Anatomiyadan amaliy
Chakka sohasi (reg. temporalis)
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
Chakka sohasi (reg. temporalis). Sohani yuqoridan va orqadan - chakkaning yuqori chizig’i (lin. temporalis superior), oldidan - peshona suyagining yonoq o’simtasi bilan yonoq suyagining peshona o’simtasi, pastdan - yonoq suyagining yoyi (arcus zygomaticus) chegaralab turadi.
Terisi sohaning yuqori sohalarida bosh terisidagidek qalin, soch bilan qoplangan bo’lib, aponevrozli qalpoq bilan, fibroz tolalari orqali mustahkam birikkan bo’ladi. Pastki sohalarda esa u yupqa va harakatchandir. Umuman olganda, chakka sohasidagi teri osti yog’ to’qimasi yaxshi rivojlanmagan. Yuqori qismlarida zich, pastida esa siyrak rivojlangan bo’lib, uning ichidan chakkaning yuzaki arteriyasi (a. temporalis superficialis) shu nomdagi vena va quloq - chakka nervi (n. auricula temporalis - uchlamchi nervining uchinchi shoxchasi) bilan birga o’tadi. Yana bu sohadan yuz nervining harakat qildiruvchi chakka va yuz suyagi tarmoqlari (n. n. temporalis et zygomaticus) o’tadi. Sohaning teri osti yog’ to’qimalarida quloqning oldingi va yuqori mushaklari yotib, ular yuz nervining tarmoqlari bilan innervatsiyalanadi. Sohadan o’tayotgan chakkaning yuza qon tomirlari bilan quloq - chakka nervlari quloq oldi bezini teshib o’tib, quloq tashqi teshigining oldingi tomondagi do’mbog’i (tragus) oldi bo’ylab yuqoriga ko’tarilgach, ko’z kosasining yuqori qirrasi ro’parasida peshona va tepa tarmoqlariga bo’linadi. Bunda chakka yuzaki arteriyasining peshona tarmog’i (tashqi uyqu arteriyasidan) ko’z kosasining ustidagi arteriya (ichki uyqu arteriyadan) bilan anastomoz hosil qiladi. Shu arteriyaning tepa tarmog’i esa tashqi uyqu arteriyasidan chiquvchi ensa arteriyasi bilan o’zaro anastomoz hosil qiladi. Bulardan tashqari, chap chakka sohasining yuzaki arteriyasi, o’ng chakka sohasining yuzaki arteriyasi bilan ham anastomozda bo’ladi. Chakka sohasi quloq - chakka nervidan tashqari yonoq - chakka nervining (n. zygomaticotemporalis) tarmog’i bilan ham (uchlamchi nervning ikkinchi tolasi) innervatsiyalanadi. Bu nerv ko’z kosasidan chiqib, yonoq suyagidagi shu nomdagi teshik orqali, chakka sohasining oldingi yuzasidagi teriga chiqadi. Yonoq suyagi yoyining oldingi yuqori uchligida, teri osti yog’ to’qimasidan peshona-ensa mushaklarini (m. occipitofrontalis) peshona qorinchasiga yuz nervining chakka tarmog’i (n.n. temporalis) bilan ko’zning aylanma mushagiga - yonoq tarmoqlari (n. n. zygomaticus) chiqib boradi. Sohaning yuzaki limfa yo’llari quloq oldi va quloq orqasi limfa tugunlariga ochiladi. Yuzaki fastsiyasi bosh aponevroz qalpog’ining davomi bo’lib, pastda yuz sohasining yuqori qismlarigacha yetib keladi. Xususiy fastsiyasi (fascia temporalis) bu yerda ikkita: yuzaki va chuqur varaqlarga bo’linadi. Bularning ikkalasi ham chakkaning yuqori chizig’i (lin. temporalis superior ) dan boshlanib, yuzakisi yonoq suyagi yoyining oldingi yuzasiga, chuquri - uning ichki yuzasiga birikadi. Buning natijasida ikkala fastsiya hamda yonoq suyagi orasida yopiq bo’shliq hosil bo’lib, ichi yog’ to’qimaga to’lgan bo’ladi. Shuning uchun yog’ to’qimadagi gematoma yoki yiringli jarayonlar chegaralangan bo’lib, yonoq suyagidan pastga tushmaydi. Bu to’qima ichidan chakkaning o’rta arteriyasi (a. temporalis media - chakka yuzaki arteriyasining tarmog’i) shu nomdagi vena bilan birga o’tadi. Xususiy fastsiyaning chuqur varag’i ostida uchinchi yog’ to’qima qavati - aponevroz osti yog’ qavati joylashadi. Bu yog’ qavat yonoq suyagining orqasigacha tarqalib, lunjning yog’ to’qimasiga aylanadi. Bundan tashqari, u chakka osti yog’ to’qimasi hosil bo’lishida ham qatnashadi. Aponevroz osti yog’ to’qimasining ostida chakka mushagi yotadi. U chakka chuqurchasidagi suyak usti pardasidan boshlanib, pastga yelpig’ichsimon tarqalib, kuchli payga aylanadi. Bu pay yonoq suyagi yoyining orqasidan o’tgach, pastki jag’ning toj o’simtasiga (processus coronoideus) birikadi. Bu mushakka chakkaning chuqur arteriyasi va nervi (a. temporalis profunda et nn. temporalis profundi) yetib keladi. Arteriya jag’ arteriyasining tarmog’i bo’lib, nerv uch shoxli nervning uchinchi tarmog’i hisoblanadi. Sohaning limfa suyuqligi quloq oldi limfa tugunlariga (nodi lymphatici parotidei) quyiladi. Suyak usti pardasi sohaning pastki qismlarida suyak bilan qattiq birikib, yuqori qismlarida esa ancha zaif birikadi. Suyak asosini ponasimon suyakning (os sphenoidale) qanoti, chakka suyagining tangasi (pallasi) va tepa suyaklarining tegishli qismlari tashkil qiladi. Bu suyaklarning g’ovak qavatlari yaxshi taraqqiy qilmagan bo’lib, ayrim vaqtlarda umuman bo’lmasligi mumkin. Shuning uchun ham suyaklarning tashqi va ichki plastinkalari juda yupqa bo’lganligi sababli shikastlanishlarda tez sinadigan bo’ladi. Chakka suyagining ichki yuzasidan miya pardasining o’rta arteriyasi (a. meningea media) o’tib, suyak ichki yuzasida iz-egatchani (sul. a. meningea media) hosil qiladi. Ayrim vaqtlarda bu arteriya suyaк kanalidan o’tib, jarohatlanganda qon to’xtatish ancha murakkablashadi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling