Anatomiyadan amaliy
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
Perikard (pericardium). Bu hamma tomondan yopiq seroz pardadan tuzilgan bo’lib, perikard bo’shlig’i (cavum pericardii) ni hosil qiladi. Yurak ana shu bo’shliqda joylashadi. Seroz parda ikkita (parietal va vistseral) varaqdan iborat bo’lib, parietal varag’iga perikard, vistseral varag’iga epikard deyiladi. Parietal varag’i yurakni hamma tomondan yopib, unga kiruvchi va undan chiquvchi katta qon tomirlari ro’parasiga kelgach, vistseral varaqqa o’tadi. Bunda yurakning qorinchalari hamma tomonidan, bo’lmalari esa - qisman epikard bilan qoplangan bo’ladi. Chap bo’lmachaning orqa sohasidagi o’pka venalari kelib quyiladigan joy epikard bilan qoplanmay, perikard bo’shlig’idan chetda qoladi. O’ng bo’lmachaning orqa sohasidagi kovak venalar orasidagi joyi ham perikard bilan qoplanmagan bo’ladi.
Perikardning asosi past tomonga qaragan konus shaklida bo’lib, uning uchta yuzasi, ya`ni: to’sh-qovurg’a (pars sternocostalis), diafragma (pars diaphragmatica) va mediastinal (pars mediastinaiis) yuzalari tafovut qilinadi. Bunda uning oldingi yuzasi to’sh suyagiga hamda qovurg’a tog’aylariga tegib, chap tomondagi V - qovurg’a tog’ayi, IV-V qovurg’a oraliqlari va to’sh suyagi tanasining pastki yarmi orqasida yotadi. Perikardning ana shu ozgina joyi plevra bilan qoplanmay, to’sh suyagining ichki yuzasiga va IV -V qovurg’alararo bo’shliqlariga bevosita taqalib turadi (plevra xaltalarining chegaralariga qaralsin). Perikardning ana shu qismi ko’krak xirurgiyasida katta ahamiyatga ega bo’lib, plevra bo’shlig’ini kesib ochmasdan yurak xaltasi bo’shlig’iga kirish yoki ukol qilib perikard suyuqligini olish mumkin. Perikard ustki bo’lagining oldingi qismi yoshlarda ayrisimon bez bilan, o’rta yashar odamlarda esa yog’ kletchatkasi bilan yopilib turadi. Perikardning diafragmaga qaragan yuzasi diafragma payi markazi, o’rta va oldingi mushak bo’lagining ustki yuzasiga yopishib turadi. Perikardning ana shu bo’lagi ikki tomondan va orqada pars mediastinalisga, oldingi tomonda esa pars sternocostalis ga o’tib ketadi. Uning mediastinal yuzasi ikkala yon va qisman oldingi tomondan pleura mediastinalis ning pleura pericardiaca bo’lagiga yumshoq qo’shuvchi to’qima vositasida yopishib turadi. Yurak xaltasining bu qismi boshqa bo’laklaridan birmuncha katta bo’lib, orqa tomonda (mediastinum posterior) orqa ko’ks oraligi a`zolari (kizilo’ngach va pastga tushuvchi aorta) ga tegib turadi. Perikardning parietal varag’i vistseral varaqqa o’tadigan joylarida uning bo’shliqlari (sinuslari) joylashgan. Ammo bo’shliqlar faqat bir varaqning ikkinchi varaqqa o’tadigan joyidagina hosil bo’lmay, bitta varaq, ya`ni parietal varaqning o’zida ham hosil bo’lishi mumkin. Perikardda asosan uchta bo’shliq mavjud. Bulardan bittasi perikard oldingi varag’ining diafragmaga o’tishida hosil bo’lib, eng katta bo’shliqlardan hisoblanadi va perikardning oldingi-pastki bo’shlig’i (sinus pericardia anterior inferior) deb ataladi. Perikard kasalliklarida yoki yurak jarohatlarida bu bo’shliqda ekssuddat, qon yoki yiring to’planadi. Perikard bo’shlig’ini punktsiya qilish kerak bo’lsa, Larrey uchburchagidan punktsiya qilinadi. Chunki yurakning cho’qqisi bu yerdan 1,5 - 2 sm yuqoridan o’tadi. Perikardning ko’ndalang bo’shlig’i (sinus transversus pericardii) yurakning asosida, aorta bilan o’pka stvoli oralig’ida hosil bo’ladi va oldindan vistseral varaq bilan, orqadan perikardning orqa varag’i bilan o’ralib turadi. Bu bo’shliqning ikkita teshigi bo’lib, ularning o’ng tomondagisidan o’pka arteriyasi, chap tomondagisidan - aorta o’tadi. Bo’shliqning pastki sohasida o’ng bo’lmachaning devori, ustki sohasida perikardning epikardga o’tadigan qismi joylashadi. Agar aorta bilan o’pka stvolini oldinga, yuqori kovak venani orqaga tortsak ko’ndalang sinus yaqqol ko’rinadi. Yurakda yoki katta qon tomirlarda operatsiya o’tkazilishi kerak bo’lsa, qon aylanishini vaqtincha to’xtatish maqsadida shu bo’shliq orqali kirib, yuqoriga ko’tariluvchi aortadagi yoki o’pka stvolidagi qon aylanishini vaqtincha to’xtatib turish mumkin. Perikardning qiyshiq bo’shlig’i (sinus obliquus pericardii) :yurak xaltasining ancha chuqur sohasida, chap bo’lmachaning orqa yuzasi bilan perikard varag’ining ichki yuzalari orasida hosil bo’ladi. Uni topish uchun yurak cho’qqisini oldinga va yuqoriga ko’tarish kerak. Yurak jarohatlanganda yoki uning kasalliklarida bu bo’shliqda qon yoki ekssuddat yig’ilishi mumkin. Perikard asosan perikard - diafragma (ko’krak qafasi ichki arteriyasidan), qovurg’alararo, bronxlar va qizilo’ngach arteriyalaridan qon bilan ta`minlanadi. Bulardan tashqari, perikardning orqa devorini qon bilan taminlashda, pastga tushuvchi aortaning perikardga boruvchi tarmoqlari ham qatnashadi. Uning vistseral varag’ini yurakning toj tomirlari qon bilan ta`minlaydi. Perikard parietal varag’ining vistseral varaqqa o’tish joylarida, parietal hamda vistseral varaqlar qon tomirlari orasida kapillyarlar darajasidagi anastomozlar bo’ladi. Vena qoni toq diafragmaning yuqori va yelka - bosh vena qon tomirlariga quyiladi. Perikard diafragma, adashgan va simpatik nervlari bilan innervatsiya qilinadi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling