O’ng va chap yelka - bosh venalari (vv. brachiocephalicae dextra et sinistra). Bular o’mrov osti hamda ichki bo’yinturuq venalarining qo’shilishidan hosil bo’lib, oldingi ko’ks oralig’ining yuqori qismida joylashadi. Yelka - bosh venalarining hosil bo’lish joyi, skeletga nisbatan, to’sh - o’mrov birikmasining orqa yuzasiga to’g’ri keladi. Chap yelka - bosh venasi uzunroq bo’lib, chapdan o’ngga, yuqoridan pastga qarab, to’sh suyagi orqasidagi aorta yoyidan chiquvchi katta qon tomirlarining oldidan o’tadi. O’nggi esa - chapiga qaraganda kaltaroq I qovurg’aning to’sh suyagiga birikadigan joyiga deyarli tikka tushib, chap yelka - bosh venasiga, yuqori kovak venani hosil qilib qo’shiladi.
Yosh bolalarda chap yelka - bosh venasi 1,5 - 2 sm to’sh suyagi o’ymasidan yuqorida, privistseral bo’shlig’ida yotadi. Uning bu holatini bolalarda pastki traxeostomiya operatsiyasini o’tkazishda nazarda tutish kerak. Ko’p vaqtlarda ikkala yelka - bosh venalari qo’shiladigan burchakka qalqonsimon bezning pastki venasi ham kelib qo’shiladi. Yuqori kovak vena kalta va keng bo’lib, 6 - 8 sm cha uzunlikda bo’ladi. U I to’sh - qovurg’a birlashmasining ro’parasida boshlanib, pastga qarab yo’naladi va II to’sh - qovurg’a birlashmasi ro’parasida yurak perikardi bo’shlig’iga kiradi. Undan oldin esa unga toq vena quyiladi. U o’ng tomonda III to’sh - qovurg’a birlashmasi to’g’risiga yetgach, yurakning o’ng bo’lmachasiga ochiladi. Yuqori kovak venasining oldingi sohasida, ayrisimon bez bilan mediastinal plevra yotadi. Orqadan - kekirdak bilan o’ng o’pka ildizi o’tadi. Venaning orqa sohasidagi yog’ to’qimada o’ng adashgan nerv, o’ng devori bo’ylab – o’ng diafragma
nervi o’tadi. Chap tomondan esa unga yuqoriga ko’tariluvchi aorta tegib o’tadi.
Yuqoriga ko’tariluvchi aorta (pars assendens aortae) perikard bo’shlig’ida joylashib, III - qovurg’a oralig’ida yurakning chap qorinchasidan chiqadi. Uning uzunligi 5 - 6 sm. II qovurg’a tog’ayining birikish joyida u aorta yoyiga o’tadi. Uning boshlang’ich qismini oldindan va chapdan o’pka stvoli yopadi. Oldindan va o’ng tomondan esa – o’ng bo’lmaning quloqchasi bilan yopilib turadi. Yuqoriga ko’tariluvchi aortaning orqasidan o’ng o’pka arteriyasi, o’ng tomondan - yuqori kovak vena o’tadi. Aortaning boshlang’ich qismidan yurakka ikkita (o’ng va chap) yurakning toj arteriyalari chiqadi. Bu arteriyalar yuqorigа ko’tariluvchi aortaning boshlanishidan - yarimoysimon klapanlari sohasidan (aortaning Val'sal sinuslaridan) boshlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |