Amir yalangtush bahodir davrida samarqandning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti


Download 0.61 Mb.
bet10/13
Sana17.06.2023
Hajmi0.61 Mb.
#1533051
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
Bog'liq
Yalangtush Bahodirbiy Mamasoliyev Xurshid

3.2 Tillakori madrasasi.


Yalangto‘shbiy qurdirgan Tillakori madrasasi ham XVII asr meʼmorchiligining nodir namunasidir. Bu madrasa haqida manbada shunday keltiriladi: “Sherdor madrasasidan o‘n yil keyin 1051 (milodiy 1641) yilda solindi. Ushbu madrasa Ulug‘bek va Sherdor madrasalarining shimolida, ikkalasining yonidadir. Jumʼa namozini Amir Temur ko‘ragon jomeʼi xarob bo‘lganidan keyin, shahar xalqi (hozirgi qadar) Tillokoriy madrasayida o‘qiydilar” (Abu Tohirxo‘ja, 1991. B.28). Bu madrasa jome masjidi vazifasini ham o‘tagan101.
Samarqandda hukmronlik qilganlar ichida shahar meʼmorchiligi va obodonchiligi va shaharsozlik muhitini rivojlantirishga hissa qo‘shgan hukmdorlar anchagina. Ulardan eng taniqlilariga Amir Temur va Mirzo Ulug‘beklar kirsa, ularning saflariga, shuningdek Ibrohim ibn Nasr Tamg‘achxon Qoraxoniy (1040-1068), Yalangto‘sh Bahodir (1576-1656) va Shohmurod ibn Doniyolni ham tom maʼnoda kiritish mumkin102.
Tamg‘achxon Qoraxoniy Samarqandga XІ asrda hokimlik qilib, shaharni obod qilish bo‘yicha ko‘p saʼy-harakatlar ko‘rsatgan va ushbu shaharda bunyod ettirgan ikkita ajoyib inshoot: ilk madrasa va bemoriston(shifoxona)si bilan tarixga maʼlumdir. Samarqanddagi ilk ushbu madrasa hozirgi Shohizinda meʼmoriy majmuasi joylashgan hududda qurilgan bo‘lsa, bemoriston bizgacha saqlangan vaqf hujjatiga ko‘ra hozirgi Suzangaron ko‘chasi bo‘ylab joylashgan va Registon maydoniga yaqin bo‘lgan.
XVI asrda Shayboniylar davrida poytaxtning Buxoroga ko‘chirilishi va o‘zaro urushlar natijasida Samarqand nisbatan rivojlanishdan orqada qoladi. Shahar rivojlanishiga qayta turtki berish uchun Buxoro xoni Imomqulixon piri Xoja Hoshimning maslahati bilan Yalangtush Bahodirni Samarqand viloyatiga hokim etib tayinlaydi. Bu voqea, shaharning madaniy va iqtisodiy rivojiga juda katta taʼsir ko‘rsatadi. Natijada, Yalangtushbek tomonidan Sherdor, Tillokori, Dahbeddagi Maxdumi Aʼzam xonaqohi qurilgach, undan ibrat olgan saroy aʼyonlari, tavongir boylar va ulamolar Samarqand shahrida shunchalik ko‘p madrasa, masjid, xonaqoh, karvonsaroy, ko‘prik, hammom kabi xalq foydalanadigan inshootlar qurishadi, go‘yo Amir Temur zamoni qaytib kelgandek taʼsurot uyg‘ongandi103.
Tarixda Registon maydoni maʼmuriy-siyosiy ahamiyatga molik joy, xalq to‘planadigan shahar markazi hisoblangan. Bu joy orqali qadimgi Samarqand — Afrosiyobga Darg‘omdan maxsus kanal orqali suv keltirilgan. Suv Afrosiyob janubidan o‘tgan keng va chuqur handak ustidan maxsus qo‘rg‘oshin ariq – akveduk yordamida Samarqand shahri(hozirgi Afrosiyob tepaligi)ga oqib kelib, Hazrati Hizr masjidi yaqinida uch yo‘nalishga bo‘lingan va shahar dahalarini oralab, uni suv bilan taʼminlagan. Arxeologlar uning izlarini hududdagi «Lolazor” mahallasi, Registon maydoni va Bibixonim madrasasi joylashgan hududlardan topishgach, oqib kelgan qumlar hisobiga Registon maydonida qumloq hosil bo‘lgani haqida taxmin qilishadi104.
Registon maydonida ilk bor XIV asr oxirida Telpakfurushon (telpak sotuvchilar) nomi ostida markaziy tim (gumbazli bozor) binosi qad ko‘taradi. Ammo maydonning dastlabki meʼmoriy shakllanishiga XV asrda asos solindi. Bu joyda Mirzo Ulug‘bek tashabbusi bilan 1417-1420 yillarda o‘z davrining nufuzli o‘quv dargohi — Ulug‘bek madrasasi quriladi. Uning qarshisida Ulug‘bek xonaqohi, shimolida Mirzoyi karvonsaroyi va masjid bunyod etiladi. G‘arb tomonida yog‘ochdan (sinchli) Muqatta masjidi va Abusaid madrasasi qurilib, maydon meʼmoriy jihatdan ajoyib ko‘rinish kasb etadi105.
Registon ansambli o‘sha davr O‘rta Osiyo shaharsozligi va meʼmorchilik sanʼatining eng oliy darajadagi ko‘rinishida, hozirgi til bilan aytsak, innovatsion kompozitsiyasi tarzida shakllanadi. Bu ansamblga qadar O‘rta Osiyo o‘rta asrlar ansamblsozlik sanʼatida “juft” va “qo‘sh” ansambllari deb nomlangan majmualar yuzaga kelgan. Hozirgi adabiyotlarda Registon ansambli bir necha binolarni yagona maydon atrofida shakllantirilganligi sababli meʼmoriy tilda “maydoncha ansambli” deb ataladi.
Mazkur ansamblning o‘z davrida tengi yo‘q edi. Uning O‘rta Osiyo shaharsozligida hozirda ham anologi, yaʼni o‘xshashi yo‘q. U shu qadar jozibali, shu qadar go‘zalki, Registon ansamblini tashkil etgan binolarning meʼmoriy tuzilishidagi mahobati, go‘zalligi va jozibadorligi har qanday madaniyatli sayyoh (tomoshabin)ni ham lol qoldiradi106.
Gap ushbu imoratlar arxitekturasining o‘zaro majmuaviy uyg‘unlashib, yagona maydon atrofida yuksak meʼmoriy g‘oya va uslub bilan joylashtirilganligidadir. Bunday uslubning Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek davri shaharsozlik sanʼatining uzviy davomi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Biroq, u yuqorida aytganimizdek, O‘rta Osiyo shaharsozlik sanʼatida Bahodir Yalangto‘sh davridagi ko‘rinishdagidek yaratilmagan edi. Yalangto‘sh o‘z davri meʼmorlari va shaharsoz ustalarining yuksak g‘oyaviy imkoniyatlarini to‘g‘ri tushunib, ularning orzu-umidlarini ruyobga chiqarishga yaxshi sharoit yaratib berdi, ularni rag‘batlantiradi. Bunday ulkan shaharsozlik ansamblini Amur Temurning Shahrisabzdagi “Oqsaroy”dan keyin O‘rta Osiyo meʼmorchiligi tarixida uchratmaysiz.
Samarqandda ashtarxoniylar davrida Yalangtush Bahodir ta’siri sababli qurilish ishlari yanada rivojlandi. Mamlakatda tinchlikni o‘rnatishga bo‘lgan ehtiyoj va tashqi dushmanlardan mamlakat sarhadlarini himoya qilish masalasi jasur sarkarda Yalangto‘shbiyni avvaliga bahodir sifatida tanilishiga, ajdodlaridan meros bo‘lib kelayotgan bunyodkorlik ishlari o‘z zamonasining yetuk kishilari singari ijtimoiy - iqtisodiy va madaniy sohalarning barcha jabhalarida amaldor sifatida faoliyat olib borishiga zamin yaratdi.
Yalangto‘sh Bahodurning bunyodkorlik ishlari xususidagi ma’lumotni Abu Tohirxo‘janing “Samariya” asarida ham ko‘rish mumkin: “Samarqandagi madrasalardan (o‘n ikkinchisi) SHerdor madrasasi. Bu madrasa (Samarqand Registonida) Ulug‘bek qarshisida, uning kunchiqar tomonidan solingandir. Ushbu madrasa 1028 (1618) yilda solindi3-rasm. Bu shunday madrasakim, buyuklikdan xayol idishiga sig‘mas, kattalikda tavsif aytishiga to‘g‘ri kelmas, baland toqi falak ravoqidek, chunonchi oftob shaklini asad burjiga yaqin qilib, peshtoqiga surat solib, har ikki sherni ohu oladigan tarzda ko‘rsatilgan. Oftob panjarasini dalir sherlar peshonasiga qo‘yib turgan va ikki ravoq biqiniga ranglik ziynatlangan, naqshi nigorlik ikki gumbaz tepasiga guldasta bino qilinganki, barchani hayratga qoldiradi. Qiziqi shundakim, madrasaning solinishi ta’rixi “Yalangto‘sh bahodur” topilibdir”. “Samariya” asarining izohiga ko‘ra, klassik musulmon astronomiyasida quyoshning Asad burjida, ya’ni sher ro‘parasida bo‘lishi sa’d zamon, ya’ni baxtiyor zamonga ishora ekanligi” (Abu Tohirxo‘ja, 1991.B.27)ni va bu madrasaning 1618 yilning iyul oyida bitkazilganligini bilish mumkin bo‘ladi107.
Yalangto‘sh davrida Samarqandning avvalgi jome’ masjidi va madrasasi, ya’ni Amir Temurning jome masjidi va Bibixonim madrasasi buzilgan bo‘lib, shahar aholisi shunday masjid va madrasalarga muhtoj edi. Buning ustiga o‘sha davrda Registon maydonida Mirzo Ulug‘bek qurdirgan madrasa ta’mir talab bo‘lib qolgan, Ulug‘bekning Mirzoi karvon-saroyi haroba holida, Muqatta masjidi va Ulug‘bek xonaqosi esa butkul yo‘q bo‘lib ketib, ularning o‘rnida va hozirgi Registon maydonida shahar bozori joylashgan edi. Yalangto‘sh ushbu maydonni obod holga keltirish va shahar aholisining extiyojlaridan kelib chiqib, Ulug‘bek karvon-saroyining saqlanib qolgan qismi va poydevorlariga o‘zgartirishlar kiritadi.
Ushbu ma’rifatparvar va saxovatpesha hokimning bevosita tashabbusi va farmoni bilan Registon maydonidagi vayronalikka yuz tutgan hashamatli Mirzo Ulug‘bek madrasasida ta’mirlash ishlarini olib borish hamda batamom buzilib ketgan Mirzo Ulug‘bek qurdirgan xonaqoh, Mirzoyi hammomi va karvon saroylari o‘rnida ikkita hashamatli inshoot - SHerdor madrasasi (1619-1636) va Tillakori madrasa-masjidi (1646-1660) bunyod etilgan108.
Yirik rus sharqshunosi P.P.Ivanov quyidagilarni yozgan: “Buxoroda ashtarxoniylarning siyosiy nufuzi tushib ketishi o‘zbek zodagonlaridan bo‘lgan alohida buxoro feodallarining harbiy-siyosiy qudrati oshishiga olib keldi, masalan Abdulaziz xonning mashhur amaldori (otalig‘i) Yalangto‘sh biy, Samarqanddagi mashhur SHerdor va Tillakori madrasalarining quruvchisi”109.
D.I.Evarnitskiyning quyidagilarni yozgan: “Tillakori masjidi bizning eramizning 1618 yilida o‘zbeklarning Olchin urug‘idan bo‘lgan Yalangto‘sh Baxodir tomonidan qurilgan. SHerdor masjidi esa Abu Toxirxo‘janing guvohlik berishicha 1616 yilda yuqorida tilga olingan o‘zbeklarning Olchin urug‘idan bo‘lgan Yalangto‘sh Baxodir tomonidan qurilgan va Registonda turgan uch ajoyib binolarning eng ajoyibidir”110.
V.I.Masalskiy qayd etishicha “Tillakori masjidi va madrasasi 1647 yilda o‘zbeklarning “olchin” urug‘idan bo‘lgan Yalangto‘sh Baxodir (Imomqulixonning sarkardasi) tomonidan qurilgan”111.
Bitta bino tarkibida ikkita imorat: jomeʼ masjidi va madrasa bunyod etadi (1641-1646 yil)4-rasm. Masjid imorati qibla tarafga, madrasa esa uning sharq tarafiga qaratib avvalgi karvon-saroy poydevorlari ustiga quriladi. Masjid binosining bosh gumbazi shiftiga ishlangan naqshlarga tilla suvi yugurtirilib zarhallanadi (1660 y). Masjid xonaqosining gumbazi ustivon bilan baland ko‘tarilib, o‘sha davr Samarqand gumbazlari safidan munosib o‘rin oladi, Registon maydonida esa u yagonaligi bilan ajralib turadi. Taʼkidlash joizki, o‘sha davrlar Islom dunyosi masjidlarida baland ko‘tarilgan gumbazlar masjidlarning “jamoli” hisoblangan112.
Madrasani tashqi tomoni ko‘plab serjilo koshinlar, islimiy bezaklar, arab yozuvidagi bitiklar bilan bezatilgan. Madrasa ichki hovlisi to‘rtburchak (tomonlari deyarli bir xil-43 metrdan) shaklda bo‘lib, hovlining uch tomoni hujralardan iborat. G‘arbiy qismida qishki masjid bunyod etilgan. Masjidning ichki qismi o‘z davrida nihoyatda go‘zal qilib bezatilgan bo‘lib, bezashda kundal uslubi keng qo‘llanilgan. Madrasa qurilgan vaqtda “Yalangto‘shbiyning kichik madrasasi” deb nomlansada, uning ichki bezaklariga oltin ishlatilganligi bois u xalq orasida Tillakori , yaʼni oltindan ishlangan degan nom bilan atalib kelinadi113.
Tillakori madrasasida arab xatida xattotlar tomonidan kufiy va suls(Tillakori masjidida) xatlarida “Payg‘ambar alayhisalom; Masjidlar Allohning uylari va masjidlarning ahli esa Allohning suyuklilari; -dedilar” deb yozilgan(O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar Samarqand, 2015. 28-bet.). Tarixiy manbalarda qayd etilishicha Tillakori madrasasining ichkarisiga sarflangan oltinning o‘ziga bir katta obida qurish mumkin bo‘lgan.
Tillakori madrasasidan shahar jome masjidi va madrasa sifatida foydalanilgan. Shuning uchun masjidi (63x22 m) katta va serhashamligi bilan boshqa madrasalardan ajralib turadi. Madrasa (70x70 m) ga g‘arbiy peshtoq orqali kiriladi. Peshtoq chuqur ravoqli, ikki qanotining oldi ravoqli, ikki qavatli hujralar, burchaklarini teng hajmdagi guldasta mezanalar egallagan. Masjid xonaqohi (10,8x10,8 m)ning poygumbazi baland, uzoqdan ko‘zga tashlanib turadi. Uning gumbazi nihoyasiga yetkazilmagan. Xonaqoh to‘riga marmardan mehrob va zinapoyali minbar ishlangan114.
O‘z davrida zarhal naqshlar bilan jozibador bezatilgan xonaqohning ikki yonini oldi ravoqli, gumbaz tomli ayvon (yo‘lak)lar egallagan. Peshtoq ravog‘idagi marmar taxtachada bezak ishlari 1659—60 yillarda bajarilganligi manbalarda keltiriladi.
Tillakori madrasasi bir necha bor taʼmirlangan. Dastlab 1817-yilda Buxoro amir Amir Xaydar buyrug‘iga binoan zizliladan zarar ko‘rgan peshtoqi qayta tiklangan (lekin bu qayta tiklash jarayonida peshtoq shakli o‘zgargan). Keyinchalik, 1885-yilda taʼmirlanish jarayonida zarhal naqshlar oddiy bo‘yoqlar bilan almashtirilgan. 1930-yil Tillakori madrasasida Samarqand taʼmirlash ustaxonasi tashkil etildi, 1970-yilda Tillakori madrasasidagi yo‘qolib ketayozgan noyob zarhal naqshlar ustalar tomonidan ilmiy o‘rganilib, qayta tiklandi. 1974 yilda madrasaning peshtoq ravoqi va ravoq ichidagi qalqonsimon bag‘ali, guldastasi hamda xonaqoh gumbazi, ichidagi tilla halli bo‘rtma naqshlari qayta jilolandi. Baland gumbazi ustiga feruza rang koshin bilan qoplangan gumbaz o‘rnatildi. Bosh tarzidagi bezak mavzularining boyligi, ichki va tashqi naqshlarning serxashamligi, peshtoq qanosi va tokchasidagi iroqi kashtani eslatuvchi bezaklar, bo‘rtma yozuvlar o‘ziga xosdir. 1979 yilda masjidning ichki qismini bo‘yash va tiklash bo‘yicha ishlar yakunlandi. Hozirda Tillakori madrasasida Registon maydonining restavratsiya muzeyi ekspozitsiyasi joylashgan.
Ravoq burchaklari, bezakli toqilarni to‘ldirishda koshinpaz ustalar turli usullarni qo‘llashgan (g‘ishtlarning mayda naqshlari koshinlarning handasiy va islimiy naqshlari bilan moslashtirilgan). Koshinkori ravoklarda yashil tangachalar, sarg‘ish yaproqlar va feruza poyalar aks ettirilgan. Xonaqoh izorasi koshin namoyon, devori, gumbazi va bag‘ali kundal uslubidagi serhasham naqshlarga boy. Mehrob ravog‘i va bag‘ali muqarnas kosachalar bilan to‘ldirilib, zarhal berilgan hamda Qurʼon oyatlaridan olingan bo‘rtma yozuvlar bilan hoshiyalangan.
Eshiklar murakkab naqsh va yozuvlar bilan yog‘och o‘ymakorligida pardozlangan. Hovli saxni (50x50 m)ga marmar yotqizilgan. Atrofidagi hujralarga eshik, tobadoniga panjaralar ishlangan. Hujralar yoz kunlari ham salqin bo‘ladi. Tillakori madrasasida muzey tashkil etilgan bo‘lib, unda madrasani taʼmirlashga oid narsalar saqlangan115.
Qurilish ishlari 14 yil davom etdi va 1660 yilda Yalangtush Bahodir vafotidan so‘ng tugallandi. Ehtimol shu sababli, madrasaning baʼzi elementlarini bezash ishlari to‘liq amalga oshirilmagan. Tillakori madrasasi qurilishi Registon maydonini loyihalashtirishni yakunladi va Tillakori masjid - madrasasi tarzining o‘qi esa ushbu o‘qqa perpendikulyar qilib o‘tkazilgan. Har ikkala binoning balandligi Ulugbek madrasasiga qiyoslanib ikki qavatli qilib quriladi. Natijada, ushbu uchta alohida qurilgan imoratlar o‘sha maydon atrofida o‘zaro muayyan bir meʼmoriy tartib asosida joylashtirilib Registon ansamblini vujudga keltiradi116.
Buxoro meʼmorchilik maktabiga mansub bo‘lgan meʼmor, maydonda joylashgan boshqa ikkita madrasaning nisbatlarini ko‘r-ko‘rona nusxa ko‘chirmadi, balki oldidagi vazifani kompozitsion ravishda hal qildi, asosiy fasad qanotlarini kengaytirdi, bu esa maydonni bo‘sh joy bilan taʼminladi. Madrasaning asosan Buxoro uslubida qurilgan. U markaziy maydondan va 16 hujraga (ikki tomonida sakkiztadan va satrda to‘rttadan) qaragan kamar nishlarga ega ikki qavatli old qanotlardan iborat. Fasadning simmetriyasi bir vaqtning o‘zida minora bo‘lib xizmat qilishi mumkin bo‘lgan, guldasta minoralardan iborat. Asosiy kirish portali uchta peshayvonli chuqur beshburchak joy bilan kesishgan. Madrasa hovlisi to‘rt-ayvanli atrofi hujra bilan o‘rab olingan bo‘lib, asosiy fasadi ikki qavatli. Tillakori masjidining portal gumbazli binosi hovlining g‘arbiy qismida joylashgan.
Hovli simmetriyasini saqlab qolish uchun uning markaziy o‘qlarida qo‘shimcha hovli portallari o‘rnatilgan. Masjid uch qismdan iborat. O‘rtada rejada xoch shaklidagi xona mavjud bo‘lib, unda marmar mehrob va o‘n bir pog‘onali marmar minbar mavjud. Ikki tomondan, markaziy zal hovli tomonidan ochilgan ustunlar ustidagi galereyalar bilan tutashgan.
Madrasaning tashqi va hovli qismlari geometrik, gul va epigrafik naqshlar bilan bezatilgan g‘isht va mozaikalar bilan qoplangan. Masjid devorlari va gumbazi kundal texnikasi yordamida zarhaldan ko‘p foydalangan holda rasmlar bilan to‘liq qoplangan.
Bizgacha yetib kelgan hujjatlarga ko‘ra, mazkur ikki madrasaning moddiy taʼminoti uchun 11 610 tanob sug‘oriladigan yer, 8 ta do‘kondan keladigan daromad vaqf qilib berilgan.
Uning vaqf hujjatida o‘zi, 1646-47 yillarda qurdirgan Tillakori va 1618-1619 yillarda qurdirgan Sherdor madrasalari uchun ham 11610 tanob sug‘oriladigan yer, 8 ta do‘kon vaqf qilib berilgani qayd etilgan117.
Bahodir Yalangtush tomonidan qurdirilgan Sherdor va Tillokori madrasalariga tegishli vaqf mulklari asosan Samarqandning Ofarinkent, Totkent, Shovdor tumanlarining Buyrachi (Buryochi), Qorayog‘och, Sog‘di kalon, Alhasan tepa, Oq-tepa, Naxri Haydar, Oq Muhammad-soy, Atoliq (Otaliq), Pahlavonhushi, Qorasuv, Oyimobod kabi qishloq va hududlarida joylashgan bo‘lib, ularning 26 ta yirik yer-mulklaridan iborat edi. Xususan, Shovdor tumanining Hinduvon degan joyida joylashgan vaqf mulklarini chegaralarini aniqlash uchun tuzilgan hujjat hozirgi kungacha saqlanib qolgan (Chexovich, 1954. 65-68-b). Shuningdek, unga qarashli ayrim yer-mulklari soliqlardan ham ozod qilingan (Chexovich, 1954. 8-9-b).
Madrasalarni saqlash xarajatlari, mudarrislar maoshi, talabalar nafaqasida uzilish bo‘lmasligi uchun ko‘pdan-ko‘p ekin maydonlari, karvonsaroy, do‘kon singari daromadli joylarni ularga umrbod vaqf qilib bergan118.
Tarixiy manbalar o‘rta asrlar tarixiga xos bo‘lgan anʼanaga muvofiq, Yalangto‘shbiyning yirik yer egasi bo‘lganligini tasdiqlaydi. Bahodir Yalangtush shaxsiy mulklari jihatdan Buxoro hukmdorlaridan keyin ikkinchi o‘rinda turgan. Ushbu mulklarga oid hujjatlar O.D. Chexovich tomonidan o‘rganilib ularning ayrimlari ilmiy muomlaga kiritilgan (Chexovich, 1954). Ushbu tadqiqotga asoslanib Bahodir Yalangtush mulklariga oid hujjatlarni quydagi qismlarga ajratish mumkin:
Sotib olingan mulklarga oid vasiqalar;
Vaqf mulklari;
Soliqlardan ozod qilinganligi to‘g‘risidagi farmon (hukmnoma)lar.
Bahodir Yalangtush tomonidan sotib olingan mulklarga oid hujjatlar qatoriga Xoja Hoshim Ahroriyning qizi Oybegimning yer-mulklarini kiritish mumkin. Ushbu hujjatda keltirilishicha, Oybegimga tegishli yer-mulklar Ofarikent tumanining Yarimtug‘ (Yarimchug‘) qishlog‘ida joylashgan. Mulk Oybegimning ishonchli vakili Abdulla o‘g‘li mehtar Kolva tomonidan Boyxoja o‘g‘li Yalangtushbiyga 4300 tangaga sotilgan (O‘zR MDA, 323-fond, 1-ro‘yxat №1197/6-7; Chexovich, 1954. 3-7-b)119.
Bunga o‘xshash hujjatlarda Yalangto‘shbiyning mulklari haqida yana bir qancha maʼlumotlar keltirilgan bo‘lib (Shahrisabzda 52500 tangaga sotib olingan 1100 tanob yer, Samarqandning Shavdor tumanida Ashur qushbegi o‘g‘illarining bir qism bog‘i va yerining sotib olinganligi, shu tumanning Hinduvon degan joyidan olingan yer), ular ushbu shaxsning iqtisodiy masalalarda ham nechog‘liq omilkor bo‘lganligidan dalolat beradi. Bunday yerlar hisobidan madrasalar uchun juda katta miqdorda vaqf tayin qilingan.
O‘zRMDA xizinasida saqlanayotgan I-323 fond, 1-ro‘yxat, 1-kitobida 1180 - 1180/9, 1181/4 yig‘ma jildda Yalangtushbiyga tegishli umumiy hujjatlar bo‘lib, 1197-1197/6 yig‘ma jildlardagi hujjatlarda Yalangto‘shbiy Bahodurxon molu mulklari va unga berilgan vakolatlar, oldi-sotdi shartnomalari haqida maʼlumotlar uchraydi120.
Yalangtush Bahodirning o‘zi sotib olgan yer-mulklaridan tashqari, hukmdorlar tomonidan iqto qilib berilgan mulklari ham bo‘lgan. Bu haqida B.Ahmedovning Balx tarixiga bag‘ishlangan tadqiqotida batafsil maʼlumot berilgan. Muallif Bahr al-asror asarining Londonda saqlanadigan nusxasidagi dalillarga asoslanib yozadiki, 1640 yilda Nadrmuhammadxon Balx viloyatiga qarashli Dariyi suf hududini Kaxmerd, Molgan bilan birga va yana tulkichi, saykanchi, zirengi, kilegi, xazora-nikudari kabi urug‘lar yashaydigan yurtlarni Yalangtush Bahodirga iqto sifatida taqdim etgan121.
G‘azna va Qandahorgacha bo‘lgan hududni o‘z ichiga olgan Garchiston iqtoʼ (katta yer-mulk) tarzida Yalangtush Bahodirga inʼom etilgan edi. O‘sha davrlarda yurtimizga kelgan rus elchisi Anisim Gribov (1641) ham Yalangtushbiyga tegishli iqtoʼ hududlarini yuqoridagidek tartibda bayon qilgan edi. Uning axborotida shuni o‘qish mumkin: «Balxdan soliq yig‘ish uchun Hindiston davlati sarhadlarida joylashgan Hindikush qishloqlarigacha boriladi. Balxdan to Hindikush bag‘ridagi hind qishloqlariga olib boruvchi yo‘l otliq uchun 7 kun, tuyada esa 14 kunlik yo‘ldir. Balx va Hind sarhadlari oralig‘idagi qishloqlar, shaharlar Buxoro va Balx xonlarining yaqin kishilaridan bo‘lmish Amir Yalangtushning mulki hisoblanadi”. «Bahr ul-asror” muallifi Yalangtushni xondan keyin ikkinchi eng badavlat shaxs deb taʼriflaydi, uning mol-mulki miqdorini esa davlat xazinasi bilan qiyoslaydi.
Sadaqai joriya amallaridan yana biri, inson vafotidan keyin solih va soliha farzandlar ota-onasi ishlarini davom ettirishdir. Yalangto‘sh bahodurning uch farzandi: bir o‘g‘il (Boybek) va ikki qizi (Iqlima bonu va Oybibi) haqida maʼlumotlar bor ( Yalangto’sh Bahodir. wikipedia.org.). O‘g‘li Boybek Yalangto‘sh bahodur hayotligi chog‘ida vafot etganligi sababli (balki shu voqea sabab sarkardalik ishidan voz kechgan bo‘lishi mumkin), uning Registondagi obodonchilik ishlarini qiz farzandlari davom ettirgan122.
Darhaqiqat, Samarqand shahrini tiklatgan buyuk hukmdorlar ichida Yalangtushbek Bahodir tarixda o‘zining alohida o‘rnini egalladi.
Yalangtush Bahodir davrida madaniyat nihoyatda rivojlanib, o‘nlab obidalar qurildi. Uning davrida Samarqandning o‘zida shunchalik ko‘p madrasalar qurildiki, o‘rta asrlarda bunaqa hol kam uchrardi.
Yalangto‘sh Bahodirning nomini abadiylashtirgan omil uning siyosiy-harbiy faoliyati, go‘yoki tugamas boyligi emas, balki Yer yuzining sayqali sanalmish Samarqanddagi Registon maydonida qurdirgan ikki bino — Sherdor va Tillakori madrasalari bilan bog‘liq.

Download 0.61 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling