O’ng va chap o’pka venalari (v. v. pulmonales dextrae et sinistrae). Ularning har qaysisi o’pka darvozasidan ikkitadan bo’lib chiqib, chap bo’lmachaga qarab yurishadi va uning orqa yonbosh qismiga ochiladi. Bunda o’ng o’pka venasi, o’ng o’pka arteriyasining ostida, yuqori kovak vena bilan, o’ng bo’lmachaning hamda yuqoriga ko’tariluvchi aortaning orqasida joylashadi. Chap o’pka venalari esa, pastga tushuvchi aortaning oldidan o’tadi.
Kekirdak va bronxlar. Kekirdakning ko’krak qismi orqa va oldingi ko’ks oraliqlari chegarasida o’tadi. Uning yuqori qismi oldindan to’sh suyagining bo’yinturuq o’ymasiga, orqadan II ko’krak umurtqasiga to’g’ri keladi. Pastki qismi yuqoridan to’sh suyagining burchagiga, orqadan IV - V ko’krak umurtqalarining o’rtasiga to’g’ri keladi. Shu sohada kekirdak o’ng va chap bosh bronxlariga bo’linadi. Kekirdakning orqasidan qizilo’ngach o’tadi. Uning oldidan aorta yoyi va undan chiqadigan qon tomirlar kesib o’tadi. Kekirdakning o’ng tomonida o’ng mediastinal plevra, o’ng adashgan nerv hamda yelka - bosh arteriya stvoli, chap tomonida - aorta yoyining oxirgi qismi, chap qaytuvchi nerv, chap umumiy uyqu arteriyasi va chap o’mrov osti arteriyasi o’tadi. Kekirdak bifurkatsiyasi hamda o’ng bronxning orqasidan toq vena o’tib, u bronx ustidan o’tgach, yuqori kovak venaga quyiladi.
O’ng bosh bronx (bronchus principalis dexter) chapiga qaraganda kalta va keng bo’lib, uzunasiga yo’nalgan bo’ladi. Shuning uchun ham yot jismlar kekirdakka tushsa, to’g’ri o’ng bosh bronxga borib tiqiladi. Bu narsani esda tutmoqlik kerak. Chunki narkoz berish vaqtida, kekirdak intubatsiya qilinganda, nay (trubka) ning o’ng bosh bronxga o’tib qolish xavfi tug’iladi. Bu esa o’z navbatida chap o’pkani nafas olishdan mahrum qilib qo’yadi.
Chap bosh bronx (bronchus principalis sinister), aksincha, o’ng bosh bronxga nisbatan uzun va tordir. Uning yo’nalishi esa, ancha qiyshiq holda bo’lib, oldidan, yuqorisidan va orqasidan aorta yoyi aylanib o’tadi. Uning orqa sohasi bo’ylab orqa ko’ks oralig’iga chap adashgan nervi o’tadi. Kekirdakning oldingi va yon sohalari, bifurkatsiyasi va bosh bronxlar yog’ to’qima bilan o’ralgan bo’lib, uning ichida qon tomirlar hamda paratraxeal, traxeya - bronx va bifurkatsiya limfa tugunlari joylashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |