Anatomiyadan amaliy
III BOB BOSHNING TOPOGRAFIK ANATOMIYASI
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
- Bu sahifa navigatsiya:
- Bosh gumbazi (fornix capiti yoki cranii).
- Peshona - tepa -ensa sohalari (reg. frontoparietooccipitalis).
III BOB
BOSHNING TOPOGRAFIK ANATOMIYASI Boshning pastki chegarasi iyak do’mbog’idan (protuberantia mentalis) pastki jag’ning pastki qirrasi orqali, uning yuqoriga ko’tariluvchi shoxining orqa sohasi bo’ylab, quloqning tashqi eshituv teshigiga, u yerdan bo’yinning yuqori chizig’i (linea nuchae superior) orqali ensa suyagining tashqi do’mbog’igacha (protuberantia occipitalis externa) o’tkazilgan chiziqlar bilan belgilanadi. Bosh skeleti tashqi tomondan yumshoq to’qimalar bilan qoplanib turganligi sababli, undagi tashqi belgilarni (ensa suyagining tashqi dumbog’i, so’rg’ichsimon o’simta, yonoq suyagi, yonoq yoyi, ko’z kosasining chetlari, pastki jag’ning tanasi va h.k.) osonlikcha paypaslab topish mumkin. Ammo kalla asosining pastki sohalari belgilarining hammasini ham paypaslab bilishning iloji yo’q. Odatda kallani gumbaz (colvaria), asos (basis crani) va yuz sohalarga (reg. facialis) bo’lib o’rganadilar. Bunda, kallaning gumbaz va asos qismlari, yuz sohasidan k o’z kosasining ostidan yonoq yoyi orqali, quloqning tashqi eshituv teshigiga o’tkazilgan chiziq bilan ajraladi. Boshning gumbaz qismi bilan asosining o’rtasidagi chegara ko’z kosasining yuqori devori (margo supraorbitalis) b o’ylab, ensa suyagining tashqi do’mbog’iga o’tkazilgan chiziqqa to’g’ri keladi. Boshning tashqi va ichki asoslari (basis crani externa et interna) farq qilinadi. Bosh gumbazi (fornix capiti yoki cranii). Boshning gumbazi quyidagi sohalarga bo’lib o’rganiladi: peshona – tepa - ensa, chakka va s o’rg’ichsimon o’simta sohalari. Oxirgi soha boshning asosida joylashmagan bo’lsa - da, ammo qavatlarining tuzilishi boshning gumbaz qisminikiga o’xshaganligi sababli, shu soha tarkibiga kiritilgan. Peshona - tepa -ensa sohalari (reg. frontoparietooccipitalis). Oldindan ko’z kosasining yuqori qirrasi bilan, orqadan-bo’yinning yuqori chizig’i bilan, yon tomonlardan - chakkaning yuqori chizig’i (linea temporalis superior) bilan chegaralanadi. Terisi ancha qalin, deyarli hamma joyi soch bilan qoplangan bo’lib, kamharakatchan va ostidagi aponevroz qalpoqqa (galea aponeurotica) mustahkam birikkandir. U yog’ hamda ter bezlariga juda ham boy, shuning uchun ham, yog’ bezlarining chiqaruv teshigi bekilib qolganda retentsion kistalar (sariq suv yig’ilgan o’sma) - ateromalar hosil bo’ladi. Teri osti yog’ qavati yupqa bo’lib, teridan aponevroz qavatga qarab o’tgan ingichka fibroz pay tolalari orqali alohida bo’laklarga bo’lingan bo’ladi. Shu sababli bu yerda ayrim - ayrim katakchalar hosil bo’lib, yog’ to’qimalari bilan to’lib turadi. Shuning uchun ham jarohatlar natijasidagi qon quyilishlar bu sohada cheklangan bo’ladi. Faqat peshona sohasi bundan mustasno. U yerdagi teri osti yog’ t o’qimasi g’ovak bo’lib, ko’z yuqori qovog’ining yog’ to’qimasi bilan qo’shilgan bo’ladi. Peshona sohasi jarohatlanganda ko’z yuqori qovog’ining qontalashib ketishini sababini ham shu bilan isbotlash mumkin. Boshning tepasida joylashgan fibroz pay plastinkasi suyak usti pardasiga uncha yaxshi yopishmay, undan yupqa yog’ to’qimasi orqali ajralib turadi. Shuning bilan birga, bu qavat teri bilan mustahkam birlashib, har xil jarohatlarda bosh suyagidan teri bilan birga ko’chib chiqish xususiyatiga ega. Boshning teri osti yog’ qavatida uning qon-tomir va nerv tutamlari o’tadi (25- rasm). Bularning adventitsiya qavatlari yog’ to’qimalarini kataklarga bo’ladigan fibroz - pay tolalar bilan birlashgan bo’lib, tomirlar jarohatlanganda yopilmasdan, ko’p qon ketishiga sabab bo’ladi. Peshona sohasini yog’ to’qimasida ko’z kosasining ustki (a. supraorbitalis) va g’altak usti (a. supratrochlearis) arteriyalari bilan shu nomdagi vena va nervlari o’tadi. Bular boshning ichidan ko’z kosasining tepa tomondagi yorig’i (incisura supraorbitalis) dan chiqib keladi. Arteriyalarning ikkalasi ham ko’z arteriyasining (a. ophtalmica) tarmog’i bo’lib, ichki uyqu arteriyasi tarkibiga kiradi. Bulardan g’altak usti arteriyasi shu nomdagi nerv bilan (n. supratrochlearis) birga, o’rta chiziqqa yaqin - undan 1,5 - 2 sm chekkaroqda o’tadi. Ko’z kosasining ustki arteriyasi esa shu nomdagi nerv – (n. supraorbitalis) bilan - ulardan 0,5 sm tashqarida o’tadi. Nervlarning ikkalasi ham peshona nervining (n. frontalis) tarmog’i, u esa o’z navbatida, uch shoxli nerv birinchi tarmog’ining ko’z nervi (n. ophthalmicus) shoxidan chiqadi. Yuzaki chakka arteriyasining (a. temporalis superficialis) asosiy tarmog’i bilan, quloq - chakka nervining (n. auricula - temporalis), birgalikdagi tashqi tasviri quloq teshigi tashqi tomonidagi do’mboqda (tragus) tushirilgan vertikal chiziqqa to’gri keladi. Chakka yuzaki arteriyasining oxirgi tarmoqlari peshona va tepa (r. r. frontalis et parietalis) arteriya tarmoqlaridir. Quloqning orqa qon tomirlari (a. et v. auriculares posterior) va quloqning orqa nervi yuz nervining tarmog’i quloq suprasi birikkan joyning orqa yuzasiga parallel holda yotadi. Ensa arteriyasining (a. occipitalis) bosh gumbazidagi tashqi tasviri, so’rg’ichsimon o’simta bilan ensa suyagining tashqi do’mbog’I o’rtasiga to’g’ri keladi. Ensaning katta nervi, ensa qon tomirlari bilan birga o’tib, ikkinchi bo’yin nervining orqa tarmog’i bo’lib hisoblanadi. Quloqning orqa va ensa arteriyalari tashqi uyqu arteriyasining tarmoqlari bo’lib hisoblanadi. Quloq suprasi birikkan joyining yuqori qismidan 3 - 3,5 sm orqada, kichik ensa nervining (n. occipitalis minor) - teridagi tasviri o’tadi. Teri osti yog’ qavatidagi venalar o’zaro birlashib, bu yerda qalin vena to’rini hosil qiladi (26- rasm). Bunda vena qoni peshona sohasidan asosan ko’zning yuqori venasi (v. ophthalmica) orqali g’orsimon sinusga oqadi. Tepa va ensa sohalaridan esa yuz hamda tashqi bo’yinturuq venalariga (v. v. facialis et jugularis externa) qarab ketadi. Bosh gumbazidagi yumshoq to’qimalar venalari bilan, bosh suyak plastinkalari orasidagi diploik venalarining bosh miya qattiq pardasidagi sinuslar bilan o’zaro anastomozlari bor. Shunday qilib, bu venalarning hammasi ma`lum bir vena sistemasini tashkil qiladi. Bu esa o’z navbatida bulardagi qon aylanish sistemasini kalla ichidagi bosimning o’zgarishi bilan bog’liq qilib qo’yadi. Venalardagi klapanlarning yo’qligi esa teri, teri osti yumshoq to’qimalaridagi infeksiyaning bosh suyagiga hamdа sinuslarga tarqalishiga, bosh miyada meningit va abssesslarning sodir bo’lishiga sabab bo’ladi. Sohaning limfa suyuqligi uch guruh limfa tugunlariga borib quyiladi: a) quloq oldi yuzaki va chuqur limfa tugunlariga (nodi lymphatici parotidei superficialis et profundi); b) so’rg’ichsimon o’simta limfa tugunlariga (nodi lymphatici mastoidei); va v) ensa limfa tugunlariga (nodi lymphatici occipitalis). Bularning birinchisi - boshning peshona sohasidan, ikkinchisi - tepa sohasidan va uchinchisi - tepa hamda ensa sohalaridan limfa suyuqliklarini qabul qiladi. Teri osti yog’ to’qimasidan keyin boshning aponevroz qalpog’i (galea aponeurotica) keladi. Bu ensa-peshona mushaklari (m. occipitofrontalis) hamda kalla suyagini yopib turgan aponevroz bo’lib, u bilan bosh suyagi orasida yupqagina yog’ to’qimasi joylashgan aponevroz osti bo’shlig’i bor. Bu bo’shliq oldindan - peshona mushagining ko’z kosasi usti qirrasiga yopishgan joyigacha, orqadan - yuqorigi bo’yin usti chizig’igacha (ensa mushagining yopishgan joyigacha) davom etadi. Aponevroz qalpoqning yuzaki varag’i chakka sohasining yuzaki fastsiyasi bilan birikadi, chuqur varag’i – chakka - tepa mushaklari (m. temporoparietalis) qo’shiladigan chiziq bo’ylab suyak usti pardasiga mustahkam yopishadi va kallaning ikki chakka sohalarida parda osti bo’shliqlarini chegaralab turadi. Shu joyning g’ovak yog’ to’qimasida ensaning emissar venalari o’tib, ularning bir uchlari teri osti venalari bilan, ikkinchi uchlari - miya qattiq pardasidagi yuqorigi sagittal sinus bilan anastomoz hosil qiladi. Natijada terida, teri ostida yoki aponevroz bo’shliqlaridagi yiringli jarayonlar shu aloqalar orqali bosh miya sinuslariga va bosh miyaga tarqalishi mumkin. Suyak usti pardasi yupqa bo’lib, u bilan bosh suyagi orasida yupqagina yog’ qavati joylashadi. Suyak choklari bo’ylab, u suyakka mustahkam yopishganligi tufayli, parda osti gematomalari shu choklar chegarasidan tashqariga tarqala olmaydi. Sohaning suyak asoslarini peshona va tepa suyaklarining pallalari bilan ikkita ensa suyaklari tashkil etadi. Suyaklar: tashqi va ichki plastinkalardan (lamina externa et interna) tuzilib, ularning orasida g’ovak qavat (diploe) joylashadi. G’ovak qavatning o’ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, u venoz qon-tomir to’rlariga (diploik venalar) boy bo’lib, ular vena qonini bosh suyagidan qabul qiladi va bir tomondan boshdagi yumshoq to’qimalar venalari bilan anastomoz hosil qilsa, ikkinchi tomondan - miya qattiq pardalaridagi sinuslar bilan aloqada bo’ladi. Bularning bir-biri bilan aloqa qildirib turadigan oraliq venalariga - emissar venalar deyiladi. Bularni ichida doimo uchrab turadiganlaridan v. emissaria parietalis va v. emissaria mastoidea bo’lib, oxirgisi ancha katta ko’ndalang (sinus transversus) - yoki "S" simon (sinus sigmoideus) sinuslariga ochiladi. V. emissaria parietalis esa yuqori sagittal sinusga (sinus sagittalis superior) ochiladi. Bu venalar ham infeksiyani bosh miyagа o’tkazishga sababchi bo’la oladi. Kalla suyagining ichki yuzasi silliq bo’lib, yaltiroq shishani eslatadi va bosh miyaning qattiq pardasiga (dura mater) tegib turadi. Peshona sohasidagi suyak plastinkalarining orasi biroz kengayib, ichkaridan havo o’tkazuvchi, shilliq qavat bilan qoplangan yo’lni hosil qiladi. Peshona suyagining kengaygan bu joyiga peshona suyagi bo’shlig’i (sinus frontalis) deyiladi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling