Anatomiyadan amaliy


Qo‘ltiq osti sohasi (regio axillaris)


Download 0.82 Mb.
bet10/123
Sana20.06.2023
Hajmi0.82 Mb.
#1633266
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   123
Bog'liq
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya

Qo‘ltiq osti sohasi (regio axillaris). Bu soha chuqurcha shaklida bo‘lib, ko‘krak qafasi bilan yelkaning orasida joylashadi. U oldindan ko‘krak katta mushagining tashqi qirrasidagi teri burmasi bilan, orqadan orqa serbar mushagi tashqi qirrasidagi teri burmasi bilan, medial tomondan shu ikkala mushak burmalarini ko‘krak devorida, III qovurg‘a ro‘parasida birlashtiradigan gorizontal chiziq bilan va lateral tomondan shu burmalarni yelkada o‘zaro birlashtiradigan chiziqlar bilan chegaralanadi. Terisi junlar bilan qoplangan, yog‘, apokrin va ter bezlariga boy. Teri osti yog‘ to‘qimasida 5 - 6 ta yuza joylashgan limfa tugunlari va qovurg‘alararo yelka nervlari ( nn. intercostobrachiales), II - III qovurg‘alararo nervlari yelkaning medial teri nervlari bilan birlashtiradigan tolalari yotadi.
Yuza fastsiyasi uncha taraqqiy qilmagan. Ammo xususiy fastsiyasining tevaraklari qalin, markaziy qismida arteriya, nerv va limfa yo‘llari o’tadigan teshiklari ko‘p. Xususiy fastsiyani oladigan bo‘lsak, bunda qo‘ltiq osti chuqurchasini chegaralab turgan mushaklarni va ular o‘rtasida joylashgan piramidaga o‘xshash, asosi pastga va lateral tomonga, cho‘qqisi – yuqoriga va medial tomonga qarab turgan chuqurchaga o‘xshaydi. Bu chuqurchaga qo‘ltiq osti chuqurchasi (fossa axillaris) deyilib, uning to‘rtta devori tafovut qilinadi.
Oldingi devorini katta va kichik ko‘krak mushaklari hosil qiladi va unda 3 ta uchburchak tafovut qilinadi: o‘mrov – ko‘krak, ko‘krak va subpektoral (o‘mrov osti sohasiga qaralsin) uchburchaklari. Orqa devorini kurak osti, orqaning serbar hamda yelka kamarining katta va kichik yumaloq mushaklari hosil qiladi. Bu mushaklar orasida uch va to‘rt tomonli teshiklar hosil bo‘ladi (kurak sohasiga qaralsin). Ichki devorni oldingi tishli mushak bilan qoplangan ko‘krak devori tashkil qiladi. Tashqi devorni esa yelka suyagining boshchasi bilan tumshuqsimon yelka mushagi (m. coracobrachialis) va yelka ikki boshli mushagining kalta boshchasi (caput brevis m. bicipitis brachii) hosil qiladi. qo‘ltiq osti chuqurchasini siyrak yog‘ to‘qimalari to‘ldirib, uning ichida limfa tugunlari, qo‘ltiq osti qon tomirlari va yelka chigali joylashadi (2-rasm).
Qo‘ltiq osti arteriyasi (a.axillaris) o‘mrov osti arteriyasining davomi bo‘lib, qo‘ltiq osti chuqurchasiga I qovurg‘aning tashqi qirrasi ro‘parasida kiradi va orqa serbar mushagining pastki qirrasi ro‘parasida yelka arteriyasiga aylanadi. Arteriyaning tashqi tasviri N.I.Pirogov bo‘yicha qo‘ltiq osti chuqurchasi tuklarining oldingi chegarasi bo‘ylab o’tadi, yoki qo‘ltiq osti chuqurchasi kengligini o‘rta va oldingi qismlarini ajratuvchi chiziq bo‘ylab o’tadi.Qo‘ltiq osti venasi butun uzunasi bo‘ylab arteriyaga nisbatan ichkarida va yuza joylashadi. Qon tomir va nervlar topografiyasi qo‘ltiq osti chuqurchasining oldingi devoridagi uchburchaklarga nisbatan o‘rganiladi.O‘mrov - ko‘krak uchburchagida qo‘ltiq osti venasi shu nomli arteriyaga nisbatan ichkarida, yelka chigali esa undan yuqorida va tashqarida joylashadi. Bu уerda qo‘ltiq osti arteriyasi o‘zidan ko‘krakning yuqori (a. thoracica superior) arteriyasini berib, ular yuqorigi ikkita qovurg‘alararo bo‘shliqlarda shoxlanadi. Bundan tashqari, undan yana ko‘krak – akromion (a. thoracoacromialis) arteriyasi ham chiqadi.
Ko‘krak uchburchagida arteriyaga nisbatan ichkarida yelka chigalining medial tutami (fasciculus medialis) va vena, tashqarida shu chigalning lateral tutami (fasciculus posterior) yotadi. Qo‘ltiq osti arteriyasi o‘zidan ko‘krakning lateral arteriyasini (a. thoracica lateralis) ham beradi. Keyinchalik bu arteriya ko‘krakning uzun nervi (n. thoracicus longus) bilan birga, ko‘krakning yuzaki yon mushaklariga va ko‘krak beziga boradi.
Subpektoral uchburchagida yelka chigali tutamlaridan qo‘lga boruvchi nervlar hosil bo‘ladi. Bunda lateral tutamdan mushak-teri nervi (m. musculocutenus) va o‘rta nervning (n. medianus) lateral shoxchasi (radix lateralis) hosil bo‘ladi. Medial tutamidan o‘rta nervning medial shoxchasi (radix medialis) va tirsak nervi (n. ulnaris) bilan bilakning medial teri nerv (n. cutenus antibrachii medialis) lari hosil bo‘ladi. Orqa tutam esa ikkiga – bilak (n. radialis) va qo‘ltiq osti (n. axillaris) nervlariga bo‘linadi.
Nervlar qo‘ltiq osti arteriyasini hamma tomonidan o‘raydi. Bunda o‘rta nerv arteriyaning oldidan, tirsak nervi bilan bilakning hamda yelkaning teri nervlari uning medial tomonidan, mushak - teri nervi tashqaridan va bilak hamda qo‘ltiq osti nervlari orqasidan o’tadi. Qo‘ltiq osti venasi bo‘lsa, medial tutamlarni hosil qiluvchi nervlarning ichki tomonida yotadi. Bu sohada qo‘ltiq osti arteriyasi o‘zidan uchta katta shoxlarni: kurak osti arteriyasini (a.subscapularis) hamda yelka suyagini o‘rab turuvchi oldingi va orqa arteriyalarni (a.a. circumflexae humeri ant. et posterior) beradi. Bularning ichida kurak osti arteriyasi eng katta bo‘lib, shu nomli vena bilan birga kurak osti mushagining pastki qirrasidan o’tib, o‘zining oxirgi tarmoqlariga ko‘krak - orqa arteriyasi (a. thorocodorsalis) va kurakni aylanib o’tuvchi arteriyaga (a. circumflexae scapulae) bo‘linadi. Bularning birinchisi yelka chigalidan chiquvchi ko‘krak – orqa nervi (n. thorocodorsalis) bilan birga pastga, kurakning tashqi qirrasi bo‘ylab borib, orqaning serbar va kurak osti mushaklarini qon bilan ta'minlaydi. Ikkinchisi esa uch tomonli teshikdan o’tib, qirra osti chuqurchasiga yo‘naladi. Yelka suyagini o‘rab turuvchi arteriyasi qo‘ltiq osti nervi bilan birga to‘rt tomonli teshikdan o’tgach, yelka suyagining jarrohlik boshchasini orqasidan aylanib o’tib, deltasimon mushakda tarmoqlanadi. Shu bilan birga yelka suyagini ham qon bilan ta'minlaydi.
Qo‘ltiq osti chuqurchasining limfa tugunlari o‘zaro birlashib, beshta guruxni (3 - rasm) tashkil qiladi. Bular, ko‘krak tugunlari (nodi lymphatici axillares pectorales) ko‘krakning lateral qon tomirlari bo‘ylab joylashadi. Bular limfa suyuqligini oldingi va yon ko‘krak hamda qorin devorlarining yuzaki qismlaridan va sut bezidan yig‘adi. Lateral limfa tugunlari (nodi lymphatici axillares lateralis) qo‘ltiq osti venasi bo‘ylab joylashib, sut bezi va qo‘ldan limfa suyuqligini yig‘adigan limfa tugunlarini o‘z ichiga oladi. Orqa guruh limfa tugunlariga kurak osti limfa tugunlari (nodi lymphatici axillares subscapulares) kirib, ular kurak osti lifa, qon tomirlari atrofida joylashadi. Limfa suyuqligini orqaning yuqori qismidan va yelka bo‘g‘imidan qabul qiladi. Markaziy limfa tugunlari (nodi lymphatici axillares centrales) qo‘ltiq osti chuqurchasi yog‘ qavatining markazida joylashib, ayrimlari qo‘ltiq osti chuqurchasi fastsiyasining yuzasida ham joylashishi mumkin. Bular qo‘ldan, ko‘krak devoridan, orqadan, ko‘krak ichidan limfa suyuqligini qabul qiladi. Qo‘ltiq osti venasi bo‘ylab joylashgan o‘mrov – ko‘krak uchburchagining limfa tugunlariga cho‘qqili limfa tugunlari (nodi limphatici axillaris apicales) limfa tugunlari guruhlarining yo‘llari ochiladi. Bulardan tashqari, cho‘qqili limfa tugunlari sut bezi, plevra, bo‘yin va o‘mrov usti limfa tugunlari bilan ham aloqada bo‘ladi.
Shunga alohida e’tibor berish kerakki, qo‘ltiq osti chuqurchalarining limfa tugunlari (o‘ng va chap) o‘zaro bog‘lanib turadi. Bu esa o‘z navbatida ular aloqa qilib turgan boshqa a'zolardan rak metastazlarining biridan ikkinchisiga o’tish xavfini tug‘diradi. Bu borada (nodi lymphatici axillares pectorales) ning bitta (yoki bir nechta) tugunlari III qovurg‘a ro‘parasida ko‘krak mushagining ostida yotib (Zorgius limfa tuguni), sut bezidan limfa suyuqligini yig‘ishi yoki nodi lymphatici axillares apicales ning limfa tugunlari ham sut bezining yuqori qismidan limfa suyuqligini qabul qilishi tufayli, sut bezining rak kasalligida ular birinchilar qatorida rak metastazlaridan shikastlanishini aytib o’tishning o‘zi kifoyadir.
Bundan tashqari, qo‘ltiq osti chuqurchasining fastsiyasi ostida joylashgan yog‘ to‘qima oldindan katta va kichik ko‘krak mushaklari orasida joylashgan yog‘ to‘qima bilan, pastdan- ko‘krak oldi yorig‘i orqali kichik ko‘krak mushagi bilan, tishli mushaklar orasida joylashgan yog‘ to‘qima bilan, orqadan – qo‘ltiq osti arteriyasidan chiquvchi tomirlar orqali kurak osti yog‘ to‘qimasi bilan hamda qon tomir va nerv tutamlari orqali – yelka sohasi yog‘ to‘qimasi bilan aloqada bo‘lib, yiringli infeksiyani tarqatishda muhim rol o‘ynaydi.

Download 0.82 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   123




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling