Anatomiyadan amaliy
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
Yelka bo‘g‘imi (articulatio Humeri). Yelka bo‘g‘imi yelka suyagining boshi (caput humeri) bilan, kurak suyagining bo‘g‘im chuquri (cavitas glenoidalis) birikishidan hosil bo‘ladi. Ammo yelka suyagining sharsimon boshi bo‘g‘im chuqurligidan ancha katta bo‘lganligi sababli, unda yaxshi o‘rnasha olmaydi. Shuning uchun ham bo‘g‘im chuqurining atrofini fibroz tolali tog‘aydan hosil bo‘lgan lab (labium glenoidale) o‘rab turadi. Bu lab, birinchidan, kurakning bo‘g‘im yuzasini chuqurlashtirib, uni yelka suyagining boshiga moslasa, ikkinchidan, yelka suyagini har xil zarbalardan saqlaydi. Bo‘g‘imning ustini kurakning akromion va tumshuqsimon o‘simtalari va ularning orasidagi bog‘lam (ligamentum coracoacromialis) gumbaz sifatida yopib turadi. Oldindan va ichkaridan esa bo‘g‘imning kurak osti va tumshuqsimon o‘siq – yelka (m. subscapularis m. coracobrahialis) va yelka ikki boshli mushagining (m. biceps brachii) kalta boshchasi hamda yuza yotgan ko‘krakning katta mushaklari (m. pectoralis major) o‘rab turadi. Bo‘g‘imni orqa tomondan m.m. supraspinatus, infraspinatus va teres minor lar va nihoyat oldingi tomonidan deltasimon (m. deltoideus) mushak bilan uning tagida yotgan yelkaning ikki boshli mushagi (m. biceps brachii) uzun boshchasining payi o‘rab turadi.
Bo‘g‘imning kovagi torgina bo‘lib, uning tashqi tasviri oldindan kurak – tumshuqsimon o‘simtasining cho‘qqisiga, tashqaridan – akromionni tumshuqsimon o‘simta bilan birlashtiruvchi chiziqqa, orqadan – kurak akromion o‘simtasining pastiga to‘g‘ri keladi. Bo‘g‘imga yaqin joyda sinovial xaltalar joylashgan bo‘lib, yelka suyagining katta do‘mbog‘i usti bilan m. supraspinata payi o‘rtasida deltasimon osti xaltasi (bursa subdeltoidea) joylashadi. Bu xalta akromion osti xaltasi (bursa subacromialis) bilan aloqada bo‘ladi. Bu ikkala sinovial xaltalar bo‘g‘im bo‘shlig‘i bilan aloqada bo‘lmasada, deltasimon soha bilan o‘mrov osti sohalar chegarasida va kurak suyagining bo‘yni bilan, kurak osti mushagining payi o‘rtasida joylashgan bursa m. suprascapularis yelka bo‘g‘imi bo‘shlig‘i bilan aloqada bo‘ladi. Ayrim vaqtlarda u tumshuqsimon o‘simta asosida joylashgan bursa subcoracoidea bilan ham aloqada bo‘lishi mumkin. Bo‘g‘im qobig‘i kurakdagi bo‘g‘im chuquri atroflaridan boshlanib, yelka suyagining kichik va katta do‘mboqlarini tashqarida qoldiradi va shu suyakning boshini o‘ragach, uning anatomik bo‘yinchasiga birikadi. Bo‘g‘imni mustahkamlashda asosan bitta bog‘lam – lig. coracochumerale qatnashadi. U kurakdagi tumshuqsimon o‘siqdan yelka suyagining katta do‘mboqchasiga (tuberculum majus) tortilgan bo‘ladi. Shuning uchun ham bu bo‘g‘imda boylam kam bo‘lganligi sababli, yelka suyagining o‘z joyida qo‘zg‘alish (chiqish) hollari ko‘proq uchraydi. Bo‘g‘im bo‘shlig‘i qo‘ltiq osti, kurak osti va do‘mboqlararo cho‘ntaklar (chuqurliklar) hisobiga ancha kengayadi. Qo‘ltiq osti cho‘ntagi (recessus axillaris) kurak osti mushagi bilan uch boshli mushakning uzun boshchasi orasiga to‘g‘ri keladigan bo‘g‘im qobig‘ining oldida joylashadi. Qo‘ltiq osti cho‘ntagining ichki tomonida qo‘ltiq osti nervi (n. axillaris) o’tgan bo‘lib, u yelka suyagining chiqishida zararlanishi mumkin. Kurak osti cho‘ntagi (recessus subscapularis) kurak suyagi bo‘ynining oldingi - yuqori qismida joylashib, kurak osti mushagining sinovial xaltasidan (bursa sinovialis subscapularis) hosil bo‘ladi va bo‘g‘im bo‘shlig‘i bilan aloqa qiladi. Do‘mboqlararo cho‘ntagi esa, ikki boshli mushak uzun boshchasining qini (vagina sinovialis bicipitis) do‘mboqlar orasidagi egatda joylashgan sinovial qobig‘idan hosil bo‘ladi. Bu cho‘ntak yelka suyagining jarrohlik boshchasi ro‘parasida hosil bo‘ladi. Bo‘g‘im bo‘shlig‘ida yiringlanish jarayonlari (yiringli artrit) hosil bo‘lsa, unda yig‘ilgan yiring oxirgi ikki cho‘ntakka ochilishi mumkin, chunki bular orasidagi bo‘g‘im devorlari shu joyda ancha zaif bo‘ladi. Natijada to‘plangan yiring kurak ostidagi suyak – fibroz yotqichiga yoki deltasimon mushak osti bilan bilakning oldingi yotqichiga o’tadi. Yelka bo‘g‘imini qon bilan ta'minlash a.a. circumflexae humeri posterior va anterior lar hamda a. thoracoacromialis dan chiquvchi r.r. deltoideus va acromialis lar hisobiga bo‘ladi. Vena qoni arteriyalarni kuzatib boruvchi shu nomli venalar orqali oqadi. Limfa suyuqligi bo‘g‘imning yuqori ustki qismidan o‘mrov usti tugunlariga quyadi. Orqa pastki qismidan esa qo‘ltiq osti limfa tugunlariga quyadi. Soha n.n. axillares va suprascapularis hisobiga innervatsiya qilinadi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling