Arab xalifaligi va musulmon huquqi


Shariat bo`yicha jinoyat huquqi va sud ishlarini yuritish tartibi


Download 233.5 Kb.
bet6/6
Sana12.12.2020
Hajmi233.5 Kb.
#165251
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
1404137330 51477


7. Shariat bo`yicha jinoyat huquqi va sud ishlarini yuritish tartibi
Musulmon huquqida jinoyat huquqi normalari fuqarolik huquqi normalariga nisbatan uncha batafsil ishlab chiqilmagan. Ular qadimiyligi, eskirib qolganligi, yuridik texnikasi jihatidan nisbatan uncha rivojlanma-ganligi bilan ajralib turadi.

Shariatda jinoyat tushunchasining asosini diniy g`oyalar bilan chambarchas bog`liq bo`lgan huquqiy qonun-qoidalar tashkil etadi. Shu-ning uchun ham musulmon huquqida jinoyat tushunchasini tahlil etishga alohida yondashish lozim. Zero, ba`zi rus olimlari shariatda jinoyatning umumiy tushunchasi mavjud emas deb hisoblaydilar119. Biroq, bu fikrga unchalik qo`shilib bo`lmaydi. Binobarin, Burhoniddin Marg`inoniyning «Hidoya» asarida jinoyat deb, qonun tilida-shaxsga va mulkka qarshi qara-tilgan qonun bilan taqiqlangan qilmish tushuniladi120, - deb ko`rsatiladi. Shariatdagi ushbu ta`rif jinoyat tushunchasiga berilgan umumiy ta`rif bo`-lib, shariat masalalariga bag`ishlangan asarlarda jinoyatning ayrim turlari-ga alohida tushuncha berilgan. Jumladan, «Muxtasar» (Shariat qonunlariga qisqacha sharh) da ko`rsatilganidek, «jinoyat» so`zi lug`atda jinoyat va gunoh ma`nosini, shariat istilohida odamning joniga yo a`zolariga zarar keltirish ma`nosini121 bildiradi.

Musulmon jinoyat huquqida jinoyat tarkibidagi to`rtta asosiy belgilar ham nazarda tutiladi. Jinoyat tarkibining asosiy elementlaridan biri jinoyat ob`yekti hisoblanadi. Hozirgi zamon jinoyat huquqida shaxsning ijtimoiy xavfli va huquqqa xilof jinoiy qilmishi qanday maqsadga qaratilganligi, ya`ni tajovuz qaysi ijtimoiy munosabatlarni buzishga yo`naltirilgan bo`lsa, shu munosabat jinoyatning ob`yektini tashkil etadi. Shariat bo`yicha jino-yatlarning umumiy ob`yekti din va davlat asoslari, shaxsning hayoti, sog`-ligi, qadr-qimmati, nomusi, mulkning turli-tuman shakllari, jamoat tartibi va jamoat xavfsizligi, diniy qoidalar, savdo-sotiq tartib-qoidalari, odil sudlov asoslari va boshqa munosabatlar bo`lishi mumkin. Masalan, dindan qaytish, Allohga shak keltirish, ko`p xudolik (ma`jusiylik), islomdan yuz o`girish bir jinoyatning turli ko`rinishlaridir. Bu jinoyatlarning umumiy ob`yekti diniy munosabatlar bo`lib, aybdorning jinoiy qilmishi diniy mu-nosabatlarga putur yetkazishga qaratilgan bo`ladi122. Shariatda, shuning-dek, jinoyatning ob`yektiv tomonini tavsiflovchi qator belgilar ham mav-jud. Masalan, o`g`rilik, bosqinchilik, zino, zinokorlikda ayblash (tuhmat) va boshqa jinoyatlar tarkibining ob`yektiv tomoni ularning ijtimoiy xavfli va huquqqa xilof harakatlardan iborat ekanligidadir. Bunday jinoyatlar bir-biridan, asosan, qilmishning xususiyati bilan, mulkka qarshi qaratilgan jinoyatlar esa bir-biridan mulkni qonunsiz egallash usuli, ya`ni jinoyatning ob`yektiv tomoni bilan farq qiladi.

Shariatda jinoyat sub`yekti masalasiga ham e`tibor beriladi. Unga binoan, har qanday jismoniy shaxs emas, balki es-hushi joyida, o`z qilmi-shiga o`zi javob bera oladigan, ya`ni o`z yurish-turishining mohiyatini tu-shunadigan va o`z xatti-harakatini iroda qilish qobiliyatiga ega bo`lgan, aqli raso kishilargina jinoyatning sub`yekti hisoblanganlar. Xanafiy maz-habi bo`yicha jinoyat sub`yektining yoshi 15 yosh qilib belgilangan. Ta`ki-dlash joizki, musulmon jinoyat huquqida aqli zaif, isrofgarchilik va nobud-garchiliklarga yo`l qo`yyuvchilar, aqldan ozganlar, go`daklar, xotirasi sust, seruyqu va gung (tilsiz) kishilar aqli norasolar qatoriga kiritilgan. Masalan, «Muxtasar»da: «tilsiz, yozuv va ishora bilan o`ziga javob vojib bo`ladigan darajadagi ishga, misol uchun, zino, xamr (aroq) ichish, o`g`rilikka iqror bo`lsa, jazo berilmas, qo`li kesilmas. Chunki iqrori shubhalidirki, shubha bilan jazolanmas»123, - deb qayd etilgan.

Musulmon jinoyat huquqida jinoyatning sub`yektiv tomonini tav-siflovchi belgilar ham hisobga olinadi. Unga binoan qasddan yoki ehtiyot-sizlikdan qilingan jinoyatlar bir-biridan farqlanadi. Masalan, odam o`ldi-rish jinoyatining o`zi aybning shakliga qarab bir necha turlarga bo`linadi. Masalan, «Hidoya» asarida bu jinoyat besh turga bo`lib ko`rsatilgan: 1) qasddan odam o`ldirish; 2) qasdga o`xshash o`ldirish; 3) beqasd (bilmay) o`ldirish; 4) beqasdga (bilmasdan) o`xshash o`ldirish; 5) sababli qotillik. Shuningdek, shaxsning sog`ligiga qarshi jinoyatlar ham musulmon huqu-qida qasd va ehtiyotsizlikdan sodir etilishi mumkinligi inobatga olingan. Bunda har ikkala ayb shakliga alohida-alohida jazo turi belgilangan.

Musulmon huquqida asosan tugallangan jinoyatlar uchun jinoiy ja-vobgarlik nazarda tutilgan. Suiqasd tushunchasi to`liq ishlab chiqilmagan edi. Masalan, shariatda o`g`rilik va tan jarohati yetkazish kabi qator jino-yatlarda jinoiy oqibatning yuz berishi ko`zda tutilgan. Jumladan, odam o`l-dirishdagi jinoiy oqibat jabrlanuvchining hayoti bo`lsa, o`g`rilik, bosqin-chilik, talonchilik, mulkni o`zlashtirish yo`llari bilan talon-taroj qilishda esa mulkiy xarakterdagi zarar yetkazish ko`zda tutilgan. Shuningdek, tugallanmagan jinoyatlar, jinoyatga suiqasd uchun yengilroq jazo bel-gilangan. Masalan, qaroqchilar yo`l to`sayotganlarida hali molni olmay va hech kimni o`ldirmay turib qo`lga tushsalar, ularga o`lim jazosi emas, qa-moq qo`llanilgan. Shuningdek, o`g`ri narsani xonadan olib chiqib ketmay turib qo`lga tushsa qo`li kesilmagan va hokazo.

Shariat bo`yicha jinoyatda ishtirokchilik masalasi ham uncha to`liq ishlab chiqilmagan. Lekin shariatning jinoyat huquqi nazariyasida zaruriy mudofaa tushunchasi nazarda tutilgan. Masalan, bir shaxsning ikkinchi shaxsga jinoyat quroli (qilich, tayoq va hokazolar) bilan o`qtalganda mu-dofaalanuvchining hayotiga tajovuz qilish ochiq-oydin bo`lganda, tajovuz-chini o`ldirsa, uning harakati zaruriy mudofaa doirasida sodir qilingan, deb sanalsa, bunday hollar jinoyat hisoblanmagan. Zaruriy mudofaa nafaqat mudofalanuvchi tomonidan, balki o`zga manfaati yo`lida boshqa shaxslar tomonidan ham sodir qilinishi ko`zda tutilgan. Shuningdek, musulmon jinoyat huquqida qilmishning zaruriy mudofaa holatida sodir qilinganligini baholashda qator holatlar: qilmish sodir qilingan joy, vaqt, sharoit (kundu-zi yoki kechqurun, shahar yoki hech kim bo`lmagan dasht va hokazo), qil-mishning xavflilik darajasi, qurol turi va boshqalar inobatga olingan. Sha-riatning jinoyat huquqi nazariyasida nafaqat zaruriy mudofaa tushunchasi mavjud, shu bilan birga zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish tu-shunchasi ham aks etgan. Masalan, «Muxtasar»da qayd etilganidek, «kun-duzi shahar yoki qishloq ichida tayoq bilan o`qtaluvchini o`ldirish sababli qasos vojib bo`lur, chunki kunduzi shaharda yordamga birov ulgurishi mumkin, shuning uchun tayoq o`qtalishi bilan o`ldirib qo`yish tuzuk bo`lmaydi»124.

Shariatda aybni yengillashtiruvchi va og`irlashtiruvchi holatlar ham hisobga olinadi. Aybni yengillashtiruvchi holatlar qatoriga quyidagilar kir-gan: 1) aybini bo`yniga olish, chin ko`ngildan pushaymon bo`lish; 2) yet-kazilgan zararni ixtiyoriy ravishda to`lash; 3) majburlash yoki moddiy to-mondan, xizmat jihatidan qaramlik sababli jinoyat sodir etish; 4) jabrla-nuvchining aybdorni kechirishi; 5) voyaga yetmaganlar yoki ayollar tomo-nidan jinoyat sodir etilishi; 6) qullar tomonidan jinoyat sodir etilishi; 7) podsho tomonidan jinoyat sodir etilishi va hokazo. Shariatda takroran jinoyat sodir etishlik, guruh bo`lib jinoyatga qo`l urish va boshqalar aybni og`irlashtiruvchi holatlar hisoblanib, bunday hollarda og`irroq jazolar nazarda tutilgan.

O`rta asrlardagi musulmon huquqshunoslari barcha jinoyatlarni uch guruhga ajratadilar. Birinchi guruhga bevosita Muhammad (SAV)ning ko`rsatmalaridan kelib chiqadigan jinoyatlar kiritiladi. Ular «Allohning hu-quqlari»ga tajovuz qiladigan jinoyatlar sifatida talqin qilingan va avf etil-magan. Bunga birinchi navbatda islomdan qaytish jinoyati kiritilgan. Bu-ning uchun o`lim jazosi nazarda tutilgan. Boshqarish tartibotiga qarshi qa-ratilgan jinoyatlar - isyon va davlat hokimiyatiga qarshilik ko`rsatish kabi jinoyatlar ham og`ir jazolangan. Og`ir diniy gunoh deb e`lon qilingan ush-bu guruh jinoyatlariga yana o`g`rilik, spirtli ichimliklar iste`mol qilish, zinokorlik, shuningdek, zinokorlikda ayblab tuhmat qilish kabilar ham kirgan.

Ikkinchi guruh jinoyatlarni butun musulmonlar jamoasiga emas, balki alohida shaxslarning huquqlariga tajovuz qiluvchi huquqqa xilof xat-ti-harakatlar tashkil etgan. Ularni tartibga soluvchi normalar urug`doshlik tuzumi odatlaridan kelib chiqqan, jumladan qasos olish huquqini belgila-gan. Masalan, qasddan odam o`ldirish yoki tan jarohati yetkazish jinoyat-larini sodir etgan shaxslarga «jinoyatga teng jazo» (tallion) tamoyili asosi-da jazo nazarda tutilgan. Ammo shariat manbalari, jumladan, Qur`oni Ka-rim va hadislarda bu guruhga kiritilgan jinoyatlar uchun ko`zda tutilgan ja-zoni bir muncha yumshatish haqida so`z yuritilganligini ko`rish mumkin. Masalan, qo`shimcha qonli qasos olish o`rniga «tovon» to`lash kabi yen-gilroq jazo berilishi nazarda tutiladi. Qur`oni Karimda odam o`ldirish va tan jarohati yetkazish jinoyatlari uchun «jonga jon, ko`zga ko`z, burunga burun, quloqqa quloq, tishga tish va jarohatlarga qasos (olinur)» deb belgi-langan (Moida surasi, 45-oyat). Shuningdek, ushbu odatda «kimki u (qa-sos)ni sadaqa qilib (kechib) yuborsa, u (gunohlariga) kafforatdir» deyiladi. Kafforatning ma`nosi evaz, badal, afvdir. Demak, Qur`oni Karimda qasos olmay, xunidan kechishga ma`qul, savobli ish sifatida qaraladi.

Va nihoyat, uchinchi guruhni tashkil etuvchi jinoyatlarga o`z tabiati-ga ko`ra, ijtimoiy munosabatlarga qarshi jinoiy tajovuz qilishga qaratilgan boshqa barcha turdagi jinoyatlar, jumladan, zakot to`lamaslik, shaxslarga moddiy zarar yetkazish (o`g`rilik va bosqinchilikdan tashqari), bitimlar yuzasidan majburiyatlarni bajarmaslik, xun olish uchun tovon to`lamaslik, kam o`lchash, kam tortish, tovlamachilik qilish, poraxo`rlik, xazinani yoki yetimning haqini o`zlashtirish, qonunga xilof holda qasddan sud qarorla-rini chiqarish, yolg`on guvohlik berish, jamoat joylarida yurish-turish qoidalarini buzish, fuqarolarga yoki o`ziga bo`ysunuvchilarga nisbatan zulm o`tkazish, eng muhim diniy aqidalarni inkor qilish, davlat mulkini turli xil nopok yo`llar bilan talon-taroj qilish, jodugarlik va sehrgarlik, nomusga tegish, besoqolbozlik, nafaqa to`lash majburiyatidan qasddan bosh tortish va hokazolar kiritiladi125.

Ushbu jinoyatlarning aksariyati uchun Arab xalifaligining tashkil to-pishi davrida jazolar nazarda tutilmagan. Shu sababli ular shariatning aso-siy manbalarida eslatilmaydi. Huquqiy ta`limotning rivojlanishi va hukm-ron tabaqalarning tarkib topgan ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlashga urinishi natijasida ilgari jinoiy hisoblanmagan ko`pgina xatti-harakatlar, jumladan, zakot to`lamaslik, ro`za tutmaslik, yengil tan jarohati yetkazish, haqorat, bezorilik, aldoqchilik va firibgarlik, davlat mulklarini isrof qilish, qimor o`ynash va hokazolar jinoyat sifatida ko`riladigan va sud tarkibida jazolanadigan bo`ldi. Bunday ishlar bo`yicha jazo chorasi berish mujtahid-lar tomonidan bildirilgan fikrlarga va alohida qozilarning ixtiyoriga bog`-liq bo`lgan.

Musulmon jinoyat huquqi bo`yicha jazolarning xilma-xil turlari na-zarda tutilgan. Albatta, bunda davlatdan oldingi jamiyatga xos, eskirgan ja-zo usullaridan ham foydalanilganligini ta`kidlash joiz. Masalan, shariatda ko`pgina jinoyatlar uchun qasos olish, tovon, ta`zir va boshqa jazo turlari belgilangan. R.Sharlning ta`kidlashicha, musulmon huquqshunoslari VIII asrdan boshlab musulmon axloqini tuzatishga oid jazolardan ta`zirni qo`l-lash orqali jazolarni individuallashtirish, ya`ni jinoyatning turiga qarab, har bir jinoyatchiga alohida-alohida jazo choralari belgilash tamoyiliga suyangan edilarki, bu qoida Yevropa qonunlariga ancha kech kiritilgan126.

Musulmon jinoyat huquqida jazolar og`irlik darajasiga qarab quyida-gi uch turga: 1) had; 2) qasos yoki tovon va kafforat; 3) ta`zir jazosi turla-riga bo`linadi. «Had» so`zining lug`aviy ma`nosi «Muxtasar»da ko`rsatil-ganidek, chekka, chet, ikki narsa orasidagi parda, mone` deganidir. Bu shariatda jinoiy xatti-harakatlar uchun Alloh tomonidan belgilanadigan jazo deb tushuniladi. Had jazosi turlariga 40 martadan ko`proq darra urish, ya`ni 80, 100 darra urish, qo`l yoki oyog`ini kesish, toshbo`ron qilib, osib yoki boshini tanasidan ayirib o`ldirish kiradi. Had jazosi haqida Qur`oni Karim oyatlarida aytib o`tilgani uchun ham shariat olimlari uni qat`iy jazo - Allohning haqi deb hisoblaydilar. Had jazosi turlari asosan zino, tuhmat, o`g`rilik, qaroqchilik (bosqinchilik), spirtli ichimliklarni iste`mol qilish, islom dinidan qaytish, isyon ko`tarish va boshqa jinoyatlarga nisbatan belgilangan. Shuningdek, «Muxtasar»da had jazosi zino, tuhmat qilish, o`g`rilik, qaroqchilik uchun qo`llanilishiga ko`ra u jinoyatlarni cheklab bayon qilish zarur127, deb bu jazo turlarini faqat bir nechta muayyan jinoyatlarga nisbatan qo`llanilganligi sababli cheklagan degan ma`noni anglatishi ta`kidlangan. Shariatda had jazosi turlarining «qasos» yoki to-von (diya, xun) va ta`zir jazo turlaridan farqi ham ko`rsatiladi. Jumladan, «Muxtasar»da: «Bas, ta`zir va qasos had emas, chunki ta`zir cheklanma-gan jazodir, qasos esa bandaning haqqidir, banda kechsa, kechiladi. Had kechilmaydi»128, - deb qayd etilgan.

Qasos yoki tovon (diya) va kafforat jazosi turlari shaxsning hayoti va sog`ligiga qarshi qaratilgan jinoyatlar, xususan, odam o`ldirish va tan jarohati yetkazish jinoyatlariga nisbatan qo`llanilgan. Bu hol shariatda «jinoyatga teng jazo» qoidasiga rioya qilish, deb yuritiladi. Jumladan, Qur`oni Karimda: «Kim sizlarga tajovuz qilsa, sizlar ham o`sha me`yorda tajovuz qiling!» (Baqara surasi, 194-oyat), deyiladi. Shuningdek, Moida surasi, 45-oyatda ham «jonga jon, ko`zga ko`z, burunga burun, quloqqa quloq, tishga tish va jarohatlarga qasos» olinishi ko`rsatiladi. Demak, qasos olishda qasddan odam o`ldirish yoki qasddan tan jarohati yetkazish jinoyatini sodir etgan aybdorga o`lim jazosi, agarda u yoki bu darajada tan jarohati yetkazilgan bo`lsa, aybdorning ham badaniga yetkazilgan jarohati darajasida qasos-teng jazo qo`llanilgan. Qasosdan tovon (xun) to`lash va kafforat jazosi orqali qutulish mumkin edi. Kafforatda bir qulni ozod qilish, qul topilmasa, aybdor ikki oy muttasil ro`za tutishi shart bo`lgan. Bu haqda Qur`oni Karimda shunday deyiladi: «Mo`min (ikkinchi bir) mo`minni faqat yanglishibgina o`ldirib qo`yishi mumkin. Kimda-kim mo`minni yanglishib o`ldirgan bo`lsa, (uning zimmasiga) bir mo`min qulni ozod qilish va u (marhum)ning oilasiga - agar kechib yubormasalar - xun to`lash (farzdir). Agar (marhum) sizga dushman qavmdan bo`lib, o`zi mo`min bo`lsa, bir mo`min qulni ozod qilish (buyuriladi). Agar sizlar bilan ular o`rtasida sulh (tuzilgan) qavmdan bo`lsa, uning oilasiga xun to`lash va bir mo`min qulni ozod qilish (buyuriladi). Kimda-kim (qul) topmasa, Allohdan kechirim so`rab, ikki oy muttasil ro`za tutish (bilan kifoyala-nadi)» (Niso surasi, 92-oyat). Umuman, qasos yoki tovon olish jazosi ibtidoiy jamoa tuzumi davridan meros qolgan edi.

Ta`zir jazosi «had» yoki «qasos» jazolarini qo`llash mumkin bo`lma-gan hollarda, shuningdek, diniy jihatdan gunohni yuvish bilan jazolanadi-gan jinoyatlar sodir etilgan taqdirda qo`llanilishi mumkin edi. Masalan, o`g`irlikda o`g`irlangan narsa shariatda joriy etilgan miqdordan kam bo`lsa, had emas, balki ta`zir qo`llanilgan. Shuningdek, qaroqchilar yo`l to`sayotganlarida hali molni olmay va hech kimni o`ldirmay turib qo`lga tushsalar, ularni to tavba qilgunlariga qadar qamab qo`yilgan yoki o`g`ri narsani xonadan olib chiqib ketmay turib qo`lga tushsa, qo`li kesilmagan. Ta`zir jazo turlariga 3 darradan 39 darragacha urish, qamoq, ogohlantirish, vatanidan haydab yuborish, jamoat izzasi, jarima, salla o`rab yurish huquqidan mahrum etish va hokazolar kiradi.

Ta`kidlash lozimki, musulmon jinoyat huquqi masalalari bilan shu-g`ullangan hozirgi zamon huquqshunos olimlarimiz shariatdagi jinoiy jazo tizimini bir nechta guruhlarga bo`lib, ular haqida bir-biridan farq qiluvchi fikrlarni bayon qilganlar. Jumladan, M.I.Sadagdar musulmon huquqida jazo alohida xususiyatga ega bo`lib, quyidagi turlarga: qasos - o`ch olish; diya - tovon haqi; o`lim jazosi; toshbo`ron qilish; qo`l-oyoqlarini kesish; savalash; darra urish; surgun va badarg`a; mol-mulkini musodara qilish va boshqalardan iboratdir, deb ko`rsatgan bo`lsa, G.M.Kerimov shariatdagi barcha jazolar asosan to`rt turga: 1) bir xilda o`ch-qasos olish; o`ldirganda - o`ldirish, haqoratlaganda - haqoratlash, jarohatlaganda - jarohatlash va shunga o`xshash; 2) qon to`kkanda, ya`ni o`ldirilganda ham, jarohat yetka-zilganda ham to`lov yoki jarima belgilash; 3) qiyos (anologiya) asosida qonun bilan belgilangan jazo; 4) shariat qozilarining ixtiyoriga ko`ra bel-gilanadigan jazolarga bo`linadi, degan fikrni ilgari surgan. A.S.Bogolyu-bov esa qasos olish choralari va ehtiyot choralari son jihatidan ko`p emas va ular oddiy bo`lib, o`lim jazosi, qasos - teng jazo, diya - o`ldirilgan yoki qon to`kkandagi tovon to`lash; ta`zir, adab-ogohlantirish, jamoat izzasi va sodir etgan jinoiy qilmish uchun chin ko`ngildan pushaymon bo`lish, pand-nasihatdan tashkil topgandir, deb ta`kidlaydi. L.R.Syukiyaynen va V.A.Lixachov esa musulmon jinoyat huquqidagi barcha huquqbuzarlik-larni uch guruhga bo`ladilar: birinchi guruhga - Allohning huquqini buzishga qaratilgan o`ta og`ir jinoyatlarga nisbatan had jazolari; ikkinchi guruhga - shaxsning hayoti va sog`ligiga qarshi qaratilgan qasos yoki tovon to`lash jazolari qo`llanadigan jinoyatlar, nihoyat, uchinchisiga esa qolgan barcha huquqbuzarliklar kiritilgan bo`lib, ularga nisbatan ta`zir jazolari qo`llanadi deb bizningcha to`g`ri ko`rsatganlar.

Shunday qilib, shariatda jazolar o`rta asrlarga xos bo`lgan shafqatsizligi va qattiqligi bilan ajralib turardi. Jazoning asosiy maqsadlari qo`rqitish bo`lgan. Masalan, o`lim jazosi ko`p hollarda oddatda omma oldida osish yoki to`rt bo`lakka bo`lish yo`li bilan ijro etilgan. Shuningdek, o`lim jazosining suvga cho`ktirish, tiriklayin ko`mish kabi turlari ham qo`llanilgan. Tana a`zolariga shikast yetkazish va tan jazolari-barmoqlarni, qo`l va oyoqlarni kesish, axtalash, toshbo`ron qilish va hokazolar ko`p qo`llanilgan. Ozodlikdan mahrum qilish uyga yoki machit xonalaridan biriga qamashda ifodalangan. Musulmon jinoyat huquqida mulkiy jazolar (mol-mulkini musodara qilish, jarima va boshqalar) va sharmanda qiluvchi jazolar (soqollarini olib tashlash, salla taqib yurish huquqidan mahrum qilish, jamoat izzasi va boshqalar), shuningdek surgun va badarg`a jazolari (mayda jinoyatlar uchun) ham ma`lum.

Musulmon huquqida sud ishlarini yuritish tartibi o`ziga xos jihatlari bilan ajralib turgan. Sud jarayoni, odatda ayblov xarakteriga ega bo`lgan. Ish ko`pincha davlat nomidan emas, manfaatdor shaxslar tomonidan qo`zg`atilgan. Fuqarolik va jinoyat sudlovlari o`rtasida farq yo`q edi. Sud ishlari oshkora tartibda, odatda machitlarda ko`rib hal qilingan. Unda ishtirok etishni xohlovchilarning barchasi qatnashishlari mumkin edi. Tomonlarning o`zlari himoyachilarning yordamiga tayanmay ish yuritishlari lozim edi.

Sud jarayoni asosan og`zaki amalga oshirilgan, dastlab yozma ish yuritish qo`llanilgan. Abbosiylar hukmronligi davridan boshlab fuqarolik ishlari bo`yicha sud bayonnomalari tuzila boshlangan. Sudda tan olish (aybiga iqror bo`lish), guvohlarning ko`rsatmalari, qasamlar, versiyalar dalil bo`lib hisoblangan. Ish bir majlisning o`zida hal qilinishi lozim edi, uni keyingi kunga qoldirish mumkin emasdi. Sud jarayoni tortishuvchanlik xarakterga ega bo`lgan. Sud ishlarini yuritishning qozilar uchun belgilan-gan qoidalari yo`q edi. Shuning uchun ular ishlarni o`z xohishlaricha erkin ko`rish imkoniyatidan keng foydalanganlar. Ishda guvoh bo`lib 10 yoshga to`lgan, ilgari sudlanmagan, faqat musulmon dinidagi aqli raso kishilargina qatnashishi mumkin bo`lgan. Ikki ayol kishining ko`rsatmasi bir erkak kishining guvohligiga teng hisoblangan. Ishonchli dalillar bo`lmasa, javobgar yoki ayblanuvchi odatda Qur`oni Karimni ushlab Alloh oldida tantanali qasam ichishi lozim edi.




92 Qarang: Imom al-Buxoriy. «Hadis». 1997, 2-jild, 346-bet.

93 Shiyalar dastlabki uch xalifani xalifalikni barbod qiluvchilar deb bilishadi va faqat Alini va uning qonuniy avlodlarini payg`ambar merosxo`rlari deb tan olishadi. Hozir ularning markazi Eron bo`lib, bu yerda XVI asrdan boshlab islom davlat dini hisoblanadi. Yamandagi zayditlar va ismoiliylar shiyalarning mazhablari hisoblanadi.

94 Sayid islomdan oldingi Arabistonda hukmronlikning birdan-bir mashhur tipi edi. Qabila boshlig`i, ba'zi birlashgan qabilalar boshlig`i bo`lgan sayidning obro`si shaxsiy hurmatga asoslangan bo`lib, u qisman uning kelib chiqishiga, lekin avvalo yo`lboshchining shaxsiy xislatlariga, saxiyligiga, qabiladoshlariga muomala qilishda chapdastligiga bog`liq edi. Uning huzuriga qabiladoshlari istalgan vaqtda kelaverar, hech qanday rasmiyatchilik uni va unvonini himoya qilmas edi.

95 Qarang: Хайдарова М.С. Формирование и развитие мусульманского права в Арабском халифате в VII-VIII вв.//Quyidagi kitobda: историко-правовые иследования: проблемы и перспективы.М.,1982, 33-bet.

96 Fiqh (arabcha – tushunish) – musulmon huquqshunosligi, shariat qonun-qoidalarini ishlab chiqish bilan shug`ullanuvchi islom ilohiyotining bir sohasi.

97 Jabariylar (arabcha jabr qilish, majburlash degani) – VII asr oxiri va VIII asr boshida islom ilohiyotida paydo bo`lgan ilk oqim tarafdorlari.

98 Ushbu mazhablar haqida batafsil ma'lumotlar quyidagi manbada berilgan: Xusniddinov Z. Islom: yo`nalishlar, mazhablar, oqimlar.-T.: «O`zbekiston milliy ensiklopediyasi», 2000.

99 Qur'on – arabcha «qiroat», o`qimoq degani.

100 Qarang: Juzjoniy A.SH. Islom huquqshunosligi, hanafiy mazhabi va O`rta Osiyo faqihlari –T.: «Toshkent islom universiteti», 2002.-64-65-betlar.

101 Juzjoniy A.SH. Islom huquqshunosligi, hanafiy mazhabi va O`rta Osiyo faqihlari –T.: «Toshkent islom universiteti», 2002.-65-68-betlar.

102 Abdulvahhob Xallof. Usulul fiqh (Islom qonunshunosligi asoslari). Birinchi, ikkinchi qismlar.-T.: “Adolat”, 1997.-50-51-betlar.

103 Qarang: Abdulvahhob Xallof. O`sha asar, 62-bet.

104 Qur'oni Karim. «Toshkent islom universiteti» nashriyoti.-2001.-342-bet.

105 H. Rahmonqulov. O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining birinchi qismiga umumiy tavsif va sharhlar.-«Iqtisodiyot va huquq dunyosi» nashriyot uyi, Toshkent, 1997, 28-33-betlar.

106 Qalin – kelinga, uning ota-onasi, qarindosh-urug`lari, vasiylariga pul, mol yoki boshqa mulklar bilan bir qatorda to`lanadigan haq.

107 Mahr – nikoh ahdi tuzilishi jarayonida er tomonidan o`z mulkidan xotiniga berilishi lozim bo`lgan uy-joy, sep.

108 Otaxo`jayev F. Nikoh va uning tartibga solinishi.-T.: O`zbekiston, 1995.-33-bet.

109 Qarang: Otaxo`jayev F. O`sha asar, 36-bet.

110 Qarang: Otaxo`jayev F. O`sha asar, 36-bet.

111 Muxtasar: (Shariat qonunlariga qisqacha sharh).-T.: Cho`lpon, 1994.-96-bet.

112 Muxtasar: (Shariat qonunlariga qisqacha sharh).-T.: Cho`lpon, 1994.-96-bet.

113 «Idda» - xotin nikohdan ajralgan yoki uning nikohdagi eri vafotidan so`ng turmushga chiqmay turishi uchun belgilangan muddat; nikohdan ajralgandan so`ng ayol uch marotaba hayz ko`rishi (uch oy-u 10 kun), eri o`lgan bo`lsa, o`limidan so`ng 4 oy-u 10 kun, ya'ni homiladorligi yoki homilador emasligi ma'lum bo`lguncha boshqa nikohga kirmay turishi lozim bo`lgan.

114 Joriyasini nikohlab olmoqchi bo`lgan kishi uning iddasi chiqishini kutadi. Zero, odatda joriyalar janglarda yengilgan kofir erlarini tashlab kelgan bo`ladi. Shuning uchun homilali bo`lishligi ehtimolidan iddaga buyurilgan.

115 Burhoniddin al-Marg`inoniy. Hidoya. I jild. T.: Adolat, 2000, 650-658-betlar.

116 Qur'oni Karim, (Tarjima va izohlar muallifi Alouddin Mansur), Cho`lpon, T.: 1992.-55-bet.

117 Qarang: Otaxo`jayev F. Nikoh va uning tartibga solinishi.-T.: O`zbekiston, 1995.-47-53-betlar.

118 Bu evazni shariat tilida «xul'» deyiladi. Er ajralishni xohlamagan taqdirda xotini taloq so`rasa, evaz yoki badalni to`lab, erni ko`ndirish shariatda joriy etilgan.

119 Qarang: История государства и права зарубежных стран.Часть 1. Учебник для вузов/ Под ред. проф. Крашенинниковой Н.А. и проф. Жидкова О.А.-М.:Издательство НОРМА, - 1996.-426-bet.

120 Qarang: Hidoya. – T., 1883.-211-bet.

121 Qarang: Muxtasar.-T.: Cho`lpon, 1994. -304-bet.

122 Qarang: Rajabova M.A. Shariatda jinoyat va jazo.-T.: Adolat, 1996.-58-59-betlar.

123 Muxtasar.-T.: Cho`lpon, 1994. -332-bet.

124 O`sha asar. 307-bet.

125 Rajabova M.A. Shariatda jinoyat va jazo.-T.: Adolat, 1996.-57-betlar.

126 Qarang:Шарл Р. Мусульманское право. – M.: 1959.-41-bet.

127 Muxtasar, 284-bet.

128 Muxtasar, 284-bet.

Download 233.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling