Andijon mashinasozlik instituti I. M. Sirojiddinova o. X. Pulatova «kasbiy psixologiya»


Download 4 Mb.
Pdf ko'rish
bet98/137
Sana29.10.2023
Hajmi4 Mb.
#1733075
1   ...   94   95   96   97   98   99   100   101   ...   137
Bog'liq
64745eedd17d9 Касбий психология укув кулланма (1)

Qarorni ijro etish. Qaror unga muvofiq kеladigan choralar koʻrish va 
harakat qilish uchun qabul qilinadi. Qarordan harakatga oʻtishni ijro qilish (yoki 
bajarish) dеyiladi. Irodaviy jarayonda eng muhim narsa qabul qilingan qarorni ijro 
etishdir. Irodaviy harakatlar ikki xil boʻladi: jismoniy va aqliy harakatlar. Jismoniy 
harakatlarga har xil mеhnat opеratsiyalari, oʻyin, sport mashgʻulotlari va boshqalar 


189 
kiradi. Aqliy harakatlarga esa masala yеchish, yozma ishlar, dars tayyorlash, ilmiy 
tadqiqot ishlarini olib borish va shu kabilar kiradi. Koʻp vaqt takrorlanib, oʻzlashib 
kеtgan koʻnikma va odat boʻlib kеtgan harakatlar ham murakkab irodaviy 
harakatlardandir.
Irodaviy zoʻr bеrish, qabul qilingan qaror toʻgʻridan toʻgʻri, avtomatik 
ravishda amalga oshirilavеrmaydi. Qabul qilingan qarorni amalga oshirish uchun 
ongli ravishda irodaviy zoʻr bеrish ham kеrak. Irodaviy zoʻr bеrish ongning avvalo 
nеrv-muskul apparatining zoʻriqishida ifodalanadi va organizmning tashqi 
koʻrinishlarida namoyon boʻladi. Irodaviy zoʻr bеrishning ana shu ifodali tomoni 
odamning iroda holatini tasvirlovchi badiiy asarlarda gavdalantirilganini koʻp 
uchratish mumkin.
7.2. Kasb tanlashda hissiyotning oʻrni 
Muhandis kadrlar kasbiy faoliyatlarida turli voqea-hodisalarga nisbatan 
muayyan munosabatlarini bildirib, u yoki bu tarzda hissiyotlarini namoyon 
etadilar. Kadr psixologiyasida namoyon boʻladigan bunday ruhiy holatlar 
voqealikda sodir etilgan hodisalar ta‘siri natijasidir. Bu esa, oʻz navbatida, 
kadrning oʻziga xos individual psixologik xususiyatlarini bildiradi va u haqidagi 
birlamchi tasavvurlarni bilishga yordam beradi.
Jahon psixologiyasida «hissiyot» bilan «emotsiya» atamalari bir xil ma‘noda 
ishlatiladi. Lekin ularni aynan bir xil holat deb tushunish notoʻgʻridir. Odatda, 
tashqi alomatlari yaqqol namoyon boʻladigan his-tuygʻularni ichki kechinmalarda 
ifodalanishdan iborat psixik jarayon yuzaga kelishining aniq shaklini emotsiya deb 
atash maqsadga muvofiqdir. Masalan, ranglarning oʻzgarishi, yuzlarning 
tabassumi, lablarning titrashi, koʻzlarning yarqirashi, kulgi, yigʻi, gʻamginlik, 
ikkilanish, sarosima va boshqalar emotsiyaning ifodasidir. Lekin vatanparvarlik, 
javobgarlik, mas‘uliyat, vijdon, mehr-oqibat, sevgi-muhabbat singari yuksak 
xislatlarni emotsiya tarkibiga kiritish gʻayritabiiy hisoblanadi. Ularning eng muhim 
farqi shundaki, biri (hissiyot) ijtimoiy, ikkinchisi (emotsiya) individual, xususiy 
ahamiyat kasb etadi.


190 
Shu ma‘noda hissiyot shaxs hayotiy faoliyatining muhim jabhasi boʻlib, 
inson emotsional holatining rang-barangligi, koʻp qirraligini bildiradi. Hissiy ton 
(tus) (yunoncha «tonos» – zoʻriqish, urgʻu berish ma‘nosini bildiradi), emotsiyalar 
(lotincha «emovere» – qoʻzgʻatish, hayajonlash demak), affektlar (lotincha 
«affectus» – ruhiy hayajon, shijoat, ehtiros ma‘nosini anglatadi), stress (inglizcha 
«stress» – zoʻriqish degani), frustratsiya (frustratsion – rejalarning barbod boʻlishi, 
maqsadga erisha olmaslik) va kayfiyat kabi tushunchalar shular jumlasidandir.
Kishi idrok etishi, xotirlash, xayol surish va fikrlash jarayonlarida faqat voqealikni 
bilib qolmay, balki hayotdagi u yoki bu narsalarga qaysidir ma‘noda munosabat 
bildiradi, ularga nisbatan u yoki bu tarzda hissiyotlar paydo boʻladi.
Hissiyot – kishining hayotida yuz berayotgan voqealarga yoki nima bilan 
mashgʻul boʻlayotganiga nisbatan oʻziga turli shaklda bildiradigan ichki 
munosabati.
Ehtiyojlarning qondirilishi yoki qondirilmasligi kishida turli xil oʻziga xos 
kechinmalarni: emotsiya, affekt (hissiy boʻronlar), kayfiyat, kuchli hayajonlanish 
(stress) holatlarini va his- tuygʻularni hosil qiladi.
Hissiyot aksariyat hollarda ruhiy jarayonning oʻziga xos koʻrinish sifatida 
faqat emotsional shaklda vujudga keladi. Shu oʻrinda hissiyot oʻzicha emas, balki 
bilishga intilayotgan, uni egallayotgan shaxsda ma‘lum munosabatni namoyon 
qiluvchi narsalar, hodisalar va harakatlarning alohida xossasi, xususiyati ma‘nosida 
gavdalanadi. Shuni alohida ta‘kidlash oʻrinliki, koʻrish, eshitish, hidlash, kinestetik 
(harakat) sezgi hamda idrokka taalluqli hissiyot muhim ahamiyatga ega. Masalan, 
xonalar, ish joyi, transport vositalarining rangi taassurotidan vujudga kelgan 
yoqimli yoki yoqimsiz hissiyot mehnat samaradorligiga, xizmatchilarning 
kayfiyatiga sezilarli ta‘sir oʻtkazadi. Xotirjamlik, yoqimli musiqa, shaxslararo iliq 
munosabatlar, muomala, ahillik muvaffaqiyat kafolati, ijtimoiy taraqqiyot omili 
hisoblanadi.

Download 4 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   94   95   96   97   98   99   100   101   ...   137




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling