullanadi. Rasadxonada olib borilgan uzoq va mashaqqatli ilmiy kuzatishlar natijasida “Ziji jadidiy Ko‘ragoniy”, ya’ni “Ko‘ragoniyning yangi jadvali” nomli fundamental asar yozib tugallandi. Mirzo Ulug‘bek yaratgan bu ilmiy maktab fan tarixiga “Dorul-hikma” (“Donishmandlar uyi”) nomi bilan kirgan. Mirzo Ulug‘bek «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» asarida VIII-XI asrlarda boshlangan falakiyot ilmiga oid an’anani davom ettirib, yuqori darajaga ko‘taradi. Matematikaga doir «Bir daraja sinusni aniqlash haqida risola», falakiyotshunoslikka oid «Risolai Ulug‘bek» va musiqa haqida «Musiqa ilmi haqida risola» kabi asarlar yozdi. Bulardan tashqari, Ulug‘bek “Tarixi arba’a ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) nomli tarixiy asar ham yozgan. Movarounnahrda Mirzo Ulug‘bek davrida ko‘plab forsiy va turkiy tilli ijodkorlar to‘plandi. Adabiy muhitni bevosita Ulug‘bekning o‘zi boshqarar, Samarqandda o‘sha davrning eng yaxshi shoirlari yig‘ilgan edilar. Shoirlarning sardori («Malik ul-kalom») qilib Mavlono Kamol Badaxshiy tayinlangan edi. Sakkokiy o‘z qasidalaridan birida Mirzo Ulug‘bekning she’r yozishini va uning she’r haqidagi tushunchasi yuqori bo‘lganligini ta’kidlab o‘tgan. Mirzo Ulug‘bek Mavlono Lutfiy she’rlarini XV asrning mashhur shoiri Salmon Sovajiy asarlari bilan teng ko‘rgan. Ulug‘bek saroyidagi eng obro‘li o‘zbek shoirlardan Sakkokiyning lirik she’rlari bilan birga qasidalari ham bu she’riy janrning sezilarli yutug‘i bo‘ldi. Alisher Navoiy «Majolis un - nafois» tazkirasida ko‘proq xurosonlik shoirlar haqida ma’lumotlar bersa, Davlatshoh Samarqandiy «Tazkirat ush-shuaro» asarida o‘tmishda o‘tgan ijodkorlar haqida ma’lumot bergan. Yaqinda (1993y.) ma’lum bo‘lgan Shayx Ahmad ibn Xudoydod Taroziyning o‘zbek tilida yozilgan «Funun ul-balog‘a» (1437 yil) asari temuriylar davrida Movarounnahr adabiy hayotini o‘rganishning yangi imkoniyatlarini ochdi. Shayx Taroziy o‘z asarida bizga ma’lum bo‘lgan mashhur shoirlardan tashqari, bizga noma’lum bo‘lgan Muhammad Temur Bug‘oning tuyuqlarini, Shams Qisoriyning «al-matlubul-ba’d» she’riy san’ati namunalarini, Jaloliy degan shoirning ishqiy mazmundagi baytlarini, «mutasalsal» san’atiga oid o‘zining g‘azalidan namunalar keltiradi. Temuriylar davri adabiyoti o‘zbek adabiyoti rivojida o‘ziga xos alohida bir bosqichni tashkil etadi. Undagi insonparvarlik va xalqchillik, adolatparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalari hamon o‘z tarovatini yo‘qotgani yo‘q. Bu davrda tibbiyot ilmi ham o‘zining yirik namoyandalariga ega edi. Samarqandga kelib ijod qilgan tabobat ilmining yirik vakillaridan Burhoniddin Nafis ibn Evaz ibn Hakim al-Kirmoniy, Sulton Ali Xurosoniy, Husayn Jarroh shular jumlasidandir. XIV-XV asrlarda Markaziy Osiyoda mantiq va falsafa fanlari bilan shug‘ullangan yirik olimlar paydo bo‘ldi. Bu fanlarning rivoji, asosan ikki yirik mutafakkir - Sa’diddin bin Umar Taftazoniy va Mir Sayid Jurjoniy nomlari bilan bog‘liqdir. Bulardan tashqari, Samarqandda o‘sha davrda Abdujabbor Xorazmiy, Shamsiddin Munshiy, Abdulla Lison, Badriddin Ahmad, No‘moniddin Xorazmiy, Xoja Afzal, Jalol Xokiy va boshqa olimlar yashab ijod etganlar. Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqandning Registon maydoni shakllandi, Masjidi muqatta’, 210 gumbazli Alika Ko‘kaldosh jome masjidi qad ko‘tardi. Shohizindadagi ayrim maqbaralar, Chilustun va Chinnixona saroylari, Shahrisabzda Ko‘kgumbaz masjidi uning davrida qurildi. XV asrning ikkinchi yarmida Samarqandda Xoja Ahror madrasasi, Ishratxona, Oqsaroy maqbaralari bunyod qilindi. Sohibqiron Amir Temurning avlodlari bir necha yuz yil davomida Samarqandda sarkarda, davlat va jamoat arbobi, shoir va olim sifatida mamlakat ravnaqiga ulkan hissa qo‘shishgan. Amir Temurning davlat boshqaruvida bunyodkorlik muhim yo‘nalishlardan hisoblanib, Oqsaroy binosiga yozilgan “Bizning kuch-qudratimizga shubha qilsangiz qurgan imoratlarimizga boqing” degan so‘zlari buni isbotlaydi va davlatda me’morchilik va siyosat uyg‘unlashganini ko‘rsatadi. Bu qurilishlar Amir Temurning tafakkuri, kuchi, ilmi, irodasi, tashkilotchiligi, qalbining nozikligi, kuch-qudrati etikasi, san’ati va eng asosiysi buyuk hukmdor bo‘lgani, bu davrda mukammal davlat boshqaruv asoslari qurilganligini ko‘rsatadi. Ulkan saltanatning turli hududlaridan Samarqandga kelgan olimu ulamolar ijodi, ularning ilmu fanning turli sohalarida olib borgan ilmiy faoliyatlari mamlakatimizda yangi renessans davrini yuzaga kelishida asosiy o‘rin tutdi. Olimlar jamiyatning nufuzli ijtimoiy qatlamiga aylandi. Ularning yashashi va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Sayyid Sharif Jurjoniy, Mas’ud Taftazoniy, Jamshid Koshiy, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy, tabib Xusomiddin Kermoniy, falakiyotshunos Mavlono Ahmad, shuningdek, Ulug‘bek davrida mahalliy va turli mamlakatlardan kelgan 200 dan ortiq olimlar ilmiy - ijodiy faoliyat ko‘rsatgan. Temuriylar zamonida tabiiy va gumanitar fanlar sohasida buyuk olimlar yetishib chiqdi va ular jahon fani rivojiga munosib hissa qo‘shdilar. Falakiyotshunoslik fanida Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid va Ali Qushchilar kashfiyotlar qildi. Tarix ilmida Hofizi Abro‘, Sharafiddin Ali Yazdiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamir, Zayniddin Vosifiy va boshqalar qimmatli asarlar yaratdilar. Badiiy ijod va tilshunoslikda Davlatshoh Samarqandiy, Jomiy, Alisher Navoiy, Atoullo Husayniy, Husayn Voiz Koshifiy singari ijodkorlar yuksak san’at asarlari bilan mashhur bo‘ldilar. Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqandda o‘ziga xos ilmiy akademiya shakllandi. Yer kurrasini o‘lchash va falakiyotshunoslik jadvallarini tuzish ishlari amalga oshirildi. Samarqand rasadxonasining qurilishi ulkan madaniy voqea bo‘lib, jihozi va ilmiy yutuqlari jihatidan o‘sha vaqtda dunyoda tengi yo‘q edi. Movarounnahr va Xurosonda XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrda ro‘y bergan madaniy yuksaklik butun musulmon Sharqidagina emas, Yevropa mamlakatlarini ham hayratga soldi. Bu yuksaklik Markaziy Osiyoning so‘nggi madaniy-ma’naviy rivojinigina belgilab bermay, qo‘shni mamlakatlardagi madaniy taraqqiyotga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Bulardan birinchi navbatda siyosiy-ijtimoiy omilni ko‘rsatish mumkin. Ulkan hudud yagona saltanatga birlashtirilib, ijtimoiy yuksalishni ta’minladi. Ikkinchi – iqtisodiy omil - Movarounnahr va Xurosonda yagona idora tizimining joriy etilishi iqtisodiy osoyishtalikka, ishlab chiqarishning jadal rivojlanishiga olib keldi. Davlat tomonidan dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiqning rivojiga e’tibor berilishi va bu sohada qator tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatning ma’naviy-madaniy taraqqiyoti uchun nihoyatda muhim ahamiyat kasb etdi. Uchinchi - ma’naviy omil - avvalgi madaniy meros, ma’naviy qadriyatlar, boyliklardan keng foydalanish, ular asosida rivojlanishdan iborat bo‘ldi. Markaziy Osiyoda avvalgi asrlarda, xususan IX-XIII asrlarda yaratilgan ma’naviy-madaniy boyliklardan, buyuk muhaddislar, allomalar imom Buxoriy, Abu Iso Termiziy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy merosidan; arab, fors va turkiy tillarda yaratilgan Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Rumiy, Tusiy, Attor kabi allomalar merosidan, musulmon Sharqi ma’naviy merosida keng ahamiyat kasb etgan qadimgi yunon ilmiy-ma’naviy boyliklaridan keng foydalanildi. Bu davrda Amir Temur saltanatining ta’sirida bo‘lgan va bo‘lmagan boshqa mamlakatlar o‘rtasida madaniy aloqalar tez rivojlandiki, bunday aloqalar ma’naviy boyliklarning o‘zaro almashinuviga keng yo‘l ochib berdi. Xususan, Eron, Arab mamlakatlari, Hindiston, Xitoy kabi mamlakatlar bilan bo‘lgan aloqalarda madaniy boyliklar almashinuvi muhim ahamiyat kasb etdi. To‘rtinchi - g‘oyaviy omil - ma’naviy omilning uzviy davomi bo‘lib, Markaziy Osiyoda Yusuf Hamadoniy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Ahmad Yassaviy ta’limotlarini rivojlantirish asosida shakllangan naqshbandiya ta’limoti va uning yirik vakillari XIV-XV asrlardagi siyosiy-ijtimoiy hamda madaniy hayotda nihoyatda muhim rol o‘ynadi, ma’naviy o‘zgarishlar ma’lum darajada erkinlik uchun g‘oyaviy asos, omil bo‘lib xizmat qildi. Chunki Bahouddin Naqshbandning «Dil-ba yor - u, dast-ba kor” “Ko‘ngil Xudoda bo‘lsinu, qo‘l ish bilan band bo‘lsin” shiori yetakchi tasavvuf namoyondalari bilan birga keng jamoatchilikning hayot tarziga aylangan edi. XV asrda yashab ijod etgan naqshbandiya ta’limotining yirik vakili Xoja Ahror Valiy nafaqat madaniy hayotda, balki ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotda ham muhim ijobiy rol o‘ynadi. Bu omillar Temuriylar davri madaniyati va ma’naviyatining tez va yuksak darajada ko‘tarilishiga olib keldi, uning yutuqlari esa uzoq asrlar davomida keyingi madaniy rivojlanish uchun asos bo‘ldi. XIV-XV asrlardagi ma’naviy-madaniy rivojlanish islom mafkurasi mustahkamlanib borishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. «Temur tuzuklari»da aziz-avliyolar, shayx, sayid, ulamolar faoliyati alohida qayd etilib o‘tilgan. Amir Temur, mutasavvif shoirlar va olimlarga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lgan. Amir Temurning uch piri bo‘lgan: Shamsiddin Kulol, Sayid Baraka va Zayniddin Abubakr Toyobodiy. Tasavvuf ta’limotining Muhammad Porso, Yoqub Charxiy, Xoja Ahror kabi yirik vakillari jamiyatning ma’naviy poklanishi va rivojlanishi yo‘lida faol xizmat qildilar, davlat arboblari bilan muloqotda bo‘lib, ularga ta’sir o‘tkazdilar. Bu jihatdan, ayniqsa, Xoja Ahror faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. XIV-XV asrlardagi Movarounnahr va Xurosondagi madaniy taraqqiyotning tamal toshi buyuk sohibqiron Amir Temur tomonidan qo‘yildi. Hozirgi zamon fani Amir Temur va temuriylar davrini haqiqiy Renessans – Uyg‘onish davri deb e’tirof etmoqda. Zero, bu davrda o‘tmish davrlar tajribalarini ijodiy o‘zlashtirishga va yangicha yondashuvlarga, olimlar, me’mor va hunarmandlar, miniatyurachi rassomlar, shoirlar, musiqachilar, yangi davr tomosha san’ati vakillari oldida turgan masalalarni hal etishda jiddiy yangiliklar kiritishga asoslangan eng yaxshi an’analar tiklandi. Download 40.76 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling